Munosib javob amalda bo'lsin
Xalqimiz juda dono va topib gapiradi, hamisha aqlga tayanib, mulohaza bilan ish tutadi. Shu vazminlikni esa ayrimlar chuqur mulohaza qilmay, gohida hadiksirash, befarqlik yoxud bir tomonlama o'ylab gapirishlari ham bor gap. Masalan, “agarda shuncha yurtdoshlarimiz chet ellarga, jumladan, Rossiyaga ishga borishmaganda bizga qiyin bo'lardi”, “Mabodo o'zbeklarni chiqarib yuborishsa, nima bo'ladi?” va hokazo.
Ana shunday fikrlarga endi munosib va to'g'ri javob berishni, kerak bo'lsa, ayrim chet ellardan turib bilib-bilmay safsata sotayotganlarga asosli munosabatimizni ham aytishning vaqti allaqachon yetdi degan fikrdamiz.
Birinchidan, Rossiya va boshqa yurtlarda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz, avvalo, halol mehnat qilib daromadga ega bo'lishmoqda. Ular, asosan, qurilish, savdo yoki obodonlashtirish sohalarida og'ir mehnatlarni bajarishayotgani sir emas. Ya'ni bir so'z bilan aytganda, noni halollab topishmoqda. Endigi vazifa esa chetga faqatgina qora ishchilar emas, aksincha, ko'proq boshqaruvchi bo'la oladigan bilimli fuqarolarimizni jo'natishimiz darkor. Xo'sh, qanday qilib? Buning uchun majburiy ta'limni zamonaviy uslub asosida tashkil etish, intensivlash, optimallashtirish zarur, nazarimizda.
Ikkinchidan, xorijga norasmiy emas, faqat rasmiy tarzda mehnat migratsiyasini amalga oshirish zarur. Migrantlarga yuklanadigan og'ir soliq to'lovi yoki hujjatlar tizimini shakllantirish singari sun'iy to'siqlarni yo'qotish lozim.
Uchinchidan, respublikamizda ish haqi yetarli darajadagi doimiy ish o'rinlarini yaratish ustida astoydil bosh qotiraylik. Garchi jarayon qiyin kechsa-da, orqaga qaytmaylik.
To'rtinchidan, balandparvoz so'zlar bilan ommani vaqtincha aldab-chalg'itib turadigan, populist muxbir va blogerlar faoliyatini qat'iy nazoratda ushlash shart. Chunki ular ommaviy axborot vositalarida har kuni berayotgan “yangi ish o'rinlari” haqidagi ma'lumotlari rost bo'lganida edi, biz Rossiyaga emas, rossiyaliklar bizga kelib ishlayotgan bo'lardi. Pishiq-puxta qonunlar mavjudligini inobatga olib, mazkur holatga daxldor tashkilotlar jiddiy e'tibor qaratishsa, maqsadga muvofiq bo'lar edi.
Beshinchidan, “Xohlagan imkoniyat qidiradi” taomiliga ko'ra, har qaysi fuqaro shaxsiy imkoniyati doirasida ishsizlik masalasini ijobiy taraflama yechishga kirishsin.
“Turizm — iqtisodiyotning strategik sektoridir”, degan edi Prezidentimiz. Bugun ayni sohada yuzlab mutasaddilar faoliyat yurityapti, davlat byudjetidan yaxshigina maosh olyapti. Xo'sh, turizm namunali yo'lga qo'yilib, bu sohada nechta ish o'rni yaratildi? Umuman, turistik ob'yektlardan kelayotgan pul tushumi qancha va ular qay darajada o'zini oqlayapti?
Namangan viloyati hokimligi huzuridagi “Axsikent” arxeologiya merosi ob'yektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi tomonidan bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, 2018 yil 3-5 oktyabr kunlari direksiyaning xalqaro sertifikatga ega ikki nafar turoperatori Toshkent shahrida o'tkazilgan “Buyuk ipak yo'lida turizm: Toshkent — 24” xalqaro turizm yarmarkasida qatnashib, 75 nafar mahalliy hamda 35 nafar xorijiy turistik firmalar bilan shartnomalar imzolab qaytishgandi. 2019 yili esa “Axsikent” direksiyasi tarkibida turizm bo'limini ochib, hududdagi ijtimoiy muammolarni kamaytirishga bel bog'ladik. U yerda “Gid-ekskursovodlar kursi” tuzilib, 2019 yil yanvar-fevral oylarida 35 nafar uyushmagan yosh yigit-qiz kurs tinglovchiligiga jalb etildi, ulardan 11 nafari mart-aprel oylarida Axsikent majmuasida ish bilan ta'minlandi.
Ahamiyatli jihati, 2019 yil mart-aprel oylarida Axsikentda xalqaro va ichki turizm gurkirab rivojlandi. Ikki oy davomida o'nlab xorijiy turistlar majmuaga tashrif buyurdi. Qisqa davr mobaynida turizmdan tushadigan kunlik tushum o'rtacha 825 ming so'mni tashkil etdi. Bu o'sha davr uchun salmoqli mablag' hisoblanib, hali turizm yo'nalishida viloyatda biror tashkilot shunchalik samara ko'rsatolmagan edi.
Yana bir gap. ko'plab nodavlat oliy ta'lim dargohlarining ochilayotgani quvonarli, albatta. Uchinchi sektordagi tadbirkorlar birinchi galda to'lov-shartnoma tufayli oqib keladigan katta daromadni ko'zlagan. Ammo bolalarga o'rta ta'lim beruvchi xususiy maktablar ochish bilan ham bemalol ko'ngildagidek foyda topish mumkin. Agar bir talaba bir yilda 20 million so'm ta'lim uchun to'lov qilayotgan bo'lsa, bir o'quvchi ham o'n oyda har oy uchun 2 million so'mdan ajratsa, rejadagi summa miqdori vazifasini bajaradi. Chunki maktablarimizda bitta sinfda 30 nafardan ziyod bola o'qitilishi — ommaviy savodsizlik degani. Sababi, o'qituvchi 40 daqiqalik vaqt oralig'ida bir o'quvchi bilan hatto 1 daqiqa ham mashg'ulot o'tishga jismoniy quvvati yetmaydi.
Deylik, sinf 15 o'quvchidan iborat bo'lsa, hozirgidan 5-10 barobar yuqori natijaga erishiladi. Tadbirkorga kutgan mablag'i aniq tushadi. Muhimi, millat yoshlariga yanada puxtaroq bilim berish imkoniyati yaratiladi. Shunda biz chetga bilimsiz, uquvsiz, bilagidagi kuchigagina tayanib, pul topadigan yoshlarni emas, haqiqiy yetakchi, rahbarlik salohiyatini egallagan faol yigitlarimizni chiqaramiz.
Musoxon OPPOQOV,
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat
markazi Namangan viloyat bo'limi rahbari,
“Shuhrat” medali sohibi.