Dardlaring gardini elagim keldi

Yusuf ZIYoD

Muallif haqida:

Yusuf ZIYoD — 1965 yili Chiroqchi tumanidagi Ko'kdala qishlog'ida tug'ilgan. 1990 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning o'zbek filologiyasi fakultetini bitirgan. Ayni paytda “Nasaf” nashriyoti muharriri sifatida mehnat qilmoqda.

Shoirning “Mehringga tashnaman” (2012), “Ruhiyat manzaralari” (2014) she'riy kitoblari, “Kun va tun” (2018) nomli she'rlar, hikoyalar va maqolalar, “Qanoatning qanoti” (2022) badialar to'plamlari nashr etilgan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

 

OTA

Zamona o'zgardi, zamon o'zgardi,

G'arbu Sharq turfa xil tomon o'zgardi,

Yaxshilar o'zgardi, yomon o'zgardi,

Kimningdir nazdida o'zgaman, ota,

O'g'il bo'lib qolay sizga man, ota.

 

Men hamon bolaman, go'dak yoshdaman,

Bag'rimda turfa gul, boshim toshdaman,

Otajon, men endi boshqa-boshqaman,

O'zimdan o'zimni topmayin, ota,

Keling, bir quchoqlab yotayin, ota.

 

Boshning toshdan qattiq ekanin bildim,

Gul tutdi, sanchilgan tikanin bildim.

Dard ne-ne qadlarni bukkanin bildim,

Ayting, qadringizni bildimmi, ota?

Farzandday sizni shod qildimmi, ota?

 

Chinorman dedim men, xassan dedilar,

G'ariblar ichra bir kassan dedilar.

Otang yo'q, sen endi pastsan dedilar,

Chinorlar ichida xasmanmi, ota?

Nahot siz yo'qsiz, men pastmanmi, ota?

 

Haqsizlikka chidash or deb yashadim,

Bu olam ko'ksimga tor deb yashadim,

Otam vujudimda bor deb yashadim,

Vijdonim, nomusim, orimsiz — ota,

Qalbimda barhayot borimsiz — ota.

 

Hamon qulog'imda har bir so'zingiz,

To mahshar… oqlayin nonu tuzingiz,

Loysuvoq uyimda barmoq izingiz,

Uyimning to'rida turibsiz, ota,

Men borman, men bilan yuribsiz, ota.

 

ERTAK

Qadim yurtda shunday zamon bo'lgan emish,

Odamlari zavqu shavqqa to'lgan emish.

 

So'zlar shirin, tillaridan tomarmish bol,

Osmonidan yog'ar emish baxtu iqbol.

Hikmat emish donish ahlin aytganlari,

Suluv emish yosumanu jodugari.

 

Oshiqlari oy sathida kezar emish,

Husni bilan u olamni bezar emish.

 

Adolatu insof emish tarozisi,

Vijdon emish, imon emish yurt qozisi.

 

Nafrat nima, g'azab nima, bilmas emish,

Bir-biriga sira hasad qilmas emish.

 

Nogahonda ko'k yuzidan qora quyun

Tushgan emish o'shal yurtga qilib o'yin.

 

Yuraklarga kirib uning qora dog'i,

Fath etibdi barcha dilni o'shal chog'i.

 

Birdan yurtda boshlanibdi jabr, zulm,

Har burchakda razolatu urush, o'lim.

 

Huzur topmish odamlari xiyonatdan,

Darak berib go'yo oxir qiyomatdan.

 

Qalblarini egallabdi adovat, kin,

Yashabdilar ezgulikdan topmay taskin.

 

Unutganmish birdan ular kimligini,

Olam aro kimlar bilan tengligini.

 

Bilmam, qachon u zamonlar bo'lib o'tgan,

Faqatgina bitiklarda qolib ketgan.

O'qib bildim botini-yu zohirini,

Aytolmayman bu ertakning oxirini…

 

XOLIS NIYaT

(Tibbiyot fanlari doktori, professor, iste'dodli ijodkor

Jumanazar BEKNAZAROVga)

Qaynoq mehr, uyg'oq shuur, shijoat bilan,

Qalb qo'rini yuraklarga ulasholgan zot.

Tib ilmida zahmat, sabot, matonat bilan,

Dardli dillar imoratin aylamish obod.

Yoniq nigoh bilan boqmish yorug' olamga,

Doim ezgu bo'lgan uning dilda niyati.

Huzuriga borgan borki, har bir odamga,

Eng avvalo shifo uning samimiyati.

 

Ruhiyatni ustun qo'ymish vujuddan doim,

Zero, vujud bir jismdir tuyg'udan xoli.

Dilda mehr bo'lsa, yana so'zlar muloyim,

Biladiki, yaxshilangay bemor ahvoli.

Atrofiga boqmish ilmu tafakkur ila,

Dunyo otlig' cho'ng bir ulkan, hadsiz binodan.

Tatbiq etmish bemorlarga tashakkur ila,

O'rganganin Ar-Roziy-u ibn Sinodan.

Tibda uning xizmatlarin maqomi yuksak,

Tangri sevgan bandasini yaratmish bekam.

U kishini mohir jarroh, shifokor desak,

Iste'dodi beqiyosdir so'z mulkida ham.

 

Ash'orida ezgulikning timsoli tengsiz,

Razolatu jaholatning rangi qoradir.

Olim, shoir… balki uni baxtiyor dersiz,

Haqsizlikning qarshisida bag'ri poradir.

“Tuyg'ularning ziyosi”da ulkan dard kezib,

Ba'zan tortar o'z qa'riga “Orzu ummoni”1 .

“Donishmandlar aytolmagay so'zlarni tizib”2,

Jaholatning sharpalari kezsa dunyoni.

 

Oh, qaniydi, butun olam bo'lsa bokira,

Barham topsa dildan g'araz, xusumat butkul.

Xasta bo'lsa tana, unga topilgay chora,

So'qir qalbga davo topmoq chorasi mushkul.

 

O, u “Yillar silsilasi” zalvorli biram,

Dunyo mubham javob topmas savoli bilan.

Bemor qalblar shifosiga topolmay malham,

Yolg'iz suhbat qurar ba'zan xayoli bilan.

 

Yashar doim Haq tarafda nurga intilib,

Taratmoqchi bo'lar ezgu qalb ziyosini.

So'z sehri-la davolashni kashfiyot qilib,

Lol qoldirmish Ovro'po-yu Osiyosini.

 

Ba'zan g'ashlik uyg'otganda betizgin o'ylar,

O'z bag'riga chorlar yana nazm bo'stoni.

Mittigina yulduz bo'lib olamga bo'ylar,

Qalb qo'ridan barpo bo'lgan “Qamay dostoni”.*

Bir tarafdan hurmatli zot, olim kamida,

Doim elning ardog'ida hakimu tabib.

Bir tarafdan dard chekadi elning g'amida,

Shoir dardin yuklamishdir qalbiga Habib…

Ruhda illat bo'lsa magar, vujudni yeydi,

Xolis qilmoq kerak deydi dilda niyatni.

Vujud sog'lom, ruhiyat ham hur bo'lsin deydi,

Baxtli ko'rsam deydi doim insoniyatni.

———————————-

1Jumanazar Beknazarov kitoblarining nomi.

2Jumanazar Beknazarov satri.

 

* * *

Bugun,

Osmon tund, gullarda ifor yo'q,

Quyoshning yuzi ham qoraygan.

Bugun

Oqshom bor, xufton bor, nahor yo'q,

Dunyo ham birmuncha toraygan.

 

Bugun,

Sudralgan vaqt ham o'tmaydi,

Soatning millari cho'zilgan.

Bugun,

Bilaman bir iqbol kutmaydi,

Fursatning oyog'i uzilgan.

 

Bugun,

Hattoki dodlashga nolam yo'q,

Alamlar o'tmoqda jonimdan.

Bugun,

Osmon yo'q, quyosh yo'q, olam yo'q,

Chunki sen yo'qsan yonimda.

OVUNCh

Unutmoq o'limdir, eslamoq azob,

Shirin xotiralar yuki ham og'ir.

Eslasam sog'inchdan kuyadi oftob,

Unutsam, o, dahshat yuragim og'rir.

 

Sen meni eslama, oydin yo'lni kut,

Dardlaring gardini elagim keldi.

Shirin xotiralar vahmini unut,

Men senga omonlik tilagim keldi.

Bu dunyo aslida almisoq kema,

Unda suzar minglab parchalangan qalb.

Yo'q, aslo qo'limdan kelmaydi dema,

Qalbingdan ismimni tashla parchalab.

Hijron azobida o'tmasin tuning,

Qismatda boriga har kim ko'ngaydir.

Bilaman, sen meni unutgan kuning,

Qalbingda bir go'zal chechak ungaydir.

 

BOLA EDIM…

Bola edim, shoir edim, ko'ngli osmon,

Oy, yulduzlar boshim uzra kezar edi.

Butun borliq chaman edi bog'u bo'ston,

Ul chamanni xushbo'y gullar bezar edi.

 

Yillar o'tdi, to'fonlarni ko'rdi ko'zim,

Ilhomimni chang-to'zonlar olib ketdi.

Yuraklarni titratolmas aytar so'zim,

Shoirligim bolalikda qolib ketdi…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × four =