Buyuk ajdodlar merosi

O'zbekistonda nomoddiy madaniy meros bilan bog'liq masalalarga davlat darajasida katta e'tibor qaratilgan va bu sohadagi munosabatlar bir qator qonun hujjatlari bilan tartibga solib turiladi. Xususan, “O'zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab qo'yilgan maqsadlar orasida nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o'rganish va ommalashtirish bilan bog'liq faoliyatni takomillashtirish borasida alohida vazifalar belgilangan.

Jumladan, maqom, baxshichilik, raqs va teatr yo'nalishlarida kamida 10 ta xalqaro festival va anjumanlar o'tkazish, kamida 3 ta noyob nomoddiy madaniy meros namunasini YuNESKOning xalqaro ro'yxatlariga kiritishga erishish, 30 tadan ortiq nomoddiy madaniy meros elementini chuqur ilmiy tadqiq etish vazifalari belgilangan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 iyuldagi “Ma'muriy islohotlar doirasida madaniyat va turizm sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-114 sonli Farmoniga muvofiq Madaniyat vazirligi huzuridagi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi tugatilib, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 dekabrdagi “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o'rganish va targ'ib qilishni rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ 405-son Qarorida esa institutning asosiy vazifalari belgilab berildi.

Xususan, qarorda institut tizimida uning ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi tarkibiy bo'linmalarida ilg'or ilmiy-tadqiqot va qidiruv ishlarini o'tkazish uchun Etnofolklor laboratoriyasini tashkil etish vazifasi belgilangan.

Mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida institutda Etnofolklor laboratoriyasi tashkil etilib, nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi materiallar, axborot tashuvchi vositalar, etnofolklor ekspeditsiyalarida to'plangan materiallarni zamonaviy formatga o'tkazib borish hamda audiovizuallashtirish bo'­yicha keng ko'lamli ishlarni amalga oshirmoqda.

Jumladan, 2024-2026 yillarda nomoddiy madaniy meros­ni ilmiy o'rganish bo'yicha mahalliy va xorijiy etnofolklor ekspeditsiyalarini tashkil etish rejasiga muvofiq Toshkent shahri, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent va Andijon viloyatlariga mahalliy etnofolklor ekspeditsiyalar uyushtirildi hamda nomoddiy madaniy meros elementlari tadqiq etildi. Mazkur ekspeditsiyalar O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 23 fevraldagi “Nomoddiy madaniy meros muhofazasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to'g'risida”gi 47-son qarorining 1-ilovasida belgilangan “Nomoddiy madaniy meros ob'yektlarining ro'yxatini yuritish to'g'risidagi Nizom”ga muvofiq amalga oshirilmoqda.

2024 yil 25 aprel kuni Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “O'zbekistonda nomoddiy madaniy meros muhofazasi va targ'iboti” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o'tkazildi. Mazkur konferensiyada taniqli olimlar tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish, jamiyatning madaniy-estetik ehtiyojlarini ta'minlash bo'yicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqish, xalq ijodiyoti, badiiy hunarmandchilik, amaliy san'at turlari hamda xalq o'yinlarini ilmiy o'rganish va ularni ilmiy-uslubiy jihatdan ta'minlash, badiiy ijod, madaniyatshunoslik hamda nomoddiy madaniy meros sohasida fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, etnofolklor ekspeditsiyalar uyushtirish, sohada innovatsion texnologiyalarni keng qo'llash kabi masalalarni muhokama etdilar.

Shu yilning 22-24 may kunlari Qozog'istonning Olmaota shahrida YuNESKOning “Nomoddiy madaniy meros bo'yicha davriy hisobotlar tayyorlash Markaziy Osiyo seminari” bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg'iziston va Qozog'istondan ekspertlar va koordinatorlar ishtirok etishdi. Mazkur seminarda institut xodimlari ham bevosita ishtirok etib, YuNESKO tomonidan 2003 yil qabul qilingan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo'yicha xalqaro Konvensiyasiga oid hisobotni tayyorlash borasida malaka va ko'nikmalarini orttirib qaytdilar.

2024 yilning 3-4 iyul kunlari O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan o'tkazilgan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” mavzusidagi O'zbekiston olimlari forumida institut jamoasi faol ishtirok etib, markazda tashkil etilayotgan muzey kontentini takomillashtirish bo'yicha o'z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdilar.

Yaqinda, aniqrog'i, 29 iyunda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi 368-sonli qarori qabul qilindi. Bu xukumatimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e'tibor namunasidir.

Institutning “ichLinks” xalqaro dasturi bo'yicha olib borayotgan faoliyatini alohida e'tirof etish zarur. Dasturning asosiy mohiyati onlayn platformaga nomoddiy madaniy meros bo'yicha keng qamrovli ma'lumotlarni joylash va uni yuritib borishdan iborat. Bu anchagina salmoqli va chinakamiga davlatlararo dastur bo'lib, YuNESKOning Nomoddiy madaniy meros bo'yicha Osiyo-Tinch okeani mintaqasi xalqaro axborot va tarmoqlashuv markazi rahbarligida amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur Kambodja, Hindiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Malayziya, Mo'g'uliston, Singapur, Tojikiston, Vyetnam, O'zbekiston kabi davlatlarda faoliyat olib boradigan maslakdosh hamkasblarni birlashtiradigan ajoyib o'ziga xos bir tarmoqqa aylanmoqda.

Xullas, institut tomonidan nomoddiy madaniy merosni har tomonlama muhofaza qilish, uning namunalarini aniqlash, ro'yxatlarga kiritish, raqamlashtirish, targ'ib qilish va saqlash borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jasurbek AHMEDOV,

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros

ilmiy-tadqiqot instituti Etnofolklor laboratoriya

bo'limi mudiri, t.f.f.d. (PhD), dotsent.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − nineteen =