Bizga fidoyilar kerak

yoki O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Po'lat BOBOJONOVning mamlakatimiz aholisiga murojaati mutolaasidan keyingi o'ylar

 

Internet tarmoqlaridan joy olayotgan katta-kichik, hatto aqlbovar qilmas jinoyatlar tafsilotlariga ko'zing tushganda, yo tavba, odamlarga nima bo'layapti o'zi, deya beixtiyor xo'rsinib qo'yasan kishi. Xo'rsinish ham gapmi? Kimningdir o'ta loqaydligi yoki shafqatsizligi tufayli mutlaqo gunohsiz bir odamning hayotdan erta ko'z yumganini ko'rganingda ich-ichingdan achinmay, kuymay bo'ladimi? Yo'q, bo'lmaydi! Halol mehnat qilib, oilasi bilan tinch-totuv yashab yurgan odam mashinasini uchirib kelayotgan mast bir kimsaning aybi bilan jon taslim etsa, rahmingiz kelmaydimi? Keladi! Xurmachasiga sig'magan haydovchini la'natlaysizmi? La'natlaysiz!

Har kuni ko'rib yurgan odamingiz o'g'irlikmi, giyohvandlikmi yoki firibgarlik bilan qamalsa, ishonib-ishonmay bosh chayqaysizmi? Chayqaysiz! “Tuppa-tuzuk ishlab yurgan bu odamni nima balo urdi birdan?, — deya oila a'zolaringiz davrasida afsus bilan muhokama qilib: — “Bilmayin bosdim tikonni, tortadurman jabrini” deganlari mana shu bo'ladi. U o'zigagina emas, ota-onasi-yu, bola-chaqasiga ham jabr qilib ketdi”, deysizmi? Deysiz!  Xorijga savdo-sotiq qilgani ketgan xotini bilan telefonda janjallashib, bolalarining umriga zavol bo'lgan bemehr otadan nafratlanmaysizmi? Nafratlanasiz! Qattiq nafratlanasiz! “Menga falon million so'm topib berasan” bahonasida o'z otasining qotiliga aylangan o'g'ildan-chi?! To'g'ri, uni ham qarg'aysiz. Hammasidan ko'proq qarg'aysiz! Chunki, padarkush o'g'il har qanday qarg'ishga munosib. Aslida, bunday mal'unlar besh-olti yilga emas, umrbod qamoq jazosiga loyiq. Axir ota ota-da! Uni qiynab o'ldirish u yoqda tursin, hatto ko'zlariga tik qarash yoki qattiq gapirib, ko'nglini og'ritish ham gunohi azim. Xo'sh, bunday jinoyatlarni sodir etayotgan inson qiyofasidagi vahshiylar qaerdan paydo bo'layapti? Yerdan chiqayaptimi yoki osmondan tushayaptimi? Unisidan ham emas, bunisidan ham. Ular yonimizdagi odamlar. Biri qo'shnimiz bo'lsa, biri mahalladoshimiz. Ular jinoyatchi bo'lib tug'ilganmidilar? Yo'q! Ular ota-ona, oila, maktab va mahallaning, achchiq bo'lsa-da aytish kerakki, barcha-barchamizning o'ta loqaydligimiz, eshitib eshitmaganlikka, ko'rib ko'rmaganlikka olishimiz, “sen menga tegma, men senga tegmay”ning oqibatida paydo bo'lgan va bo'layapti. Rostini aytganda, har bir oila ta'lim-tarbiyada beqiyos o'rin tutadigan “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona” degan maqolga qat'iy amal qilganida, avvalambor, ota-onaning o'zi manmanlikka berilmas, “Mening bolamga tanbeh beradigan senmisan?” deya birovning yoqasiga yopishmas, aksincha, kamchilikni o'zi va farzandidan izlagan bo'lardi. Afsuski, aql bilan oqilona yo'l tutadigan ota-onalar tobora kamayib borayotganligini mahallada ham, ko'cha-ko'yda ham ko'rib turibmiz. Ayniqsa, ayrim shaharlik ota-onalar uchun pul topish, mol-dunyo orttirish, bashang kiyinish, g'o'dayib mashina haydash, o'zlarini ko'z-ko'z qilish shiddat bilan hayotlarining mazmuniga aylanib borayotganligi, bu esa o'sha oilalarning farzand ta'lim-tarbiyasiga “demokrat”larcha qarashini yuzaga keltirayotganligi ham sir emas.

Uyimizning orqa tomonida qo'ni-qo'shnining gurunglashib o'tirishi uchun qurilgan zamonaviy ayvonchada ba'zan o'n to'rt-o'n besh yoshli o'quvchi yigit-qizlarning xoxolashib, chekib o'tirganlarini, ertalab ishga ketayotganimda xuddi shu yerda pivodan tortib, spirtli ichimliklar idishlarigacha dumalab yotganini ko'rganimda ko'nglimdan ana shunday o'ylar kechmay qolmaydi. Shu yerdagi katta bir maktabning ikki qanotida “manaman” deb turgan aroq-vino do'konlari bilan esa hech kimning ishi yo'q. Bu poytaxtning qoq belidagi mahallaning bir burchida bo'layotgan gap. Vaholanki, bu yerda ham rais, uning o'rinbosari, bir emas, ikkita profilaktika inspektori bor. Agar ular zimmalaridagi vazifani sidqidildan bajarganlarida, faollar ko'rib-ko'rmaganlikka olmaganlarida, men bunday tashvishli holatning shohidi bo'lib, uni sizga so'zlab o'tirarmidim?!

O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining mamlakatimiz aholisiga murojaatini (“Yangi O'zbekiston” gazetasining 2023 yil 15 sentyabr, 188-soni) o'qib, o'tgan asrning yetmishinchi yillarida bugunning tili bilan aytganda, profilaktika inspektori bo'lib ishlagan Usmon aka Niyozov degan inson beixtiyor xayolim ko'zgusida namoyon bo'ldi.

Yoshi ellikni qoralab qolgan bu odam baland bo'yli, bug'doyrang, qotma, oppoq sochi orqaga taralgan, chehrasidan nur yog'ilib turar, kulganda ikki donagina kumush tishi yaraqlab ko'rinar, quyib qo'ygandek o'qituvchiga o'xshardi.

Men universitet talabasi edim. O'qishdan qaytib, to'rt qavatli uyimiz yo'lagi oldida qo'yilgan skameykada xonadoshimni kutgancha, kitob mutolaa qilib o'tirardim. Tangadek oftob tushmaydigan, qalin daraxtzorli bu joyga yaqindagina ko'chib kelgan ijarachi edik. Katakdek-katakdek keladigan ikki xonali kvartiraning birida biz, birida uy egasi — har ikki so'zning birida “ta-a-k”, deb qo'yadigan to'qson besh yoshli Yelena Konstantinovna turardi. Qachon qaramaylik, kampir ko'zoynaksiz kitob o'qib o'tirar, birinchi kundan bizni ham shunga da'vat etgan edi.

— Qanday kitobni o'qiyapsiz, yigit? — so'radi yonimga kelib o'tirgan kishi menga diqqat bilan tikilib.

— Abdulla Qahhorning “O'tmishdan ertak­lar”ini, — dedim kitobning yuzini ko'rsatib.

— Ertak kitobmi?

— Yo'q, yozuvchining bolalikda ko'rgan-kechirganlari haqidagi qissa.

— Qiziqmikan?

— Judayam qiziq, — dedim kitobdan ko'z uzmay. — O'qimaganmisiz?

Suhbatdoshim “yo'q” degandek, sekingina bosh chayqab:

— Qaytarib berish sharti bilan sizdan keyin o'qisam bo'ladimi? — muloyimlik bilan so'radi u.

— Bemalol, — dedim tantilik qilib, kitob kutubxonaniki bo'lsa ham.

— Mening ismim Usmon, — dedi u kishi menga qo'l uzatib va kostyumining yon cho'ntagidan qizil rangli guvohnoma chiqarib ko'rsatdi. – Familiyam Niyozov.

Men ham ismi-sharifimni aytdim.

— Shu yerda “uchastkavoy”man, – davom etdi Usmon aka. – Kabinetim yo'lning u tomonida, “apteka” joylashgan “dom”da. Ertalab soat o'ndan kechasi o'n ikki-birgacha shu yerdaman. Hatto shanba-yakshanba kunlari ham. Vaqtingiz bo'lganda chiqib turing, tortinmang! Darvoqe, qaerda o'qiysiz?

— Universitetda.

— Kim bo'lib chiqasiz u yerdan?

— Jurnalist!

— Zo'r kasb. Qo'shnim ham jurnalist. Radioda ishlaydi. Har zamon ovozini eshitganda yonimdagilarga bu mening qo'shnim deya g'urur bilan maqtanib qo'yaman. Ajoyib inson. Uning ham qo'lidan kitob tushmaydi. O'ziyam bilimdon yigit. Bekorga chiqib turing demagan ekanman-da. Yarim soat-bir soat men bilan kvartal aylansangiz, ming xil odamni ko'rasiz. Qiziq-qiziq gaplarni eshitasiz. Keyin ijod qilasiz. Durustmi?

— Durust, – dedim Usmon akaning ochiqko'ngilligidan xursand bo'lib.

— Unda sizni kutaman! – dedi u xayrlashish uchun qo'l uzatib.

Oradan ikki kun o'tib, “O'tmishdan ertaklar” bilan Usmon akaning oldiga bordim. Peshtoqida “Militsiya punkti” deb yozilgan jigarrang eshik ochiq turar, to'rdagi deraza oldida qo'yilgan chog'roqqina stol ustida qora rangli telefon, bir chetda taxlab qo'yilgan daftarlar, ularning ustida militsiya shapkasi. Usmon aka nimadir yozib o'tirardi. Men hali eshikni chertib ulgurmay, “Kiring, kiravering”, dedi kapitan formasi o'ziga yarashib turgan Usmon aka. Men o'zimni ichkari olib, salom berdim. Usmon aka o'rnidan turib ko'rishar ekan, kitobni ko'rib, suyunib ketdi. Bir piyola choy ustida ichki ishlar sohasida qachondan beri ishlayotgani, kasbining quvonch-tashvishlari-yu oilasi haqida gapirib berdi.

Men kapitan Usmon Niyozovning ishiga qiziqib qoldim. Ba'zan kechqurun, ba'zan yakshanba kunduzi birgalashib, yetti mingga yaqin odam yashaydigan mavze ichiga sho'ng'ib ketamiz. Usmon aka juda sinchkov edi. Biron-bir narsani nigohidan o'tkazib yubormas, hududidagi yoshu keksani yod bilar, yo'lda uchragan borki, salomlashib hol-ahvol so'rashar, qaysi uyda yashashidan tortib, nima ish qilishigacha aytib berar, uni ham hamma tanir va hurmat qilardi.  Tashqaridan kirganni darrov bilar, bu begona deb indamay ketavermas, “kimnidir izlayapsizmi?” yoki “adashib qolmadingizmi?” deb so'rardi muloyimlik bilan. Sayr qilib yurgan yoki biron bir joyda gurunglashib o'tirgan yoshlar undan o'zlarini olib qochmas, aksincha, o'rinlaridan turib salom berishardi. Usmon aka bu yoshlarni nomma-nom bilar, ayrimlarining ota-onalari bilan tez-tez gap­lashib ham turardi. Oilada biron-bir kelishmovchilik chiqqanda kattasidan kichigigacha kabinetiga chaqirar, aybdorning gunohini bo'yniga qo'yib, uzr so'rattirar va ahil yashashga chaqirib, ruxsat berardi. Men bu odamning hozirgi ba'zi birovlarga o'xshab, biron bir fuqaroga do'q-po'pisa qilganini yoki oldiga solib, tuman ichki ishlar bo'limiga olib ketganini ko'rmadim.

Usmon aka xuddi hamma narsaga javobgardek, hudud tozaligi-yu obodligiga ham qarar, biron-bir uy atrofida axlat yoki qurigan shox-shabba ko'rguday bo'lsa, egasini topib oldirmaguncha tinchimasdi. Hududda qandaydir ilmiy-tadqiqot instituti, maktab, bolalar bog'chalari, sanatoriy va do'konlardan tashqari “Toshkent sovetining 50 yilligi” kinoteatri ham bo'lardi. Nozir meni ularning rahbarlari bilan tanishtirib, “bu yigit jurnalist, tanqidga uchramay desangizlar, qonun-qoidani buzmay ishlanglar” degan gapi egallayotgan kasbimning mas'uliyatli va obro'li ekanligini yanada teranroq anglashga undagan. Xullas, men militsiya kapitani Usmon Niyozov bilan tanishib, zarar ko'rmadim. U bilan o'tkazgan vaqtimga achinmadim. Ozmi-ko'pmi mas'uliyat, tartib-intizom, odamlar bilan muomala qilish kabi bir qator insoniy xislatlarni o'zimga yuqtirishga intildim. O'ylab qarasam, manmanlikning ko'chasidan o'tmagan, kamtar, o'z ishini yaxshi ko'radigan, yuzma-yuz  bo'lgan kishining, eng avvalo, ruhiyatini bilishga harakat qiladigan, halol va fidoyi bu inson ishini ikki yil kuzatmaganimda, hozir bu gaplarni yozib o'tirmagan bo'lardim. Yozishdan maqsad esa bitta – bu insonni hozirgi profilaktika inspektorlariga ibrat qilib ko'rsatish. Toki ularning ayrimlari o'zlarini eng avvalo inson sifatida tutishlarini, vazifalarini adolat va halollik talablariga tayanib qonuniy bajarishlarini, pogonlarini pesh qilib, “kimligingdan qat'i nazar mening aytganim bo'ladi” deyishdan tiyilishlarini, yolg'on ko'rsatma berishdan (boshqalarni ham bunga majbur qilishdan) hazar qilishlarini, ma'naviyatli va ma'rifatli bo'lishlarini, inson qadr-qimmatini toptamaslikni, muammolarni hal etishda ko'pni ko'rgan, tajribali, obro'-e'tiborli odamlar bilan maslahatlashib qaror qabul qilishni taklif tariqasida yana bir bor eslatib qo'yish, xolos.

Murojaatga qaytib, shuni aytishim mumkinki, men tilga olgan davr bilan bugungi kun o'rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Bugungi odamlarning ongi ham, dunyoqarashi ham ellik yil burungilarga aslo o'xshamaydi. Bugungi ichki ishlar tizimi esa zamonaviy sharoit va texnik vositalar bilan ta'minlangan,  jinoyatchilikning oldini olishda, sodir etilganlarining izini sovutmay, tez aniqlashda yangi usul va uslublar, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan tajriba almashish va hamkorlikda ishlash imkoniga ega.

Murojaatning avvalida ta'kidlab o'tilganidek, “asosiy e'tiborni sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarni ilmiy yondashuv asosida o'rganish”, har bir hududning o'ziga xos xususiyatini inobatga olgan holda “namunali hudud metodikasini yaratish” maqsadida oliy o'quv yurtlari professor-o'qituvchilari bilan hamkorlik qilish ishning samarali bo'lishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugun ko'proq ijtimoiy muammolar bilan bog'liq jinoyatlar soni ortib borayotganligi, shu jumladan, mamlakatimizdagi “to'qqiz yarim mingga yaqin mahallaning 1,5 mingdan ziyodida kriminogen vaziyat murakkabligicha qolayotgani”dan tashvishlanmay bo'lmaydi, albatta. Agar har bir mahallaning aholisi o'rtacha 1500 tani tashkil etsa, 1,5 mingta mahallada ikki million ikki yuz ellik ming kishi o'z mahallasidagi bunday ayanchli ahvoldan bezov­ta bo'lishi  turgan gap. Bu nafaqat ichki ishlar organlari xodimlaridan, balki mahalla rahbarlaridan tortib, uning faollarigacha hamjihatlik bilan ishlashni talab etadi. Afsus­ki, joylarda qing'ir yo'l bilan raislik kursisiga o'tirib olgan ayrim  nopok kimsalarni manfaatdan bosh­­qa narsa  qiziqtirmasligini, qovun qovundan rang olar deganlaridek, uning xotin-qizlar bilan ishlash bo'yicha o'rinbosari ham kun o'tsinga kirib-chiqib yurganini ko'rib, eshitib turibmiz. Buni mahalla ahli bilmaydimi? Profilaktika inspektorlari bilmaydimi? Hokim yordamchisi-chi? Hokimiyatdagilar-chi?! Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qilar deganlari shu emasmi?!

Qurt daraxtning bo'shini yeydi. Agar, mahallada birlik, ishonch, hamjihatlik, qat'iylik, adolat hukmron bo'lsa, undan biron-bir gap chiqishi mumkinmi? Yo'q, chiqmaydi! Demak, qaysi mahalla bunday mezonlardan mosuvo bo'lsa, unga “qurt” tushishi aniq. Shu nuqtai nazardan qaraganda, tizimda ma'naviy-axloqiy masalalarga e'tibor tubdan o'zgarishi kutilayotganidan quvonmay bo'lmaydi.

Murojaatda ichki ishlar tizimi faoliyatini bugungi kun talablari darajasida tashkil etish maqsadida bir qator yangiliklar joriy etilishi, ayniqsa, “jinoyat sodir etgan yoki jinoyat qilishga moyil bo'lganlarga huquq-tartibot idoralari rahbarlari va rahbar o'rinbosarlari, ijtimoiy zararli xatti-harakat sodir etishi mumkin bo'lganlarga davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari va rahbar o'rinbosarlari, nazoratsiz va qarovsiz qolganlarga hokimliklar, ta'lim muassasasi direktorlari va mahalla raislari biriktiriladi”, degan sa'y-harakatning amalga oshirilishi, biriktirilgan rahbarlar zimmalariga yuklatilgan vazifani shaxsan o'zlari bajarish­lari hamda qilingan ishning natijasi bo'yicha tegishli joyga axborot berib borishlari, jinoyatlarni keskin kamaytiribgina qolmay, ularning ildizlarini tag-tubi bilan quritishga qodir ekanliklariga ham aminmiz.  Shuningdek, bundan buyon ham o'z kasbiga sodiq bo'lgan, el-yurt tinchligi  yo'lida chin dildan halol xizmat qiladigan, o'z manfaatidan xalq va vatan manfaatini ustun qo'yadigan, fidoyi kadr­larni tayyorlash va joy-joyiga qo'yish, ayni paytda sohani o'z foydasi uchun yelib-yuguradigan, o'zini o'zgalardan baland tutadigan, ma'naviy nochor va nopok shaxslardan tozalash vazirlik rahbariyatining diqqat markazida bo'lishi tizimda ishlayotgan har bir xodimni hushyor bo'lishga, o'z vazifasini vijdonan bajarishga, halol ishlashga, yurish-turishi, muomalasi-yu madaniyati bilan odamlarga ibrat bo'lishga undamay qolmaydi.

Murojaatning mazmun-mohiyatidan yaqqol ko'rinib turibdiki, ichki ishlar sohasida xizmat qilayotgan barcha rahbar va xodimlar zimmasiga juda katta  mas'uliyatli vazifalar yuklangan. Maqsad esa bitta: har qanday jinoyatning oldini olish, har qanday jinoyatga barham berish. Har bir mahallada, har bir jamoada qonun ustuvorligiga erishish, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash… Bu eng avvalo, profilaktika ishlarini kuchaytirishni, aholining huquqiy savodxonligini va huquqiy madaniyatini oshirishni taqozo etadi. Tadbirlar maqsadli va samarali bo'lmog'i kerak!

Qars ikki qo'ldan deganlaridek, bu ishlarda ichki ishlar xodimlariga kamarbasta bo'lishni har bir fuqaro o'zining vatanparvarlik burchi, deb hisoblashi lozim. Bu esa loqaydlikdan butunlay qutulmoqni, vatanim va xalqim tinch­ligi — mening va oilam tinchligi, vatanim va xalqim manfaati — mening va oilam manfaati deb bilishni, shu ezgu maqsad uchun jonkuyar, tashabbuskor va fidoyi bo'lishni kimligimizdan, qanday lavozimda ishlashimizdan, yoshimiz, millatimiz va e'tiqodimizdan qat'i nazar, barcha-barchamizni shunga da'vat etadi. Bu da'vatga labbay deb javob bermoq men O'zbekiston farzandiman degan har bir insonning qalb va vijdon amriga aylanishi lozimligini hayotning o'zi talab etmoqda.

Nuriddin OChILOV,

O'zbekiston Milliy universitetining

jurnalistika fakulteti o'qituvchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × three =