Asronlar şuʼlasi

Şerzod Komil XALIL

Bolalikning közlarida dunyo sirli tuyuladi. Yillar ötgan sayin ulğayib, biz bu sirlardan mosuvo bölib boramiz. Qalbu qörimizga maʼno baxş etgan, biz ilğab yetmagan sirlar falsafasi özining mavjudlik şakllarini boy berib, mistik olamimizdan ğoyib böladi. Asronlar şuʼlasining bu taxlit ğoyib bölişi ratsional aqlning ong sferalarimizda töliq muvaffaqiyat qozonişi bilan boğliqmi yo boşqa hayotiy omillarning aks-sadosi bormi bu yerda, amaliy tajribada buni kuzatiş imkonsizdek, nazarimda. Işdan keyin Moskvadagi “Fox Pub” derazasi oldida Braziliyaning bir finjon “Samba” kofesini içgança, endi men bu haqda öylab, şom böşliğiga tikilarkanman, bugungi kunning ham quruq va hissiz ötganini va ilgari har bir kunlarim nihoyatda jozibali bölganligini xotirim zamiridan ötkazaman.

Yöqlik qaʼriga uçib ketgan yillar tarix nazdida qarib borgan sari negadir ardoqli va jozibali körinaveradi. Kim bilsin, balki u yillarda xotiralarimiz qolgani uçun şunday tuyularmikan?! Bir kun kelib, bu yillar ham qumga singgan suvdek xotiralarga aylanadi. Öşanda men qanday holatda bölaman (bölamanmi özi?!), bilmayman, ammo erta bir kun yo umrning şomida bu kunlarni ham, ehtimol, ajib bir orziqiş bilan eslarman?! Menga şunday tuyuladiki, har doim ham mavjud kunlarning baxtli daqiqalari qadrini anglayvermayman. Bu kunlar ötib ketgandan keyin aççiq nadomat va orziqiş bilan eslayman negadir. Hayotning har bir daqiqasi, atrofimizdagi odamlar, tabiat, quşlar va umuman, jamiki borliq, biz yaşab turgan olamimiz aslida qançalar qadrli ekanligini öz vaqtida bilganimizda edi, bu qadar mutakabbirlik va şakkoklik qilmagan bölar edik. Boşqa tomondan esa, bugungi bölayotgan aççiq solnomalar könglimizning ötmişdagi şirin xotiralarini yodga tuşirişi bilan bizni mavjudlikning beşafqat ekzistensial olamidan biroz bölsa-da çalğitadi. Batahqiq, insoniyat sivilizatsiyasi eng yuqori çöqqiga çiqib borgan sari tubga qulaş vahimasi ham könglimizning bir çetida simillab turaverar ekan. Bir yoqda uruşlar va geosiyosiy xurujlar avj olgan, etnik millatçilik va imperialistik daʼvolar yana uyğongan, korrupsiya, şovinizm, diniy radikalizm boş kötargan, boşqa tarafda qoloq mamlakatlar oziq-ovqat inqirozi tufayli oçarçilik arafasida turgan, qurğoqçilik, iqlim özgarişlari, pandemiyalar, diktatorlarning çek bilmagan hadlari ğulğula qilgan, qurollaniş poygasi davom etayotgan va tiranlarning yadro uruşi bilan pöpisa qilayotgani har qanday ratsional tafakkur egasini nigilistik xayollar tomon yetaklab ketsa ajab emas. Ammo umid eng sönggi lahzagaça mavjud ekan, optimist bölişga özimizda kuç topişimiz kerak. Bunga özimizni, atrofdagilarni, insoniyatni işontirişimiz lozim. Sayyoramizni yamlamay yutayotgan raqobat iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar uçun moddiy boyliklarni köproq va yana köproq jamğarişga undasa, rivojlanayotgan va qaşşoq mamlakatlar odamlariga bu — kun keçiriş va tirik qoliş uçun mehnat qiliş, işlaş va yana işlaşni, yaşaş va maʼnaviy hayot haqidagi beozor dilemmalarga nisbatan ironik ertaklarga nisbatan tuğiladigan şubha tuyğusi uyğotadi.

Sirasini aytganda, dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari bilan uçinçi dunyo mamlakatlari örtasida yaşaş va kun köriş tubdan farqlanadi. Boşqa tarafdan esa, yaşaş hissi sanoatlaşgan jamiyatlarda farovonlikning mavjudligi şaroitida ham vaqt yöqligi, iş bilan boğliq munosabatlar hayotimizdagi soatlarning juda katta qismini yeb qöyayotganligi bilan xarakterlansa, qaşşoq mamlakatlarda tirikçilik taşvişlari farovonlikka erişişga emas, faqat kun köriş va oçlikdan ölmaslik uçun iş izlaş, işlaş va butun faoliyatni şu taqsimotga yönaltiriş bilan belgilanadi. Xöş, bunday şaroitda biz qaçon yaşaymiz?.. Orzu va ideallar haqida, sanʼat va madaniyat haqida bir-birimiz bilan qaçon gaplaşamiz?! Iş va yana iş, har kuni iş, u nafaqat vaqtimizni yutadi, soğliğimizga putur yetkazadi, odamlar bilan iliq munosabatlarimizga çek qöyadi, sanʼat va fan bilan şuğullanişga imkon qoldirmaydi.

Iş tufayli biz bu hayotga kelişimizning sababçilari bölgan ota-onalarimizga eʼtibor qarata olmaymiz, oilamizga kam vaqt ajratamiz, bolalarimiz taʼlimi va tarbiyasi bilan şuğullanişimizga yetarli imkoniyatimiz bölmaydi. Iş tufayli biz sevgi va döstlik riştalaridan uzoqlaşamiz, niyat va orzularimizni unutamiz, ijod faoliyati va ratsional fikrlaş qobiliyatidan uzilamiz va yana şunga öxşaş qançadan-qança hayotimizning maʼnosi bölgan jihatlardan mosuvo bölamizki, buning örnini heç qanday işlaş evaziga keladigan moddiy taʼminot bilan töldirib bölmaydi. Odamlar xuddi çumolilar kabi işxonalar deb ataladigan mehnat lagerlariga şoşadi, ertadan-keçgaça butun quvvatlarini sörib olayotgan vampir idoralarga ijodiy energiyalarining oxirgi tomçisigaça topşirib, oqşom qönayotganda horib-çorib faqatgina uxlaş va ertangi işga tayyor bölişlari uçungina uylariga qaytişadi. Ha, iş tufayli biz muammolarimizni hal qilarmiz, farovonlikka intilarmiz, ammo butun faoliyatimiz davomida hayotimizning maʼnosini işga bağişlaş, mehnatni inson hayotining mazmuniga aylantiriş va şunga işoniş qalb halovati uçun qançalar işonarli va adekvat hisoblanadi?! Menda bu savollarga javob yöq…

“Fox Pub”da şu kabi öylar oğuşida ötirarkanman, biroz oçiqqanimni sezaman. Çiroyli ofitsiant qizga meksikança burger buyurtma qilaman. Bu yengil hazm böluvçi taom menga yoqadi. Oşpazlar tez tayyor böluvçi bu kabi fastfudlarni juda xuştaʼm qilib tayyorlaşadi. Unda yumşoq qiymalangan lahm mol göşti, haqiqiy inglizça çedder pişloği, tuzlangan bodring, sarimsoq va rayhon aralaştirilgan pomidor salati, guakamole sousi va maydalangan çili qalampiri qöşilgan böladi. Aççiqroq, ammo juda ajoyib taʼm. Axir hayotning taʼmi ham şunday emasmi?! Uning aççiqliklari qalbga azob berayotgan şu quruq va hissiz kunlar, xuştaʼmliklari esa öşa ötmişning biz bugun soğinadigan olis yillariga öxşaydi. Men ötmişning öşa ğaroyib tonglarini soğinaman — yulduzlarning sirli şuʼlasi puşti osmon toqiga botib ketgan, billur bodroq kabi kök şoxida qolgan oxirgi yulduz — çölponga hayrat va nadomat bilan tikilgan bolalik va yoşlikning tonglarini qömsayman. Men quyoşning çiqişini kutgan, namozşom gullarining gulbarglarini yopib olişini kuzatgan, maysazorlarning sokin şovullaşini qalb qöri bilan anglaydigan poeziya hayotimning eng dilbar vaqtlari bölgan damlarni soğinaman. Maktabdan keyin avval litseyda, söng universitetda öqigan davrimda, men butun vaqtimni zohidona miskinlik va eski kitoblar hidi ufurib turadigan kutubxonalarga borib, hayot va odamlar haqidagi kitoblarni öqişga bağişlardim. Sevgilim bilan hayotning gaştini surib, parklarda aylanib yurardik, işqning masrur lahzalaridan sarmast bölib, soatlab suhbatlaşardik, öta soddalikday körinadigan bu otaşin damlarni endi soğinadi odam. Pulim tugaganda, men uyga xat yozardim. Tuğilgan göşam olis Iskanaga Toşkentdan uzun maktublar yuborardim. Pul uçun işlaş kerakligini, uni faqat işlab topiş mumkinligini öylamasdim öşanda. Axir bizning yoşligimizda dunyo butunlay boşqaça edi. U paytlar hali bizning jamiyatda mobil telefonlar kirib kelmagan, kompyuterlar hayotimizning bir qismiga aylanmagan, internet dunyoni egallamagan, hamma narsa toş qotgan suv rangidek sodda va tabiiy bölgan davrlar edi. Biz şunday zamon va makonda yaşagandik. Ijtimoiy tarmoqlar haqida tasavvur bölmagan, plastik kartalar yöq bölgan, elektron poçta xizmati mavjud bölmagan paytlar edi bizning davr. Özgarişlar juda tez bostirib keldi. Avvaliga totalitar tuzum quladi. Marks, Engels va Leninning yonma-yon boşlari aks etgan portretlar axlat qutilarga uloqtirildi. Mamlakatlar ozodlikka çiqdi. Mustaqillikning oğir va sabotli kunlari keldi. Pul almaşdi. Şunga qaramay, millatlar tezda özini önglab ola boşladi. Bozorlar Xitoyning arzon aşqol-daşqollari bilan tölib-toşdi. “Montana”, “Adidas”, “Salamander” kabi brendlar urf böla boşladi, keyinçalik bu kabi biznes brendlarining oxiri körinmadi. “Coca-Cola”, “Pepsi” va alkogol içimliklarning turfa navlari kirib keldi, filtrsiz oddiy “Astra” sigaretini çekadigan jamiyat tamaki mahsulotlarining xilma-xilligidan boşi gangib qoldi.

Öşa paytlarda magnitofon kassetalari urfdan qola boşladi. Madaniyat klublariga kelib körsatiladigan plyonkali oq-qora tasvirli kinolardan putur ketib, rang tasvirli disklar kirib keldi. Kinoklublar zalning içidan qamalib körsatiladigan uyatsiz filmlarni tarğib qila boşlaşdi. Bu kabi boşboşdoqliklarning barçasi milliy sanoat rivojlanmagan uçinçi dunyo mamlakatlariga xorijdan import qilindi. Dunyo şu tariqa köz öngimizda sehrini yöqota bordi. Kiyiniş va moda juda tezlik bilan özgarib borardi. Özgarişlar tölqinining bu taxlit oqimiga könikmagan odamlar şoşib qoldi. Eski qadriyatlar qadrsizlandi, yangilarini esa tutib qoladigan tutumlarini anglab oliş oson bölmadi. Ğoyalar va mafkuralarning plyuralistik oqimlari milliy mafkurani yaratişni taqozo qilardi, ammo yaratilgan mafkura va mavjud maʼnaviyat davr talotumlari va hayot oqimidan orqada qolib ketdi. Postsovet davlatlarda demokratiya va şarqona avtokratizm uyğunlikda yaşay boşladi, kapitalistik munosabatlar esa ijtimoiy himoyaga muhtoj jamiyat qatlamlari hayotida iqtisodiy omillarni birlamçi pozitsiyaga aylantirib, maʼnaviy dunyoqaraşni boşi berk köçaga kiritib qöydi. Odamlarni kitobga jalb qiliş va adabiyotga qaytariş yuzaga kelgan barça tadrijiy jarayonlardan keyin qanday kontekstda rivojlanişini bugun endi heç kim aytib bera olmaydi. Istiqbol qanday bölişi oldindan aytilgan futurologik başoratlar har doim ham özini oqlamasligini ötgan yillar davomida kördik. Hozirgi siyosiy va ekologik dunyoning ertasi haqida “Fox Pub”da meksikança burger isteʼmol qilib, “Samba” kofesini içayotgan odam — muhojirotdagi mendek yozuvçi voqeliklarning şunday tus olişini ilgari öylab körganmidi?! Axir men butun umr Kyerkegor kabi, asosan, öz şahrimdan çiqmasdan yaşaşni orzu qilardim. Taqdir esa mening hayotimni butunlay boşqa özanga burib yubordi. Öz hayotining ertangi kunini köra olmagan odam insoniyat taqdirining istiqbol özanlarini qayerdan ham bilsin?..

Şu lahzalarda menga yaqinroq stolga mallasoç bir xuşbiçim rus qizi kelib ötirdi. Çiroyli ofitsiant qiz esa undan buyurtma oliş uçun yoniga bordi. Qiz qisqiçbaqa va avakado qöşib tayyorlanadigan salat va italyança burger buyurtma qildi. Bu kabi burgerda çedder pişloği örniga motsarella qöyişadi, Örta Yer dengizi havzasida maşhur bölgan rukkola salati va yana allambalolar qöşişadi. Mallasoç qiz qandaydir notaniş içimlik ham ayttirdi, quloq solganim yöq. Telefonimga kelgan allaqanday “SMS” xayolimni böldi, şekilli. Ha, dunyo şunday özgarib ketdi. Ilgari hammamiz maktublar yozardik, keyin elektron poçta çiqdi. Natijada eski poçta xizmati deyarli tanazzulga yuz tutdi. Poçtaga hojat qolmadi deyarli. Endi esa elektron poçta haqida ham, ehtimol, şunday deyiş mumkin. Ulardan qulayi biz uçun “SMS”lar ekani ayon böldi. Audio va video qönğiroqlar ilgari biz uçun yangilikday tuyulgan “skayp”dan gaplaşişga çek qöydi. Uzun maktublardan köra, odamlar iş köpligi va vaqt tanqisligi tufayli qisqa “SMS”larni maʼqul köra boşlaşdi. Axir qisqa “SMS”larga bir nazar solişning özi kifoya. Ötmişni eslab, umrimning asronlari şuʼlasiga xayol şu taxlit tortib ketaverar ekan, endi mening ham xuddi Murakami kabi özimga yozilgan uzun maktublarni öqigim keladi, ammo muhojirotda ularni menga heç kim yozmaydi…

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan