MA'NAVIYaT — OGOHLIK DEMAK!

Hammamizga ma'lumki, o'tgan yilning 22 dekabrida Respublika Ma'naviyat va  ma'rifat kengashining kengaytirilgan majlisi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ‒ Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining raisi Shavkat Mirziyoyev katta nutq so'zladi. Unda mamlakatimiz va xalqimiz oldida turgan eng muhim ma'naviy-ma'rifiy masalalar atroflicha tahlil etilib, muammolar ko'tarildi va yechimlar aytildi.

Quyida nutqdagi barcha yo'nalishlarga to'xtalish niyatida emasman. Yig'ilish ishtirokchisi sifatida kaminaga, ayniqsa, bitta masala qattiq ta'sir qildi. Bu ‒ O'zbekiston mustaqilligi va uni asrab-avaylash masalasi!

Ie, deyishingiz mumkin, istiqlolga erishganimizga 32 yildan oshganidan keyin ham bu masala dolzarb bo'lib turibdimi?

Nutqning mohiyatidan kelib chiqilsa, dunyo dunyo bo'lar, unda odamzod yashar ekan, bu masala har qanday davlat va xalq uchun dolzarbdan dolzarbroq masala bo'lib turaverishi ayonlashadi. Shunday bo'lmasa edi, o'tgan XX hamda o'tayotgan XXI asrda jahon xaritasida mamlakatlarning yo'qolib ketishi, yangilarining paydo bo'lishi bilan bog'liq qanchadan-qancha o'zgarish bo'larmi edi? Jonajon O'zbekistonimizning davlat mustaqilligiga erishishi ham ayni ana shu jarayonlar asnosida kechgani rost-ku.

Shunday ekan, dunyoni qaytadan bo'lib olishga bo'lgan vahshiyona intilish olovi aslo so'nmas ekan. Buni shu kecha-kunduzda Sharqiy Yevropa hamda Yaqin Sharqda bo'lib turgan qonli jarayonlar batamom isbotlab turibdi.

Xo'sh, O'zbekistonimiz bu mojarolardan mutlaq xalosmi? Yo'q-da. Aslo.

Aynan shu holatdan qattiq bezovtalik va ogohlikka da'vat Yurtboshimiz nutqining eng mutaassir nuqtasi bo'ldi, desam, adashmasam kerak. Mana bu so'zlarga quloq tutaylik: “Bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur'atlari misli ko'rilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda. Ilgari o'z maqsad va manfaatlarini, asosan, diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qud­ratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o'tkazish, qarama-qarshilik va to'qnashuvlar yo'liga o'tganiga hammamiz guvohmiz.

Afsuski, bunday keng ko'lamli va o'ta ziddiyatli jarayonlarning ta'siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo'lgan mamlakatimizni ham chetlab o'tmayapti.

Ana shunday g'oyat murakkab va tahlikali vaziyatda O'zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan to'g'ri yo'lni topish albatta oson bo'lmayapti. Biz dunyodagi uzoq-yaqin barcha davlatlar bilan o'zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga harakat qilyapmiz”.

Xalqimizning asriy tiynatida og'ir-bosiqlik, shosha-pisha bir ish qilib qo'ymaslik, uncha-munchaga jig'ibiyron bo'lavermaslik, xullas, yetti o'lchab, bir kesish fazilati mavjud. Chunki oqibatni o'ylaymiz, uzoq manzillarga ko'z tikkanmiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bejiz xalqni birlikka, millat ziyolilarini uyg'oqlikka, ona-Vatanni himoya qilishga chorlamayotir: “Tarixdan ma'lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg'oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san'at namoyandalari, ma'naviyat va ma'rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-ma'rifat uchun kurashga chorlagan jadid bobolarimizni eslaylik”.

Darhaqiqat, ma'rifatparvar bobolarimiz yurtning qoloqligini xalqning huquqsizligi, ya'ni mustamlakadan ko'rdi. Lekin, mana, birinchi masala bundan qariyb 33 yil burun hal bo'ldi, ya'ni mamlakat mustamlakadan qutulib, o'zining mustaqil milliy davlatini qurdi. Jahon jadal rivojlanib ketdi. Shuning uchun bugun ona yurtimiz ilg'or dunyoning oldingi saflarida bo'lish uchun juda katta qadamlar tashlamoqda.

Buning uchun yana nima qilmoq kerak? Albatta, mamlakatni rivojlantirish lozim. Mamlakatni kim rivojlantiradi? Odamlar. Davlat va fuqarolar o'rtasidagi birlikkina yuksalishga chinakam omil bo'la oladi.Odamlarning ongu tafakkurini yanada o'stirish zarur. Bu yo'lda shubhasiz, ma'naviyat kerak. Shu bois Shavkat Mirziyoyev: “Ma'rifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo'lib xizmat qilishi tabiiydir. Chunki ularning g'oya va dasturlari Yangi O'zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg'un va hamohangdir”, ‒ dedi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivoj­lantirish jamoat fondi, “Shahidlar xotirasi” jamg'armasi hamda jamoatchilik vakillarining tashabbusi qo'llab-quvvatlanib, yangi tashkil etilgan “Jadid” gazetasi, umid qilamizki, shu kurashning boshida turib, peshqadam ziyolilarimizning asl minbariga aylanadi. Birinchidan, u mamlakat mus­taqilligi uchun mol-jonini tikib kurashga bel bog'lagan jadidlarimizdan o'rnak olish, ular merosini o'rganib, mohiyatini xalqqa yetkazishga harakat qiladi. Ikkinchidan,  ilg'or ziyolilarimizni bugunning jadidlari bo'lishga undaydi. Bugunning jadidlari esa xalqning ko'zini ochishi, uni uyg'otishi, fuqarolarni Vatan taqdiri uchun mas'ul shaxslarga aylantirishni maqsad qilishi, XXI asr taraqqiyoti talab qiladigan darajadagi kadrlarni tayyorlab, yetishtirishga munosib hissa qo'shishi zarur. Bu esa yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini o'zlashtirish, raqamli iqtisodiyotni yo'lga qo'yish, sanoatni, turizm­ni yuksak darajalarga ko'tarish, ilm-fanni o'stirish, ta'lim tizimini tubdan isloh qilish, ham bilimli, ham ma'naviyatli shaxsni tarbiyalash va hokazolarni o'z ichiga oladi.

Ayniqsa, Prezident nutqida alohida ta'kidlangan quyidagi so'zlar mag'zini har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, yoshlar chaqa olishi shart:

“Avvalo, ma'naviyat va madaniyat sohasidagi ishlarimiz uchun metodik asos bo'lib xizmat qiladigan milliy g'oyamizni rivojlantirish bo'­yicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqishimiz lozim. Bu jarayonda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz talab­lari hisobga olinishi zarur. Mana, biz Asosiy qonunimizdagi fundamental prinsiplardan kelib chiqib, Dunyo­viy davlat konsepsiyasini ishlab chiqyapmiz.

Nima uchun bunga zarurat tug'ilmoqda?

O'zingiz ko'ryapsiz, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali, asosan, chetdan, ba'zan hatto mamlakatimizning o'zida ham Konstitutsiya va qonunlarimizga zid pozitsiyalar ilgari surilmoqda…”

Xalqni o'z davlatiga qarshi qayrashga qaratilgan yoki ba'zi bir mamlakatlarda o'zlarini “siyosatdon” deb bilguvchi ayrim kimsalar tomonidan ochiqdan-ochiq dunyoda mustaqil va hur mamlakat daxlsizligiga raxna solish niyatida aytilayotgan har xil o'yloqsiz valdirashlarga, yovuz niyatli bunday harakatlarga o'z vaqtida jiddiy munosabat, javob qaytarmaslik sira mumkin emas! O'zi qariyb bir yarim asrlik istibdoddan qutulib, ne-ne ulug' bobolarimiz, ajdodlarimizning kurashlari, aziz jonlarini berishlari tufayli ulug' orzu, buyuk maqsad — mustaqillikka, ya'ni milliy davlatimizga erishdik. O'zbekis­tonimiz faqat va faqat  xalqning shu davlati  bilan bir tan, bir jon bo'lib birlashishi orqaligina taraqqiy eta oladi.

Bashariyat tajribasi qayta-qayta isbotlagan bu haqiqatni unutishga esa hech kimning  haqqi yo'q.

Sultonmurod OLIM,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 1 =