Cho'rining kulgisi

Govshutkeldi Danatarov
Hikoya
Bu tragediya o'tmishning sarg'aygan sahifasiga aylanib bo'lgan allaqachon. Buni menga aytib berganlar dunyodan o'tib ketishdi. Ularga ham “eskilar” gurung bergan ekan. “Yaxshi adab — yaxshi dab, ota-bobo davrabop” deyishgan donolar. Endi gurung berish navbati – kaminaniki.
Uni to'qqiz yoshligida isqirt qo'lidan tutib Otaboy tuman degan boyning xonadoniga olib kelishdi. Sakkiz xonali oq uyga uni Bibigo'zal sudrab kirdi. Uch kelin boshini g'iybat uchun qovushtirganida qizaloq xona to'rida yotgan qo'g'irchoq sari talpindi. Biroq unga yetib-etmay oxirgi marta bir hafta oldin ta'mini totgan shapaloq yuz-ko'zi aralash tushdi:
— Yo'qol tashqariga, yer yutgur!
Boshqa xonada yotgan kampirning bo'g'iq ovozi qizaloqning orqasidan u tashqariga chiqqanida yetib bordi:
— Barakalla, Bibigo'zal! “Cho'ri tabassumining haqi — omonat” deyishadi. Kulib qarasang, boshingga chiqib oladi darrov. To'g'ri qilding!
U bu gap bilan qutulmadi, o'zi haqidagi sovuqdan-sovuq gaplarni ham eshitdi.
— Ey qiz, qaerdan topding bu tekinxo'rni? — dedi baland ohangda kampir.
— Nima, yetim-esirmizmi, kahatchilikda yashaymizmi? — deya to'ng'illadi Bibigo'zal. — Uying oqar ariq bo'lsa, kampir. Senda bor-ku cho'ri. Xonalin Xivadek yerga borib, ot minib, ot haydab, ot ustida xo'p asrab keltirgan sovg'a bu. Xudo biladi, qimorga qo'yilganmi, nashavand sotganmi?
— Ismi nima ekan?
— Kimam so'rardi ismini? Cho'rli* deyapmiz.
Shunday qilib, uning ismi Cho'rli bo'ldi. Kamiga Otaboy tumanning ayoli Yakansultonning changaliga tushdi. Qizaloq Yakansulton bilan uyda yolg'iz qolganida o'zining bu uyda kimligini angladi. Boy uyining o'tir-turini bilasiz-ku… Qiz quyosh ufqda qizarib ko'rinish bergunicha xizmatdan bo'shamas, samoda Yettikon* ko'ringanda ham boshi yostiqqa yetmasdi. Qilmaydigan ishi yo'q edi qurg'urning, hatto o'choq kulini ham tozalardi.
Yakansulton Cho'rlisiz birorta joyga o'zi yolg'iz ketolmas, uyda esa tinchlik bermasdi. It va qush tosh otgandan qochib qutuladi, uchib qutuladi, Cho'rliga esa qutulish yo'q edi to joni uzilmagunicha… Agar o'lib “u dunyo” deyilgan joyga borsa ham Yakansultonsiz yashay olishiga hech kim kafil emas.
Ojiz bo'lsang g'aming ko'p, erksiz bo'lsang g'animing. Otaboy tumanboshining bir keksa buvisi bor edi. Yuziga Enesh ena, izidan esa “nomi o'chgur” deyishardi. Cho'rli kelganiga, mana, olti yildan oshdi, kampir o'ldi deb yurishdi odamlar. Yaqin qarindoshlar kelishsa, yuziga: “Qoyil-ey, yuz-ko'zi hali tiniq”, deb aytishar, “Hech o'lmadi-o'lmadi-da, jongayam tegdi bu eski bashara”, deyishardi ichida.
Unda-bunda: “Kun bo'yi tagini tozalab, beva kampirga qarayapti, Yaratgan qiyomat azobini shu orqali ko'rsatyapti unga”, deganlaram topildi. Ustiga-ustak, Enesh ena o'g'lining orqasidan haligacha dam solardi. Aytgani qilinmasa, tamom… Qizig'i, shu ahvolidayam buni uddalay olardi. Ana shu bemajol, beshafqat kampirning ahli xizmatini Cho'rlining yakka o'zi qilardi. Kamiga bu takabbur ayol keragidan ortiq va qiyin ishlarni ham unga buyurardi.
Bu uy egasiga ishi tushgan odam ostonasidan bir chaqirim naridan qo'rqib, yashirinib o'tardi. Biroq bu ayol oddiy ayol emasdi, nasl-nasabli ayol edi. Erining ismi (“Oqsoqolimiz” deya aytuvchilar ham bor) Sapar tuman, qaynotasi Serhen tuman degan odamlar bo'lganmish, qolganlarni Cho'rli bilgani yo'q. Qolganlariyam “tuman” bo'lsa kerak-da. Ota-bobolari bir katta beyga borib taqalarmish. Yetti pushtini sanab, arillab-tarillab, Cho'rlining yuragini siqib o'tirardi doim kampir. U esa noiloj har kuni to'shagi boshida singrab-mungrab kampirni tinglardi. Qari qarg'a qag'layversin, derdi ichida.
Har kuni suhbat so'ngida Cho'rli ma'yus tortardi. “Onamni chala eslayman, otamni ko'rmaganman ham…” deya har kuni bir o'ksinib qo'yardi. Buni eshitgan kampir burun jiyirib: “Otang kimligini bir onang bilmasa, boshqa birov bilmasov…” derdi. Cho'rli fursat axtargan mushukday bir yutinib qo'yardi.
Uydagilardan Cho'rlini savalab qo'li og'rimagan yagona odam Otaboyning o'zi edi. Chunki u qamchi bilan urardi. Ayamasdan, o'ylab o'tirmay, har qadamda, sababli, besabab, gunohli, begunoh, ichganida shunchaki kayf uchun, hatto zerikkanidan ham qamchisini ishga solardi. U o'zining barcha ginayu kuduratini o'sha ishi bilan chiqarardi. Qizaloq xunibiryon yig'lardi. Yig'lasayam bildirmay, pinhon yig'lardi. Bildirguday bo'lsa: “Nega yig'laysan?” deya qo'liga ilingan narsani otishardi.
It g'ingshisayam darrov xabar olishardi. Gonur tuman (bu hovlidagi ko'ppakning ismi) oq nonga haqli. Cho'rlining nasibasi esa tandir boshidagi kulga qorishgan, qoraygan, kuygan arpa non. Umrida bir marta kishmish yeb ko'rdi, xolos. U ham tumanlarning kichigi Yetti uylanganida. Yuragi yumshoqroq kelinlardan biri bir siqim uzatgandi o'shanda. Yakansulton uni ko'rib darrov yetib kelgandi: “Yo tavba, bu ochofatdan hech qutulolmas ekanmiz-da-a?!”
Og'ir iqbol zolimlar qo'li bilan bechoraning boshidan qancha bossa ham, ikki narsa ilojsiz edi. Cho'rlining qora kuni “voy” bilan o'tsa-da, sochlari go'zal va uzun edi. So'ngsiz tashvishlar qancha vaqtini o'g'irlashiga qaramay, qo'sha o'rim sochi lovullab, orqasida sollanib, ko'zni olib turardi. Yakansultonning soch masalasida yuragi battar qorayardi. Uning ko'zi sochga tushsa, tamom, Cho'rli “sariq chirmovuq”ini tarab, o'rib yurguday bo'lsa, ayolning omonati uzilardi hisob. “Nimaga o'xshasa, undanam battar…” der, kim biladi nimaga o'xshatardi?
Qizlarining sirkayu bitini qarg'ay-qarg'ay o'zi terardi. Cho'rli qilmaydigan yagona ish shu edi.
Otaboy tumanning o'rtancha o'g'li soz chalardi. Cho'rli hamma sozni yaxshi bilardi. Kamiga o'ziyam “Darai do'ngli”ni xirgoyi qilishni xush ko'rardi. Shuni kuylayman deb bir-ikki marta tayoq ham yedi. Cho'rli bu safar tayoq yeganida kechasi bilan yig'lab chiqmadi. O'rtancha tuman buni ko'rib halovatini yo'qotdi.
Cho'rli bugun ataylab erta uyg'ondi. Sochlarini taradi. Boshidan kechganlarni birma-bir esladi. Ichidan faqat o'zigagina ma'lum bo'lgan ismini takrorladi: “Nozikjamol, Nozikjamol, Nozik…”
Bugun otilgan bo'sh tovoq boshiga tegib, peshonasini yordi: “Ha, joning chiqsin, valadi zino!..”
Cho'rli tushlikkacha chor tarafga zir chopdi. Yakansulton ota uyiga to'yga borish uchun hozirlik ko'rayotgandi. U o'zining qizlari bilan uch yoshli o'g'liga shohi kurta kiygizib, ko'zmunchoq taqib qo'ydi. Xuddi toychoqni erkalagandek erkalay boshladi.
Otaboy tuman yangi zargilam ustida yonboshlab, choy ichardi. U suhbatga qo'shilmay jim o'tirar, o'g'lini kuzatardi. Enasi esa nabirasini maqtardi. Uy atrofida Cho'rlining qadam tovushini eshitib, battar yuragi jo'shdi:
— O'zimning qorako'zim, erkatoyim. Bek o'g'il bu. Yetti pushti zar egarli bedov mingan bekzoda naslidan bu…
“Unda nega Yammat tulki: “Boshqa tumanboshilar kalondimog', o'ziga bino qo'ygan” deganmishsan. Ensadan, peshonadan otilsa, bilasan hali…” — shu g'anim fikrni Otaboy hech xayolidan chiqarolmasdi.
Enash tumanchaning yuragi battar to'lqinlandi:
— Otasi Sapar tuman, bobosi Serhen bek buning. Ota-bobosiga munosib o'g'il bo'ladi, inshoolloh…
Yakansulton qaynonasining bu so'zlariga erining yuzida munosabat sezmadi. Eriga karashma bilan qaraganida ham nozi yasama bo'ldi. Yoqasini ushlab, ichiga tufladi. Kampir shu payt baqira boshladi:
— Qani buning qamchisi, qani begimning nayzasi? Ot keltiring o'g'limga, qurol bering qizimga. Asilzoda bu, bekzoda bu…
Shu mahal birdan to'xtab qoldi. Aslida, hovlida bu ovoz uncha-munchaga tinmasdi. Uni to'xtatgan narsa tashqaridan kelayotgan kulgi edi.
Qari qarg'ani tinglayotgan Cho'rli tinimsiz kulardi. Uning yodiga bundan to'rt yil avval Otaboy uyda yo'qligida, yashirinib, pusib Xonalin kelgani tushgandi. Buni o'ylab battar g'azabini yashirmay, bor kuchi bilan kula boshladi. “To'xta, iflos” deyishsa ham to'xtamadi, kulaverdi. Kulayotib:
— Ha-ha, qanday zotligi ma'lum, ha, ma'lum… — dedi. — Ha-ha-ha, hammaga ma'lum bo'ladi hali, ha-ha…
Otaboy tuman o'choq yonida turgan kosovni olib unga otdi. Oqibatini o'ylab o'tirmay, yerga yotib kulayotgan bechorani tepkiladi. Cho'rli omonatini Allohga topshirayotganda aytgan bitta gapi Otaboyning hushini olib qo'ydi. Darg'azab holda uyga kirdi, ayoli esa allaqachon gunohini yashirolmasligini bilib, o'limini bo'yniga olgan, zargilamda yuztuban yotardi. Devorga osib qo'yilgan eski qilich qinidan chiqqanida, kampirning ham boshiga yetdi.
Cho'rlining murdasini o'sha kuni qumga olib chiqib tashlashdi. Uning kulgisi haqi boshqa tumanlarga ham arzonga tushmadi. U o'lib haqini chiqargandi…
* Cho'rli — isqirt, kir, iflos.
* Yettikon — tun yarmida ko'rinish beradigan yulduzlar turkumi.
Turkman tilidan Rahmat BOBOJON
tarjimasi.