Jadidlar merosi Turkiyada ham keng o'rganilmoqda

Jadid ziyolilarimiz mumtoz adabiyotimiz tarixini puxta bilgani holda, jahon adabiyotidan ham yaxshi xabardor bo'lganlar. Sharq adabiyoti, xususan, turk, ozarbayjon, tatar adabiyotini muntazam kuzatganlar. U yoqlarda chop etilayotgan matbuot bilan tanishib borganlar. Shular ta'sirida o'zlari ham jurnallar nashr qildira boshladi (“Taraqqiy”, “Oyina”, “Sadoyi Turkiston” va boshqalar). Har bir ziyoli, ijodkor o'z ma'naviyatini yuksaltirish uchun jahon adabiyotini va san'atini kengroq o'rganishga harakat qilishi tabiiy. Ammo jadidlarimiz jahon adabiyotini teran o'rganib, o'zbek adabiyoti, san'atini rivojlantirishda andoza olishni o'ylaganlar. XX asrning birinchi choragidagi adabiyotimizda shakl va mazmun jihatdan keskin burilish bo'lgani buning misoli. Jadidlar adabiyotda sifat o'zgarishi qilib, adabiyot, ta'lim orqali xalqni ma'rifatli qilish, ma'naviyatini, maorifini yuksaltirish uchun harakat qildilar.

Mustamlaka zulmidagi o'sha yillarda o'zbek ziyolilari uchun turk madaniyati, adabiyoti bir yorug' tuynuk edi. Jadidlar ijodida “Vatan”, “millat”, “hurriyat” mavzularining bo'rtib (dominant) turishida turk, tatar ijodkorlarining, matbuotining ta'siri bo'lgani shubhasiz. Ilm, ma'rifat orqali xalqning ko'zini ochib, jaholatdan qutulishni Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Hamza va boshqa ilg'or adiblarimiz yaxshi his qilganlar. Mashhur yozuvchimiz Abdulla Qodiriy 1925 yil “Maorif va o'qituvchi” jurnalining 4-sonidagi “Turkiya matbuoti” maqolasida bu haqda shunday yozgandi: “Biz ham aytamizki, bugun Sharq olami, ayniqsa, yangi turk dunyosi ishqi mamnux, mohi siyohlarni va ularning muharrirlarini emas, Yahyo Kamollarni, Robindranat Tagorlarni ko'rmak istaydilar… Rafiq Xolid, Xolida Adib, Yahyo Kamolning bugungi hayotni va muhitning aksi bo'lg'on asarlari kerakdir”. Chunki turk adabiyotida ma'rifatparvarlik Yevropa adabiyotining, ko'proq fransuz adabiyotining ta'sirida birmuncha ilgari — XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlangandi. G'arb adabiyoti ta'siri sezila boshlagan davrni turk adabiyotshunoslari o'z navbatida uchga bo'ladilar:   Tanzimot adabiyoti, Adabiyo­­ti jadida, ya'ni jadid adabiyoti, XX yuz yil adabiyoti (jumhuriyat e'lon qilingunga qadar).

Turk matbuoti, ayniqsa, “Turk yurti” va “Sarvati funun” jurnali Turkistonda mashhur bo'lib, bizning jadidlarimizni turk va Yevropa adabiyoti bilan tanishtirishda o'rni muhimdir. Qo'qondagi Hamza muzeyida “Sarvati funun” jurnalining ko'plab sonlari va Fuat Ko'prulining asrimiz boshida e'lon qilingan “Turk adabiyoti” kitobining saqlanishi fikrimiz dalilidir. Matbuot, rus-turk urushida asir olingan va O'rta Osiyoda surgunda o'qituvchilik qilgan turk zobitlari, ayniqsa, tilning yaqinligi ziyolilarimizni turk madaniy hayoti bilan tanishtirishning asosiy omillaridan bo'lgan. Abdulhamid Cho'lpon Turkiyadagi voqealarga bag'ishlab she'rlar, Tovfiq Fikrat singari shoirlar haqida maqolalar yozsa, Abdurauf Fitrat, Hamza va yana bir qancha o'zbeklar Istanbulda birmuncha vaqt tahsil olganlar. Hamza “Dorulvoizin”da o'qigan. Hamzaning chet ellardagi hayoti hamzanavislar tomonidan ozmi-ko'pmi o'rganilgan.   Izmirda, Istanbulda bo'lgan Hamza turk tarixi, madaniyati bilan qiziqqanligi shubhasiz. Hamza Hakimzoda Niyoziyning epistolyar merosi — xatlarida turk tilida yozilgan xatlar bo'lishi bilan birga, Turkiya hayotiga oid ma'lumotlar ham bor. Hamzaning 1919 yil 21 martda Hamidxon afandiga yozgan maktubining orqa betida “Tal'at afandi” haqidagi pyesaning rejasi keltirilgan.   Tal'at afandi 1908 yilning 3 iyulidagi yosh turklar inqilobini amalga oshirganlardan biri bo'lib, asr boshidagi Turkiya siyosiy olamida ta'siri kuchli edi. Tal'at afandi, Anvar poshsho, Javdod poshsho yosh turklar inqilobidan so'ng siyosatdagi asosiy arboblardan edilar. Bizningcha, Hamza Tal'at afandi shaxsi misolida, XX asr boshidagi Turkiya hayoti haqida asar yozmoqchi bo'lgan, ammo nima sababdandir amalga oshirilmagan. Turk adabiyoti, madaniyatini yaxshi bilgan Hamzani Turkiyada shoir sifatida qanchalik bilishadi? Hamza hayotligida turk matbuotida asarlari e'lon qilinganmi-yo'qmi, bu biz uchun hozircha noma'lum. Sobiq sho'rolar vaqtida esa, shoir asarlari turk tilida chop etilgan emas (sho'ro shoirlari haqidagi bir manzuma (antologiya)ni hisobga olmaganda). Istiqlolimiz sharofati tufayli Hamza Hakimzoda Niyoziy asarlari Turkiyada nashr qilina boshladi. U haqida ilmiy maqolalar yozildi va yozil­yapti. “Turk dunyosi” adabiy jurnalining 1996 yilgi 1-sonida fan doktori Temur Xo'jao'g'lining “Zamonaviy o'zbek she'ri” nomli ilmiy tadqiqoti e'lon qilingan. Temur Xo'jao'g'li so'nggi yuz yillik she'riyatimiz tarixini quyidagicha tasnif qiladi:

  1. O'tish davri (1860-1910): Chig'atoy she'riyatidan zamonaviy she'riyatga o'tish.
  2. Jadid (yangilikchi) davri (1910-1930)
  3. Sovet davri (1930-1991)
  4. Mustaqillik davri (1992 yildan so'ng)

Maqolada jadid davrida ijod qilgan shoirlar haqida so'z yuritilarkan, Abdurauf Fitrat, Hamzalarning yangi modern she'r namunalarini yaratganligi alohida ta'kid­lanadi.

“Turk dunyosi” jurnalining o'sha yilgi 2-sonida ham professor Iristoy Qo'chqortoyev va turkiyalik tadqiqotchi Oynur O'zning Abdurauf Fitrat, Hamza, Abdulla Qahhor, Said Ahmad haqidagi maqolalari va asarlaridan namunalar berilgan. Bu maqolada Hamza she'riyati, dramaturgiyasi haqida imkoni boricha kengroq ma'lumot berishga harakat qilingan. “Kim donish bo'lsa”, “Tasvirda”, “Salom ayting”, “Toshbaqa va chayon” she'rlari ilova qilib berilgan. Turkiyada o'zbek she'riyatiga oid birinchi antologiya 1988 yili Irfon Anvar Nasriddin o'g'li tarafidan tayyorlanib, “Hozirgi O'zbekiston she'riyati antologiyasi” nomida Anqarada nashr qilindi. Bu majmuada 50 nafar o'zbek shoirining 98 ta she'ri o'zbek tilida lotin alifbosida va turk tilida qo'sh sahifa qilib berilgan. Antologiya Hamza she'rlari bilan boshlanganligi, ayniqsa, muhimdir. Turkiya matbuotida bu majmua haqida taqrizlar e'lon qilinadi, shu munosabat bilan o'zbek she'riyati haqidagi fikrlar o'rtaga tashlanadi.

1997 yil 4-7 noyabr kunlari Anqara shahrida bo'lib o'tgan turkiy xalqlarning xalqaro anjumanida bir nechta o'zbek olimlari ishtirok etdilar. Professorlar — Laziz Qayumov, Begali Qosimov, Umarali Normatov, kamina va yana ikki kishi. Xususan, professor Laziz Qayumovning “Istiqlol va Hamza” mavzusidagi ma'ruzasi tinglovchilarda Hamza ijodiga yanada qiziqish uyg'otgan edi.

Turkiyada nashr qilinayotgan 30 jildlik “Turk dunyosi tarixi” kitobiga Hamza Hakimzoda Niyoziy hayoti va ijodiga bag'ishlangan maxsus maqola yozildi. Turkiya televideniesining “Somon yo'li” dasturida Hamza ijodiga bag'ishlangan ko'rsatuvlar efirga uzatildi. Bugungi kunda Turkiyaning bir nechta universitetlarida (Masalan, Istanbul universiteti, Anqarada G'ozi universiteti) o'zbek tili va adabiyoti o'qitilmoqda. O'zbek adabiyoti dasturida Hamza hayoti va ijodini alohida o'rganish ko'zda tutilgan.

Jadidlarimizdan Hamza Hakimzoda Niyoziy ijodining Turkiyada o'rganilishidagi muhim jihat Hamza ijodiga, shoir shaxsiga “Yasha sho'roning kuychisi” (garchi Hamza “Yasha, Turon!” deya yozgan bo'lsa-da) sifatida emas, aksincha, millat uchun, xalq uchun qayg'urgan shoir: “Yo millat deb ko'yida o'l, Nihoniy, Yo dunyo deb millatdan uz vafoni” satrlarining muallifi sifatida qaralishidir. Kelajakda shoirning alohida to'plamlari turk tilida nashr qilinishiga, dramalari turk sahnasida o'ynalishiga ishonchimiz komil.

O'tgan yili, aniqrog'i, 2023 yilning 11-12 dekabr kunlari poytaxtimizda bo'lib o'tgan “Jadidlar: milliy o'zlik, istiqlol va davlatchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya jadid bobolarimiz merosini, shaxsini o'rganishda yangi davrni boshlab berdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o'tkazilgan ushbu anjuman XIX asr oxiri XX asr boshidagi jadidlar boshlagan “milliy uyg'onish davri”ning ilmiy o'rganilishi va jadid adiblarimiz ijodini teran tahlil qilishda yangicha qarashga undaydi. Shulardan kelib chiqib, “Jadidlar va jahon adabiyoti” mavzusiga yanada ko'proq e'tibor qilishimiz juda muhimdir.

Adhambek ALIMBEKOV,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

professori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × two =