Intilishlarimiz ezgu maqsadlarga mushtarak

Insoniyat paydo bo'lganidan buyon dunyo sir-sinoatlarini ochish, hayotning past-balandini o'rganish, o'zlikni anglashga intilib kelgan. Mazkur izlanishlar har bir zamonda ham o'ziga xos va o'ziga mos natija bergan. Bu borada, ayniqsa, ilm dargohlari va ularda tadqiqotlar olib borayotgan olimlarning hissasi beqiyosdir. Bugungi kunda universitet deb ataluvchi oliy dargohlarda kelajak avlodga ilmning turli sohalari bo'yicha saboq berish bilan birga, odamning og'irini yengillatish, ma'naviyatni rivojlantirish, tabiat hodisalarini tadqiq etish kabi masalalarda izlanishlar olib borilmoqda. Ko'plab universitetlarimiz ilmda erishayotgan olamshumul natijalari, yetishtirgan yetuk kadrlari bilan dunyo ahli e'tirofiga sazovor bo'lgan.

Alohida ta'kidlashni istardikki, yurtimizda faoliyat yuritayotgan oliy o'quv yurtlari orasida Andijon davlat universitetining ham alohida o'rni bor. Mazkur universitetda faoliyat yuritayotgan akademik S.Zaynabiddinov, professorlar R.Shamsutdinov, I.Asqarov, R.Aliyev, D.Quronov, S.Mirzayeva kabi ustozlar yaratgan ilmiy maktablar, erishilayotgan natijalar nafaqat O'zbekiston, balki dunyo ilm-fani rivojiga o'ziga xos hissa bo'lib qo'shilmoqda. Jumladan, akademik S.Zaynabiddinov rahbarligida “Yarim o'tkazgichlar fizikasi”, professor R.Shamsutdinov boshchiligida “O'zbekiston tarixi”, “Qatag'on qurbonlari”, professor I. Asqarov rahbarligida “Tovarlar kimyosi va xalq tabobati”, professor R.Aliyev yetakchiligidagi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari”, professor D.Quronov rahbarligida “Adabiyotshunoslikning dolzarb masalalari” kabi sohalarda respublikada yetakchi ilmiy maktablar yaratilgan bo'lib, mazkur ilmiy maktablarda o'nlab ilmga chanqoq yoshlar o'qib-izlanib, yetuk olimlar safiga qo'shilmoqda.

Ayni paytda universitetimizda jami 34 ta ixtisoslik bo'yicha 217 nafar staj­yor-tadqiqotchi, tayanch doktorant va doktorantlar tahsil olmoqda va ilmning turli sohalarida izlanishlar olib bormoqda. Bundan tashqari, ayni paytda 9 ta ixtisoslik shifrlari bo'yicha ilmiy daraja beruvchi 7 ta Ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda. Ushbu Ilmiy kengashlarda har yili respub­likamizning turli hududlaridan kelgan yuzdan ortiq tadqiqotchilar dissertatsiya ishlarini himoya qilib, ilmiy darajali yetuk kadr sifatida e'tirof etilmoqda.

Laboratoriya tajribalari bilan bog'liq tadqiqot ishlarida samarali natijalarga erishish uchun esa universitetda mavjud kimyo, zoologiya va biokimyo kafedrasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ilmiy laboratoriyasida ham zarur sharoitlar yaratilgan bo'lib, tegishli ixtisosliklar bo'yicha tadqiqot ishlarini olib borayotgan professor-o'qituvchilar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar o'zlarining ilmiy-tadqiqot ishi bilan bog'liq tajribalarini o'tkazib, erishilgan natijalar asosida qator ilmiy maqola va tezislar, monografiyalarini chop etmoqda. Joriy yilda laboratoriyalarda tadqiqot olib borayotgan xodimlarning 19 nafari falsafa doktori (PhD), 3 nafari fan doktori (DSc) dissertatsiya ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildilar.

Akademik S.Zaynabiddinov va professor D.Quronovlarning bosh muharrirligi va umumiy tahriri ostida chop etib kelinayotgan ilmiy jurnallar respublikamizdagi ilm ahliga doimiy ravishda yuqori saviyadagi ilmiy maqolalar va ularning natijalari bilan tanishib borish imkoniyatini yaratib bermoqda.

Tadqiqotchilarning ilmiy faoliyatga rag'batini yanada oshirish maqsadida universitetning byudjetdan tashqari mablag'laridan “Scopus” hamda “Web of Science” ma'lumotlar bazalari jurnallarida e'lon qilingan har bir maqola uchun mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha, Top-1000talik OTMlarda ilmiy daraja olgan professor-o'qituvchilarga yil davomida 30-60 foiz ustamalar, Xirsh indeksi 3 va undan yuqori bo'lganda, shuningdek, har safar indeksi ko'tarilganda bazaviy hisoblashning 10 barobari miqdorida, xalqaro patentlar uchun bazaviy hisoblashning 15 barobari miqdorida hamda xalqaro til sertifikatlari uchun 15-20 foiz miqdorida yillik ustamalar joriy qilingan. O'tayotgan 2023 yilda universitetimiz professor-o'qituvchilari tomonidan “Scopus” hamda “Web of Science” ma'lumotlar bazalarining 50ga yaqin jurnallarida maqolalar chop etildi, mazkur xalqaro ma'lumotlar bazalarida Xirsh indeksi 3 va undan yuqori bo'lgan professor-o'qituvchilar soni o'n nafardan oshdi.

Olimlar va tadqiqotchilarning ilmiy jamoalari faoliyatini qo'llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqot olib borish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, yangi ilmiy maktablar tashkil qilish va shu orqali universitet ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida kelayotgan 2024 yil uchun jamoaviy ilmiy-innovatsion grantlar dasturi ishlab chiqildi.

Universitetda 2023 yilda byudjetdan tashqari mablag'lar hisobidan professor-o'qituvchilarning 2 mlrd. 880 mln. so'mlik 3 ta startap, 1 ta amaliy va 1 ta fundamental loyihalari moliyalashtirildi. Shu loyihalar doirasida universitetda led-lampalar hamda yuqori energiya sig'imli portativ quvvatlash stansiyasini ishlab chiqish yo'lga qo'yilmoqda. Bundan tashqari, ta'lim o'chog'imizda ishlab chiqarish markazi tashkil etilgan bo'lib, unda 10 dan ortiq talabalarning ish bilan ta'minlanishi rejalashtirilmoqda. O'zimizga qarashli Biznes inkubatsiya va akseleratsiya markazida talabalar jamoasidan iborat 2 ta 100 mln. so'mlik startap loyihalari moliyalashtirildi hamda markaz xodimlari tomonidan ushbu talabalarning menejerlik va biznes yuritish savodxonligini oshirish bo'yicha seminarlar tashkil etildi. Bundan tashqari, talabalar o'rtasida turizm bo'yicha 60 mln. so'mlik loyihalar moliyalashtirildi.

Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo'limi tomonidan talabalar uchun ilmiy maqolalar yozish, maqolalarni mahalliy hamda xorijiy jurnallar talabi bo'yicha shakllantirish hamda chop etish masalalari bo'yicha muntazam ravishda seminar-treninglar o'tkazib kelinmoqda. Talabalarni ilmiy faoliyatga hamda biznesga qiziqtirish maqsadida ular o'rtasida “Eng yaxshi loyiha”, “Eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi ishlanma” tanlovlari o'tkazilib, g'oliblar pul mukofotlari bilan rag'batlantirilmoqda. Joriy yilda 16 nafar talaba nomdor hamda Prezident stipendiyalari sovrindori bo'ldi.

Universitetda har yili xalqaro va res­publika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlar o'tkazilmoqda va ularda respublikamizdagi va xorijdagi yetuk olimlarning ishtiroki ta'minlab kelinmoqda. Jumladan, 2023 yilda dunyoning nufuzli ta'lim dargohlari bilan hamkorlikda 6 ta xalqaro va 3 ta respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlar o'tkazildi. Anjumanlar doirasida taniqli xorijiy professorlar o'zlarining bilim va tajribalari bilan o'rtoqlashdi, ular ishtirokida talabalar uchun dars mashg'ulotlari, universitetning yosh professor-o'qituvchilari uchun master-klass­lar tashkil etildi. Bu kabi tadbirlar universitet professor-o'qituvchilari va tadqiqotchilarining xorijiy hamkasblari bilan doimiy ilmiy-ijodiy hamkorliklarini rivojlantirish bilan birga, ular tomonidan erishilgan yutuqlarning dunyo miqyosida e'tirof etilishiga sabab bo'ladi desak, albatta, xato bo'lmaydi.

Ta'lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ko'lami katta. Shuningdek, talabalarni yotoqxona bilan to'liq ta'minlash yo'lida olib borilgan ishlar to'g'risida ham uzoq gapirish mumkin. Bular to'g'risida respublika va mahalliy matbuotda bir necha maqolalar chop etildi. Lekin ko'pincha bajarilgani tilga olinmay qolayotgan ishlar haqida ham to'xtalib o'tsak xato bo'lmaydi.

Ma'lumki, universitet talabalari, asosan, endi mustaqil hayotga qadam qo'yayotgan yoshlardir. Shu sababdan ularni oilaviy hayotga tayyorlash, yoshlarga oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini o'rgatish, oilalarni mus­tahkamlash, erta nikoh va oilaviy ajrimlarning oldini olish bo'yicha zarur tushunchalarni berish juda muhim.

O'quv yili davomida universitetda tahsil olayotgan oilali talabalar, mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlarning oilasidagi notinchlik holatlari, oilasida ularga bo'lgan zo'ravonlik yoki kamsitilish, huquq va manfaatlarining buzilishi, er-xotin yoki qaynona-kelin munosabatlarining yomonlashuvi, tushkunlikka tushish holatlari bo'yicha universitet Xotin-qizlar kengashiga qilingan murojaatlar (jami 31 marotaba) yuzasidan universitet huquqshunosi M.Sodiqova hamda psixolog O.Muxtarov bilan hamkorlikda 17 ta notinch oila, 6 ta ajrashish xavfi yuqori bo'lgan oilalardagi ijtimoiy muhitni barqarorlashtirishga erishildi.

Talaba-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolliklarini oshirish, darsdan bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish, ular o'rtasida milliy va an'anaviy qadriyatlarni keng targ'ib qilish, mustaqil oilaviy hayotga har taraflama tayyorlash ishlarini to'g'ri yo'lga qo'yish maqsadida xotin-qizlar kengashi tashabbusi bilan fakultetlar­aro “Qizlar davrasi”, “Milliy va zamonaviy liboslar namoyishi” ko'rik-tanlovlari, “Xon atlas — 2023” milliy liboslar fes­tivali doirasida milliy liboslar chellenji, “Siz yangi qonunni bilasizmi?”, 25 noyabr — Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikka barham berish kuni munosabati bilan “Qizlar onlayn viktorinasi” hamda “Zakovat”, “Zakovatli qiz” intellektual o'yinlari, qizlar o'rtasida “Pazanda qiz”, “Ijodkor qiz”, “Kitobxon qiz” ko'rik-tanlovlari, “Ayol qadri”, “Hayot go'zal”, “Bahor zavqi”, “Minnatdorchilik va shukronalik hissi”, “Ezgu niyat”, “Pozitiv kayfiyatni saqlab qolish” mavzularida psixologik treninglar tashkil qilinmoqda.

Jamoada sog'lom ma'naviy muhitni barqarorlashtirish, jamoa a'zolari va talabalarning universitet odob-axloq kodeksi, ichki tartib-qoidalariga rioya qilish­larini tartibga solish, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik holatlariga qarshi kurashish maqsadida odob-axloq komissiyasi hamda huquq-tartibot organlari xodimlari bilan birgalikda talaba-qizlarning kiyinishi, madaniyati, tashqi ko'rinishida talabaga xos bo'lmagan, noodatiy holatlar kuzatilayotgan, har xil diniy oqimlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlardan foydalanib kiyinayotgan talaba-qizlar bilan yakka tartibda, zarur holatlarda ota-onalar ishtirokidagi suhbatlar o'tkazilib, tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy himoya — asosiy e'tiborimizdagi yumush. Shu bois,  nogiron, surunkali kasalligi mavjud va davolanishga muhtoj, kam ta'minlangan xotin-qizlar, yosh onalarning 41 nafariga universitet tomonidan moddiy yordam, 14 nafariga “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo'lmagan xalqaro xayriya fondi Andijon viloyat bo'limi tomonidan zaruriy dori-darmon vositalari, 2 nafariga Xotin-qizlarni va oilani qo'llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan zarur reabilitatsiya vositasi bilan ta'minlanishiga erishildi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar va boquvchisi yo'q yolg'iz ayollar oliy ta'lim olishini moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi 585-sonli qaror ijrosini ta'minlash yuzasidan universitetda tahsil olayotgan muhtoj qizlar va boquvchisi yo'q yolg'iz ayollar hisoblangan jami 72 nafar talaba-qizlarning tegishli hujjatlari jamlanib, ma'lumotlari Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etildi.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti haqida faol tushuntirish-targ'ibot ishlarini olib borish va iqtidorli, ijodkor talaba-qizlarni to'g'ri yo'naltirib, maqsadli ishlar yo'lga qo'yilishi natijasida 2023 yil uchun o'tkazilgan tanlovlarning shahar, tuman va viloyat bosqichlarida 100 nafardan ortiq talaba-qizlarimiz ishtirok etdi va ulardan 23 nafari tanlovning viloyat, 5 nafari respublika bosqichida qatnashish imkoniyatini qo'lga kiritdi.

Shuningdek, xotin-qizlar kengashi raisi Umidaxon Ahmedova joriy o'quv yilida bo'lib o'tgan “Islohotlar bilimdoni” respub­lika ko'rik-tanlovida “Eng faol xotin-qizlar kengashi raisi” nominatsiyasi bo'yicha faxrli 1-o'rinni egalladi.

Umuman olganda, Andijon davlat universiteti professor-o'qituvchilari tomonidan ilm-fan, ma'naviyat va ma'rifatni rivoj­lantirish maqsadida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar ertaga o'z natijasini berishi shubhasiz.

Akramjon YuLDAShEV,

Andijon davlat universiteti rektori,

biologiya fanlari doktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + fourteen =