Ma'naviyat va ma'rifat – eng ustuvor vazifa

Tezkor o'zgarishlar bilan kechayotgan bugungi shiddatli zamonda bozor iqtisodi qonunlari jamiyatimiz hayotining barcha sohalariga birdek kirib bormoqda. Manfaat, foyda masalasi aksar hollarda o'zaro munosabatlarda birinchi o'ringa qo'yilmoqda. Globallashuv­ning turli ko'rinishlari ta'sirida insonlar, mamlakatlar, butun boshli sivilizatsiyalar o'rtasidagi to'siqlar kamayib, o'ziga xos jihatlar, tafovutlar yo'qlikka yuz tutmoqda.

Madaniyatlar orasidagi farqlarning yo'qolib borishi oqibatida inson tafakkuri tobora bir xillik chohiga qarab surilmoqda. Rivojlanishning yuqori cho'qqisiga chiqqan bo'lsa-da, ma'naviy-ma'rifiy sohada yo'l qo'yilgan xatolar badali o'laroq ma'naviy tanazzul qora tuynugiga yutilib borayotgan millat va xalqlar yo'l qo'yilgan xatolar haqida bugun boshqalarga afsus bilan bong urmoqda.

Shu yilning 22 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan majlisi o'tkazilishi mana shunday murakkab, ma'naviyat va ma'rifat masalalari dolzarb ahamiyat kasb etayotgan bir sharoitda o'tgani bilan ham g'oyat ahamiyatga molik. Negaki, bozor munosabatlari har bir sohaga keng yoyilayotgan, moddiyat birinchi o'ringa chiqib, odamlar barcha fazilatlarni bir chetga surib qo'yib, faqat boyib qolishni, “tangani tangaga urishtirish”ni birinchi o'ringa qo'yadigan bir pallada ma'naviyat masalasi Davlatimiz rahbari tomonidan kun tartibiga qo'yildi. Yig'ilishda adabiyot va san'at, madaniyat va ma'naviyat sohalari rivoji atrof­licha tahlil qilindi, dolzarb fikrlar o'rtaga tashlandi, muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Yurtboshimiz tomonidan o'tkazilgan mazkur tarixiy yig'ilish mamlakatimizda Prezident raislik qiladigan ikki muhim kengashdan biri nima uchun Ma'naviyat va ma'rifat kengashi deb nomlanishini barchaga yetarlicha tushuntira oldi desak xato bo'lmaydi. Zero, yurtimizda ma'naviyat va ma'rifat, madaniyat va san'at masalalari davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari darajasida qaralmoqda.

Davlatimiz rahbari o'z nutqida yurtimizda madaniyat, san'at, ijod, ma'naviyat va ma'rifat sohalaridagi barcha muhim masalalarni sanab o'tib, aniq yechim va takliflarni berdi. Jumladan, Prezidentimiz bugun dunyo xalqlari qadriyatlar tizimida ro'y berayotgan chuqur o'zgarishlarni alohida ta'kidlar ekan, shunday dedi: “Bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur'atlari misli ko'rilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda”.

Darhaqiqat, bugun insoniyat ilm-fan va iqtisodiy sohalarda ilgarilari tasavvur ham qilib bo'lmaydigan ulkan yutuqlarga erishmoqda. Biroq ayni paytda jahonda azaliy qad­riyatlarning depsinishi, aytish mumkin bo'lsa, axloqiy degradatsiya, ma'naviy tanazzul jarayonlari borgan sari ko'proq ko'zga tashlanmoqda. Bir jinsli nikoh, oila atalmish muqaddas dargohning oyoqosti qilinishi, “dunyoga keldingmi, istaganingcha yasha” qabilidagi hayotga bo'lgan egoistik yondashuvlar bugun dunyoda kundalik oddiy holga aylanib qolmoqda. Ayrim mamlakatlarda har qanday ongli kishiga ayon bo'lgan oddiy haqiqat: ikkita jinsni tan olish o'rniga “insonlar orasida 72(!) ta jins mavjud”, deb jar solayotgan odam ko'rinishidagi mavjudotlarni qanday tushunish mumkin?! Bu kabi axloqiy tanazzul holatlari bugun o'zini, o'zligini yo'qotishni istamagan har qanday kishini sergaklikka tortishi lozim. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, bu yorug' dunyoda “O'zbek” va “O'zbekiston” degan nom bilan yashab qolishni istasak, yuqoridagi kabi ma'naviy tanazzulga qarshi turishda yoshlar tarbiyasi borasidagi amaliy harakatlarimizni bugundan boshlashimiz shart. Bu borada ma'naviyat bizning hayotimizda yangi kuch, yangi harakatga aylanishi kerak.”

Davlat rahbari nutqida jahon siyosiy maydonida yuz berayotgan keskin o'zgarishlar va mamlakatimizning bu boradagi qat'iy pozitsiyasi haqida ham muhim fikrlar yangradi:

“Ilgari o'z maqsad va manfaatlarini, asosan, diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o'tkazish, qarama-qarshilik va to'qnashuvlar yo'liga o'tganiga hammamiz guvohmiz”.

Darhaqiqat, bugun jahon siyosatida, xalqaro munosabatlar tizimida tektonik o'zgarishlar yuz bermoqda. Shu paytga qadar shakllangan global kuchlar muvozanati buzilish arafasida turibdi. Qudratli markazlar o'rtasidagi keskinlik haddan tashqari ortib ketdi. Bunday murakkab vaziyat mintaqamiz va mamlakatimizga ham jiddiy ta'sir qilishi sir emas. Shunday bo'lsa-da, qiyinchiliklarga qaramay, O'zbekiston konstruktiv va ratsional tashqi siyosat yuritish kursini saqlab qolmoqda. Dunyoning barcha mamlakatlari bilan manfaatli hamkorlik aloqalari davom ettirilmoqda. Bu esa mamlakatimizning milliy manfaatlariga to'la javob beradi.

Shu o'rinda yana bir narsani aytib o'tish joiz. Shu kunlarda ayrim og'ziga kuchi yetmagan, miyasi o'lik imperiya vasvasasi bilan karaxt bo'lgan nusxalar tomonidan mustaqil davlatlar, shu jumladan, biz uchun muqaddas bo'lgan mamlakatimiz suvereniteti haqida tuturiqsiz fikrlarni aytishgacha borishmoqda. Prezidentimiz kengash yig'ilishida bejiz: “Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — uyg'oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san'at namoyandalari, ma'naviyat va ma'rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar”, deya ta'kidlamadi. Zero, yurt taqdiri uchun, uning gullab-yashnashi uchun chin ko'ngildan qayg'uruvchi zamonaviy jadidlarning yetishmasligi bugun shaxsan davlat rahbarini ham o'ylantirayotgan jiddiy masala bo'lib qolmoqda.  “Yaqinda “Milliy tiklanish” gazetasida O'zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning “Jadidlar” degan she'rini o'qib qoldim. Hurmatli shoirimiz “Jadidlar yetishmayapti, jadidlar”, deb, bugungi kunda ko'pchilik xalqimizni, jumladan, meni ham qiynayotgan savollarga javob izlagan”, – deya Prezident barcha ziyolilarni jadid bobolarimiz kabi faol bo'lishga chaqirdi. Shunday ekan, katta-yu kichik barchamiz mamlakatimiz taraqqiyoti, uning mustaqilligi, ertangi farovon kunimiz uchun chin ko'ngildan qayg'uradigan zamonaviy jadidlarga aylanishimiz davr talabidir.

Davlat rahbari yig'ilishda milliy g'oya masalasini ham ko'tardi. Shu xususda so'z borar ekan, bu borada alohida dasturiy hujjat yaratish kerakligini, bunda yangi tahrirdagi Kons­titutsiyamiz talablari inobatga olinishi lozimligi ta'kidlandi. Dunyoviy davlat konsepsiyasi ishlab chiqilayotgani ma'lum qilindi. Shu o'rinda savol tug'ilishi tabiiy: nega bu konsepsiya kerak? Bosh qomusimiz va qonunlarimizda dunyoviylik prinsipi shundog'am aniq-tiniq yozilgan-ku! Bu savolga javob ma'ruzaning o'zidayoq berildi. Afsuski, bugun jamiyatimizda diniy erkinlik tushunchasini mutlaqo teskari talqin qilayotganlar, bilib-bilmay konstitutsion tuzumdan og'ishishga targ'ib qilayotganlarning borligi haqiqat. Yangilangan Konstitutsiyamizning 1-moddasida “O'zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo'lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” deya qat'iy belgilab qo'yilgan. 154-moddada esa “Ushbu Konstitutsiya 1-moddasining va ushbu modda ikkinchi qismining qoidalari qayta ko'rib chiqilishi mumkin emasligi” belgilangan. Bundan davlatchiligimiz ustunlari suverenitet, demokratiya, ijtimoiylik, huquqiylik va dunyoviylik ekanligini anglashimiz mumkin. Shunday ekan, davlatchiligimizning muhim ustunlaridan biri bo'lgan dunyoviylik prinsipining shubha ostiga olinishiga mutlaqo yo'l qo'yib bo'lmaydi.

So'nggi yillarda mamlakatimizda diniy erkinlikni ta'minlashga keng e'tibor berilmoqda. Bunday erkinlik muhitining yaratilishi esa, avvalo, aholimiz orasida diniy ma'rifatni targ'ib qilish uchun xizmat qilishi lozim.

Afsuski, bugun yoshlar orasida diniy radikalizm tuzog'iga ilinayotganlar ko'plab topiladi. Din haqida uch-to'rtta ma'lumotni chala yodlab olib, ijtimoiy tarmoqda hammaga aql o'rgatayotgan, takfirchilik bilan shug'ullanayotgan, o'zini “bloger” deb nomlab olganlarning sanog'i yo'q. Xo'sh, nima uchun bugun tuzuk-quruq diniy bilimi yo'q kimsalar yoshlarga nima to'g'ri-yu, nima noto'g'ri ekanligidan va'z o'qishlari kerak? Buni qat'iy nazoratga olish va cheklashning vaqti kelmadimi? Savollar bisyor. Javob ustida esa yaxshilab bosh qotirish lozim. Shu o'rinda o'z tajribamda bo'lgan bir voqeani esga olishni istardim. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlardan biridagi sahifaga bexosdan ko'zim tushdi. Unda obunachi yig'ishdan boshqa dardi yo'q, “prosmotr” va “layk” ilinjida har narsaga tayyor kimsa insoniyat tarixidagi eng dahshatli ikkinchi jahon urushini boshlagan kimsaning(ismini aytishim shart emas) qilmishlarini oqlab videoroliklar tayyorlabdi. Antisemitizm ruhiga to'yingan videolar izohlarida esa aksariyat o'zimizning yoshlarimiz inson ko'rinishidagi iblisning jinoyatlarini olqishlash, xaspo'shlash, uni ulug'lash bilan ovora bo'libdi. “Afsus, u bu ishini oxiriga yetkazmagan ekan, ulgurmagan ekan” qabilidagi izohlarni o'qib, ochig'i, dahshatga tushdim. Qachondan beri butun bir xalqni qirib yuborish (genotsid) jinoyati yoshlarimiz orasida sharafli ish o'laroq, harbiy jinoyatchi esa qahramondek qabul qilinishni boshladi? Bu yovuzlikka qarshi kurashib, o'zini qurbon qilgan minglab bobolarimiz qoniga bo'lgan hurmatimiz shu bo'ldimi? Bu kabi savollar barchamizni birdek o'ylantirishi, yoshlar orasida diniy radikalizmning oldini olish borasidagi ishlar yanada kuchaytirilishi zarurat ekan. Davlatimiz rahbari kengash yig'ilishidagi nutqida bejiz ulamolarimiz va din peshvolarimizni bag'rikenglik muhitini mustahkamlash yo'lidagi islohotlarda yanada faolroq bo'lishga chaqirmadi.

Afsuski, ko'pincha biz turmush, mol-u dunyo tashvishini ma'naviy hayotimizdan ustun qo'ya olmaymiz. Ammo tirikchilik uchun ma'naviyatimizni qurbon qilishga haqqimiz yo'q! Texnologik, iqtisodiy jihatdan yuksak darajalarga erishgan rivojlangan davlatlar tajribasi ham ko'rsatmoqdaki, moddiyatga urg'u berilishi, moddiy boylikning ma'naviy boylikdan ustun qo'yilishi, bu boradagi e'tiborsizlik millat, mamlakat kelajagiga soya tashlaydi, ma'naviy tanazzul tomon yetaklaydi. Ma'naviyat masalasi oxirgi masala emas, eng ustuvor vazifalardan biri bo'lishi, Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda,  “bugun ma'naviyat boshqa sohalardan o'n qadam oldinda yurishi kerak, ma'naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart!”

Avazbek ShERMATOV,

Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 11 =