STIVEN SPILBERGGA TELEMAKTUB

yoxud “Abdullajon” filmidan zamonamiz odami uchun 6 saboq

Odamzod o'z armoni, og'rig'i va orzularini butun umr yuragiga ko'mib yashaydi. Ba'zan esa ularning ko'ksida mudrab yotganini o'zi ham bilmasligi mumkin. Shu sababdan bo'lsa kerak, eski filmlarni ko'rib, qo'shiqlarni eshitsak, vujudimizda ajib hislar uyg'onadi. Unut bo'lgan kechinmalarimizni eslaymiz, o'tmishimizdan bir parchani qaytib olganday entikib ketamiz…

1991 yilda Zulfiqor Musoqov tomonidan suratga olingan “Abdullajon” — birinchi o'zbek ilmiy-fantas­tik komediyasi ana shunday filmlardan biri. Film tomoshabinni kuldirsa-da, unda xalqimizning qariyb bir asrlik achchiq kechmishi, og'riqli tuyg'ulari o'z ifodasini top­gan. Bundan amin bo'lish mumkinki, har qanday haqiqiy san'at asarining onasi og'riq, dard ekan, garchand u mutoyibaga yo'g'rilgan bo'lsa ham…

Ammo ayni paytda mazkur kinoning siyosiy jihatlarini tahlil etish fikridan yiroqmiz. Bu ishni keyinroqqa qoldirgan holda, teledurdonaning kino san'atida tutgan o'rni va undan bugungi kun tomoshabini olishi mumkin bo'lgan olti saboq haqida gapirmoqchimiz. Marhamat, komediyadagi kichik-kichik voqealarni esga olish orqali siz uni hozirda suratga olinayotgan boshqa filmlar bilan taqqoslang, fikr yuriting hamda zamonaviy kinosanoatimizda yo'l qo'yilayotgan kamchilik­lar borasida fikr almashing.

­1-saboq: “Senga nima yomonlik qiluvdim, e Xudo?..”

Yaxshi bilasiz, film “Kommunizm” kolxozida yashovchi Sotiboldi Xudoyberdiyevning amerikalik taniqli rejissyor Stiven Spilbergga maktubi bilan boshlanadi. Sotiboldi “Stiven aka”ga uning yaqinda ishlagan kinosini ko'rganini, kino juda yaxshi chiqqanini aytib o'tadi. “Bizda ham g'alati ishlar bo'layapti, Stiven aka, — deydi maktubi davomida. — Bir kuni kolxozimizda majlis bo'layotgandi. Bitta ari uchib keldi. Uchib boraverdi, boraverdi… Raisimizning yonigacha bordi. Shunda rais qog'ozni qo'liga oldi-da, o'radi: Tap!..” So'ng biz amaldorning arini urib, majaqlaganiga guvoh bo'lamiz. Jonzotning o'limi keyingi voqealarga poydevor bo'lib xizmat qiladi.

Shu yerda haqli bir savol tug'iladi. Nega aynan ari, aytaylik, kattaroq qush emas? Mualliflar oddiy bir hasharotning o'limini nima sababdan olamshumul jinoyat sifatida baholamoqchi? Tomoshabinni kuldirish uchunmi? Yo'q, bu yerda boshqa bir gap bor. O'sha gap shundan iboratki, bizning qilgan ayblarimiz hamma vaqt o'zimizga mayda va arzimas bo'lib tu­yiladi (nari borsa aridek!). Ammo inson o'zining jimitday deb o'ylagan qilmishlari uchun ham qachondir, qaerdadir javob bermog'i zarur. Shunday ekan, aslida, hech qanday kichkina gunoh yo'q, aksincha, biz chakana deb o'ylaydigan gunohlar bor, xolos. Va kun kelib, u katta-katta fojialarga sabab bo'lishi hech gap emas. Buni rais boboning yurak­larimizni titratgan pushaymonga to'la hasratlari tasdiqlaydi:

“— Hammaning ketmoni uchsa-yu, meniki uchmasa… Men senga nima yomonlik qiluvdim, e Xudo?”

Qolaversa, masalaning ekologiya bilan bog'liq yana bir jihatiga to'xtalish  mumkin. Har qalay, Albert Eynsh­teyn 1941 yil “Canadian Bee Journal” nashrida e'lon qilingan maqolasida insoniyatni qirilib borayotgan arilarni asrab qolishga chaqiradi. “Odamzod kislorodsiz uch daqiqa, suvsiz uch kun, arilarsiz esa atigi to'rt yil umr ko'ra oladi”, deb yozadi dunyoga mashhur fizik olim hamda bu mitti jonzotning yo'qolib ketishi oqibatini eng xavfli tabiiy ofatlar — vulqon otilishi yoki meteorit qulashidan ancha dahshatliroq, deya baholaydi. Sababi oddiy: “Asalarilar bo'lmasa — o'simliklar changlatilmasa — yegulik bo'lmasa — odam ham bo'lmaydi” (A.E.). Britaniyaning kundalik gazetasi “The Guardian” taqdim etgan ma'lumotga ko'ra, kelajakda arilar yashamasligi tufayli sodir bo'lishi mumkin bo'lgan ocharchilikdan tashvishga tushgan Garvard muhandislari bugun robot-asalari ishlab chiqarish borasida ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda. Tadqiqotlarning qanday natija berishi borasida hali bir narsa deyish qiyin.

Mana bu tarafdan endi rais bobomiz arzimas gunohga qo'l urib, pushaymon azobini tortayotgan odam emas. U — tabiat ifloslanishi hamda kundan-kunga ortib borayotgan radiatsiya nurlari tufayli nabototni tanazzul yoqasiga yetak­lab, o'z oyog'iga o'zi bolta urayotgan bani bashar tazarrusini aks ettiruvchi ramziy obraz hamdir.

2-saboq: “Anovii… Haligi qani?..”

Film davomida “6 raqamli hujayra”, ya'ni hammamiz biladigan Abdullajon o'z kemasida uchib ketayotib, kolxozning mol boqiladigan yerlariga yiqilib tushadi. Kemani birinchi bo'lib Bozorboy ko'radi. U avvaliga qo'rqib ketadi, o'zga sayyoralik mehmonning yosh bola ekanini bilgach, yaqin-atrofdagi chaylaga olib borib yotqizadi. Qarasa, bolakay shir­yalang'och. O'g'lining ust-boshini olib kelish uchun yugurib ketadi. O'g'lining kiyimlaridan keltirib, Abdullajondan uni kiyishni so'rayotganda esa bolaning jinsiy a'zosi yo'qligiga ko'zi tushadi.

“— E-e, — deydi hayratga tushib. — Anovii… Haligi qani?.. Bulbulcha?

— Yo'-o'q, — yelka qisadi bolakay.

— Attang… Attang… — afsus bilan bosh chayqaydi Bozorboy. — Kel, choy ichamiz… — keyin bolakayga dalda beradi, — mayli, xafa bo'lma. Birovni Xudo unday yaratgan, birovni bunday…”

Bu bilan film bizni rivojlangan davlatlarda urchigan, ayniqsa, ayrimlar o'z jinsidan ixtiyoriy voz kechib, shu kunlarda tobora dolzarblashayotgan nojinslik balosidan ogoh etayotgandek. Go'yoki buning qanchalar sharmandali, insoniyat uchun yot va isnod hisoblanmish bir ish ekanini tomoshabinlar ongiga singdirishga urinayotgandek.

3-saboq: “Nima deding?.. Yana bitta qaytar!”

Bozorboy bolani kiyintirib, ovqatlantirayotgan paytda shubhalangan xotini ortidan kuzatib keladi. Ayolning gumoni tasdig'ini topadi — eri begona bir bola bilan gaplashib turardi.

— Voy, bu kunlarni ko'rgunimcha o'lib qo'ya qolganim yaxshi emasmidi? — diydiyo qiladi “erim boshqadan farzand orttiribdi”, deb o'ylagan sho'rlik. — Voy­-dood, voydood, xotinboz!..

Birozdan keyin aqlini yig'ib, sarg'ish sochlaridan ruslarga o'xshab ketadigan bolani gapga solishga urinadi:

— Malchiik, idi suda. Gde tvoya mama? Novasibirda-a?.. A, Barnovulda-a?.. — bola javob beravermagach, asabiylashib baqirib yuboradi. — Sendan so'rayapman, Barnovuldami?!

— Dada, bu ayol nega baqirayapti? — degancha qochib berkinadi o'zga sayyoralik mehmon.

— Ana, dada deyapti!.. — achchiqlanib uyiga jo'naydi xotin.

Ayni fursatda Bozorboyning hayajoni e'tiborimizni tortmasdan qolmaydi.

— Nima deding?.. Yana bitta qaytar!..

— Ha, nima? Dada dedim sizni. Yo noto'g'rimi? Mantiqiy analiz natijasida shartli ravishda siz menga dadasiz. Men esa o'g'il vazifasini o'tayman.

— To'g'ri, o'g'lim, to'g'ri…

Bozorboy tirnoqqa zor emasdi. Uning o'g'li va qizlari bor edi. Abdullajonning “dada” deyishidan nimaga bunchalik hayajonga tushdi?..

Ko'pchilikka ayonki, san'at ilk paydo bo'lgan davridan boshlab insoniyatning qarashlari, ruhiy manzarasini umumlashtirib ko'rsatadigan ko'zgu hisoblanadi. Bugungi jumboqqa boy, insonni o'ylashga majbur qiladigan san'at asarlariga qarab, odamzodning fikrlash tarzi ancha murakkablashganini tushunsa bo'ladi. Ongi oshgan zamonaviy odamni ibratli hikoyatlar ta'sirlantira olmaydi, uni faqat o'ylashga, fikr yuritishga undash orqaligina tarbiyalash mumkin — bu san'atga yopirilib kirayotgan yangi oqimlarning yakdil xulosasiga o'xshaydi go'yo. Shu yerda ham savol tug'ilmay qolmaydi. Xo'sh, ongimiz rivojlangan, murakkablashgan ekan, nima sababdan biz kechagi illatlardan xalos bo'la olmadik? Inchunin, ochko'zlik, ta'magirlik, shahvat oyog'imizga hali ham tushov? Balki inson ongi qancha yuksalsa, ruhi, qalbi shuncha qashshoqlashib borayotgandir? Umuman, har qachon o'z manfaati uchungina xizmat qiladigan tuyg'udan mosuvo sovuq aqlni oliy tafakkur deya olamizmi?..

Bozorboyning Abdullajon “dada” deb chaqirganda to'lqinlanishidan tuyg'ularni hurmat qilishni, tuyg'uga nisbatan mas'uliyatni zimmamizga ola bilishni o'rgansak arziydi. Zotan, aql ma'lum insonparvarlik tuyg'ulari bilan uyg'unlashsagina manfaatli, bo'lmasa, u urushlar, ko'pdan-ko'p qabihlik­lar manbasi bo'lib qolaveradi.

4-saboq: “Bolada gunoh yo'q…”

Butun oila yig'ilgan, “osmondan tushgan yigitcha”ni muhokama qilishayotgan edi (hech kim hech kimni haqorat qilayotgani, jazavaga tushgani yo qo'lini shop, bo'yin tomirlarini o'qlog'dek qilib bir-biriga baqirayotgani yo'q: dasturxon boshida jim muhokama qilib o'tirishibdi!). Bu vaqt “bolasi”ni ergashtirib Bozorboy kirib keladi.

— Sho'xlug'laringiz qolmapti-da, kuyov bola, — kinoya qiladi qaynona.

Ota bo'lmish kalovlanib qolmaydi.

— Tanishing, o'g'lim, — deb aytadi Abdullajonga. — Bular sizning qarindosh­laringiz.

Abdullajon jilmayib kelib, oilaning qarshisiga cho'kadi:

— Qalaysizlar?!

So'ng notinchlik boshlanadi, yig'i-sig'i, gina-araz deganday.

— Xo'-o'sh… — birdan asabiylasha bosh­laydi Bozorboy. — Maslahating­lar bilan shu bolani haydab yuboraymi?! Bo'pti, uni haydab yuboraman!.. — borib eshikni ochadi. — Men uni osmondan tushdi desam, baribir, ishonmaysizlar-ku, to'g'rimi?! Qani, bolam, tur, ketdik! Menam sen bilan ketaman! Seni “detdom”ga joylashtiraman-da, o'zim qariyalar uyiga joylashaman! Har shanba kuni bir-birimiz bilan bordi-keldi qilib turamiz!

Birdan ayolning ko'ziga go'dakning bolalar uyida yotgani ko'rinib ketadi.

— To'xtang, — deydi eriga. — Bola hech qayoqqa ketmaydi! Ketsangiz o'zingiz ketavering, katta ko'cha! Bolada gunoh yo'q… Oltita bolani katta qildimmi, yettinchisini ham amallab katta qilib olarman. Qani, oyi, kelganlarga bitta fotiha qiling!

Mana bu “bolaning begonasi bo'lmaydi” shiori bilan yashaydigan xalqimiz mentalitetining eng yuksak namo­yishi. Ha, illo, ortiqcha gap-so'z, ortiqcha ziddiyatlar bo'lishi mumkin, odam bolasi ortiqcha bo'lishi zinhor mumkinmas. Menimcha, buni yana bir bor eslatib qo'yishning o'zi yetarli, bu borada qo'shimcha qilish shart emas.

5-saboq: “Erkak kishiga oshxonada pishirib qo'yibdimi?!”

Kambag'al otasiga yordam berishni istagan Abdullajon “kaatta pul” yasaydi. Bozorboy hayratga tushadi. Shoshib kissasidan uch so'mlik kupon chiqaradi:

— Mana buni… Mana buni ham ko'paytira olasanmi?

— Ko'paytiraymi, katta qilaymi?

— Ko'paytir!

— Hozir boplaymiz-da, — deydi Abdullajon. Keyin bir qozon pul “pishiradi”. Bozorboy bundan hayajonga tushar, o'z-o'zicha hisoblardi.

— Bitta qozonning o'zida o'ttiz ming! Ikkita qozon qaynatadigan bo'lsak, oltmish ming…

Sevinchi ichiga sig'mayotgan ota-bola shunda bexosdan pulning orqasidagi yozuvni o'qib qolishadi: “Davlat so'mini qalbakilashtirish… qonunga muvofiq… taqiqlanadi…”

— Qovun tushiribmiz-ku, o'g'lim… — hafsalasi pir bo'ladi Bozorboyning. Pullarni istamaygina olib, o'choqqa — yonib turgan olovga tashlaydi. — E, attaang…

Bu paytda uning xotini kelib qoladi:

— Ha, adasi? Erkak kishiga oshxonada pishirib qo'yibdimi?

Darhaqiqat, Alloh taolo erkakni ayol xilqatiga nisbatan baquvvat qilib yaratdi. Shunga mos ravishda u ham kuchi, salobatiga yarashadigan ishlar bilan shug'ullangani ma'qul. Ehtimol, gapimiz oshpazlik kasbida ishlaydigan insonlarimiz uchun emasdir-u, lekin hozirda oshxona to'g'risidagi teleko'rsatuvlarda ikki ayolning o'rtasida turib, gap sotib o'tirgan boshlovchi erkaklar Bozorboyning xotini aytmish kesatiq haqida o'ylab ko'rishsa, yaxshi bo'lardi. Zero, ayol bilan erkakdagi majoziy chegaralar qisqaravergach, keyingi paytlarda internetni portlatgan “er nimaga kerak?” qabilidagi ritorik savollarning paydo bo'lishiga ajablanmasak ham bo'ladi.

Bu gapimiz bilan ayollarni ojiza deb kamsitmoqchi yoki eskicha qarash bilan “mana bu erkakning ishi, bu esa ayolning” deya kasb-korni ikkiga ajratmoqchi ham emasmiz, albatta. Demoqchimizki, ayol va erkakning jamiyatda o'z o'rni, tabiati yo o'zini tutishda ajralib turadigan farqlari bo'lsin. Mazkur ma'noda esa Bozorboyning xotini aytgan “Erkak kishiga oshxonada pishirib qo'­yibdimi?!” iborasining qamrovi ancha kengayib, jamiyatni falsafiy hukm qilishga qobil o'laroq bir mushohadaga aylanishi mumkin.

6-saboq: “Yarimta aroq nechpul?..”

Ayrim kinolarda mansabdor lavozimidagi kishilar ko'pincha maishatparast, xotinboz bo'ladi. “Abdullajon” filmida rais obraziga o'ziga xos yondashilgan. Rost, rais otamiz oppoq odam emas. Manfaatparastligi, shuhratparastligi bor: kolxozda sodir bo'layotgan hamma qoyilmaqom ishlarga boshqalarning o'zini bosh-qosh deb o'ylashlarini istaydi. Qolaversa, “arini o'ldirib”, “qarg'ish”ga uchragan.

Lekin shunisi diqqatga sazovorki, u aroq ichmaydi. Hatto aroqning narxi qancha ekanidan bexabar. Bunga biz Yo'ldosh uning ishxonasiga kelib, til biriktirishni taklif qilayotgan epizodda guvohiga aylanamiz.

“— Ertaga qishloqqa chiqib, mana shu mo''jizalarning hammasi rais otamning qo'l ostida ishlab chiqarilgan deb gap tarqataman. Siz geroy bo'lasiz! Siz deputat bo'lasiz! Evaziga… Menga har kuni yarimta quyasiz! Ketdim.

— To'xta!… Himm… Yarimta nechpul?!”

Voqealarni ipidan-ignasigacha bir-biri bilan mantiqan bog'lagan film ijodkorlari bu yerda ham e'tiborlarini susaytirishmagan. Chin-da! U ichsa, maishat qilib yursa, qanday qilib amaldor bo'lishi mumkin edi? Rais o'sha paytning o'qimishli, ziyoli odamlaridan biri edi-ku!

Balki sizda “aroqqa mukkasidan ketib, raisdan ham kattaroq mansabda o'tirganlar bor-ku?” qabilidagi savol tug'ilar va ko'z oldingizdan allakimlar o'tganday bo'lar. Lekin o'sha ko'z oldingizdan o'tayotgan odamlar mansabdorlar uchun etalon emas. Ular bizning rais bobomizni ko'rib uyalsa, yaxshigina xulosa chiqarishsa arziydi.

Xulosa o'rnida…

Bugun ommaning kitob o'qimayotgani va televizordagi seriallarga bog'lanib qolayotganidan afsus chekamiz. Lekin kitob orqali berish mumkin bo'lgan ma'naviy tarbiyani “oynai jahon” yordamida ham singdirsa bo'lishini nega o'ylamaymiz? Balki najot televizorga bog'lanib qolayotgan odamlarni qoralashda emas, shunchaki “oynai jahon” dasturlarining saviyasini oshirishdadir? Ajab emaski, o'z vatanparvarligi, milliy g'ururi bilan boshqa millatlardan ajralib turadigan qardosh xalq Turkiya buni bizdan avvalroq tushunib yetgan va amalga oshirgan bo'lsa?! Axir kitob ham, televidenie ham aslida vosita, ongu shuur tarbiyasi yo'lidagi yordamchi, ularning qaysi biridan foydalanish o'zimizning qo'limizda emasmi? Qalin kitoblarda yetkaziladigan komillik g'oyasini ko'proq zangori ekran orqali taqdim qilishni bugun davrning o'zi talab qilayotgan bo'lsa-chi?..

Mayli, ushbu savolni teleradiokompaniyalari mas'ullari, xususan, kinomutaxassislar uchun ochiq qoldiramiz. Holbuki, maqolani yozishimdan maqsad ham bo'lak. Biroq oddiy tomoshabin sifatida shunday o'ylaymanki, “Abdullajon” voqealari bekorga xorijlik rejissyor Stiven Spilbergga telemaktub tariqasida yoritilmagan. Qariyb 31 yil oldin, hozirgi zamonaviy effekt va moslamalarsiz aynan yurtimizda suratga olingan mazkur asardan bugun butun dunyo ibrat olishi, so'ng o'z hayoti, odam va olam bilan bog'liq qarashlarini qaytadan ko'rib chiqishi zarur.

Bayram ALI.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × three =