Go'zal yerning nafasi

Dunyo sayyohlik obidalari ro'yxatida Amerika Qo'shma Shtatlari Kaliforniya o'lkasidagi Joshua Tri milliy parkining borligi ham kishini quvontiradi. Bu joyda bo'lganimda dilimda ajib tuyg'ular barq urgani rost.

Inson, bordi-yu, o'z tarixini, ko'rgan-kechirgan kunini bilmasa, ildizi yo'q daraxtdan farq qilmay qoladi. Har xalqning, garchand u ulug', xoh mo''jaz xalq bo'lsin, o'ziga xos qadimiy tarixi bo'y ko'rsatadi. Ana shu tarix vaqt deb atalmish hukmdor oyoqlari ostida suvga tushgan tosh misoli  yo'qolib ketmaydi. Amerika Qo'shma Shtatlarining yirik milliy bog'laridan hisoblangan Joshua milliy parkida bo'lganimda,  idrokimni shunday mubham o'ylar band etib ulgurgandi. Qadimiy hindular istiqomat qiladigan bosh­panalar vayron qilinib, kuli ko'kka sovurilgach, o'z kindik qonlari tomgan o'lka himoyachilarini saqlab qoladilar. Ular shoshilinch ravishda o'z yurtlaridan uzoqlashadilar.

“O'tkir ko'z” laqabli sardorning uzoqni o'ylaganligi tufayli omon-eson ummon qirg'oqlariga yetib oladilar. Hindular yo'lda misli ko'rilmagan azob-uqubatlarni, ko'pdan-ko'p sarguzashtlarni boshidan kechiradilar. Oradan uzoq yillar o'tib hindu qabilalari anor donasi misoli yer yuzining ko'p joylariga tarqaladilar. O'zlari uchun bosh­pana tiklab, tirikchilik aravasini torta bosh­ladilar. Ma'lumki, Amerika Qo'shma Shtatlari mintaqalari bo'ylab joylashgan ko'plab manzillar o'sha kezlari amerikaliklar tomonidan batamom yo'qotib yuborilgan. Aslida o'sha qabila, yashash maskanlari bilan birga hindular ham, noyob qadriyatlar ham, til va din, urf-odatlar, a'nanalar ham izsiz yo'q bo'lib, tuproqqa qorishib ketdi. Bepoyon va adoqsiz hudud amerikalik­lar ilkiga o'tdi. Darvoqe, hindu qabilalari hamisha olovni eng toza, eng pokiza unsur deb bilganlar. Negaki, olovga shayton ham, arvoh ham yaqin yo'lay olmaydi.  Marhum yoqib yuborilsa, barcha gunohlaridan forig' bo'lib Yaratgan huzuriga pok bo'lib boradi deb bilganlar. Har holda, ularning tushunchasi bo'yicha olov muqaddas.

Osmonga bo'ylashgan mahobatli tog'lar, o'lmas qoyalar, shaldiroq soylar, sirli daralar o'zingiz bilmagan holda ruhiyatingizni hali oldinda ham ajoyib bir chamanzor bor degandek yetaklab ketaveradi. Joshua milliy parkiga bizni talpintirgan kuch, borliqning o'n sakkiz yoshli kelinchakdek jamoli edi. Ko'm-ko'k maydonlar yastanib yotibdi. Ulkan daraxt misoli o'sgan kaktuslar shamolda ohista silkinadi. Toshlardan narida yam-yashil o'tlar, to'da-to'da palma daraxtlari barq urib o'sib yotibdi. Kedr daraxtlari shoxida chumchuqsimon qushchalar bir-birini quvlashadi.

Kaliforniya shtatidagi tog' tizmalarining janubi-sharqiy etagida joylashgan Joshua vodiysi tog'lar oralab ichkariga qarab cho'zilib borgan. U yerdagi betakror tabiat olami — kaktus, palma, kedr, yovvoyi tol kabi daraxtlardan iborat o'rmonlarning saxovati  odamni hayratga soladi. Sero't yaylovlar, shifobaxsh giyohzorlarning cheki-chegarasi yo'qday… Vodiydagi ko'pdan-ko'p tarixiy yodgorliklarni aytmaysizmi? Paleolit davriga oid tog'liklar qarorgohi — g'orlar, ibtidoiy manzilgohlar, vulqon otilishi natijasida tosh qotgan krater, xarsangtoshlar, inson zakovati bovar qilmaydigan haykal shaklidagi qoyalar…

Vodiyga ichkarilasangiz, uzoq asrlarga oid qadimiy xarobalar ko'zga tashlanadi. Tog'-tosh­lar, hindular barpo etgan boshpanalar ko'zga chalinib turgan manzaralar tog'lar orasidagi bu maskan  bir paytlar gullab-yashnaganligidan dalolat beradi. Ko'rinib turibdiki, Joshua vodiysi  faqat Amerika Qo'shma Shtatlari uchungina emas, balki butun dunyo ahamiyatiga molik tabiat va tarixiy yodgorliklarning ochiq muzeyidir. Darvoqe, milliy park hududida o'sgan daraxtlarni bejizga hidoyatga chorlayotgan Payg'ambarga o'xshatishmasa kerak. Negaki, bu daraxtlar Yusha degan nom bilan atab kelinadi. Bani Isroilga Muso alayhissalomdan keyin rahbar bo'lgan Yusha ibn Nun alayhissalomni bir eslang. Nabiy Yusha Muso alayhissalomning jiyani  deyishadi.  Xorun alayhissalom vafot etganlaridan keyin bani Isroil odamlari katta bir sahroda adashib-uloqib yurishadi. Olloh taolo ularni jazolab, Sayno sahrosida adashtirib yurishni ma'qul ko'rgan edi. Muso alayhissalom ham o'sha paytda vafot etganlar. Mazkur holat qirq yil davom etadi va bani Isroil orasidan tirik qolganlar Yusha alayhissalom bilan birga chiqadilar. Yusha alayhissalom taxminan 27 yil  Tavrot bilan hukm yuritgan edilar. Joshua Tri milliy parkidagi bu daraxtlarning balki o'sha davr va Yusha alayhissalom bilan bog'liqligi bordir, ehtimol. Tag'in bir gap. Kaliforniyadagi Joshua Tri shaharchasida Yusha otli bir yuz ellik yilgacha umr ko'ruvchi daraxtlar o'sib yotganligini ko'rdik.  Qizig'i, ularni hidoyatga chorlayotgan payg'ambarga o'xshatishadi. Najot qo'riqxonasi qoya devorlarida ibtidoiy jamoa vakillari chizgan petrogliflar, qo'l tegirmoni saqlanib qolgan. Joshua Tri shaharchasining o'zida 7500 nafarga yaqin aholi bor. Shu yerlik bir olim yozda jazirama, qishda sovuq shamolli bu hududda doimiy yashashining sababini o'ta oddiy qilib tushuntirdi: “Chunki bu yerlar juda go'zal!”

Hozirgi kunda Amerika Qo'shma Shtatlarida oltmish yettita milliy park bo'lib, ular sakson million akr yer maydonini band etadi. Park ofisi joylashgan manzilda milliy park xodimi Roddi Makkalley tinimsiz so'zlaydi. U bizga erinmasdan parkda harakatlanish, o'zini tutish qoidalarini tushuntirdi. Hatto maxsus qaydnoma qoidalari bilan tanishganimiz haqida qog'ozga imzo chektirib oldi. Aslida, qoidalar oddiy bo'lib, unda o'simliklarni yulmaslik, toshlarni joyidan jildirmaslik, oyoq bilan bosmaslik  yoki tosh holatini o'zgartirmaslik, yirik tog' cho'qqilariga moslamasiz chiqmaslik, yong'in chiqishiga sababchi bo'luvchi holatlarni paydo qilmaslik talab etiladi. Shundan so'ng tabiat qo'riqchisi bilan birgalikda tog' va toshlar cho'qqisiga o'rmalab chiquvchi sportchilaridan biri bo'lgan Roddi bizga qisqacha milliy park tarixi, flora va faunasi haqida ma'lumot berdi. Jumladan, vikipediya ma'lumotida qayd etilishicha, Joshua Tri milliy parki Amerika Qo'shma Shtatlaridagi Kaliforniya shtatining janubi-sharqida joylashgan milliy bog' bo'lib, mazkur parkning maydoni 3196 km. kvadratni tashkil etadi. Bir ming to'qqiz yuz o'ttiz oltinchi yildan AQShning milliy yodgorligi sifatida  e'tirof etib kelinadi. Bir ming to'qqiz yuz to'qson to'rtinchi yil o'ttiz birinchi oktyabrdan e'tiboran AQSh prezidenti Bill Klinton (endilikda sobiq) uni mamlakat milliy bog'i  deb e'lon qildi. Joshua Tri milliy parki Amerika Qo'shma Shtatlarining janubi-g'arbiy qismida  joylashgan ajoyib tosh majmualari tufayli sayyohlar o'rtasida shuhrat qozondi. Moxove cho'li parkning shimoliy qismini egallaydi. Uning hududida — Joshua daraxti o'sadi. Shu bois, park o'sha daraxt nomi bilan atalgan. Bog'ning sharqiy va janubiy qismlari kreozot butalari va sokroshxoiya kabi o'simliklar tufayli Sonoran cho'lini eslatadi. Milliy bog'da sut emizuvchilarning ellik yetti turi, sudralib yuruvchilarning qirq to'qqiz turi va qushlarning ikki yuz ellikdan oshiq turi yashaydi. Eng ko'p uchraydigan turlari yer sinsaplari, kengurular, antilopalar, koyotlar, kaltakesaklar, qarg'alar va boshqalardir. Bir vaqtlar milliy bog' hududida aholi punkt­lari bo'lgan. Hozirda ularning soni juda kam. Lekin o'sha paytda aholi yashagan xonadonlar bugungi kunda asl holicha saqlanib kelmoqda. Xususan, biz aylangan hududda ikki oila xonadonlari saqlanib qolganligini bildik. E'tiborlisi, bu oila a'zolari tog' oralig'ida kichik to'g'on qurishning uddasidan chiqqan ekan. Shu orqali ular suv­ni to'plab, undan turli maqsadlarda foydalanishni yo'lga qo'yishgandi. Bugungi kunda bu kichik to'g'onning bir qismi tabiiy ravishda buzilgan bo'lib, saqlanib qolgan qismi yomg'ir va qor cho'qqilaridan qor suvlarini oz miqdorda bo'lsa-da to'p­lanishiga yetarli bo'ladi. Maxsus tabiat qo'riqchilari sayyohlarni xavfsiz holda tabiatdan bahra olishiga ko'maklashib, parkning o'ziga xos jihatlari to'g'risida hikoya qilib bormoqdalar. Umuman olganda, Joshua parkida ekoturizm bo'­yicha bellashuvlar tashkil etib boriladi. Bog' xodimi Roddi Makkalley bilan xayrlashar ekanmiz, shunday ajoyib tabiat maskaniga tashrif buyurganimizdan xursand ekanligimizni aytdik.  Qariyb bir kun davomida milliy parkning purviqor tog'lari, go'zal vodiylari hamda turfa o'simliklaridan zavqlanib avtomashina yoniga qaytdik. Umuman, ish kuni bo'lishiga qaramasdan, milliy park hududiga kelgan sayyohlar soni ancha ko'p edi. Aytgancha, maymunzan ildizi serob. U har qanday me'da kasalligini davolashda ajoyib ta'sir ko'rsatadi. Binobarin, uni ko'pchilik “mo''jizakor dori” deb hisoblaydi. Uning achchiq qaynatmasi dardni yengillashtiradi. Darvoqe, jentmunlarni yeyish ham foydadan xoli bo'lmaydi. Shu chog' o'sha o'simlikdan malham tayyorlagan hindularni ko'z o'ngimda tasavvur qildim.

Qator cho'kmalar,  hatto qoldiq tog'lar cho'l relyefini o'zgartirib yuborgan. Bundan bir yuz olt­mish million yil avval yashagan dinozavrlar suyaklari qoldiqlari hamma qit'alarda topilganidan xabardorsiz. Biroq, o'sha qoldiqlar aynan qaysi maxluqlarga  daxldor ekanligi  ko'pdan beri savol ostida qolmoqda. Bilgichlarning aytishicha, Joshua milliy parki hududida bu maxluqlar bo'lganligini tasdiqlovchi dalillarning borligi hayratda qoldiradi. Qadimgi zamonlarda bu yerlarda hindu qabilalari to'p­lanib, har xil ibodatlar va qurbonliklar o'tkazgan. Aynan shu joyda qonun-qoidani buzgan o'n odamga chiqarilgan o'lim hukmi ijro etilgan edi. Epchil va qo'rqmas yigitlar sardor topshirig'iga binoan aybdorlarni shu yerga olib keladilar. Aybdorlar atrofida hindular aylana holida turardilar. Ular uchi o'tkir kamonlarini qo'llariga olib, aybdorlarni maydonning o'tin to'plangan tarafiga haydab boradilar. U yerdan orqaga yo'l to'silgan edi. Faqatgina tubsiz jarlikka sak­rab, jon saqlab qolish mumkin edi. Ammo, buning iloji yo'q edi. Uzluksiz so'roqlar, uzoq vaqt soqchilar nazorati ostida yurish va boshqa talay azob-uqubatlar o'limga hukm etilganlarni insoniy qiyofadan mahrum qilgan edi. Ular qoraygan va so'laygan hamda arvoh misoli qo'rqinchli va vahimali edilar. Hindular kamondan otishga usta edilar. Juftakni rostlamoqchi bo'lgan  qochoqlardan birini kamondan o'q uzib qulatdilar. Qochoq dodlab yubordi, o'z oyog'iga yopishganicha yiqildi va g'ingshiy boshladi. Ammo, sheriklari uni yurishga majbur etardilar. Mahbus oqsoqlanar, sakrab-sakrab yurar, yaralangan oyog'ini bosishga cho'chir va to'xtovsiz qichqirardi.

Baland va mahobatli tog'lar qo'ynida ulkan qoyalar  bo'ladi. Ular necha-necha asrlar davomida qoru yomg'irlarga, ko'chki va zilzilalarga mardonavor dosh beradilar. Sovuq, izg'irin shamollar yalab o'tadi. Ushbu qoyalarning yonida esa soyalar qimtinib ko'zga tashlanadi. Tabiat buyuk, usta musavvir. Bir-biriga mingashib ketgan qirlarga, qirlardan ancha beriga ayro tushgan turfa shakl­dagi tepaliklarga, qorli cho'qqilari ko'kka sanchilgan yuksak tog'larga, qir-adirlar o'ngirlaridagi o'ynoqi va o'ta sershovqin kichik irmoqlarga, yashil o'tloqlarga, yuqoriga tirmashgan, chirmashgan ilonizi so'qmoqlarga birma-bir boqsangiz, borgan sari o'zingizni mitti seza boshlaysiz. Qarshimizda bo'y rostlagan manzara ajoyib edi. Xuddi mana shu shafqatsiz bulutlar ostiga yashiringan mahobatli tog' va o'rmonlar qachonlardir bir kun tabiat mo''jizasi tufayli vujudga kelgan. Ba'zida ular to'polon qilib, jazavaga tushadilar. Chindan ham, AQShning Kaliforniya o'lkasida qaror topgan Joshua va Yosemite milliy parklari bezagiga aylangan tog'lar, o'rmonlar o'zining shu xususiyati bilan emas, balki boshqa ajoyibotlari asnosida g'aroyib edi. Uni har tarafdan tik turgan granit qoyalar o'rab olgan edi. Qoyalar avvalgi qabilalar toshlarni tekislab  yasagan ustunlarga o'xshamas edi. Men bu makonga birinchi marta kelgandayoq o'sha toshlar tabiat in'omi emas, balki Olloh yaratig'i ekanligiga ishonch hosil qilgan edim. Voqean, go'zal yerning nafasi ruhiyatimizga ko'chib o'tdi.

Ulug'bek JUMAYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + 7 =