Mushtarak alifbo orzusi

Aa Bb Dd Ee Ff Gg Hh Ii Jj Kk Ll Mm Nn Oo Pp Qq Rr Ss Tt Uu Vv Xx Yy Zz Ww Cc

Tahririyatdan:

Ma'lumki, 2023 yil noyabr oyida Ostona shahrida bo'lib o'tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an turkiy davlatlar uchun yagona alifbo yaratishni taklif qildi.

Aslida, bu g'oya ancha ilgariroq tug'ilgan bo'lib, 2022 yil oktyabr oyida Turkiyaning Bursa shahrida o'tkazilgan “Turk dunyosi umumiy alifbosi bo'yicha seminar”da yagona alifbo yaratish bo'yicha komissiya tuzish to'g'risidagi qaror Turkiy davlatlar tashkilotiga taqdim etilgan edi.

Xo'sh, bu g'oya haqida o'zbek ziyolilari nima deydi? Quyida ona tili o'qitish metodikasi bo'yicha uzoq yillar izlanish olib borgan samarqandlik olim Ilash ABDIYEVning imlo muammolari, lotin yozuviga o'tishdagi noaniqliklar, mushtarak alifbo orzusi haqidagi mulohazalari e'lon qilinmoqda.

Nihoyat, alifbomizning takomillashgan so'nggi nusxasi e'lon qilindi — qozonda bori cho'michga chiqdi. Endi boshqa jiddiy o'zgarishlar bo'lmaydi, deb turganimizda, turkiy davlatlarning yagona alifbosi haqidagi taklif o'rtaga tashlandi. Bu bir yo'la mushtarak alifboga o'tib qo'ya qolish orzusini paydo qilishi va turkiylarnigina emas, dunyoning yagona alifbosi mazmunida mulohaza yuritishga undashi tabiiy edi.

Gapni, odatdagiday, sal oldinroqdan boshlashimizga to'g'ri keladi.

Ma'lumki, buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur o'z davrida arab alifbosini tahrir qilib, “Xatti Boburiy”ni yaratgan. Xo'sh, ko'p asrlar mobaynida foydalanib kelingan arab yozuvini isloh qilishdek katta jasoratga Mirzo Boburni nima undadi ekan? Bu borada bizning keyingi yuz yil davomida qilayotgan harakatlarimizni qanday tushunsa bo'ladi? Ilohiy mo''jiza — tilni allaqanday alifbolar bilan mukammal ta'minlashning iloji bormi? Umuman, alifbolarga bugungi dunyoning munosabati, yozuvning ertangi nufuzi haqida nimalar deyish mumkin? Shu va shunga o'xshash savollarga birgina o'zimizning alifbomiz talqinida javob bersa bo'ladi.

Alifbolar bilan bog'liq turli-tuman vaziyatlarni boshdan o'tkazdik: arab, lotin, rus va yana lotin… Ularning har biri bilan ozmi-ko'pmi noxushliklar kirib kelaverdi: tuzatishlar va yana tuzatishlar… Mustaqillik sharofati bilan yozuvimiz tarixida ilk bora g'oyat insonparvar, ona tilimiz tabiatiga mos alifboga o'tish erki bilan ishga kirishdik va arzirli samaralarga ham erishdik. Tilimiz unchalik xushlamay kelgan belgilarning katta qismi iste'moldan chiqarildi, harflar soni keskin kamaydi. Katta-kichik muvaffaqiyatlarimizga qaramay, lotin yozuviga asoslangan bugungi alifbomiz ham tilimizning ba'zi jihatlariga unchalik mos emasligi haqida ko'p gapirildi va o'zgarishlar qilishni lozim topdik. Vazifa ayrimlar o'ylaganidek oson emas edi. Tilshunoslarimiz bir-biriga yaqin va farqli xulosalar aytishdi. Ulardan qaysilari og'irimizni yengil qilishi haqida o'ylab ko'rishimizga to'g'ri keldi. O'ttiz yillik mehnat va muhokamalar ortda qoldi. Ammo masalaga keng qamrovli munosabat, shaxsiy tashabbus o'z vaqtida keragicha shakllanmadi, ma'lum muddat biryoqlamalik va xotirjamlik epkini sezilib turdi, ozgina uquvsizlik, jarayonga xalal beruvchilar ham bordek tuyuldi. Sohaga iqtidorli olimlarni jalb qilish va ko'pning fikrini jiddiy o'rganish bilan bog'liq ilhomlantiruvchi omillardan, umuman, yuksak darajadagi ilmiy-amaliy imkoniyatlarimizdan barcha o'rinlarda ham yetarlicha foydalandik deya olmaymiz. Alifboning amaldagi hayotida ham biroz achinarli holatlar sodir bo'ldi. Maktab darsliklarimizning ayrimlarida Odil Yoqubovni O. Yo. tarzida, Yoqubjon Shukurovni Yo. Sh. ko'rinishda qisqartirish­larga duch keldik, “ye (e)” qatnashgan ayrim familiyalarni hanuz xato yozib kelyapmiz.

Ayniqsa, hozirgi imlomizda “e” (ye), “yo” (yo), “yu” (yu), “ya” (ya), “s” (ts) kabi harflar mavjud emasligi ba'zi lug'atlarimizning qayta nashrlarida e'tiborga olinmayotgani tashvishlanarli.

Nahotki yangi tizimga o'tganimiz, timsolli qilib aytganda, koordinatalar markazi butunlay boshqa nuqtaga ko'chganini tushunmasak! Saviyamizdagi shu va shunga o'xshash noxush manzaralar salbiy asoratlar qoldirishi tabiiy.

Ma'lum bir yozuvga o'tishda til alifboga emas, alifbo tilga moslashtiriladi. Eng asosiysi, o'zga til xususiyatlarini oz yoki ko'p darajada qabul qilishga ehtiyoj yo'q. Afsuski, shu paytgacha turli jiddiy sabablarga ko'ra tillarni “ona alifbo”larga moslashtirish majburiyati ustunlik qilib keldi. Bu zo'rliklar tufayli paydo bo'lgan ayrim noxushliklardan hanuz uzil-kesil qutula olmayapmiz. Umumturkiy alifbo to'g'ri shakllantirilsa, bunday kamchiliklarga barham beriladi.

Alohida tillardagi nutq tovushlari bir-biriga qanchalik o'xshamasin, ko'pincha o'ziga xos artikulyatsiya o'rni va usuli bilan farqlanib turadi. Xuddi ana shu farq tufayli fonemalar milliylashtiriladi. Lotin yozuviga o'tish alifbomizning milliyligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etdi, g'oyat samarali qadam tashlandi. Yangi alifbomizdan norozi bo'lishga jiddiy asoslar g'oyat ko'p deya olmaymiz. To'g'ri, dastlab kutilmagan vaziyatlarga ham duch keldik: “mo''jiza”, “mo''tadil”, “mo''tabar”, “ashob”, “ishoq” kabi birliklarda alohida belgilardan foydalanish yoki foydalanmaslik majburiyati paydo bo'ldi, “O” shakliga moyil harflar soni ko'paydi. Kamchiliklarni shoshib tuzatish oqibatida sal uyalib ham qoldik.

Alifbomiz bilan bog'liq o'zgarishlarni unchalik ham xushlamayotganlar safida yoshi ulug'lar ko'pchilikni tashkil qilishi tabiiy edi, chunki bolalikda o'rgangan yozuv — aziz. Ammo bu tabarruk zotlar har ikki yozuvdan baravar foydalanish bag'rikengligi tufayli ortiqcha aziyat chekmadilar. O'tgan vaqt davomida alifbo yoshlarimiz uchun qadrdon bo'lib qoldi. Yigit va qizlarimiz bugun dil izhorlarini xuddi ana shu harflarda bitishmoqda. Shunday ekan, yozuvimizning maqbul yoki nomaqbul jihatlarini ko'proq ulardan, shuningdek, alifbodan eng ko'p foydalanadigan qatlam — o'qituvchilardan so'rash to'g'ri bo'ladi. Bir guruh yoshlar “u” va “o'”, boshqa bir sheva vakillari “x” va “h” tovushlarini yozuvda ifodalash qiyinligini aytishadi. Bu tovushlarning lotin yozuviga asoslangan alifbomizda bir-biridan keskin farqlanuvchi shakllarda berilishi ham talaffuz va imloda kutilganidek ijobiy o'zgarishlarga olib kelmadi. Avvallari aksariyat “shapkali va shapkasiz “u”, “dumli va dumsiz “x” kabi ancha odmi izohlardan foydalangan bo'lsa, hozirda muammoni biroz “madaniyroq” va tez ommalashib borayotgan yagona tizimda “ochiq “u”, yopiq “u”, “yumshoq “x”, qattiq “x” deyish orqali, to'g'ri talaffuzni chetlab o'tgan holda hal qilishga intilmoqdalar. Og'zaki matbuotimizda “h” tovushining ko'rinmay qolganiga ancha bo'ldi. Insho, hozirgi til bilan aytganda, esse va boshqa matn mashqlarida yo'l qo'yilayotgan xatolarning katta qismi xuddi ana shu harflar bilan aloqador bo'lib, vaziyat maktab tahsilidan keyin ham deyarli to'liq saqlanib qolyapti — shevalarimiz bu tovushlarning unisi yoki bunisini xiralashtirishdan to'xtamayapti: “hilol”ning “xilol” (tish kovlagich)dan farqi qolmadi. Hatto o'tmish adabiyotimizda ham “u” va “o'” tovushlari oz bo'lsa-da jiddiy farqlanmagan o'rinlarga duch kelamiz. Fonemalarning harflarga nisbatan ko'pligi bilan bog'liq qiyinchiliklardan bizni talaffuz tiniqliklarigina qutqarishi mumkin.

Alifbomizdagi “j”, “v”, “f” harflaridagi “egizak”liklarni farqlash yozuv emas, talaffuz zimmasiga yuklanganidan mamnun bo'lishimiz tabiiy, chunki ikki farqli tovushni bir harf bilan ifodalash jiddiy muammo va qiyinchiliklarga olib kelmadi. Ayniqsa, “j” bilan bog'liq ortiqcha urinishlarning (“dj”) ortda qolgani yaxshi bo'ldi.

Tilimiz koshonasida o'zlarini ancha noqulay his qilib kelgan “e”, “yo”, “yu”, “ya”, “s”, “” kabi belgilardan juda oson voz kechib to'g'ri qildik. Ayniqsa, “s” qatnashgan o'zlashma so'zlarni asliyatga muvofiq yozib, tilimiz tabiatiga ko'ra talaffuz qilishni qoidalashtirishga ehtiyoj yo'qligini, muammoni fonetik yozuv mazmunida hal qilish yetarli darajada tajribadan o'tganini hisobga olib to'g'ri qildik. Ammo tilimiz bag'rida ko'p asrlar “istalmagan mehmon” sifatida yashab kelayotgan tutuq belgisiga munosabat murakkabroq kechmoqda. Talaffuzimiz uni yillar davomida begona qilayotganini (til, odatda, sun'iyliklarga yoki o'zga til xususiyatlari ehtiyojlardan yiroq olib kirilganda ana shunday sarkashlik qiladi) ko'pam tan olgimiz kelmayapti. Belgining amaldagi hayoti ba'zan farqsiz, mantiqdan sal og'ishgan “ilmiy-amaliy kelishuvlar” qurshovida davom etmoqda. Tarixda bu belgini bo'g'izda qo'llashga bo'lgan g'ayritabiiy zo'riqishlarga duch keldik, faqat “ayirish belgisi” — beo'xshov tutuqqa vosita sifatida foydalangan paytlarimiz ham bo'ldi. Shakliy yozuv mazmunida uzoq yillar tilimiz etagiga yopishib yurgan yumshatish belgisining muayyan bir yo'nalishda ahamiyatini zarracha his qilmaganimizdek, arab tili talaffuzida muhim o'rin tutgan tutuq belgisi ham amalda tilimiz ehtiyojiga aylanmadi. Kishilarimiz hanuz talaffuzga suyanishdan ko'ra qaysi so'zda qo'yiladi, qo'yilmaydi qabilida ko'rish xotirasidan foydalanishni afzal bilmoqdalar. Ikki belgining bir joyda kelib qolishi bilan aloqador keyingi tasodif tufayli tutuq belgili so'zlarning usiz ham bemalol yashay olishi ko'pchilikka yana bir karra ma'lum bo'lib qoldi. Hatto u 1956 yili tilimizdagi mulkining katta qismidan ajraldi: “dar'yo”, “alvido'”, “misra'” kabi talay so'zlarda undan foydalanmaydigan bo'ldik. Kutilmagan bir vaziyat tufayli uch-to'rtta so'zda uni butunlay boshqa xizmatga jalb qilish orqali yanada obro'sizlantirdik. Bularning hammasi tutuq belgisiga tilimizda jiddiy ehtiyoj yo'qligini ko'rsatadi. Belgidan ayrim shakldosh so'zlarni farqlash uchun foydalanish ham qisman yoki to'la shakldoshliklardan manfaatdor tajnisparvar tilimiz nazokatiga unchalik mos emas.

Tilda talaffuz ufqlari g'oyat cheksiz, kuy va qo'shiqlar ohangi kabi rango-rang. Insoniyat ming harf bilan ham ifodalashning iloji bo'lmagan bu cheksizliklarga go'zal samaralar zavqi og'ushida intilib yashaydi.

Yurtdoshlarimiz va maktab o'quvchilari qo'liga alifbomizni tutqazib: “O'zingizga qolsa, qaysi harflarni o'chirib tashlardingiz?” deyilsa, ko'pchilik “o'”, “h”, “ng” va tutuq belgisini ko'rsatishadi. Ingliz tilidan xabardorlari: “Ulardagi ellikka yaqin nutq tovushlarini ifodalashga xizmat qilayotgan 26 harf biz uchun ham kifoya qiladi; “ch”ni “c”, “sh”ni “w”, “g'”ni “x” shaklida bersak, qo'shimcha harf va alohida belgilarsiz dunyoning eng qulay yozuviga ega bo'lamiz, kompyuter lingvistikasi bilan aloqador yumushlarimiz oson kechadi, yozuv uskunalarida o'zgarishlar qilishga ham hojat qolmaydi”, deyishadi to'lib-toshib. Bugungi tilshunos olim uchun naqadar noxush manzara! Ammo nachora, adashib qolganda eplashga ko'zing yetmasa, otning o'ziga qo'y, manzilga bexato olib boradi, degan gap bor.

Darhaqiqat, ayrim paytlarda amaliy yo'nalish — xalq ijodi manzaralari muammoning tabiiy yechimini topishda yordam berishi mumkin. Oldingi alifbomizda “y”li harflardan voz kechish ehtiyojini kichik yoshdagi maktab o'quvchilarimiz “yo”ni “yo”, “ya”ni “ya”, “yu”ni “yu”, “e”ni “ye” shaklida yozish orqali tez-tez eslatib turishardi. Shunga o'xshash, bugungi bir guruh kishilar, ayniqsa, yoshlar, bizni uzoq kutib o'tirmay, dehqonchasiga ish tutib, ingliz grafikasini ortiqcha unsurlarsiz to'liq qamrab olish hisobiga shaxsiy yozuvlarida o'zlarini qator tashvishlardan forig' qilishmoqda. Tovush va harf o'rtasida moddiy aloqa mavjud emasligini hisobga olsak, ularga jiddiy e'tiroz bildirishning iloji yo'q.

Birmuncha bahs-munozaralarga sabab bo'layotgan harfiy birikmalarga kelsak, jahon kommunikatsiya tizimiga kirishdagi qulayligi demasa, “sh” va “ch”ni harfiy birikmalarda ifodalash ehtiyoji yo'q edi, ammo “ng” tovushining yo'rig'i boshqa. Uni “manglay”, “tong”, “mungli” kabi asoslarda mustaqil fonema sifatida bir harf bilan ko'rsatsa bo'ladi. Ayni vaqtda: “osmonga”, “nonga” kabi “n” va “g” undoshlari yonma-yon kelgan ko'plab so'zlar talaffuzida o'ziga xos diffuzlanish (o'zaro singishish) asosida bir “ng” tovushi hosil bo'ladi va bu hodisa “ng” tovushini alohida bir harfda ifodalashga to'sqinlik qiladi. Tilimizdagi bunday erksevar noyob zarrachani ma'lum harf yoki harfiy birikma bilan jilovlashga ehtiyoj katta emas. Kichik bir izoh orqali butun mas'uliyatni to'g'ri talaffuz zimmasiga ko'chirishning o'zi kifoya. Uni qaysi o'rinda bir, qaysi o'rinda ikki mustaqil tovushni bildiradi mazmunida talqin qilish ham bahsli. Umuman, “ng” tovushi ancha jilvakor: “shunqor”, “qo'ng'iroq”, “yong'oq”, “inkor”, “to'nka” (ot va fe'l) kabi bir qator so'zlarda uning alohida variantlariga ham duch kelamiz.

Hech bir alifbo muayyan tildagi fonemalarga xos barcha xususiyatlarni to'liq qamrab ololmaydi. Fonemalarni shartli belgilarda ko'rsatish ular mazmuniga ma'lum darajada ta'sir qilib, artikulyatsiya asosi filogenezida zo'riqishlar yuzaga keltiradi: ayrim so'zlarni “kitobdagiday o'qish” oqibatida yozuvning salbiy effekti paydo bo'ladi, mukammallikni ta'minlash maqsadida harflar sonini ko'paytirish esa alifboning insonparvarligiga ziyon yetkazishi mumkin. Bu o'rinda ham bizga faqat adabiy talaffuz me'yorlarigina yaqindan yordam bera oladi.

Avvalgi loyihada berilgan “sh” va “ch”ning “sirg'a”lari borasida tushunarsizroq jihat bor edi: “sh” ni “s”dan farqlash uchun belgi kerak, biroq “c”ning asl qiyofasini o'zgartirishga qanday ilmiy-amaliy ehtiyoj borligini bilmagandik. “Sirg'a”li harfimiz yolg'izlanib qolsa-da, keyingi tuzatish to'g'ri amalga oshirildi.

Tarix tajribasiga amal qilish yaxshi, ammo taraqqiyot kecha va bugunning ayrim jihatlarini ortda qoldiradi: katta-kichik kashfiyotlar dunyoga keladi. Odatda, ular asriy udumlarni “buzib qo'yish”dan qo'rqmaydigan kishilar tomonidan yaratiladi. Afsuski, masalaning bu muhim tomonini hamma vaqt ham yetarli hisobga olmayapmiz. Insoniyat ovozli yozuvlar davriga qadam qo'ydi. Endilikda mas'uliyatning katta qismi talaffuz zimmasiga tushadi. Kundalik hayotda to'g'ri talaffuz qilishning o'rni va ahamiyati har qachongidan ham muhimroq bo'ladi. Kishilar orfoepiyani yaxshi egallashsa, imloni o'rganishga hozirgiday ko'p vaqt hamda mehnat sarflashlariga zarurat kamayadi. Shuning uchun ham to'g'ri talaffuzni mukammal shakllantirishda aytarli yordam bermaydigan orfoepik lug'atlar fonoetolonogramma shaklidagi elektron vositalar bilan mukammal almashadi. Bunday “ovozli lug'at”lar talaffuz me'yorlarini ko'rsatishda katta qulayliklarga ega bo'lib, harflar sonining kamligi bilan bog'liq qiyinchiliklarga barham beradi, yillar orzusi — insonparvarlik ta'minlanadi.

Bugungi kunga kelib g'oyat qulay texnikaviy imkoniyatlar, ayniqsa, ovozli yozuvning yuksalishi tufayli bir alifboni barcha tillar mazmunida qo'llash osonlashdi, dunyo xalqlari uchun bir umumiy alifboda o'z tilining barcha jozibasini bera olish imkoniyatlari yuzaga keldi. Shu va shu kabi omillarni hisobga olganda, turkiy xalqlarning yagona alifboga o'tishi haqidagi fikr-mulohazalar amalga oshmaydigan orzu emas. Harflar soni va shakli bir xil, talaffuz rang-barangliklari bilan ishlansa, so'ngsiz va samarasiz bahs-munozaralarga o'rin qolmaydi, muazzam turkiylar, dunyoning boshqa xalqlari ham, yagona alifboga ega bo'ladilar.

Shubhasiz, bu alifbodagi har bir harf ifodalagan nutq tovushlarining ma'lum qismi turli millatlar talaffuz kengliklarida o'ziga xosliklar bilan yashaydi. Hatto bunday alohidaliklar bir tilning ichida ham bo'lishi mumkin. Bularning hammasi alifbolardagi milliyliklarni ta'minlaydi.

Mushtarak yozuvda ingliz alifbosidagi asos harflar shakl va miqdor jihatidan to'liq, o'zgarishsiz hamda qo'shimcha belgilarsiz saqlab qolingani ma'qul. Natijada alifbo quyidagicha ko'rinish oladi: Aa Bb Dd Ee Ff Gg Hh Ii Jj Kk Ll Mm Nn Oo Pp Qq Rr Ss Tt Uu Vv Xx Yy Zz Ww Cc. Eng asosiysi, tillarni bu 26 harfga emas, 26 harf­­ni talaffuz jilolari orqali tillarga moslashtirishimiz kerak bo'ladi.

Har bir tilning farqli fonetik xususiyatlarini ifodalash uchun zarur bo'lgan taqdirda alifbodagi 2-3 harf erkin teb­ranishlarga ega bo'lishi ko'zda tutiladi. Jarayonni o'zbek tili mazmunida kuzatadigan bo'lsak, aytilishi yaqin “u”, “o'”, “x”, “h” juftliklar bittadan harf (“u”, “h”) bilan ifodalanib, “ch”-“c”, “sh”-“w”, “g'”-“x” ko'rinishlarda beriladi va tutuq belgisidan voz kechilib, “ng” tovushi talaffuzdagina saqlanib qoladi. Shu tariqa mushtarak alifboga o'tish boshqa barcha tillarda ham ilmiy-amaliy kuzatishlar samarasi bo'lgan ana shunday bir jumlada o'z ifodasini topishiga ishonamiz.

Uzoq yillar qaysidir ma'noda taraqqiyot alifbolardan orqada qolib keldi, bugun esa alifbolar tezkor dunyo bilan baravar odim tashlashga zo'r berib urinmoqda. Insoniyat qarshisida butun tabiati bilan mangulikka daxldor alifboga e'tibor mas'uliyati paydo bo'ldi. Jasoratli ish tutilsa, hozirgi va ertangi tamaddun­dan yotinqiramaydigan, hamma zamonlar bilan hamnafas, buloq suviday tiniq, talaffuz yetakchiligidagi bisot manzurlikka erishadi. Bu ulug' “nota” ohang nozikliklariga ham, “cholg'ular”dagi turlichaliklarga ham zarracha salbiy ta'sir qilmaydi. Aksincha, odamlarning ezgu maqsad yo'lida bir-birlariga har qachongidan ko'proq yaqinlashishlariga imkon yaratadi. Shunday ekan, mushtarak alifboni ehtiyojdan dunyoga kelgan ko'pning orzusi deyish mumkin.

Ilash ABDIYEV.

Samarqand viloyati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 16 =