Yashasin, ozodlik!

Yoki bir baxtsiz tasodif tufayli boshimdan kechirganlarim
Xonadonimiz mehmonxonasi eshigining chap tabaqasi doim ochiq turadi. Men uning o'ng devori tagida qo'yilgan divanda oyoqlarimni eshik tomonga uzatgancha yotibman. Chap oyog'im soppa-sog'. Lekin mening yuqori yoki quyiga surilishimga tirgovich bo'lishdan boshqasiga nafi tegmaydi. Xohishi bo'lsa-da, iloji yo'q. Sherigi esa boshidan oxirigacha gipslangan: bukilmaydi. To'pig'imdan pastigina havo va yorug'likdan bahramand. Yuqorisi bunday huzur-halovatdan mosuvo. Do'xtirning tavsiyasiga binoan to'pig'imdan pastini har zamon-har zamon ohistagina chapdan o'ngga, o'ngdan chapga qimirlatib turaman.
Yotgan joyimdan dahlizning oshxonaga chiqadigan qismi ko'zga yaqqol tashlanib turadi. Kasalxonadan chiqqanimdan beri miyamda qator savollar charx urib, ko'proq vaqtim ana shu yerga tikilib o'tirish bilan o'tadi. Bu mening yiqilgan joyim. Shu bois oyog'imga chang solgan falokatning biron-bir belgisi ko'rinib qolarmikan deyman-da. Ammo hali ko'ringani yo'q. Ko'rinmasa ham kerak. Ko'ringanda nima bo'lardi? Bo'ladigani bo'ldi-ku! Busiz ham dunyo ko'zimga tor ko'rinib, tishimni-tishimga bosib o'tiribman. Lekin otday odam kuppa-kunduz kuni, he yo'q, be yo'q, umrining yarim asri o'tgan qadrdon xonadonida yiqilib, oyog'ini sindirib qo'ysa, alam qilar ekan. Yana qaerda deng? Dahlizda – tep-tekis yerda. Eshitganning biri: “Falokat oyoq ostida deydilar, iloyim, ko'rganingiz shu bo'lsin”, desa biri: “Yaxshiyamki, boshingiz yoki belingizga shikast yetmabdi, o'zi asrabdi-da”, deydi. Boshqa birov: “Buyam Xudoning bir sinovi, dardini bergan shifosini ham beradi”, deya ko'nglimni ko'taradi. Oyog'im qayrilmagan yoki sirpanmagan bo'lsa, qanday yiqilishim mumkin? Lahzalar ichida ro'y bergan bu ko'rgulikning biron-bir sababi bo'lishi kerak-ku axir! Yodimda. Nonushta qilib bo'lgach, kolbasa, pishloq va qaymoqni sovitkichga joylab, izimga qaytdim. Dahlizga qadam qo'yishim bilan qandaydir kuch shiddat bilan yuqoriga ko'tarib, yerga urdi. Gursillab tushdim. Qo'rqqanimdanmi yoki og'riqdanmi, qichqirib yubordim. Yaxshiyamki, o'g'lim bilan qizim uyda edi. Yugurib kelishdi. Men hansirar, peshonamdan sovuq ter quyilardi. Ular rangim bo'zdek oqarganini aytib, ikki qanotimdan ko'tarmoqchi bo'lishdi. Unamadim. Buklanib qolgan o'ng oyog'imning tizzasiga ko'zim tushib, qotib qoldim. Oshiq-moshiqning usti barmoq yotadigan darajada chuqurcha bo'lib qolgan, ammo og'rimas edi. Buni ko'rgan o'g'lim bilan qizim es-hushidan ayrilayozdi.
— Qo'rqmanglar, bolalarim, singani yo'q, — dedim ularga ovozim titrab. — Singanida jim o'tira olmas edim.
Oyog'imga ozor bermay ichkariga olib kirishning birdan-bir yo'li meni sudrash edi. Ikki dastyorim bu ishni qiynalib bo'lsa-da, uddalab, “tez yordam”ga sim qoqishdi. Vaqtni boy bermay kafedramiz mudiri telegramiga darsga bora olmasligim sababi bayon etilgan xabar yubordim. Bir necha daqiqa o'tib, jurnalistika fakultetida tahsil olayotgan talabam Maftuna Samadovaning guruh nomidan yo'llagan mana bu xati keldi: “Assalomu alaykum, ustoz! Birinchi darsga qo'ng'iroq chalinishiga bir necha daqiqa qolganda kafedramiz mudiridan sizning og'ir jarohat olganingizni eshitib, juda-juda achindik. Tezroq sog'ayishingizni Yaratgandan so'rab qolamiz…”
Xatni qayta o'qiganimda, beixtiyor ko'zlarimga yosh keldi. Darsga borolmaganim sababli bo'lsa-da, talabalarim oldida o'zimni gunohkordek his etdim. Chuqur xo'rsinganimning boisi ham shu bo'lsa kerak.
Eshik taqillatib kelgan “tez yordam”chi ikki erkak do'xtir degan zotga mutlaqo o'xshamas, ular quyib qo'ygandek obodonlashtirish xizmatining ishchilarini eslatar edi.
— Nima bo'ldi? — tomdan tarasha tushganday so'radi stol atrofidagi stullardan birini o'ziga qulay joyga qo'yib o'tirgan soqoli o'sgani.
— Yiqilib tushdim, — dedim oyog'imni ko'rsatib.
— Ukol qilaymi? — dedi mening oldimga sumkasi bilan tiz cho'kkani sherigiga yuzlanib.
— Kerak emas! — dedim soqoli o'sganning javobini kutmay. — Yaxshisi, meni travmatologiya markaziga olib boringlar.
— Biz sizni faqat “Glavtashkentstroy” kasalxonasiga olib borib tashlashimiz mumkin, — qat'iy javob berdi u, — nima qilishni, qaerga olib borishni ular hal qiladi.
Ana insonga bo'lgan e'tibor. Olib borishlari mumkin emas, olib borib “tashlash”lari mumkin. Mana sizga tibbiyot xodimining muomala madaniyati. Biz ijodkorlar esa “Ona tilimizda tiniq va ravon yozish va gaplashish uchun harakat qilaylik. Uning sofligiga erishaylik!” — deya bong urganimiz-bong urgan. Afsus…
— Unda sizlarga ruxsat, kelganlaringiz uchun rahmat! — dedim hafsalam pir bo'lib.
Ular ketgandan so'ng, yana “tez yordam”ga qo'ng'iroq qilib, vaziyatni tushuntirdim.
— Qo'limizda vazirlikning buyrug'i bor, amakijon, — dedi ayol kishi qat'iy qilib, — unga asosan bemorni yashash joyiga qarashli bo'lgan kasalxonaga olib boramiz. Xafa bo'lmaysiz, buyruqdan chiqishga haqqimiz yo'q…
Men go'shakni qo'yib, ukamga qo'ng'iroq qildim. Yarim soat o'tar-o'tmas u yetib keldi. Jiyanlari bilan avaylabgina mashinasiga o'tqizib, respublika travmatologiya markaziga olib bordi. Shifokorlar kerakli ma'lumotni yozib olgach, darhol rentgen qilib, gipslashdi va zambil aravada lift bilan beshinchi qavatga olib chiqib, 21-palataga yotqizishdi. Bu yerda yoshi yetmishga borib qolgan, uzun bo'yli, ozg'in, qorachagina bir kishi bilan qotmadan kelgan, miqtigina bir yigit yotar edi. O'rnashib olganimdan so'ng, salomlashib, hol-ahvol so'rashdik. Ro'paramda yotgan Murod aka poytaxtning Mirzo Ulug'bek, yonimdagi Anvarjon esa Olmazor tumanidan ekan. Murod aka menga o'xshab, uyida yiqilib oyog'ini, Anvarjon o'zi arralagan shox bilan birga qulab, qo'lini sindiribdi. Ikkovini ham “tez yordam” shifokorlari “sizni u yoqqa emas, bu yoqqa olib boramiz” demay, to'g'ri shu yerga olib kelibdi.
Shu kuniyoq sheriklarim qatori meni ham operatsiyaga tayyorlashdi. Ertasi kuni uchovimizni ham birin-ketin tig' ostiga olishdi. Operatsiya salohiyatli yosh olim va mohir jarroh, tibbiyot fanlari doktori Aziz Alimov rahbarligida o'z ishining zargari, tajribali jarroh-shifokor Baxtiyor Kamolov va Raufxon Qodirovlar tomonidan amalga oshirildi. Jarayonni ko'rib turmagan bo'lsam-da, hamma gapni eshitib turdim. Keyin reanimatsiya, keyin esa yana palata.
O'sha kundan boshlab ko'rmagan azoblarni ko'ra boshladim. Erta tongdan muolaja boshlanadi. Ukol ketidan ukol. Keyin ingichka naycha orqali tomirni tomchilab “sug'orish”ga o'tiladi. Bunday paytda tomchilardan ko'z uzmay, qimirlamay yotishga to'g'ri keladi. Shu orada uyimizdagilar xabar olgani kelishadi. U yoq-bu yoqni yig'ishtirib, yuvintirib qo'yishadi. Ko'ngil tusamagani uchunmi, nomigagina nonushta qilamiz. Murod aka: “Qani, dunyoda nima gap ekan?” deb televizorning bu yog'idan kirib, u yog'idan chiqadi. O'sha-o'sha, yasama ko'rsatuvlar, oldi-qochdi gaplar, bachkana qiliqlar, “dedi-dedi”lar, voydodlar, mish-mishlar, Rossiya televideniesidan aynan ko'chirilgan mantiqsiz “shou”lar… Bularni ko'rishga toqat bormi?! Shu bois televizor tomosha qilish hech kimning xayoliga kelmaydi. Kimdir gazeta, kimdir kitob varaqlaydi. Tushdan so'ng shifokorlaru hamshiralar jarohatimizni ko'zdan kechirib, dori-darmon bilan siylab, yana bog'lab qo'yishadi. Hash-pash deguncha kun o'rnini tun egallaydi. Hamshira hammamizga og'riq qoldiradigan ukol qiladi. Murod aka iltimos qilib, uxlatadigan ukol ham oladi. Ammo uning zarracha ta'siri bo'lmaydi. Dard kechasi xuruj qiladi deganlaricha bor ekan. Kimning qaeri og'riyotgani o'ziga ma'lum. Lekin uchovimiz ham ingrashdan, oh-vohdan tinmaymiz. Anvarjon bilan Murod aka hamshirani chaqirib, yana og'riq qoldiradigan ukol olishadi. Shundan so'ng ko'zlari uyquga ilinib, xurrak otishadi. Ayniqsa, Anvarjonning xurragi palatani larzaga keltirmay qolmaydi. Qulog'imga paxta tiqib, birpasgina uxlashga harakat qilaman. Lekin, og'riq yo'l bermaydi. O'zimni chalg'itish uchun ko'zlarimni yumgancha xayol suraman. Og'riq esa xayoldan ustun keladi. Bu orada Murod aka uyg'onib, “voy jonim”ni boshlaydi. Tong otmay turib, yangamizga qo'ng'iroq qilib: “Haliyam uxlab yotibsanmi? Tezroq kel, jonim azobda qoldi”, deydi. Keyin yana ingraydi, ixraydi, go'yoki yangamizni ko'rsa, og'riqdan forig' bo'ladiganday alamiga chidayolmay, tag'in uyiga sim qoqadi. “Kelishing muncha qiyin bo'ldi?” deydi xotiniga voyvoylab. U tomondan yangamizning ovozi eshitiladi: “Soat endi besh bo'layapti. Avtobuslar yurmay turib, qanday boraman?” Murod aka norozi ohangda bir nimalar deb g'o'ldiraydi.Keyin taqdiriga tan beribmi, boshini yostiqqa qo'ygancha jimib qoladi. Ko'p o'tmay eshik ochilib, hamshira dori-darmon to'la aravachasini surib, ukol qilgani kiradi. Keyin yana oh-voh. Ukolning og'rig'i uchovimizni ham baravariga ingratadi. Og'riqni sal bo'lsa-da yumshatish uchun na o'ng, na chap tomoningga yonboshlay olasan.
Bugun o'ninchi kun. O'n kundirki, ming bir azobni tortib, to'shakda mixlanganday yotibman. Nazarimda, bir oydan beri dard chekayotganga o'xshayman. Ozodlikdan mahrum bo'lgan oyog'im esa nafas ham ololmaydi. Yurish u yoqda tursin, hatto o'zini tik ushlab turolmaydi. Sezib turibman, chap oyog'im qattiq iztirobda. Sherigini qamaldan olib chiqish uchun nimalarnidir o'ylayotgani, men bilan bab-barobar qayg'urayotgani aniq. Lekin u sho'rlikning qamal devorlarini buzib kirishga kuchi yetmaydi. Shunga qaramay, sherigini ozod ko'rish uchun judayam bezovta bo'layotganini sezib turibman. Nima qilsin, erkin bo'lgani bilan yolg'iz o'zi sherigisiz bir ish qilolmaydi, bir yoqqa borolmaydi. Sherigiga hamdard bo'lgancha, tunu kun kiprik qoqmay termilib o'tirgani-o'tirgan. O'ng oyog'im ustidagi zil-zambil gipsni tezroq uloqtirib, ozod bo'lishini, birgalashib chala qolgan ishlarni bitirishni, ezgu niyatlar sari shahdam odimlashni istaydi. Xudoga iltijo qilib, madad so'raydi. Go'yoki buni his etib turganday, shifokorlar ham dam-badam xabar olib, hol-ahvol so'raydilar. Ularning ko'rsatmalariga binoan hamshiralar tin olmaydilar. Goh oyog'imga, goh bilaklarimga igna sanchadilar. Har kuni yuz-yuz ellik gramm keladigan uchta tomchi ukol ham bor. Bu oyog'imni qaramlikdan tezroq qutqarish uchun tashqaridan uyushtirilayotgan hujum. Rostini aytganda, ozodlik uchun gips ichida borayotgan jang ham susaygani yo'q. G'alaba sari tobora yaqinlashib borilayotganini davolovchi shifokorimiz Baxtiyor Kamolovning har kuni jarohatni ko'zdan o'tkazib, “yaxshi” deyayotganidan ham bilsa bo'ladi.
Bugun o'n ikkinchi kun. Muborak juma kuni. Samimiy, vazmin, chehrasidan nur yog'ilib turadigan Baxtiyor aka odatdagidek hammamiz bilan qo'l berib ko'rishar ekan: “Oyoq qanday, Nuriddin aka, bezovta qilmayaptimi?” — so'radi mendan. “Siz bor joyda oyog'im erkalik qilarmidi?” — dedim kulib. “Xudo xohlasa, hademay, ko'rmaganday bo'lib ketasiz, — qo'shib qo'ydi u, so'ng shunday dedi: — Menimcha, biroz zerikkanga o'xshaysiz. Ko'pi ketib, ozi qoldi. Buyog'iga jarohatni kunora dori-darmonlab, bog'lab qo'yilsa bas…” “Demak, menga uyga ruxsat bermoqchisiz, shundaymi?” “Bizning rejamiz shunday”, dedi Baxtiyor aka jilmayib.
Tushdan keyin shifokorlaru hamshiralarga chin dildan minnatdorchilik bildirib, palatadoshlarim bilan xayrlashib, qadrdon go'shamga qaytdim. O'g'lim bilan qizim uyni yig'ib-yig'ishtirib, o'rnimni tayyorlab qo'yishibdi. Ostona hatlab uyga kirishim bilan o'zimni qushdek yengil sezdim. “O'z uyim o'lan to'shagim”, deganlaricha bor ekan. Yengil nafas olib, o'rnimga cho'zilar ekanman, Allohga behisob shukronalar aytdim. Keyin… keyin ko'zlarimga uyqu ilinib, uxlab qolibman.
Bugun o'ng oyog'im tizzasini tezroq tuzatib, uni gipsdan ozod qilish uchun boshlangan kurashning o'n to'qqizinchi kuni. Bir haftadirki, bu “jang”ga poliklinikamizning travmatolog-shifokori Feruzjon Berdiyev rahbarlik qilmoqda. U har gal gips ichidagi ahvolni sinchiklab ko'zdan kechirar, muolajani shoshilmay amalga oshirar, ishni tugatgandan so'ng: “Ko'z tegmasin, yaxshi” derdi. Bugun u Baxtiyor Kamolovning tavsiyasiga binoan nihoyatda ehtiyotkorlik bilan jarohatning ipini oldi. Katta va kichik jarrohlik qaychisi bilan har bir tola ipni kesayotganini ko'rib turdim. Jarohatim jiz etib og'rimaganiga juda-juda sevindim. Feruzjon muolajani tugatib, odatdagidek: “Juda yaxshi”, dedi.
O'n olti kundirki, oyog'imning tezroq ozodlikka chiqishini, sherigi bilan bab-barobar qadam tashlashini, buni ko'rib boshim ko'klarga yetishini kutib yotibman. Iloyim, Xudoyim o'sha kunlarga yetkazsin!
Tushdan so'ng Feruzjon keldi. Tibbiy sumkasini stol ustiga qo'yib, hol-ahvol so'radi. Men:
— Xudoga shukur, shikoyatga o'rin yo'q, — dedim.
— Unda gipsni yechamiz, — dedi u mamnuniyat bilan.
— Rostdanmi? — xursand bo'lib so'radim.
— Vaqti keldi, — dedi u sumkasini ocha turib.
U xuddi uzukka ko'z qo'yayotgan zargardek, shoshilmasdan, jarrohlik qaychisi bilan gipsni kesa boshladi. Bu ishni qoyilmaqom qilib, oyog'imni spirtli paxta bilan artib qo'ydi. Yorug' yuzini ko'rgan oyog'im yayrab ketdi. O'zim dunyoga qayta kelganday bo'lib: “Yashasin ozodlik!” deya hayqirib yubordim. Men baxtli va baxtiyor edim. Hatto shu zahoti o'rnimdan turib yurgim keldi.
— Qani, oyog'ingizni sekin buking-chi, — dedi Feruzjon harakatimdan ko'z uzmay.
O'zimga ishonib-ishonmay, buyruqni bajarishga kirishdim.
— Qo'rqmang! — dedi u oyog'imni ushlab.
Oyog'imni bukib-yozayotganimda: “Og'rimayaptimi?” — deb so'rab turdi. Men “yo'q” ma'nosida boshimni tebratib turdim. Mashq uch-to'rt bor takrorlangach, do'xtir oyog'imni ehtiyotlab joyiga qo'ydi.
— Juda yaxshi! — dedi u astoydil xursand bo'lib. — Endi, odatdagidek, uy ichida “xodunka”ga tayanib yurib turasiz. Buguncha oyog'ingizni har zamon-har zamon hozirgidek asta-sekin bukib-yozib turing! Ertaga yurish mashqini birga bajaramiz!..
Allohga behisob shukurlar bo'lsinki, bir oylik “jangu jadal”dan so'ng, oyog'im yana ozodlikning beqiyos imkoniyatlaridan bahra oladigan bo'ldi. Bu juda ajoyib, bu juda go'zal! Bu Xudoyimning menga bergan sinovi emas, olam-olam quvonchi, baxti! Endi o'ng oyog'im ham yelkadoshi — chap oyog'im bilan birga ezgulik, yaratish va yashnatishdek xayrli va savob ishlar sari g'ayrat va shijoat bilan odimlayveradi, odimlayveradi, odimlayveradi…
YaShASIN, OZODLIK!
Nuriddin OChILOV.