Qalbi daryo inson

Butun olam tortishish qonuni ko'pdan ma'lum. Organizmning hujayralardan tuzilganligi, spektral analiz, turlarning kelib chiqishi, energiyaning bir turdan ikkinchi turga aylanishi va saqlanishi qonuni. Shunday sharoitda tut, eman, sur yog'och, po'pak, do'mbira, qo'sha tor, ipak va inson vujudining o'zaro zanjirbandligini birovlar biladi, birovlar bilmaydi.

Aslida ham tirik organizmlarning barchasi et-tirnoq. Ipak inson tanasiga suvday singib ketadi. Aytadilarki, oq tut mayizini yegan odam qirq yil xastalik yuzini ko'rmaydi. Oq tut yerdagi zaxni kamaytiradi, tuproqdagi tuzni o'ziga tortib oladi. Uning bargi ipak, tanasi do'mbira bo'ladi. Ipak esa kapalakning, ipak qurti urug'ining hosilasi. Bu hosila baxshilar do'mbirasining tori, qizlarimizning ekologik bebaho libosi, yigitlarimizning beqasam to'ni, yurak, buyrak, jigar va boshqa inson organizmini biridan ikkinchisiga ko'chirishda foydalaniladigan  salomatlik posbonlarining eng ishonchli ipi.

SURATDA: Ustoz Toshtemir TURDIYEV Surxondaryo viloyati hokimi Ulug'bek QOSIMOV bilan.

Denovlik shoir Xushboq Rahimning “Zanjirband dunyo yoxud Toshtemir” asarida aytmoqchi bo'lgan maqsadi bitta:

U sirdosh va darddosh do'sti, Denov tuman Ma'naviyat-targ'ibot bo'limi rahbari, filologiya fanlari nomzodi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, “Do'stlik” ordeni sohibi, yigirmadan ortiq kitoblardan tashqari Xushboq baxshi Mardonaqul o'g'lidan “Alpomish” dostonining surxondaryocha variantini yozib olib, uni qayta-qayta nashr ettirishni uddalagan, hassos shoira Ra'no Uzoqovaning allaqaerlarda sochilib yotgan she'rlarini to'plab kitobxonlarga taqdim etgan tadqiqotchi, tinib-tinchimas olimga “Zanjirband dunyo yoxud Toshtemir” deb nomlangan asarini bag'ishladi. Doston qism yo boblarga bo'linmagan, biroq mazmuni bir-biriga mustahkam bog'lanib ketgan yuzga yaqin she'rlardan iborat.

Albatta, bu dunyoda do'st ko'p. Do'stlashgan ko'p. Lekin hamma shoirlar ham Xushboq Rahim misoli do'sti haqida she'riy dos­ton yozmagan bo'lishi mumkin. Sababi, Prezident Shavkat Mirziyoyev so'zlari bilan ayt­ganimizda, “…haqiqiy olimlik, haqiqiy ijodkorlik — bu igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli ish. Buni bilgan odam biladi, bilmagan bilib olishi zarur”.

Haqiqiy shoirlar she'r, dostonni shunchaki ermak uchun, birovlarga yoqish uchun, obro' orttirish yo biror ta'ma ilinjida, buyurtma bilan yozmaydi. Chunki she'r, doston muayyan tayyorgarlik, bilim va ilmiy izlanishlar natijasida, beixtiyor qalbda qo'zg'aladigan ajib isyon, tartiblashgan tuyg'ular tufayli tug'iladigan his-hayajonlarning ko'ngildagi qo'shig'i. Bu qo'shiq mazmun-mohiyatini qay maqomda, qay darajada kitobxonga yetkazish mualliflarning mahorati va mehnati darajasiga mos va munosib bo'ladi.

Shoir Xushboq Rahim yuqoridagi asarini yozish uchun uzoq yillar tayyorgarlik ko'rdi. Tuman, viloyat, respub­lika miqyosidagi gazeta va jurnallarda maqolalar e'lon qildi. Bizlar tadqiqot jarayonida “Sharq ziyo­­si” gazetasida berilgan Xushboq Rahimning “Talabalik davri — toshdagi bitik”, “Toshtemir Tosh­temir-da…” deb nomlangan maqolalaridan foydalandik. Ularda sinchkov kitobxonlar dos­ton qahramonining ichki va tashqi qiyofasi bilan muayyan darajada tanishadi. Dos­ton Prezident Shavkat Mirziyoyevning katta bir anjumanda aytgan “…ma'naviyat fidoyisi Toshtemir Turdiyev kabi ilm-fan namoyandalari nomlarini alohida ta'kidlash o'rinlidir” so'zlarini yodga tushiradi.

Insonning yuragi javohir to'la sandiqqa o'xshaydi. U har kimning oldida ochilaveradigan dasturxon emas. Shu ma'noda Toshtemir Turdiyevning go'daklik va bolaligiga aloqador, lekin kimdir biladigan, kimdir bilmaydigan ikki voqeani aytsak, zora “to'qlikka sho'xlik” qiluvchi ba'zi bir yoshlar uchun ular ibrat, saboq maktabi bo'lar…

Doston qahramoni Toshtemir Turdiyev 1942 yili Denov tumanidagi To'xtamish qishlog'ida tug'ildi. Momosi Hayitgul Aliqulova (1889-1957) chaqaloqqa toshday-temirday uzoq umr ko'rsin, chidamli va irodali bo'lsin deb, “Tosh­temir” ismini qo'ydi. Ammo u oylik chaqaloqlik paytida otasidan ayrilgan edi. Urushga ketgan  Turdi To'rayev (1914-1943) nemis-fashist gazandalariga qarshi janglarda vafot etdi. Onasi Menganor To'rayeva (1915-1952)dan esa 9 yasharligida  ajraldi. Akasi Ahmad (1939) bilan go'dak holida Hayitgul kampirning qaramog'ida qoldi. Beega, bequt, huvillagan hovlida nima yeb, nima ichib kun ko'rganini hech kim emas, hatto uning o'zi ham bilmasdi. Lekin olti yoshida akasi Ahmadning qabatida qishloqdosh­lari molini boqqani, har kuni mol egalaridan “Oshihalol” tilagani yodida. “Oshihalol”. O'zbek tilining izohli lug'atiga qaraymiz: “Halol mehnati bilan topilgan ovqat. Cho'pon yoki podachining mehnati evaziga oladigan oziq-ovqat, noni”. Oshihalol. “Oshihalol” aytganlarni o'ylab, sizlarni bilmadim-u, mening yuragimdan quyidagilar o'tdi”, — deydi asar muallifi Xushboq Rahim.

 

O'tgan lahza podalarday izga qaytmas,

Yurti boyning dasturxoni yopilmaydi.

Yer yuzida tariqdan ko'p tovlamachi,

Keng jahondan oshihalol topilmaydi.

Yo'qda borday yor-yor aytgan kuychi

                                            bobom:

— Oshihalol!

 

Ha, oshihalolning tagida mehnat va non topish zahmati yotadi. U yashash uchun og'ir kurashlarning yo'li. Ayni tobda insoniyat tarixi oshu non, kiyim-kechak, uy-joy va ma'naviy ehtiyojini qondirish uchun ommaviy kurashlar tarixidir. Bu bilan poda boqish­lar, oshihalol bilan kun o'tkazishlar ayb emas, lekin bolalik bosqichiga ko'tarilmagan olti-etti yoshli go'dakning mol haydab, dala-dashtda yarim yalangoyoq, kun bo'yi yurishlari qanchalar mashaqqatli ekanini anglash, his qilishning o'zi bo'lmaydi. Nachora, osmon yiroq, yer qattiq:

 

Sigir, qo'y changitgan ko'cha changidan

To'yingan ko'krakda changdan ko'p nola.

“Oshihalol” tilab hovlima-hovli

Somonday sarg'aygan podachi bola.

Ustoz Toshtemir Turdiyevning hayot yo'li ko'p­lab ijodkorlarni ilhomlantirgan.

Jumladan, taniqli jurnalist, adib Olim Toshboyev Toshtemir Turdiyev haqidagi “Ko'ngil odami” essesida shunday yozadi:

“…Odamga tug'ilgan yeridan aziz narsa bo'lmaydi. To'xtamish — kindik qonim to'kilgan joy. Bu qishloqda, asosan, yuz (juz)lar yashaydi. Ko'p bo'lmasayam tojik birodarlarimiz bilan qo'ng'irot og'aynilar ham bor. Olti oyligimda otamiz urushga ketib, qaytib kelmagan. Qora xatni bag'riga bosgan onam bechora boshqa turmush qilmadi. 9-10 yashar paytim onam ham vafot etdi. Ahmad akam bilan momomiz, tog'alarimiz qo'lida qoldik. Bizlar ota degan so'zni ishlatmaganmiz. Lug'atimizda bunday so'z bo'lmagan. Akam bilan odamlarning xizmatini qilib, qishloqning molini boqib katta bo'ldik. “Oshihalol” degan gaplarni eshitganmisiz? Siz bilan gap­lashayotgan odam oshihalol olgan. Oshihalolning qo'shiqlari yodimda bor.

Suruv-suruv qo'y haydagan boylari ko'p,

Uyurida biya bilan toylari ko'p.

Yo Hindikush, yo Himolay, yoki Pomir,

Darasidan sharqiragan soylari ko'p.

Daralardan bo'ylab o'tgan qo'ychi

                                            bobom:

— Oshihalol!..

Momom bechora: “Olma, bolam, kerak emas…” deb yig'lar edi. Ko'nglim buzilib: “Momo, men axir odamlarning molini boqib keldim”, der edim. E-e, yetimning ko'rgan kuni qursin! To'xtamishdagi maktab yetti yillik edi. Momom pishirgan oltita nonni jelagimning orqasiga solib, Xo'jasoatdagi maktab­­ga borganman. O'ninchi sinfni Xo'jasoatda bitirdim. Buxoroga o'qishga ketdim. Bir yil sirtdan o'qidim. Qishlog'imizdagi maktabda dars beraman deng. Akam armiyadan kelgandan so'ng ruxsat olib, qaytadan kunduzgi bo'limga kirdim. Institutni bitirib, qadrdon joyim — “Chag'oniyon” gazetasida ishladim. Ko'p besaranjom yigit bo'lganman. Qarsillatib tanqidiy maqolalar, felyetonlar yozar edim”.

…Umr daryo kabi shoshqin deganlari rostdir. Yillar o'tdi. Toshtemir Turdiyev o'smirlik bosqichiga ko'tarildi. U Ikkinchi jahon urushidan so'ng urushda halok bo'lganlar farzandlari uchun tashkil etilgan maxsus maktabda o'qiy boshladi. Maktab To'xtamish qish­log'idan uzoq. Qolib o'qiydi. Uyga haftasiga bir marta keladi. Uydan maktabga besh dona momosi tandirda yopgan nondan olib qaytishi shart. Uyda esa un bo'lsa, o'tin yo'q. O'tin bo'lsa, un…

Har hafta non uchun bola Toshtemir To'xtamish qishlog'ining pastu balandidan cho'pchak, ya'ni tandirda yoqiladigan mayda xas-cho'p, shox-shabba teradi. Cho'pchak ham anqoning urug'i. Bir kuni noiloj xo'jalik bog'i hududiga cho'pchak terish uchun o'tdi. Yetimlikdan uzoq, yo'qlikka batamom begona, kimsan, falonchi rahbar uni ko'rib qoldi. Ot bilan quvib bolani shunchalik qamchiladiki, tasodifan Toshtemir jarga qulamaganda oqibati yanada ayanchli bo'lishi mumkin edi. Bu voqeaga 60 yildan oshdi. Biroq o'sha sobiq rahbarning yovuz jahli Toshtemir akaning yuragidan, o'sha qamchilarning achchiq zahri uning suyagidan hamon ketganicha yo'q. Eslasa, beixtiyor uh tortadi. Shoir Xushboq Rahim esa do's­tiga tasalli berganday yozadi:

SURATDA: Toshtemir TURDIYEV rafiqasi Risolatxon opa bilan. 1980-yillar.

Ezgulik qaytadi, yomonlik ham tez,

Muhtojni qaqshatgan amaldor ham ot.

Otlarda ne nuqson, g'arib yurakning

Qarg'ishi urdimi?.. Irib o'ldi zot.

Ha, o'sha mushtumzo'r kimsa kunlardan bir kun bedavo dardga yo'liqqan ekan. Tuman xas­taxonasida uzoq yotadi. Toshtemir aka uni ko'rgani boradi. Ko'nglini ko'taradi. Uzoq umr va sog'liq tilaydi. “Yaxshilik qil, daryoga ot, baliq biladi, baliq bilmasa Xoliq biladi”, qabilida ish tutadi. Bu fazilat Toshtemir akaning kechirimliligidan, bag'rikengligidan, iymon va ma'naviyati balandligidan darak.

O'tgan yili mustaqilligimizning 32 yilligi sarhisob qilindi. Mamlakatimizda viloyat, tuman ko'p. Ulardan qaysi birida nech­ta O'zbekiston Qahramonlari chiqdi. Aksariyat tumanlarda undaylardan bitta ham yo'q. Denov tumanida esa besh nafar O'zbekiston Qahramonlari bor. Denovda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor qizlar soni ham yuqoridagidan kam emas. Navbat kutayotgan da'vogar qizlarning soni barmoqlar sonidan ko'p. Ular denovliklar jismoniy mehnati, Toshtemir Turdiyevga o'xshash mardu maydonlar madaniyati va ma'naviyati butunligining rad etish mumkin bo'lmagan belgilaridan.

Chag'oniyon tarixi “Turon”, Turkiston, Qang' davlati, ne-ne shaharlar tarixidan qadimiyroq, keksaroq bo'lsa, keksa, lekin yosh emas. Unga akademik, tarix fanlari doktori Edvard Retveladze, tarix fanlari nomzodi Bahodir Turg'unov, uning ustozi akademik Galina Pugachenkova va boshqa qadimshunoslar tomonidan Denov hududidagi tepalardan izlab topilgan tarixiy qadriyatlar guvoh. Akademik E.Retveladze bejiz “Denov 3-3,5 ming yillik tarixga ega” deb yozmagan edi. Eng muhimi, yuqoridagi arxeolog mehnati, ahvolidan ko'z-quloq bo'lgan, ular bilan o'rni kelganda yonma-yon turgan, ular bilan shomdan oppoq tonggacha suhbatlar qurgan, yurt tarixidan ilmiy dalillarga g'uj-g'uj, maqtansa va maqtasa arziydigan asarlar yozgan tuman rahbarlaridan biri bu — Toshtemir Turdiyev bo'ldi.

Ish ma'naviyati boy, iymoni butun, bilimdon ustasidan qo'rqadi. Yurti uchun hayot-mamot janglarida jonini qurbon qilgan ota farzandining fazilatlari ayni shunday bo'ldi. Fazilat ham suyak suradi, gen bilan bog'liq bo'lar ekan.

O'tgan yillar davomida xizmat yuzasidan mamlakatimizda bormagan viloyatim, ko'rmagan tuman va kirmagan ko'cham qolmagan. Ayrim xo'jaliklar dala shiyponining eshigi nech­ta, derazasi qaysi tomonga qaraganligigacha yodimda. Biroq shuncha yillar orasida Denovday ma'naviy jarayon va adabiy muhitga biron marta bo'lsin, to'qnash kelmagan ekanman. Denovda Toshtemir Turdiyev ishxonasiga kirsangiz, dastlab ko'zingiz javondagi joy-joyiga terib qo'yilgan kitoblar­­ga, ayniqsa, uzoq-yaqin bosmaxonalardan endigina keltirilgan turli kitob-qo'llanmalarga tushadi…

Xona devorining kitob javoniga ro'baro' tomonida denovlik ijodkorlardan ellikdan ortig'ining rangli rasm va ism-familiyalari. Ulardan biri shoir, biri yozuvchi, biri musiqashunos. Ular orasida o'n yoshli qizchadan saksonni qoralab qolgan nuroniylargacha bor. Toshtemir Turdiyevning qo'llari ko'ksida “Xush kelibsiz”, “Marhamat, o'tiring”. Salomdan keyin birinchi so'zlari tanish uchun ham, notanish kishi uchun ham “Ulug'im”. “Ulug'im, keling, marhamat…”

Toshtemir Turdiyev qabulxonasidagi mahalliy ijodkorlar joy olgan devoriy kitobat shunchaki ko'rgazma yoki rasmiyat uchun emas. Undagilar ham dalada, ham maktabda ishlashadi, ijod bilan mashg'ul bo'lishadi. Yozgan she'r, maqola, hikoyalari Toshtemir Turdiyevning nazaridan o'tadi. Ma'qul ko'rilganlari matbuotda e'lon qilinadi. Shu vajdan bo'lsa kerak, Toshtemir Turdiyev qabulidan, ayniqsa, yoshlarning qadami arimaydi: “Bobo, aziz Ustoz!..”

…Qo'limda Toshkentda 2015 yili “Musiqa” nashriyotida chop etilgan “Chag'oniyon tarannumi” kitobi. Undan saksonga yaqin denovlik ijodkorlarning ijodidan namunalar jamlangan. Ular orasida 2003 yilda Hazarbog' xo'jaligida tug'ilgan Durdona Mallayeva bilan xuddi shu yili Yangi kuch mahallasida tavallud topgan Nargiza Normatovaning ham bir qator she'rlari bor.

Nargiza Normatova “Ustozim” she'rida:

Kitob tutqazib menga

Ziyo sochgan ustozim.

Qalbimizda munavvar

Dunyo ochgan ustozim… —

desa, D.Mallayeva “Vatan” she'rida:

 

Vatan muqaddasdir,

Vatan ulug'vor.

Ayting, bundan oliy

Qanday tuyg'u bor! —

deb yozgan.

“Chag'oniyon tarannumi” to'plamidan munosib joyni egallagan bu 12 yoshli qizaloqlar she'rlarining badiiy saviyasi, tarbiyaviy ahamiyati, ularning asarlari orqali o'z tengdoshlariga ijobiy ta'sirlari ko'lami boshqa masala. Lekin Toshtemir Turdiyevni o'n ikki yoshdan sakson yoshgacha bo'lgan ijodkorlarning boshini bir maqsadda biriktirishi, ularning asarlarini yig'ishi, nashrga tayyorlashi, kitob shaklida mualliflar qo'liga tutqazishi oson ish emas. Bu kabi fidoyilik, jonkuyarlik, yoshlarga mehr Toshtemir Turdiyevning qalbi daryoligini, insonparvarligini isbotlaydi. Denovliklar turmushining moddiy to'kin-sochinligi uchun, ular ma'naviy kamolotining yetukligi uchun tinimsiz kurashayotganini tasdiqlaydi.

Quyidagi bitiklar esa iqtidorli yozuvchi To'lqin Hayit qalamiga mansub. U esselarining birida shunday yozadi:

“…Toshtemir Turdiyevning adabiyot ravnaqiga fidoyiligi faqat yuqoridagilar bilan cheklanmaydi. Yuqorida aytganimizdek, uning surxondaryolik shoira Ra'no Uzoqova haqidagi tadqiqotlari nihoyatda salmoqli. Toshtemir Turdiyev Ra'no Uzoqovaning adabiy jamoatchilik nazaridan yashirin ijodiy faoliyatini qayta tikladi. “Subhidam qaldirg'ochi” degan kitobni chop ettirdi. Ra'no Uzoqovaning qaylardadir gavhar donasiday sochilib yotgan she'rlarini izlab topish, ularni to'plam shaklida chop ettirishda faollik ko'rsatdi. Ra'no Uzoqova tavalludining qutlug' sanalari nishonlanishiga bosh-qosh bo'ldi. Qator ilmiy maqolalar yozdi.

Men necha marta u kishi bilan uchrashgan bo'lsam, hech qachon o'zi haqida biror maqola, ko'rsatuv yoxud eshittirish tayyorlash fik­rini bildirgan emas, aksincha, yo Denov, yo Surxon vohasining olis tarixi, ulug' donishmandlari haqida so'z ochib, ular to'g'risidagi bor haqiqatni xalqimizga yetkazish ishtiyoqida yongan. Shu bois, bu odamga bo'lgan mehrim ortib borgan va sira kamaymagan.

O'sha 1992 yilning avgust kunlaridagi suhbatlar hamon qulog'im ostida maroqli, juda jozibali holda yangraydiki, ustozdan eshitgan bu manbalar esa hech kimni bee'tibor qoldirmagan edi.

— Turon zaminimizdan yetishib chiqib, Yunonistonga borib, eng zukko olimlar bilan bellashgan Anarxassis bobomizning asl ismi nima? Yunon donishmandi Plutarx o'zining “Etti donishmand ziyofati” kitobida bu zot nomini hurmat bilan tilga olgan bo'lsa, Aflotun uni “Etti donishmandning biri” deb ta'rif etgan…

Suhbatdoshimning zavq bilan so'zlashi hayqirib oqayotgan ulug' Amudaryoning zarrin shabadalari bilan uyg'unlashib, qalbimga o'zgacha g'urur va hayajon baxsh etadi. Har bir fikr, manbani e'tibor va suyunch bilan ting­laganim sayin olis moziy butun diqqatimni qamrab oladi.

— “Shohnoma”ning 1003 bayti qaerda yozilganini bilasizmi?!

Toshtemir Turdiyevning quralay ko'zlarida faxr nurlari porlaydi!

Xayollar moziy tomon yeladi.

Daqiqiy! Surxonning qadim shahri — Denovda yashagan shoir!

Suhbatdoshim:

“Binobarin, qadim Chag'oniyonimiz tup­rog'i, uning kishilari tasavvuridagi pahlavonlar shu ma'voda “Shohnoma”ga ko'chgan bo'lsa, ajab emas!” —  deydi iftixor va g'urur bilan.

Daqiqiy — Muhammad Avfiy Daqiqiy, ya'ni “so'zda zukko, ma'noga o'ta shiddat bergani uchun uni Daqiqiy atashgan”.

Tazkiranavislar uni Marvaziy Samarqandiy, Tusiy, Xiraviy nomi bilan, Abu Rayhon Beruniy esa “Balxiy” deb atagan.

Suhbatdoshing dono bo'lsa, maza qilasan!”

“…Bundan bir necha yil burun Surxondaryoning markazi Termizda katta bir madaniy anjuman bo'lib o'tgani ham kechagidek esimda.  Baxshi shoirlar festivalida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalq dostonlarini avaylab-asrash, bunday buyuk meros sarchashmalaridan elimizni, yosh avlodni ko'proq bahramand etish borasida so'z yuritgan Davlatimiz rahbari denovlik Toshtemir Turdiyev haqida ham alohida to'xtalib o'tganligini eshitib, yuragim cheksiz g'ururga, sevinchga to'lgan edi!

Ha, Toshtemir aka shunday faxrlansa arziydigan ziyolilardan biridir. Katta olim, tinib-tinchimas, kuyunchak adibdir.

Yana ko'p bor eshitganmiz: barcha qalam ahlining mehrini qozongan ustoz ularga yuqorida ta'kidlaganimizdek bir gap aytadi: “Men haqimda bir so'z demang, nimaiki yozsangiz, Denov haqida yozing, bizga faqat shu kerak”.

Yurtga mehr, Vatanga muhabbatdan bu!

Bilasiz, Surxon eli katta el. Unda Denovning alohida o'rni bor. Bu joyni bejiz odamlar “kichik Bombey” deb atashmagan-da.

Denovda esa kimlar ishlamagan, kimlar kelib, kimlar ketmagan deysiz. Toshtemir aka ba'zan hazil-chin aralash bir gapni aytib qoladilar: “Denovga bu gal kelgan rahbar 16-si bo'ladi. Yaxshi ishlasa, shu el dardi bilan yashasa, Denov uni boshiga ko'taradi, aksi bo'lsa, o'zidan o'pkalaydi”.

Bunday o'ktamona gapni hamma ham aytmaydi, aytolmaydi!”.

Darhaqiqat, shunday. Yurtimizda, bugunimizda Ustoz kabi insonlar bilan zamondosh ekanligimizdan har qancha faxrlansak arziydi. Suhbatlarning birida surxonlik taniqli ijodkorlardan biri u kishini “Surxondaryoning vijdoni”, deya atagan edi.  Nazarimizda, bu e'tiroflarda mubolag'adan ko'ra haqiqat va xolislik mezoni ko'proq. El suv ichgan ana shunday daryodil insonlarning boriga shukr deysan!

Toshtemir Turdiyev hamisha o'z mehnatidan, erishgan yutuqlaridan zavqlanuvchi ijodkor. Uning tabiatiga maqtanchoqlik, nokamtarlik tubdan begona. Toshtemir aka suvga to'qnash kelsa kechib, toqqa to'qnash kelsa teshib o'tadi. Odamni tanib va topib gapiradi, suhbatdoshiga, lozim bo'lsa, tasalli va ko'tarinki kayfiyat ulashadi. Muhimi, 80 yillik hayotining aksariyat qismini u adabiyot, ma'rifat va ma'naviyatga sarfladi. Yigirmadan ortiq kitob, 200 dan ziyod ilmiy-ommabop maqolalar muallifi bo'ldi.

…U hozirgi kunda ham hayotini ma'naviyatimizga bag'ish­lagan, el-yurtga, Alisher Navoiy hazratlarining so'zi bilan aytganda, xalq g'amiga baxsh etgan inson bo'lgani uchun qutlug' yoshlarda ham xizmat kamarini yechgani yo'q. Bor bo'ling, uzoq yillar nurli chehrangizni ko'rib, oltindan a'lo o'gitlaringizni eshitish hammamizga nasib etsin!

Farhod RAHIMOV,

texnika fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × five =