Mangu satrlar
Iste'dodli shoir Nazar Shukurni yod etib
Xonada musahhihlar bo'limidan kelgan qo'lyozma korrekturasini o'qib o'tirgandim, o'sha vaqtdagi nashriyot ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari Ashurali Jo'rayev telefonda yo'qlab qoldi. Xonalariga bordim. Katta stol yonida boshini biroz egib, kulimsiragancha taxminan 55-60 yoshlardagi oq-sariqdan kelgan, ozg'inroq bir kishi o'tirardi. Salomlashib so'rashgach, Ashurali aka odaticha tomog'ini qirib oldi-da, gap boshladi:
— Xo'sh, ukajon, sizni chaqirishdan maqsad, mana shu qo'lyozmani ko'rsangiz, — u shunday deya ancha semiz qo'lyozmani yonimga surdi va so'zida davom etdi: – O'zim ham o'qib ko'rdim. Yomon emas. “Suvi”ni chiqarib tashlayvering. Ayamang. O'roz akangiz bilan yana ko'rib chiqarsiz.
Ashurali aka aytgandek, qo'lyozma ancha zalvorli edi. Uch-to'rt betini varaqlab ko'rdim. Esselar, she'rlar ekan. “Xo'p”, degandek qo'lyozmani endi olib chiqib ketmoqchi bo'lib turuvdim, Ashurali aka:
— Bu kishini taniysizmi? – deb so'radi u qo'lyozma muallifini ko'rsatib.
— Yo'q, – dedim beparvogina.
— Bu odam sizni yaxshi tanirkan. Akasi bilan bir vaqtlar birga ishlagan ekansiz.
— Bo'lsa bordir. Kimningdir akasi, kimningdir tog'asi yoki ukasi bilan ishlaganman, – dedim biroz kulib. Chunki o'sha paytlarda ayrim mualliflarda shunday odat bor edi.
— Akangizning oti nimaydi? – dedi Ashurali aka mehmonga qarab.
— Nazar Shukur, – dedi O'roz aka ohistagina.
— Nima?! Nazar Shukur dedingizmi? – hayratdan qotib qoldim. – Siz Nazar akaning ukasimisiz?
— Ha, – dedi u go'yo aybdordek va o'rnidan turdi.
Qo'lyozmani stol ustiga qo'ydim-da, quchoqlashib boshqatdan ko'risha ketdik.
— Rostdan ham Nazar akaning ukasimisiz?
— Ha, ha, – dedi O'roz aka shoshilib va ko'z yoshlarini tiyib tura olmadi. Men ham chidab turolmadim. Oradan ancha yillar o'tgan bo'lsa-da, qarshimda men bilgan va hurmat qilgan betakror shoir Nazar Shukurning jonajon ukasi turardi…
Nazar Shukur… Yuzidagi kulgichlari o'ziga yarashgan, ayrim hollardagina jahli chiqadigan, polvonkelbat, sochlari juda qalin, o'rta bo'yli, oq sariqqa moyil bu inson bilan 1983 yilning noyabr oyida paxta terimi payti tanishgan edim. O'sha vaqtlarda shahardagi ishxonalar ham paxta yig'im-terimiga jalb qilinardi. Nazar aka ishga yangi kelganimni bilib, samimiy qabul qildi va o'zi yashayotgan uyga taklif qildi va biz – Nazar Shukur, Muhammad Rajab bilan birga yashay boshladik.
Nazar aka hol so'rab, “Voy, bovurlarim-ey, charchamadinglarmi?” deb hazillashib maza qilib kular, kulganda ko'zlari yumilib ketardi. U, aslida, ancha jiddiy odam bo'lib, tarixni, adabiyotni yaxshi bilardi. Qizig'i, u geografiya fakultetini bitqazgan bo'lsa-da, juda ko'p she'rlari davriy matbuotda ketma-ket e'lon qilinib turishini bilardim. Har kuni kechki payt xonamizda she'riyat oqshomi boshlanar, Nazar aka yangi yozgan she'rlarini o'qib berar va bizdan: “Xo'sh, qalay, bovurlarim?” – deb so'rar, biz o'zimizcha unga baho berardik. Ayniqsa, Muhammad Rajab uning she'rlarining ashaddiy tanqidchisi edi. U qisiq ko'zlarini yaltiratib, she'rlardagi ayrim qofiyalarga baho berar, Nazar aka esa indamay kulib eshitib o'tirardi.
To'g'ri, bu holat doimo shunday kechmasdi. Gohida Nazar akaning jahli chiqib ketar va shunday paytlarda hech o'ziga yarashmagan holatda sigareta tutatar yoki shaxmat o'ynardi. To'g'risini aytganda, u shaxmatda havaskor bo'lgani sabab, asosan, yutqazar va alamini yana she'rdan olardi. Nazar aka she'r yozayotganda tinmasdi va yozgan she'rini qayta-qayta o'qib berishdan erinmasdi. U juda ko'p – “Somon yo'li”, “Ko'kdagi umr”, “Bahor sog'inchi”, “Onamga maktub”, “Bug'doyzor” kabi she'rlarini qayta va qayta ishlar (ba'zilari avvalroq yozilgan bo'lsa-da), ularni kitob shakliga keltirishga harakat qilardi. Uning mashhur “Somon yo'li” nomli she'ri shu tariqa dunyoga qayta keldi:
Somon yo'li. Bosilmaydi bu yo'lning changi,
Uxlamaydi o'tib ketgan karvonlar zangi.
Kipriklarim nayzasiga ilingan osmon,
Shu tig' bilan o'rtasidan tilingan osmon…
Somon yo'li surat yanglig' qoqilgan ko'kka,
Ikki uchi ufqlarga ilingan tikka.
Nazar aka juda oddiy so'zlardan go'zal she'rlar yoza olardi. O'zi yozgan she'rni shunday chiroyli o'qirdiki, eshitgan odam qoyil qolardi. Uning Kumushga aytib yozgan she'rini kechki oqshom vaqtida paxtadagilar ko'p so'rashar, yelkasiga fufaykasini ilib olgan Nazar aka yozgan she'rini berilib o'qir, nazarimda, o'sha mashhur “O'tkan kunlar” qahramonlari uning ko'z o'ngidan birma-bir o'tardi.
Kulfat rangi sachragan yorug'liklar qoraydi,
Qil sig'magan yurakday olam bag'ri toraydi,
Endi Otabek faqat g'ussalarga yaraydi,
O'n to'rt kunlik oy kabi to'lganding,
Kumushbibi,
So'nggi jonga ilinib to'lg'onding,
Kumushbibi…
Qolmadi-ku dunyoda yonib bag'ri butunlar,
Ko'kraklarda tug'ilib, ko'kda o'lar tutunlar,
Chars-churs yonar oromlar bo'lib
g'amga o'tinlar,
Har yurakda “oh!” bo'lib uyg'onding,
Kumushbibi,
So'nggi jonga ilinib to'lg'onding,
Kumushbibi.
Sen kuylarga o'xshatgan seravj
soy ham yig'laydi,
Nuray-nuray yarimta bo'lgan oy ham yig'laydi,
Seni o'zi yaratgan Julqunboy ham yig'laydi,
Nogoh quchgan baxtingday kulganding,
Kumushbibi,
So'nggi jonga ilinib to'lg'onding,
Kumushbibi.
Ayniqsa, “So'nggi jonga ilinib to'lg'onding, Kumushbibi” degan satrini eshitgan davra atrofidagi qizlar bexosdan yig'lab yuborar, men esa manguga bitilgan satrlar insonning qalbiga qanchalar ta'sir etishini va haqiqiy so'z qudratini anglagandek bo'lardim.
Nazar aka paxtani yaxshi terar, qizlarga qarashishdan erinmas, kerak bo'lsa, ular tergan paxtasini ikki yelkasiga olib, taroziga bemalol o'zi ko'tarib olib kelardi.
Nazar akadagi yana bir ajoyib xislat o'zidan katta shoirlar Shavkat Rahmon, Rauf Parfi, Abdulla Sher, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va o'z tengdoshlari Mirza Kenjabek, Sirojiddin Sayyid va boshqalarning ijodini tinimsiz o'qir, tengdoshlarining yutug'idan behad quvonardi. U bag'rikeng, sofdil, samimiy inson edi.
Paxta mavsumi tugab, Toshkentga ishga qaytdik va deyarli kunda Nazar aka bilan uchrashib turardik. 1984 yil uning “Ko'kdagi umr” nomli kitobi G'afur G'ulom nomidagi nashriyotda ko'p ming nusxada chop etildi. O'sha paytda Nazar aka endigina 30 yoshga to'lgandi…
Nazar aka ushbu kitobiga menga shunday dastxat yozib bergandi: “Shoh va shoir ukamiz va afsonaviy kelinimiz Diloromga. Hurmat bilan, N.Shukur”. Men bu kitobni hali-hanuz saqlab kelaman. O'shanda Nazar akaga: “Nega “Shoh va shoir” deb yozdingiz?” desam, kulib: “Navoiydan oldim”, degandi. O'ylab ko'rsam, u “Sab'ai Sayyor” dostoniga ishora qilgan ekan. O'sha yili yana paxtaga birga bordik. Safimiz kengaydi. Mirodil Abdurahmonov va Chori Avaz qo'shildi…
Xotira inson umrini manguga muhrlaydigan lahzalar bo'lgani sabab, o'tmish bilan hozirgi vaqtni o'zida namoyon etadi. Xotira bizning abadiy hamrohimiz va o'chmas izimizdir.
Hozir o'sha davrlarni eslasam, Nazar aka o'zi tiriklik chog'idayoq manguga tatiydigan she'rlar yozib qoldirgan ekan. Oradan yillar o'tib, O'roz Haydar bilan birga “Osmon tashbehlari” nomi bilan Nazar akaning kitobini nashrga tayyorladik. Kitob 2016 yilda “O'zbekiston” nashriyotida chop etildi. Bungacha Nazar akaning ko'p kitoblari nashr etilgandi. Bu Nazar Shukur she'riyatining ixlosmandlariga munosib sovg'a bo'ldi. Ming afsuski, “O'qituvchi” nashriyotida birga ishlagan do'stlarim — Nazar Shukur, Muhammad Rajab va Chori Avaz kabi o'zbek she'riyatining yorqin yulduzlari oramizda yo'q. Ammo ular o'z davrida adabiyotimizga o'zgacha havo, yangi fikr, ijod ohanglarini olib kiroldi. Nazar Shukur esa 1985 yil may oyida avtohalokat tufayli bu yorug' olamdan ko'z yumdi. U hozir hayot bo'lganda 70 bahorni qarshilagan bo'lardi. Nazar aka o'z taqdirini azaldan bilganday bir she'rida shunday yozgan edi:
Bu noravon dunyoda fe'lim izga tushmadi,
Muhabbatsiz, sevgisiz dilim
izga tushmadi,
Aytaman deb haq gapni tilim
izga tushmadi,
Izga tushib yillarim oxir o'ttiz yosh bo'ldi,
Men axtargan narsalar goh bor,
goho dosh bo'ldi.
Hayotda gar qoqilsam, qalam yupanch,
she'r yupanch,
Qilsam neki tanovul manglaydagi
ter yupanch,
Odam ketsa olamdan tuproq yupanch,
yer yupanch,
Nazar, qayg'u-g'amingni ko'taruvchi bosh bo'ldi,
Shundanmi menda bardosh,
goh bir daryo yosh bo'ldi.
Bilasizmi, quvontiradigan va qalbimga taskin beradigan fikr ular yozgan she'rlar asrlar silsilasiga bardosh berib, hanuz yashab kelmoqda. Demak, haqiqiy she'r hech qachon o'lmaydi. Ular ko'kdagi yulduzlar kabi nur sochib turaveradi. Ularni eslasam, quyidagi satrlar beixtiyor dilimdan sitilib chiqaveradi:
Do'stlarim siz, yulduzlarga aylangan,
So'zlaringiz yuragimga joylangan.
Odil so'zni aytish uchun shaylangan,
Yulduzlar — siz, yulduzlar — siz, yulduzlar.
Chaqin bo'lib, chaqmoq kabi yondingiz,
Haqiqatni aytish edi ontingiz.
Haqni debon samolarga qaytdingiz,
Yulduzlar — siz, yulduzlar — siz, yulduzlar.
Farishtasiz, olov jismu joningiz,
Asrlardan o'tar shuhrat-shoningiz.
Qalbda yashar, o'chmaydi hech nomingiz,
Yulduzlar — siz, yulduzlar — siz, yulduzlar.
Nazar solib, Shukur deyman har bir dam,
Muhammadning ummatidir Rajab ham,
Chori Avaz ijodi, ayt, kimdan kam?
Yulduzlar — siz, yulduzlar — siz, yulduzlar.
Onam aytar: yulduzlarning nomi bor,
Nomlaringiz dilda aytaman takror.
Mangulikka ash'oringiz daxldor,
Yulduzlar — siz, yulduzlar — siz, yulduzlar.
Men Bahromman, sizlar uchun jo'raman,
Sizni hatto tushlarimda ko'raman.
Alloh uchun sizni doim suyaman,
Yulduzlar — siz, yulduzlar — siz, yulduzlar.
Bahrom AKBAROV