Yoshlar el ishonchini oqlaydi
Axborot asrida yashayapmiz. Hayotimiz internet bilan chambarchas bog'lanib bo'ldi. Yer kurrasi geosiyosiy munosabatlar, nizolar, axborotlar, mafkuralar oqimida o'zgarib turibdi. Xalqining tinchligi, xavfsizligini ta'minlash, millatning ma'naviy, mafkuraviy boyliklarini saqlash har doimgidan-da dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunday sharoitda doim fikran uyg'oq bo'lish talab etiladi.
O'zbeklar — azaldan uyg'oq millat. Uyg'oqlik bizning tomirimizda, jonimizda, siyratimizda bor. “Avesto”da shunday yozilgan: “Erta tur, niyat qil, amal qil!”
Buyuk tariximizga boqing. Dunyoni uyg'otgan bizning bobolarimiz emasmi! Bedorlik tojini kiygan Sohibqiron Amir Temur bobomiz yetti iqlimga hukmdorlik qildi. Sulton Mirzo Ulug'bek osmon toqiga narvon qo'ydi. Mudrab yotgan tamaddun beshigiga uyg'onmoq saodatini bergan Muso Muhammad Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasir Forobiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Xoja Ahror Valiy, Bahouddin Naqshband kabi bobolarimizdir. Abu Ali ibn Sino olamning dardiga davo bo'lganini dunyo tan olib turibdi-ku! Biz tarbiyalayotgan yigit-qizlar ana shunday ulug' va uyg'oq mutafakkirlarning avlodi ekanligini unutmasligi shart.
O'tgan yili 22 dekabrda Prezidentimiz raisligida bo'lib o'tgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida ilm-fan, ta'lim va tarbiya, ma'naviyat biz uchun ustuvor masala ekanligi bot-bot ta'kidlandi.
Bugun dunyoga nazar solish juda oson. Qo'limizda telefon, ijtimoiy tarmoqning xohlagan sayti, kanali orqali istagan mafkuraning targ'ibotini ko'rish mumkin. Bu esa ayni paytda xavfli hamdir. Yovuz niyatli kimsalar o'z g'oyasi atrofiga millatidan, dinidan qat'i nazar odamlarni jamlab dunyoga egalik qilishni istamoqda.
Hozir odamlarda, ayniqsa, yoshlarda axborotga tashnalik kuchli. Biroq ijtimoiy tarmoqlardagi, shov-shuvli, tahlikaga soluvchi, ba'zida o'ta nafratlanarli xabarlar bizning mentalitetimiz, qadriyatlarimizga aslo mos kelmaydi. Buni ham mamlakatimiz rahbari kuyinib, tashvish bilan aytib o'tdilar:
“Ilgari o'z maqsad va manfaatlarini, asosan, diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o'tkazish, qarama-qarshilik va to'qnashuvlar yo'liga o'tganiga hammamiz guvohmiz. Afsuski, bunday keng ko'lamli va o'ta ziddiyatli jarayonlarning ta'siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo'lgan mamlakatimizni ham chetlab o'tmayapti.
Ana shunday g'oyat murakkab va tahlikali vaziyatda O'zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan to'g'ri yo'lni topish, albatta, oson bo'lmayapti”.
Ming shukurki, bugun O'zbekiston jahon ayvonida siyosiy pozitsiyasi bilan yuksak nufuz va mavqega egadir. Ammo davlatni davlat, millatni millat qiladigan uning ma'naviy qiyofasidir. Prezidentimiz bu borada juda ham ta'sirli chaqiriqni o'rtaga tashladilar:
“Biz bugungi keskin sharoitda g'oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob berayaptimi?
Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy o'ylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorug' dunyoda “o'zbek”, “o'zbekistonlik”, “O'zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo'lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo'yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech bo'ladi”.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlarning pirovard natijasi aslida shu, bizningcha. Ya'ni yangi, taraqqiy etgan, dunyo bilan bo'ylashgan O'zbekiston atalmish davlatning vatanparvar, el-yurt ishiga fidoyi, millatini, davlatini har qanday vaziyatda ham himoya qiladigan, rivojlantiradigan, uni asrab-avaylaydigan, qadriyati, ajdodlari, ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy, badiiy merosi bilan faxrlanib, unga sadoqat ko'rsatadigan avlodni tarbiyalashdir.
Prezidentimiz bu yo'nalishda ham O'zbekistonning aniq maqsadlari borligini qat'iyat bilan aytdi:
“Mamlakatimiz o'z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g'arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”.
Prezidentimiz boshlangan yilimizga “Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili” deb nom berishni taklif qildi. E'tibor qaratsak, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning markazida ertangi kelajagimiz bo'lgan yoshlar siyosati ustuvorligini ko'ramiz. Bu siyosat bir yil bilangina cheklanib qolmasdan tizimli ravishda davom etayotgani barchamizga ayon.
Mamlakatimiz rahbarining shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog'lig'i joyida bo'lishi, yaxshi ta'lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo'lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo'ldan aslo to'xtamaymiz, degan purma'no fikrlari biz ustozlar zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi.
Ayniqsa, bebaho boyligimiz – inson salomatligiga e'tiborni kuchaytirish, tibbiyot tizimini takomillashtirish borasida qo'ygan vazifalari tibbiyot tizimi uchun dasturilamal bo'lib xizmat qilishi shubhasiz.
Andijon davlat tibbiyot institutining professor-o'qituvchilar va talaba yoshlardan iborat katta jamoasi doimiy o'qib-o'rganishda, ilmiy izlanishda. Birgina o'tgan 2023 yildagi faoliyatimizni tahlil qiladigan bo'lsak, institut jamoasi va talabalari uchun har jihatdan samarali bo'ldi deya bemalol ayta olaman.
Ta'lim dargohimiz bugungi kunda 60 dan ortiq xorijiy tibbiyot oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik o'rnatgan. Xususan, Koreya Katolik universiteti, Hindiston “Savitribai Phule Pune” universiteti, “Dr.D.Y.Patil Vidyapeeth, Pune” universiteti, Germaniya (GIZ), Rossiya Qozon Federal universiteti, A.V.Vishnevskiy nomidagi milliy tibbiy tadqiqot jarrohlik markazi, Almazov nomidagi yurak jarrohlik markazi, O'zbek-Amerika tibbiy assotsiatsiyasi bilan “Case Western Reserve” universiteti, Turkiya Ege universiteti stomatologiya va tibbiyot fakultetlari, Sog'liq bilimlar universitetlari bilan aniq rejalar asosida tizimli ishlarni yo'lga qo'yganmiz.
Shu o'rinda mamlakatimiz va Xitoy Xalq Respublikasi o'rtasidagi hamkorlik aloqalari uzoq yillardan buyon davom etib, yildan-yilga ravnaq topayotganini alohida ta'kidlash joiz.
Ikki mamlakatning ilm-fan, xususan, tibbiyot sohasidagi hamkorligi ham alohida e'tirofga molik. Boisi, O'zbekiston va Xitoy o'rtasida tibbiyot yo'nalishida keng ko'lamli aloqalar yo'lga qo'yilgan. Xususan, koronavirus pandemiyasi davrida ushbu mamlakat mutaxassislari o'zbek shifokorlarining yaqin hamkoriga aylangan edi.
Ushbu do'stona aloqalar bugun ham izchil davom etmoqda. Xususan, joriy yilning 22-23 yanvar kunlari Pekin shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Ta'lim vazirligi tomonidan O'zbekiston – Xitoy ta'lim forumi ham ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari o'rtasida yangi hamkorliklarni amalga oshirish imkoniyatini yaratdi.
Forumning birinchi kunida Andijon davlat tibbiyot instituti va Xitoyning Vuhan universiteti o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko'ra, Immunologiya va Epidemiologiya sohalarida hamkorlik aloqalarini o'rnatish ko'zda tutilgan.
Forumning ikkinchi kuni Tianjin shahrida o'tkazildi. Unda O'zbekiston va Tianjin shahrida joylashgan oliy ta'lim muassasalari o'rtasida turli sohalarga doir 40 ta ikki tomonlama shartnoma imzolandi va to'g'ridan-to'g'ri muloqot orqali qator kelishuvlarga erishildi.
Mazkur tantanali tadbir davomida Andijon davlat tibbiyot instituti va Tianjin Xitoy xalq tabobati universiteti (Tianjin University of Chinese Traditional Medicine) o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda Xitoy tajribasi asosida institutda Xalq tabobati yo'nalishini rivojlantirish, dorivor o'simliklarni o'rganish yuzasidan ishlarni amalga oshirish masalalari ko'zda tutilgan. Ushbu imzolangan kelishuvlar asosida 2024 yil uchun tegishli yo'l xaritasi ishlab chiqildi.
Shuningdek, Xitoyning shifoxona qurilmalari yetkazib beruvchi eng yirik Mindray (Mindray Medical International) kompaniyasi vakillari bilan ham uchrashuv o'tkazildi. Unda kompaniya tomonidan radiologiya kafedrasi va klinik laborator diagnostika kafedralariga asbob-uskunalar taqdim etish yuzasidan kelishuvga erishildi. Xususan, kompaniya tomonidan institutimizga 1 ta UTT va 1 ta Komplekt laboratoriya analizatorini beg'araz olishga kelishib olindi.
Beijing (Beijing silk road culture development) kompaniyasi bilan 2024-2026 yillar oralig'ida Xitoydan 30 nafargacha talabalarni Andijon davlat tibbiyot institutiga o'qishga jalb etish yuzasidan kelishuv amalga oshirildi. Ushbu hamkorliklar natijasida institutga o'quv maqsadlarida jami 150.000 dollarlik mablag' ajratilishi ko'zda tutilgan.
Institutimiz Hindiston davlatida 3 ta, Janubiy Koreyada 1 ta vakolatli ofisiga ega. Bu institutga xorijlik talabalarni jalb etish va abiturientlarni qiziqtirgan savollariga shu davlatlarning o'zida to'liq javob olishlariga imkon beradi.
O'tgan yilda 40 ga yaqin xalqaro va respublika ilmiy-amaliy anjumanlariga mezbonlik qildik. Institutga xorijlik mutaxassislarni jalb etgan holda ma'ruza va amaliy mashg'ulotlar o'tish yaxshi tashkil etilgan, 8 nafar xorijiy mutaxassis ishga qabul qilingan. Shuningdek, 58 nafar professor-o'qituvchi xorijiy davlatlarda malaka oshirib qaytdilar.
Institut xodimlari tomonidan yil davomida 10 ta doktorlik, 44 ta falsafa doktorlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi. Shuningdek, ilmiy faoliyatda munosib izlanishlar olib borayotgan talabalarimiz ham o'zlarining yutuqlari bilan biz ustozlarni quvontirmoqda. Ular orasida nomdor stipendiya sohiblari, nufuzli ilmiy olimpiadalar g'oliblari borligi bizga faxr-iftixor bag'ishlaydi.
Samarqand shahrida bo'lib o'tgan “Science box” ilmiy markazi tashabbusi bilan bir nechta xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan “Ilmiy tadqiqotchi” xalqaro ilmiy-amaliy tanlovida xamda “Ilmiy tadqiqotning o'rni: muammo va yechimlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada institutning iqtidorli talabalari faol ishtirok etib diplom va ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. Akusherlik va Ginekologiya fanidan xalqaro talabalar ishtirokidagi fan olimpiadasida 6 nafar iqtidorli talaba-qizlar 1-o'rinni qo'lga kiritdi.
Bu kabi iste'dodli, bilimli talabalarimizning muvaffaqiyatlari haqida yana ko'plab misollar keltirish mumkin. Albatta, yutuqlar o'zimizniki. Biroq biz bu bilan chegaralanib qolmaymiz. Izlanish, o'qib-o'rganish doimiy vazifaga aylangan.
Institutimizda 1554 o'rinli 4 ta talabalar turar-joyi mavjud. Unda hozirgi kunda 1550 nafar yigit-qizlar yashaydi. Yoshlarning bo'sh vaqtlarini mazmunli va to'g'ri taqsimlashlari uchun sharoitlar muhayyo va turli mashg'ulotlar tashkil etilgan. U yerda ma'naviy tahdidlarga qarshi kurashishda yoshlar ma'naviyatini va ijtimoiy faolligini yuksaltirish maqsadida “qizil”, “sariq”, “yashil” toifalarga ajratish bo'yicha institut psixologi, tarbiyachi pedagog, fakultet dekanlarining yoshlar bilan ishlash bo'yicha o'rinbosarlari, tyutorlar bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari ijara uylarda istiqomat qilayotgan yigit-qizlarimizning yurish-turishi, tarbiyasi, nima bilan mashg'ul ekanligi doimiy nazoratimizda.
Biz tibbiyot sohasiga malakali va bilimli kadrlar yetishtirib berish barobarida ertaga kelajagimizni bemalol qo'liga topshira oladigan o'z fikriga ega, yurt quvonchu tashvishiga yelkadosh va daxldor bo'lgan yoshlarning tarbiyasi zimmamizda ekanligini bir lahza ham yoddan chiqarmaymiz. Shogirdlarimiz odamlarni tanasidagi dardlardan xalos etish bilan birga, ularning ongu shuuri salomatligi uchun ham javobgardir.
Yana bir jihatga to'xtalishni istardim. Xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholini sifatli va arzon dori vositalari bilan ta'minlash Prezidentimizning doimiy e'tiborida bo'lib kelmoqda. Tibbiy xizmatlar ko'lami va sifatini oshirishga qaratilgan 30 ga yaqin farmon va qaror qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining sifatli va hamyonbop dori-darmonlar ta'minoti borasida talablari va bu borada Andijon viloyati hokimining topshiriqlariga asosan bemorlarga tavsiya etiladigan dori-darmonlarni tartibga solish tadbirlari boshlandi.
Qimmat turuvchi, xalqni charchatgan, kelib chiqishi ayon emas va jimjimador dorilarga pul sarflashni to'xtatish, uning o'rniga sifatli mahalliy dorilarga o'rin berish kun tartibiga ko'tarildi. Axir, o'tgan yili birgina shamollash uchun tavsiya qilingan xorij dorisini qabul qilgan go'daklarning qancha azob chekkani, qanchasining umri xazon bo'lgani barcha uchun katta saboq bo'ldi. Bunday noxush holatlar yuz bermasligi uchun tizimda jiddiy o'zgarishlar olib borish taqozo etilmoqda.
Endi pala-partish dori tavsiya etishga barham berish vaqti keldi. Shuningdek, shifokorlar va turli farmkompaniyalarning o'zaro “manfaatli” hamkorligiga ham nuqta qo'yish shart. Tibbiyot muassasalaridagi dori firmalari kalendarlari, yorliqlari, esdalik bukletlari va boshqa reklama jihozlari bemorni chalg'itmasligi kerak. Bugun bitiruvchi talabalarimiz o'qishdan uzilmagan holda viloyatdagi tibbiyot muassasalarida faoliyat ko'rsatmoqda. Ish jarayonida mana shu jihatlarga e'tibor qaratishlarini uqtiryapmiz. Chunki mana shu Vatanda yashar ekanmiz, faoliyatimizning har lahzasida unga daxldor ekanimizni his qilish burchimizdir.
Madamin MADAZIMOV,
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori,
tibbiyot fanlari doktori,
professor.