“OYINA.UZ” portali — mehmonimiz

Hozir jahon axborot maydonida bir ezgu fikrga o'nta, balki yuzta chalg'ituvchi ma'lumot to'g'ri kelishi hech kimga sir emas. Lekin internetni cheklash, bloklash teskari natija berishi, eng to'g'ri yo'l esa o'sha bitta yaxshilikni bugun ikkitaga, ertaga uchtaga ko'paytirish ekani tajribada isbotlangan. “Oyina.uz” ma'naviy-ma'rifiy portali shu yo'ldan borishni maqsad qilgan.

Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan elektron portal jamoasi axborot olamida munosib o'rin egallashga intilmoqda. Dastlabki qadamlari bilan afkor omma e'tiborini, e'tirofini qozonmoqda.

“Oyina.uz”da tezkor va dolzarb yangiliklar, ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy-ijtimoiy mavzulardagi dolzarb maqolalar, jamoatchilikning fikr-mulohazalari, ilg'or ziyolilarning tashabbuslari, mafkuraviy jarayonlar tahlili, foto-videomahsulotlar, elektron hamda audiokitoblar, taqdimot va infografikalar berib boriladi. Ma'naviy-ma'rifiy portalning eng sara materiallaridan siz aziz gazetxonlarga ham ilindik.

O'ylaymizki, qadrli yurtdoshlarimiz, mushtariylarimiz “Hurriyat”ni muntazam o'qib borish barobarida “Oyina.uz”ni ham doimiy kuzatib boradilar.

Shamsiddin KAMOLIDDIN:
“O'zbeklar O'rta Osiyoning superetnosi bo'lgan

Tarixchi yurtdoshimiz Baxtiyor Alimdjanov o'zining “O'zbek”dan “o'zbekistonlik”kacha… yoxud o'zliklar to'qnashuvida tarixning roli” maqolasida o'zbek xalqiga “o'zbekistonlik­lar” deb atalmish yangicha o'zlikni taklif qilgan. Boshqacha qilib aytganda, endi biz o'zimizni “o'zbek” deb emas, “o'zbekistonlik” deb atashimiz kerak ekan. Muallifning fik­riga ko'ra, “o'zbekistonlik” atamasiga eng mos keluvchi model “qadimgi sug'diy modeli” emish. Menimcha, bu o'xshatish umuman mantiqqa to'g'ri kelmaydi. Har qanday olim o'zi bilmagan narsa haqida fikr yuritmagani ma'qul. Fikrimizcha, muallif (B.Alimdjanov, tah.) sug'dlar davri tarixi va geografiyasini chuqur bilmaydi. Shuning uchun uning mulohazalarida qo'pol xatolar mavjud. Xato ma'lumotlarga asoslangan xulosa ham shunga yarasha bo'ladi, albatta.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, XVI-XIX asrlarda O'zbekiston aholisi o'zlarini “o'zbekistonliklar” deb emas, “o'zbeklar” deb ataganlar. XVII asrda yashagan bir o'zbek tarixchi va geograf olimi Mahmud ibn Vali o'zining “Bahr al-asror fi manoqib al-axyor” asarida bu haqida shunday yozgan: “Turkiston xalqlari turli davrlarda turli nomlar bilan atalganlar: Turk ibn Yofas hukmronligi davrida “turk”, Mo'g'ulxon hukmronligi davrida “mo'g'ul”, O'zbekxon hukmronligi davrida “o'zbek”. Lekin atrofdagi boshqa xalqlar ularni ilgarigidek “turk” deb ataydilar”. Bu gapning tasdig'ini boshqa manbalarda ham ko'rish mumkin.

Va nihoyat endi “o'zbekistonliklar” atamasiga ham yetib keldik. Xo'sh, bu atama qachondan boshlab ishlatila boshlagan va kimlarni anglatgan? Avvalambor shuni aytish kerakki, o'zbek tilida “o'zbekistonliklar” atamasi hech qachon ishlatilmagan, har qalay, sovetlar davriga qadar. Bu atama 1924 yildan keyin rus tilida “uzbekistanes” shaklida ishlatila boshlagan va O'zbekistonda yashovchi ruslar hamda rus tilida so'zlashuvchilarni anglatgan. Hozir ham xuddi shu ma'noda ishlatiladi. O'zbekistonda yashovchi ruslar va rus tilida so'zlashuvchilar o'zlarini “uzbekistanes” deb ataydilar. Bu bilan ular o'zlarini mahalliy o'zbeklardan ajratib ko'rsatadilar. Hujjatlarda millatini ko'rsatish kerak bo'lganda esa, o'zlarining kelib chiqishini ko'rsatadilar. Bunday yondashuv sovetlar davrida qabul qilingan edi.

Jonli tilda, masalan, Fransiyada yashovchi barcha odamlar kelib chiqishidan qat'i nazar (arman, arab, yahudiy, rus va hokazo) “fransuzlar”, Angliyada yashovchilar “inglizlar”, Germaniyada yashovchilar esa “germanlar” (fransuzchada “olmonlar”, ruschada “nemislar”) deyiladi. Sovetlar davriga qadar Rossiya imperiyasida yashagan barcha mashhur davlat, fan va madaniyat arboblari “rus” deb atalgan. Masalan, kelib chiqishi habash bo'lgan Aleksandr Pushkin “buyuk rus shoiri”, kelib chiqishi tatar, nemis yoki yahudiy bo'lgan davlat, madaniyat va fan arboblari “rus olimlari”, “rus sayohatchilari”, “rus dvoryanlari” va hokazo deb atalgan. O'zbekis­tonda ham sovetlar davriga qadar shunday bo'lgan. Kelib chiqishi turli bo'lgan davlat, fan va madaniyat arboblari “o'zbek” deb atalgan. Masalan, samarqandlik Mahmudxo'ja Behbudiy, buxorolik Abdurauf Fitratning ona tili fors tili bo'lgan, lekin ular o'zlarini “o'zbek” deb bilganlar.

Shunday qilib, yuqorida keltirilgan ma'lumotlar asosida xulosa sifatida aytish mumkinki, xalqimizning asrlar davomida ishlatilib kelgan o'z nomi bor — “o'zbeklar”. Buni XVII-XVIII asrlarda G'arbiy Yevropada chizilgan xaritalar va yasalgan globuslarda ham ko'rish mumkin. Ularda O'rta Osiyo hududlari USBEK, USBEKIA, USBEGISTAN, uning aholisi esa Usbeks (inglizchada), les Ousbek (fransuzchada), Uzbesiis (lotinchada), ya'ni “o'zbeklar” deb ko'rsatilgan. Hozirgi kunda bunday holatni o'zgartirishning hech qanday hojati ham, zarurati ham yo'q. Aksincha, buni O'zbekiston aholisi orasida keng targ'ib qilish kerak. “O'zbek” atamasi o'tmishda turli xalqlarni birlashtiruvchi etnosiyo­siy va etnomadaniy ma'noga ega bo'lib, O'rta Osiyo mintaqasida yashagan barcha xalqlar uchun superetnos vazifasini bajarib kelgan bo'lsa, bugun ham bu atama O'zbekiston hududida yashovchi barcha xalqlar uchun xuddi shunday superetnos vazifasini bajarishi kerak. Xalqaro maydonlarda O'zbekiston davlati nomidan harakat qiluvchi barcha o'zbekistonlik vatandoshlar “o'zbek” deb atalishi kerak: o'zbek olimlari, o'zbek sportchilari, o'zbek tadbirkorlari va hokazo. Qolaversa, butun dunyo tajribasi ham aynan shuni taqozo etadi.

 

Muallif: Shamsiddin KAMOLIDDIN.

Batafsil o'qish uchun quyidagi havola yoki QR kod orqali veb-saytga o'ting:

https://Oyina.uz/kiril/article/2443

 

Partiyani titratgan masal

Ibrohim Rahim va Ne'mat Aminovning “Mushtum”dan haydalishi, o'lganning ortidan tosh otganlar sharmandali qismati

“Sizning 1986 yili yozilgan “Ko'ngul ozodadir” qissangizda: “Agar mening so'zlarimga shubha qilsangiz, masalchining holini, ana, Zohidjon Obiddan so'rangiz”, degan jumla bor, u nimani anglatadi?”

(Bir uchrashuvda menga shunday savol berildi.)

1983 yil noyabr oyida O'zbekiston SSRga 24 yil rahbarlik qilgan Sharof Rashidov 66 yoshida vafot etdi. Ikki marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoni va eng yuksak Lenin mukofotiga, o'nlab orden-medallarga sazovor bo'lgan bu atoqli davlat va siyosat arbobi, taniqli yozuvchining xotirasi o'zi bir umr sadoqat bilan xizmat qilgan kommunistik partiya va sovet davlati tomonidan qanday tahqirlangani ko'pchilikka yaxshi ma'lum.

Bu jirkanch ishni, asosan, “Markaz”dan yuborilgan partiya xodimlari va huquq-tartibot idoralari vakillaridan iborat “desantchilar guruhi” amalga oshirdi. Ammo ularning qonli pichog'ini qayrab bergan mahalliy arboblar ham oz emas edi.

Bularning barchasi, tabiiyki, o'zbek xalqi, ayniqsa, ziyo­lilarning g'azab va nafratiga duchor bo'ldi.

1984 yil iyul oyida “Mushtum” jurnalida frontchi shoir Zohidjon Obidovning “Arslonning o'limi” masali bosilib chiqdi va butun O'zbekistonda g'uluv qo'zg'adi.

…“Arslonning o'limi” Markazkom byurosida g'oyaviy qo'poruvchilik sifatida muhokama qilindi. Zudlik bilan tashkiliy choralar ham ko'rildi.

Jurnal faoliyatida kechirib bo'lmas siyosiy xatoga yo'l qo'ygani uchun bosh muharrir Ibrohim Rahim, bosh muharrir o'rinbosari Olim Qo'chqorbekov, adabiyot bo'limining mudiri Ne'mat Aminov va uning xodimi, asar muallifi Zohidjon Obidov ishdan haydaldi.

“Mushtum”ning o'sha soni barcha kutubxona va matbuot do'konlaridan yig'ib olindi. Bu she'r XX asr “Zarbulmasal”i o'laroq shuhrat topdi. Kechagina o'rtamiyona she'rlar yozib yurgan Zohidjon Obidov umummilliy qahramonga aylandi.

Hayotda ijtimoiy adolat doim ham qaror topmasligi mumkin, ammo ilohiy adolat bundan mustasno: Sharof Rashidovning xotirasini oyoqosti qilganlar ko'p o'tmay o'zlari xor bo'ldi. Qay birlari ishdan olindi, qay birlari qamaldi, yana ba'zilari urilib-surilib, sharmandalikka uchradi.

 

Muallif: Xayriddin SULTON.

Batafsil o'qish uchun quyidagi havola yoki QR kod orqali veb-saytga o'ting:

 https://Oyina.uz/kiril/article/266

 

Armonlarning yuki ezsa, kulib o'laman… —

ShAROF BOShBEKOVNING “FEYSBUK”DA QOLGAN FIKRLARI

Sharof Boshbekov turli to'dalarga qo'shilmasdan, manfaatlar to'qnashuvida murakkab rollarni ijro etmasdan (chunki teatr sahnasida o'ynagan rollari bas edi unga), birovga malol kelmay deb qisinib-qimtinib (holbuki, bu dunyoda mavjudliging kimlargadir xalaqit berib qolar ekan), o'zicha yashab, o'zicha ijod qilib o'tdi (“Mening muchalim yo'lbars”).

Shunday katta dramaturg biz bilan zamondoshligini birov bildi, birov bilmadi. Oxirgi yillarda “Feysbuk” ijtimoiy tarmog'ining hadisini olib, kuydiradigan-kuldiradigan fikr-mulohazalari bilan kunda-kunora ko'rinish bera boshlagach, minglab muxlislari yana ijodkorni topib oldi. Bundan quvonchini bildirgan ko'p edi.

“Sh”dan boshlanuvchi buyuklar” hangomasiga maddohlikning juda inja yo'lini topibsiz, degan hazilnamo izoh qoldirganimda, nozik ishorani ilg'ab jig'ibiyron bo'lib qolgani esimda. O'ylab qarasam, oltin yaloqqa bosh suqmay, boriga qanoat qilib, qo'l uchida yashab o'tayotgan ijodkorni bundan ortiq tahqirlab bo'larmi?!

Sharofsiz dunyoda Sharof Boshbekovning internet sahifalaridan quyidagi yozmishlari, kechmishlarini to'pladik.

* * *

Men tug'ilmasimdan oldin bu dunyoning rasvosi chiqib bo'lgan ekan. Mening sirayam aybim yo'q.

* * *

Men odamlarning baxshisi, baxshilarning yaxshisi ustoz Fozil Yo'ldosh bilan deyarli hamqishloq edim. “Deyarli” deyishimga sabab qishloqlarimiz yonma-yon, juda yaqin edi. Ayni qish. Fozil ota “Ko'mir, o'tin-cho'pdan qiynalib qoldim, uyimdan chakka tomyapti, hech kim xabar olmaydi”, deb Yozuvchilar uyushmasiga, Oliy Sovetga, Markazqo'mga ustma-ust shikoyatlar yozaveribdi. O'sha paytdagi Oliy Sovet Prezidiumi raisi Sharof Rashidov yangi yilni kutib olish uchun Samarqandga boradi. Qaytishda “Oqsoqoldan bir xabar olib ketaylik”, deb Fozil otaning uyiga kirib o'tadi. Baxshining xonadonida hurmatli mehmon sharafiga qo'y so'yilib, katta ziyofat beriladi. Qishloqning boobro' odamlari qatorida bizning otamiz ham aytiladi (otamiz o'sha paytlar “Qoramo'yin” qishloq sovetida kotib bo'lib ishlaganlar). Allohning qudrati bilan o'sha kechasi qalin qor yog'ib, uy eshiklari ochilmay qolgan, mashinani ko'mib yuborgan (otamizning aytishlaricha, “ot yurolmas qor bosgan”). Mehmonlar yana bir kecha qolishga majbur bo'lishadi. Vaqt yarim kechadan oqqanda qo'shnilardan biri derazani chertib:

— Boshbek aka, o'g'illi bo'ldingiz! — degan xabar olib keladi.

— Nima ism qo'yasiz, Boshbekboy? — deydi Fozil ota.

— O'zlaringiz bir nima deysizlar-da… — deydi otamiz boshini eggancha.

— Bo'lmasa, hurmatli mehmonimiz sharafiga “Sharof” deb qo'yasiz-da! — deydi baxshi ota va savol nazari bilan Sharof otaga qaraydi…

 

Tayyorlovchi: Farrux JABBOROV

Batafsil o'qish uchun quyidagi havola yoki QR kod orqali veb-saytga o'ting:

https://Oyina.uz/kiril/article/2457

 

“Jurnallarning eng birinchisi va yaxshisi…”

…Sarlavhadagi e'tirof Abdulla Avloniyga tegishli. Uning to'liq ko'rinishi quyidagicha: “Bu jurnal “Oyina” chiqquncha chiqqon jurnallarning eng birinchi va yaxshisi edi” (Abdulla Avloniy. Burung'i o'zbek vaqtli matbuotining tarixi // “Turkiston”, 1924 yil 24 iyun).

O'zbek milliy matbuotida jurnalchilikka asos solgan inson Mahmudxo'ja Behbudiy hisoblanadi. Nashrning nomlanishi muqovada — arab, o'zbek, fors va rus tillarida yozilgan: “Mir'ot”, “Ko'zgu”, “Oyina” va “Zerkalo”.

Behbudiy Samarqand viloyati harbiy gubernatoriga yozgan arizasida jurnalni o'zbek, tojik va rus tilida chiqarishga izn so'ragan. Lekin mustamlakachilar tilida faqat e'lonlar berilgan. Aftidan, ruschani ham qo'shgani Behbudiyning arzi ijobiy hal bo'lishida muhim rol o'ynagan.

“Oyina”ning ilk soni 1913 yil 20 avgust kuni “Samarqand” gazetasining 37-soni bilan barobar chop etilgan. Bu haqda “Samarqand”da “Arzi tuhfa” sarlavhasi ostida shunday so'zlarni o'qish mumkin: “Samarqand” jaridasining barcha mushtariylarig'a iydi sa'id munosabati-la ushbu raqam ila “Oyina” majallasi “Samarqand” idorasi tarafindan ojizona tuhfa yuborildi. Qabuli marju'dir”.

…“Oyina” o'z nomiga yarasha ish olib bordi. Bo'lib o'tgan va sodir bo'layotgan, kutilayotgan voqea-hodisalarga munosabatini muntazam bildirib turdi, ularning mazmun-mohiyatini mushtariylarga tushuntirishga harakat qildi.

Behbudiy, avvalo, o'zi hammaga ibrat bo'lib dolzarb maqolalar yozdi. Jurnalni varaqlasak, sara publitsistik asarlar muharrirga tegishli ekanini ko'ramiz: “Ikki emas, to'rt til lozim” (1-son), “Mayda qarz, mulki kredit” (1-son), “Millatni kim isloh etar?” (12-son), “Oh, bonklar bizni barbod etdi” (19-son), “Turkiston tarixi kerak” (38-son) kabi tahliliy maqola, publitsistik asarlari fik­rimiz dalilidir.

…Chor Rossiyasi nashri bo'lgan “Turkiston viloyatining gazeti” esa milliy jurnalda chop etilgan fikrlarga qarshi chiqishlarni ko'paytiradi. “Oyina”da ham bu gazetadagi munosabatlarga munosib javob berib boriladi. Masalan, “TVG”da mahalliy xalqqa “sart” degan tamg'a bosishga harakat qilinadi. “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat” gazetalari yopilishiga bosh bo'lgan missioner N.Ostroumovning puch da'volariga Mahmudxo'ja Behbudiy “Sart so'zi majhuldir” (“Oyina” jurnali, 1914 yil, 22-26-sonlar) maqolasi bilan asosli e'tiroz bildiradi.

“Oyina” jurnali tahririyati faoliyati doimiy nazoratda saqlangan. O'zbekiston Markaziy davlat arxivida bizga dalil bo'lgulik ko'pgina hujjatlar bor. Masalan, Turkiston harbiy okrugining shtab boshlig'i imzosi bilan Samarqand viloyat harbiy gubernatoriga 1914 yil 19 avgust kuni 100-raqamli xat yuborilgan. Mazmuni shundan iboratki, Birinchi jahon urushi davrida “mahalliy matbuotda Rossiya manfaatiga zid maqolalar paydo bo'lishi mumkinligi bois” Turkiston harbiy senzurasi Samarqanddagi nashrlarni nazorat qilib turishni shtabs-kapitan Otayevga topshiradi. “Oyina” jurnali korrekturasi uchun ko'chirma (ottisk)dan jurnal bosmadan chiqishiga ikki kun qolguncha yuborilishi bosh muharrir zimmasiga yuklatiladi. Behbudiyni harbiy okrugga chaqirtirib, ushbu “o'ta maxfiy xat” ostiga “O'qidim va ma'lumot uchun qabul qildim”, deya imzo chektirishgan.

…Nashrni Rossiya va musulmon Sharqi ziyo­lilari mutolaa qilishgani to'g'risida ma'lumot mavjud. Behbudiyning shogirdlaridan biri Hoji Muindan qisqacha iqtibos: “Oyina” xalqni uyg'otish uchun yaxshig'ina xidmat etdi… “Oyina” Turkistondan boshqa Totoriston, Kof­koz, Afg'oniston, Eron, Turkiya va Misrgacha tarqalar va har yerda suyib o'qilur edi” (Hoji Muin. Samarqand matbuotining tarixi // “Zarafshon” gazetasi, 1923 yil 23 iyun).

Mahmudxo'ja Behbudiy o'z mablag'i hisobidan ochgan, ko'z nurini to'kkan, qalb qo'rini bergan “Oyina” jurnali millat qayg'usi, yurt ozodligi va xalq ma'rifati uchun kurash maydoniga aylangan nashrlar avvalida turadi.

Muallif: Halim SAIDOV,

filologiya fanlari doktori.

Batafsil o'qish uchun quyidagi havola yoki QR kod orqali veb-saytga o'ting:

https://Oyina.uz/kiril/article/107

 

REKTOR MUTOLAASI

Sherzodxon QUDRATXO'JA “Otamdan qolgan dalalar” romanini o'qishni tavsiya qildi

O'zJOKU rektori, professor Sherzodxon Qud­ratxo'ja hamma o'qishi kerak deb bilgan kitoblar ro'yxatini e'lon qilib, talabalarni bo'sh vaqtdan to'g'ri foydalanishga chaqirdi. Ro'yxatga o'zbek va jahon adabiyotining durdona asarlari, soha bo'yicha qo'llanma va motivatsion kitoblar ham kiritilgan.

Milliy adabiyotimizdan:

  • Abdulla Qodiriy — “O'tkan kunlar”;
  • Tog'ay Murod — “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Otamdan qolgan dalalar”;
  • Odil Yoqubov — “Ko'hna dunyo”…

Jahon adabiyotidan:

  • Fyodor Dostoyevskiy — “Telba”, “Jinoyat va jazo”, “Aka-uka Karamazovlar”;
  • Erix Mariya Remark — “Uch og'ayni”;
  • Gabriel Garsia Markes — “Yolg'izlikning yuz yili”, “Oshkora qotillik qissasi”…

 

Batafsil o'qish uchun quyidagi havola yoki QR kod orqali veb-saytga o'ting:

http://Oyina.uz/kiril/article/413

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 4 =