“Yashil energiya” — iqtisodiy taraqqiyot tayanchi

Dunyo mamlakatlarida sanoatning rivojlanishi, aholining  ko'payishi, iqtisodiyotning jadal o'sishi energiya resurslariga bo'lgan ehtiyoj va talabning ortib borishiga sabab bo'lmoqda. Ma'lumotlarga ko'ra, elektr energiyasi ishlab chiqarishda issiqlik va gidroelektr stansiyalar hanuzgacha salmoqli o'rinni band etadi.

Yaxshi bilamizki, issiqlik elektr stansiyalari ko'mir, gaz yoki mazutni yoqish, tabiatga is gazi chiqarish asnosida ishlaydi. 2022 yilda dunyo bo'yicha global energiyaning 35,4 foizi ko'mirni yoqish orqali ishlab chiqarilgan. Bu borada ikkinchi o'rinda tabiiy gaz bo'lib, “moviy yoqilg'i” orqali butun dunyodagi 22,7 foiz elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

Gidroelektrostansiyalar esa global elektr energiyaning 14,9 foizini, atom elektr stansiyalari — 9,2 foizini,  shamol elektr stansiyalari — 7,2 foizini, quyosh elektr stansiyalari — 4,5 foizini tashkil etgan. Suyuq yoqilg'i orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi jami 2,5 foizni tashkil qilgan bo'lsa, yana boshqa turli usullar bilan elektr olish hissasi 2,7 foizga  teng bo'lgan.

Shuni ham ta'kidlash kerakki, 2022 yilda shamol, quyosh va geotermal kabi qayta tiklanadigan manbalar jami elektr energiyasi ishlab chiqarishining 14,4 foizini tashkil etdi.

Ushbu statistik ma'lumotlardan ko'rinadiki, bugungi kunda insoniyat oldida atrof-muhitni asrash, tabiiy resurslardan samarali foydalanish, ekologiyani saqlash va kelajak avlodga toza tabiiy muhitni yetkazish kabi muhim global masalalar ko'ndalang bo'lib turibdi.

Mazkur global masalalarning yechimi ko'p jihatdan noan'anaviy, qayta tiklanuvchi, ekologik toza energiya manbalaridan foydalanish bo'lib qolmoqda. Ushbu sohaning imkoniyatlari ko'p ekanligini hozirgi zamon fani va rivojlangan davlatlar tajribasi ko'rsatib turibdi.

Masalan, quyoshdan kelayotgan radiatsiyaning sayyoramizga tushadigan energiya miqdori o'rtacha 1.3-1.4 kVt/m2ni tashkil qiladi. Atmosferadan kosmosga qaytib ketadigan radiatsiya miqdorini hisobga olmasak, yer yuzasiga o'rtacha 1 kVt/m2 energiya to'g'ri keladi. Bu energiya sayyoramizning ayni damdagi energiya ehtiyojidan 9000 marotaba ko'pdir.

Bundan ko'rinib turibdiki, iqtisodiy taraqqiyot va aholi farovonligi elektr energetikasi barqarorligiga, shu jumladan, qayta tiklanuvchi ener­giyadan foydalanishni kengaytirishga bog'liq. Shuning uchun, aksariyat rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar bu masalaga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

Xitoy, Germaniya, Yaponiya, Ispaniya, Italiya, Avs­traliya, Hindiston kabi davlatlarda quyosh va shamoldan elektr energiyasi ishlab chiqarishga alohida e'tibor qaratilib, katta sarmoyalar  ajratilmoqda.

Ayni paytda quyosh energiyasidan foydalanuvchi eng yirik davlatlar qatorida Xitoy (340 GVt), AQSh (102,9 GVt), Yaponiya (78,5 GVt), Germaniya (62 GVt) va Hindiston (57 GVt) kabi davlatlar peshqadamlik qilmoqda. E'tiborli jihati, bu boradagi kuchli beshta davlatning uchtasi qit'amiz vakillaridir.

Ma'lumotlarga ko'ra, 2022 yilda AQShdagi elektr energiyasining 3 foizi quyosh elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan bo'lsa, Yaponiyada bu raqam 10 foizni tashkil etadi. Yaponiya bugungi kunda  dunyodagi fotogalvanik elementlarning 45 foizini ishlab chiqarib, ushbu mamlakat fotogalvanik elementlar bozorida dunyoda yetakchilik qilmoqda.

Demak, quyoshli kunlari bir yilda 300 kundan ortiq bo'lgan O'zbekistonda quyosh nurlaridan elektr energiyasi olish va fotoelektr stansiyalarni joriy etish  muhim ahamiyat kasb etib, istiqbolli sohalardan biriga aylanishi tabiiydir.

Bu borada Prezidentimizning istiqbolni ko'zlovchi tashabbuslari bilan dastlabki qadamlar  2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida amalga oshirildi.

Ushbu qarorga asosan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo'lgan) o'rnatganlik uchun ular foydalanishga topshirilgan paytdan e'tiboran 10 yil muddatga mol-mulk solig'idan hamda ushbu qurilmalar bilan band bo'lgan uchastkalar bo'yicha yer solig'idan ozod etildi;

— ishlab turgan energetika resurslari tarmoqlaridan to'liq uzib qo'yilgan, yashash uchun mo'ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e'tiboran, 3 yil muddatga yer solig'idan ozod etildi;

— muqobil energiya manbalarini joriy qilgan jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektr stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida;

— shuningdek, quyosh fotoelektr stansiyalari uchun — 3 million so'mdan;

— quyosh suv isitkichlari uchun — 1,5 million so'mdan;

— gaz-gorelkali qurilmalar uchun — 200 ming so'mdan oshmaydigan miqdorda kompensatsiyalar va imtiyozli kreditlar berish yo'lga qo'yildi.

Natijada mamlakatimizning iqtisodiy tarmoqlari va ijtimoiy sohalarida qayta tiklanuvchi energiya qurilmalaridan foydalanish keng yo'lga qo'yila boshlandi. Jumladan, 2021 yilda ilk bor Navoiy viloyatining Karmana  va Samarqand viloyatining Nurobod tumanlarida quvvati 100 MVtga teng bo'lgan yirik quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi.

Ushbu quyosh fotoelektr stansiyasidan yiliga 252 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Natijada 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna bug'lanuvchi gazlar chiqishining oldi olinmoqda hamda 80 ming xonadon elektr energiyasi bilan ta'minlandi. Tejalgan gaz bilan 35 ming xonadonni bir yil davomida gaz bilan ta'minlash imkoni vujudga keldi.

2022-2026 yillarga mo'ljallangan “Yangi O'zbekis­tonning taraqqiyot strategiyasi”da (24-maqsad) iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, 2026 yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish ko'rsatkichini qo'shimcha 30 milliard kVt. soatga oshirib, jami 100 milliard kVt. soatga yetkazish vazifasi belgilandi. Bunda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga olib chiqish orqali yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash  rejalashtirildi.

Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi 57-sonli qarori bilan ijtimoiy soha ob'yektlari, davlat idoralari, tadbirkorlik sub'yektlari bino-inshootlariga, aholi xonadonlariga, yangi qurilayotgan ko'p qavatli uylarga 2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini joriy etish belgilandi. Ushbu qaror va bu boradagi topshiriqlar asosida respublika miqyosida qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini joriy etish ishlarini nazorat qilish va muvofiqlashtirib borish bojxona organlari zimmasiga yuklandi. Mazkur vazifa ijrosini ta'minlash maqsadida joylarda ishchi guruhlar, Bojxona qo'mitasida ishchi shtabi  ke­yinchalik respublika miqyosida quyosh panellarini o'rnatish bilan bog'liq masalalarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish bo'limi tashkil etildi.

Bu ishlarni tashkil etish va nazorat qilishga 1500 nafardan ortiq  bojxona xodimlari jalb etildi. Dastlab turli idoralar tomonidan ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlarda aniq hisob-kitoblarning yo'qligi, qayta tiklanuvchi qurilmalarning o'rnatilishi borasidagi ishlarda o'zibo'larchilik, raqamlar ketidan quvish, haqqoniy hisobotlar mavjud emasligi topshiriq ijrosini ta'minlashda ancha qiyinchiliklar tug'dirdi.

Mazkur yo'nalishdagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Bojxona qo'mitasi rahbariyati tomonidan idoralararo shtab va joylardagi ishchi guruhlar faoliyati hamda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni tizimlashtirish, yagona axborot tizimi orqali muvofiqlashtirish va nazorat qilish topshirig'i berildi.

Ushbu topshiriq asosida ob'yektlarga o'rnatilgan quyosh panellarini nazorat qilish va bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Bojxona qo'mitasi dasturchilari tomonidan “Yashil energiya” axborot tizimi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.

Natijada, “Yashil energiya” axborot tizimiga kiritilgan ma'lumotlarga ko'ra, bugungi kunda (2023 yil 27 oktyabr holatiga ko'ra) ijtimoiy soha va davlat idoralarining 8 960 ta ob'yektlariga 176 MVt., tadbirkorlarning 11 879 ta  bino-inshootlariga 135 MVt., aholining  35 669 ta xonadonlariga 70 MVt., 2023 yilda foydalanishga topshirilgan 341 ta ko'p qavatli uylarning tomlariga  4,4 MVt. quvvatli quyosh panellari o'rnatilgan.

Xususan, Navoiy, Taxiatosh, To'raqo'rg'on, Tolimarjon, Sirdaryo, Toshkent issiqlik elektr stansiyalari va Toshkent, Farg'ona, Muborak issiqlik elektr markazlarida umumiy quvvati 9,6 MVt quyosh fotoelektr stansiyalari qurilib, ishga tushirilgan. Joriy yilning o'tgan davrida quyosh fotoelektr stan­siyalari orqali 3 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, elektr stansiyalarning o'z ehtiyojlari va xo'jalik ehtiyojlari iste'moli uchun uzatilgan, natijada 613 ming metr kub tabiiy gaz iqtisodiga erishilib, 1,5 ming tonna is gazi tarqalishining oldi olinganligi e'tirofga molik.

Shuningdek,  bojxona organlarining 54 ta bino- inshootlariga jami 2,4 MVt quvvatli quyosh panellari o'rnatilib, joriy yilning hisobot davrida (2023 yilning 9 oyida) elektr energiyasidan 860 mln. so'm iqtisod qilindi, hududiy elektr tarmoqlariga ehtiyojidan ortiqcha 63,5 ming kVt. elektr energiyasi uzatildi.

Agar qaror ijrosi doirasida belgilangan (1764 MVt) ko'rsatkichlarga erishilsa, yiliga 2,6 milliard kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda 1,4 milliard kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 2,8 million tonna bug'lanuvchi gazlar chiqishining oldi olingan bo'ladi.

Amalga oshirilayotgan ishlar tarmoqqa uzatilayotgan elektr energiyasi yuklamasini kamaytirish, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, tabiiy boyliklarni asrash bilan birga har bir xonadon, idora va tashkilotlar uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlanib, qo'shimcha daromad topish imkoniyatini  yaratmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda quyosh energiyasi ishlab chiqarishda yangi quvvatlarni o'zlashtirish, quyosh panellarini ishlab chiqarishda uskunalarni mahalliylashtirish borasida salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosida xorijiy investorlar yordamida 2023 yilda Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro,  Qashqadaryo Toshkent  viloyatlari tumanlarida jami quvvati 2000 MVtdan ortiq quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko'ra, quyosh elektr stansiyalari O'zbekistonda jami 600 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu mamlakatning bugungi kundagi elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyojidan sakkiz baravar ko'p deganidir.

Butun dunyoda elektr energiyasi tanqisligi mavjud va talab muttasil oshib borayotgan sha­roitda O'zbekis­tonda mavjud bo'lgan ulkan tabiiy imkoniyat hamda ilmiy potensialdan samarali foydalanishni yo'lga qo'yish lozim bo'ladi.

Zero, tabiiy zaxiralar kamayib, talab esa geometrik progress bo'yicha oshib borayotgan bir davrda  “yashil  energiya” — iqtisodiy taraqqiyotning asosiy tayanchiga aylanmoqda.

Feruz SAFARBOYEV,

Bojxona xizmati polkovnigi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − 6 =