Navoiy ma'rifati — ma'naviyat sarchashmasi

Alisher Navoiy turkiy so'z qudratini cho'qqiga ko'tardi, e'tiborsizlikka yuz tutgan ona tilimizning qaddini tikladi va turkiy til shuhratini dunyoga yoydi. Natijada dunyo uning asarlari orqali madaniyatimiz bilan tanishdi, xalqimizning bebaho qadriyatlariga ehtiromi oshdi. Navoiyning shogirdi muarrix Xondamir ta'kidlaganidek: “Sultonlar uning asarlariga ega bo'lishga intilar, choparlar yuborib, Navoiydan kitoblar tilar edi va uning asarlarini o'z kutubxonalarining oliy bezagi sifatida ardoqlar edi”.

Mustaqillik davrida Navoiy nomi o'zbek xalqining kimlik tushunchasini ifoda etguvchi milliy timsolga aylandi. Bugungi davrimizda, Yer kurrasining qaysi burchagida Navoiy nomi xotirlansa, albatta, millatimiz, O'zbekiston nomli jonajon vatanimiz tilga olinadi. Navoiy nomi o'z davrida bo'lganidek, bugun ham asrlar osha xalqimizni xalqaro miqyosda tanitish, uning boy tarixi va madaniyati bilan tanishtirishga xizmat qilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Yangi O'zbekiston milliy g'oyasi, Uchinchi Renessans haqidagi orzu-umidlari va ularning ro'yobi yo'lida olib borayotgan mardonavor harakatlari Hazrat Navoiy armonlari bilan hamohang. Shu ma'noda, Alisher Navoiyning adabiy merosini xalqaro miqyosda targ'ib etish, ayni paytda dunyo xalqlarini davlatimiz va xalqimizning ezgu intilishlaridan xabardor etish, milliy madaniyatimizni xorijiy mamlakatlarda targ'ib etish ishlari bilan uyg'un ekanini anglatadi.

Bu borada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti zimmasiga bir qator vazifalar yuklatilgan va bu tabiiy. Dunyoda o'xshashi yo'q, milliy tilimiz va adabiyotimizni o'rganishga ixtisos­lashgan universitetning Alisher Navoiy bobomiz nomi bilan atalganining o'ziyoq universitet zimmasidagi asosiy vazifalar qatorida bobokalonimizning g'oyalarini amalga oshirish, xalqimiz madaniyatini, o'zbek tili va adabiyotini xalqaro miqyosda targ'ib etish kabi ulug' missiya borligini anglatadi.

2016 yil universitetning ochilish marosimida Davlatimiz rahbari universitet yoshlarining ma'naviy tarbiyasi va har tomonlama yetuk, vatanparvar mutaxassislar tayyorlash bilan bir qatorda xorij o'lkalarida milliy madaniyatimiz, ona tilimiz va adabiyotimizni targ'ib etish ishlariga mas'ul bo'lishini ta'kidlagan edi. O'tgan yillar davomida qabul qilingan bir necha Prezident farmonlari va qarorlarida universitetimiz buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-adabiy merosi bilan dunyo xalqlarini yaqindan oshno qilish, soha olimlarini xorijdagi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan yaqin hamkorligini ta'minlash ishlariga bosh bo'lishi haqida bir qator vazifalar belgilab berildi. Shuni ta'kidlash joizki, ushbu vazifalar ijrosi yo'lidagi sa'y­-harakatlar bir paytning o'zida universitetning xalqaro miqyosda tanilishi va e'tirof etilishiga sabab bo'ldi.

Ilgari o'zbek olimlari tashqi ilmiy makondan batamom uzilib qolgan, muhim yangiliklarga boy tadqiqotlaridan xorijlik mutaxassislar bexabar bo'lib, dunyoning mashhur tilshunos olimlari yig'ilib turadigan xalqaro konferensiyalarga, bitta-yarimta o'zbek olimi tasodifan qatnashib qolishini hisobga olmasak, o'zbek tili va adabiyoti tarixi masalalari o'zbek mutaxassislari ishtirokisiz muhokama qilinardi. Universitet tashkil etilgach, muntazam ravishda yo'lga qo'yilgan o'zbek tilshunosligi, adabiyotshunosligi va tarjimashunosligi masalalariga bag'ishlangan xalqaro konferensiyalar dunyo turkologlarining e'tiborini o'ziga tortdi, o'zbek adabiyoti do'stlari klubi doirasida shoirlar va adiblar o'rtasida yaqin aloqalar o'rnatildi, o'zbek tili va adabiyoti, tarjima ishlari bilan shug'ullanuvchi xorijlik mutaxassislar bilan tez-tez xalqaro davra suhbatlari va seminarlar o'tkazish an'anaga aylandi. Bir so'z bilan aytganda, universitetimiz tilimiz va adabiyotimizning dolzarb muammolarini xorijliklar bilan birga ko'rib chiquvchi jahoniy markazga aylandi. Dunyo o'zbek olimlarini tanidi. O'zbek olimlari dunyoga chiqdi. Universitet tomonidan 2016 yildan beri har yili fevral oyida bobokalonimizning tavallud kunlari arafasida o'tkazib kelinayotgan “Alisher Navoiy va XXI asr” uluslararo konferensiyasida turli davlatlardan, jumladan, AQSh, Fransiya, Koreya, Germaniya, Vengriya, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Afg'oniston, Eron, Shvetsiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston olimlarining muntazam ishtirok etib kelayotgani buning dalilidir.

Konferensiyalarga tayyorgarlik jarayonlarida ma'lum bo'lishicha, turli davlatlarda o'zbek adabiyoti, xususan, Navoiy ijodi bilan bog'liq tadqiqotlar olib borish istagida bo'lgan yosh olimlarning soni tobora ortib bormoqda. Toshkentdagi konferensiyaga kelishni istaydigan, ammo turli sabablar bilan qatnashish imkoniyatiga ega bo'lmaganlar ham ancha ekanligi ko'rindi. Ana shunday olimlar uchun imkoniyat yaratish va barcha mamlakatlardagi navoiyshunoslarning o'zaro hamkorligiga erishish maqsadida 2023 yildan e'tiboran “Alisher Navoiy va XXI asr” uluslararo konferensiyasini O'zbekistondan tashqarida o'tkazib borish rejalashtirildi. 2023 yil Bokuda o'tkazgan konferensiyamiz biz to'g'ri yo'lni tanlaganimizni ko'rsatdi. Ozarbayjonning turli viloyatlarida faoliyat ko'rsatib kelayotgan olimlarning o'zbek olimlari bilan muloqoti o'zbek-ozar ilmiy-adabiy hamkorligi tarixida yangi sahifa ochdi. Yangi nomlar kashf etildi, O'zbekiston va Ozarbayjon olimlarining yaqindan tanishuvi natijasida keng qamrovli xalqaro hamkorlik ishlari boshlanib ketdi.

O'tgan haftada “Alisher Navoiy va XXI asr” uluslararo konferensiyasi Turkiyaning qadimiy Bursa shahridagi Uludag' universitetida o'tkazildi. Ushbu nufuzli anjumanda Turkiyaning deyarli barcha ko'zga ko'ringan navoiyshunos olimlari faol ishtirok etdilar. O'zbekistondan tashrif buyurgan navoiyshunos olimlar bilan muloqotda ular Alisher Navoiy hayoti va ijodini o'rganish va targ'ib etish bo'yicha O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarni katta qoniqish bilan kuzatayotgani va birgalikda hamkorlik qilishga katta umid bildirganlari bizni quvontirdi.

Konferensiya doirasida Turkiyada Alisher Navoiy ijodini o'rganish, o'zbek xalqi madaniyati va san'atini targ'ib etishga umrini bag'ishlagan 21 nafar olim va jamoat arbobiga Davlatimiz rahbari ko'rsatmasi bilan universitetda ta'sis etilgan “Alisher Navoiy” ko'krak nishoni topshirildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 yanvardagi “Xorijiy davlatlarda O'zbekiston tarixi va madaniyati, o'zbek tili va adabiyotini o'rganishni keng targ'ib qilish orqali turistlar oqimini ko'paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori universitetimiz tomonidan xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan ishlarni yanada yuqori bosqichga ko'tarishga turtki berganini alohida qayd etish lozim.

Prezident qaroridan ayon bo'ladiki, yurtimizning boy ilmiy, tarixiy, madaniy va ma'naviy merosini o'rganishga qiziqish yuqori bo'lgan xorijdagi ta'lim va ilmiy tashkilotlarda universitetimizning Alisher Navoiy nomidagi markazlarini ochish mamlakatimiz imijining yuksalishiga xizmat qilishi, xorijdagi turli ijtimoiy qatlamlar orasida, yoshu qari nigohida O'zbekiston atalmish ertaksimon jannatmonand o'lka haqida yorqin tasavvur uyg'otishi, uning ilmiy-intellektual salohiyati, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko'lamdagi islohotlar haqida ma'lumotlar bilan ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilning 8 fevral kuni Davlatimiz rahbari tashabbusi va ko'rsatmasi asosida Turkiyaning qadimiy poytaxti Bursa shahrida joylashgan Uludag' universitetida Alisher Navoiy nomidagi o'zbek tili va madaniyati markazining ochilishi Prezident qarori ijrosining amaliy ifodasi bo'ldi.

Markazda so'z olgan turkiyalik davlat va jamoat arboblari tomonidan keyingi yillarda O'zbekis­tonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, mamlakatda hukm surayotgan ochiqlik siyosati xorijliklarning Vatanimizga bo'lgan qiziqishlari ortishiga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi va ikki mamlakat o'rtasidagi ilmiy-adabiy, ma'rifiy va madaniy sohalardagi yaqin hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashda ushbu markazning ahamiyati katta bo'lishi ta'kidlandi.

Markaz O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o'zbek tilini rivojlantirish jamg'armasi tomonidan ajratilgan ilmiy, adabiy va siyosiy adabiyotlar bilan ta'minlandi, O'zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi yordamida jihozlandi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan markazda muntazam ravishda qadimiy va zamonaviy turkiy tillar, turkiy xalqlar adabiyoti bo'yicha ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi yosh olimlar, tarixchilar, etnograflar uchun ma'ruzalar tashkil etish, o'zbek shoirlari va yozuvchilari, san'at sohasi vakillarining uchrashuvlarini o'tkazish, shuningdek, yangi O'zbekistonning madaniy yuksalish qirralariga bag'ishlangan turli tadbirlar tashkil etishga qaratilgan rejalari qatnashchilarga ko'tarinki ruh bag'ishladi. Markazda o'zbek tili kursining onlayn va oflayn formatda tashkil etilishi haqidagi xabar Turkiyada istiqomat qilayotgan o'zbek vatandoshlarimiz, shuningdek, o'zbek tilini o'rganishga katta qiziqish bildirayotgan turk yoshlarini nihoyatda quvontirdi. Qolaversa, markaz ikki universitet o'rtasida o'qituvchilar va talabalarning o'zaro tajriba almashinuvi uchun ham xizmat qiladi. Shuningdek, bu yerda turk qardoshlarimiz va Turkiya yoshlari O'zbekiston haqida, uning tarixi, buguni va ertasi xususida “O'zbek akademiyasi” elektron platformasi orqali keng ma'lumot olishi uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi.

Universitet mazkur yo'nalishdagi ishlarini davom ettiradi va kelgusida ko'plab xorijiy mamlakatlarda buyuk ajdodimiz nomi bilan ataluvchi markazlarni tashkil etib, xorijliklar, xorijdagi vatandoshlar uchun o'zbek tili, madaniyatini o'rgatish, targ'ib qilish borasidagi faoliyatini yanada kengaytirib boradi.

Alisher Navoiy o'z asarlarida tinchlik va osoyishtalik, el-yurt manfaati uchun yashash kabi umumbashariy qadriyatlarni, adolat va poklik, vatanparvarlik, do'stlik va sadoqat, kamtarlik kabi insoniy fazilatlarni targ'ib etgan va barkamol badiiy obrazlarda mujassam etgan ulug' murabbiydir. Davlatimizning bag'rikenglik, tinchliksevarlik va bahamjihatlik siyosati, jahon hamjamiyati qarshisida millatimiz obro'sini ko'tarish, tilimizning Vatanimizdan uzoq-uzoqlarda ham e'zozlanishi va u orqali madaniyatimizga alohida ehtirom ko'rsatilishiga erishish yo'lidagi sa'y-harakatlari buyuk bobokalonimiz nomi bilan ataluvchi o'zbek tili va madaniyat markazlari doirasida o'z natijasini ko'rsatishi shubhasiz.

Shuhrat SIROJIDDINOV,

Alisher Navoiy nomidagi

Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti

universiteti rektori,

akademik.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − three =