Sharopova

Stethoscope head lying on medical forms on clipboards closeup while medicine doctor working in background. Health care, insurance and help concept. Physician ready to examine patient
Onam rahmatli tez-tez og'rib turar, salgina tobi qochsa, bizni darhol: “Bor, bolam, Olmos o'g'limni chaqirib kel!” deya ikki minginchi yillardagi qishloq vrachlik punkti shifokori Olmos Qurbonovning uyiga jo'natar va azbaroyi ixlos qilganidan o'sha shifokorning bir dona tabletkasi va chamasi yarim soatcha davom etadigan maroqli suhbatidan so'ng darhol tetiklashib, yana ro'zg'or ishlariga unab ketar edi. Afsus, Olmos Qurbonovning umri qisqa ekan, uzoq yashamadi. Tiriklik olamini juda erta tark etdi. Onam bu shum xabarni eshitib, armon qilib yig'ladi. “Endi men og'rib qolsam, kim dardimga shifo bo'ladi?”, deya kuyinaverib, oxiri to'shakka mixlanib qoldi…
Onamning qazosidan so'ng oradan 12 yil o'tib, men ish jarayonida infarktga uchradim. Avvaliga 8 kun Toshkent viloyat shifoxonasining jonlantirish bo'limida davolandim. Keyin yana 24 kun davomida alohida rejimda yotdim. Ukollardan, oshqozonni kuydirib yuboradigan dori-darmonlardan shunchalik bezib ketdimki, shifoxonadan qochib ketishga majbur bo'ldim. Toshkentdan Samarqandga kelguncha yo'lda uchragan besh-oltita shifoxonaga kirib, qayta-qayta muolaja olishimga to'g'ri keldi. Olti-etti oy rosa azob tortdim. Yurak xuruji ta'siridan to'liq xalos bo'lish uchun yillar davomida Samarqandda va Xorazmda va yana Toshkentda uzoq davolandim. Baribir avvalgi sog'lig'imni, tetikligimni hech kim qaytarib berolmadi. Noiloj, o'zimni taqdirning qo'liga tashladim.
Yanglishmasam, 2022 yilning kuzida nafas olishim qiyinlashib, yuqori qon bosimi bilan Ishtixon tumani markaziy shifoxonasining terapiya bo'limiga keldim. Shifokorlar darhol davolanishim zarurligini uqtirish barobarida roziligimni so'rab o'tirmasdan alohida xonaga yotqizib tashlashdi. To'g'risi, joylashgan xonamning sharoitini ko'rib, ko'nglim xira tortdi. Shifoxonaning old eshigidan kirgan bo'lsam, hech kimga bildirmasdan yon tomondagisidan chiqdim va to'g'ri shu yaqin-atrofda faoliyat ko'rsatayotgan “Estetika med” xususiy shifoxonasiga kirib bordim. Bemorlar juda ko'p ekan. Ro'yxatxonadagi hamshira meni tepasiga “Sharopova” deb yozilgan eshik tomonga yo'lladi.
Biroz kutdim. Navbatim kelgach, anchagina nozik did bilan jihozlangan xonaga kirishim barobarida ko'nglim yorishdi. Bir qarashdayoq har qanday bemorning diqqat-ixtiyorini tortib oladigan chaqqongina shifokor o'rnidan turib, samimiy iltifot bilan o'tirishga joy ko'rsatdi. Salom-alikdan so'ng muddaoga o'tdim. Shuurimda kutilmagan tabiiy ixlos, umid, ishonch paydo bo'ldi shu kez. “Mana endi egasiga tushganga o'xshayman-ov”, degan xayolga bordim. Ammo qo'limda bugunga qadar o'nlab shifoxonalarda davolanganim to'g'risidagi muolaja hujjatlari bo'lsa-da, atay ko'rsatmadim. O'zimcha, shifokorga bu ham bir sinov deb o'yladim. Malakali kardiolog bo'lsa, kasalimni o'zi bilib olar degan ma'noda ish tutdim.
Ertasi kuni dastlabki tekshiruv hamda tahlillar natijalariga zimdan e'tibor qilarkan, Sharopova muloyimlik bilan: “Aka, yurak bilan hazillashib bo'lmaydi, yotib davolanishingiz shart. Hech qanaqa bahona axtarmang. Sog'lig'ingiz kerak bo'lsa, birinchi galda bugundan boshlab zararli odatlarni tashlaysiz”, dedi. Bilimiga, qobiliyatiga, talabiga qoyil qoldim. Yuragimning orqa tomonida infarktdan keyin qolgan chandiqni, yuz metr yurib-yurmay halloslab qolishimni, kun botishi arafasida qon bosimim ko'tarilishini, shovqin-suronga toqatim yo'qligini, tez-tez asabiylashib turishimni, hattoki shu kunga qadar qanaqa ovqatlarni iste'mol qilib kelganimni ham ro'yirost aniqlaganiga hayron qoldim. Shifokorim so'zida qat'iy turdi. Muolajalarni boshlashi bilan hayot tarzimni butunlay o'zgartirishim lozimligini qayta-qayta uqtirdi. Men uchun alohida tartib belgilab, kunlik nazoratni kuchaytirdi. Oradan bir hafta o'tib-o'tmay, sog'lig'imda, ruhiyatimda jiddiy o'zgarish bo'layotganligini his qila boshladim. Qushdek yengillashdim. Birgina men emas, atrofimda bo'lgan boshqa bemorlar ham ushbu shifoxonaga kelgach, bir hafta ichida o'zini bardam his qila boshlaganligini, qator yillardan buyon faqat shu yerda muolaja olishni davom ettirayotganligini aytib, Sharopovani duo qilayotganligiga ko'p marta guvoh bo'ldim.
Mehribon, lekin jiddiy shifokor
Shifoxonada har kuni ertalab, chamasi, to'rt-besh nafar shifokor bemorlarni birma-bir tibbiy ko'rikdan o'tkazishadi. Ulardan biri xulosalarni, natijalarni alohida daftarga qayd etib boradi. Boshqasi muolaja jihozlarini, dori-darmonlarni tartiblab, taxlab ketaveradi. Tabiiyki, ko'pchilik bemorlar o'zlari uchun asosiy ishni bajaradigan Sharopovani havas va hurmat bilan kuzatishadi. U har bitta bemorning yoniga o'tirib dardini eshitadi. Erinmasdan alohida suhbatlashadi, maslahatlar beradi. Hamshiralarning munosabatlari, uchrashi mumkin bo'lgan muammolar haqida so'rashni ham kanda qilmaydi. Shirinsuxanlik bilan bir zumda ichingizga kirib chiqadi.
Aytsam, kim ishonadi, kim ishonmaydi, bilmadim-u, lekin bu yerga yangidan kelgan bemorlarning hayratiga sabab bo'ladigan voqealar juda ko'p. Masalan, hech kim Sharopovaga ismini aytib murojaat qilmaydi. Aksariyat bemorlar do'xtir yoki opajon, singlim, qizim deya munosabatga kirishadi. Faqat men zarurat bo'lganda faqat Sharopova deb chaqiraman. Shunisi qulayroq men uchun. Uning ismini so'rashga botina olmagan paytlarim ham ko'p bo'lgan. Ba'zan o'ylanib qolaman. Shifokorga nisbatan bunday munosabatlarning boisi nimada?
Ehtimol, bunga sabab o'z kasbiga o'ta jiddiy qarashi, bemorlar bilan ma'lum “chegara”da suhbat qurib, so'zlari, maslahatlaridagina emas, balki nigohida ham qat'iylik ifoda etib turishida bo'lsa kerak. Mayli, bu shifokorimiz haqidagi shunchaki taassurotlar. Eng muhimi, so'nggi ikki yarim yil ichida ushbu xususiy shifoxonada besh-olti marta davolandim. Kamida o'ttiz-qirq bor tekshiruvdan o'tdim. Har gal borganimda ismini o'zidan so'rayman, deya xayol qilaman. Qabulidan chiqqanimdan keyin so'rashni unutganim lop etib miyamga uradi. Ushbu maqolani yozish uchun do'xtirga uchrashim barobarida “Sharopova, sizdan ancha muolaja oldim, Ollohga shukr, dardim yengillashdi. Ammo haligacha ismingizni bilmayman-ey. To'g'risi, birgina men emas, boshqa bemorlaringiz ham ismingiz kimligini bir-biridan so'ragani-so'ragan”, dedim. Shifokor jilmaydi. Qo'limga bir parcha qog'oz tutqazib: “Hamida”, deya yozavering gazetangizga”, dedi.
— Ha, demak, Hamida Sharopova siz ekansiz-da! Eshitgan edim. Uchratganiga ham shukur…
Burch mas'uliyati
Tushlikdan keyin shifoxona hovlisida chekib turuvdim, Hamida Sharopova eshikdan chiqib qoldi. Ertalab ko'rishganimizdan qat'i nazar, yana salomlashdi. Sog'lig'imni so'rab, yonimdan tabassum ila o'tib ketdi. Qorong'i tushgach, jiyanim Azizbek menga u-bu narsa olib keldi. Choy ichdik, suhbatlashdik. Shifoxonaning ozodaligiga, batartibligiga uning ham chin dildan havas qilayotganligi shundoqqina yuzida zohir bo'ldi. Gapning mavridini topib: “Sharopova deganingiz yaxshi shifokorga o'xshaydi-ya, tog'a?” dedi nimadandir mamnun bo'lib. Men og'zimni ochishga ulgurmay yonimda yotgan qirq yoshlardagi sherigim jiyanimga bosh barmog'ini ko'rsatib: “Sharopova zo'r!” dedi baralla. Gapining davomida nega shu paytgacha bu shifoxonaga kelmaganligini ham afsus bilan qo'shib qo'ydi.
Jiyanim o'rnidan qo'zg'alib, ketishga hozirlandi. Hovliga chiqqanimizda: “Tog'a, do'xtiringiz sizdan xafa. Zararli odatlaringizni tashlashga va'da bergan ekansiz. Bugun chekayotganingizni ko'ribdi. O'zingizga aytmagan bo'lsa ham, menga siz va sog'lig'ingiz haqida ko'p narsalarni gapirib berdi. Aytganini qiling-da”, deb biroz o'ng'aysizlandi.
Ichkariga qaytib kirganimdan keyin jiyanimdan eshitganlarimni oqizmay-tomizmay, qo'shib-chatmay sherigimga aytib berdim. Sharopova chekayotganimni ko'rib nega aynan o'zimga biror gap aytmaganligini, tanbeh bermaganligini jumboq sifatida ta'rifladim.
— Ey, qanaqa jurnalistsiz o'zi?! — ta'na qildi sherigim zarda bilan. — Nimasini tushunmaysiz? Birinchidan, bu hurmat. Ya'ni shifokorning sizga nisbatan hurmati. Ikkinchidan, bu o'ta ketgan hurmatsizlik. Ya'niki shifokorga, uning mehnatlariga, muomala madaniyatiga siz tomondan ko'rsatilgan hurmatsizlik. Bemorni hadeb tergayvermaslik, uni asrab-avaylash shifokorlarning burchi-ku. Masalan, ertalabki ko'rik davomida Sharopova ikkalamizdan birimizga siz falon yildan so'ng o'lasiz, desa, tabiiyki, umrimiz o'n-o'n besh yilga, balki, undan ham ko'proqqa qisqaradi. O'zimizni o'zimiz botinan kemira boshlaymiz. Biz bemormiz, buning ustiga, yuragimiz chatoq. Do'xtir shuni tushungani uchun chekayotganingizda indamay o'tib ketgan…
O'ylab ko'rsam, hamxonamning gaplari to'ppa-to'g'ri. Shifokorning har bir gapi, maslahati, o'zini tutishi, ichki madaniyati, odob-axloqi, qo'yingki, hattoki qadam tovushlari ham bemorga eng foydali dori-darmon singari ta'sir qilar ekan. Qilig'imdan uyaldim. Chekishim Sharopovaga nisbatan hurmatsizlik bo'lsa, bundan buyon chekmaganim bo'lsin, deya rosa afsuslandim…
Qalb to'kisligi
Uzoq davolanishlardan so'ng tushunganim shu bo'ldiki, shifokor qalbining to'kisligi, uning muomala harorati jamiyat va har qanday jamoa uchun koni foyda ekan. Bemorning oyoqqa turishida ham buning alohida ahamiyati bor. Men Sharopovaning fe'lida ham xuddi shunday xislat — qalb to'kisligi borligini anglab yetdim chog'i, unga nisbatan ixlosim yanada ortdi. Shundan o'zimni tutib olishim oson kechdi. Tuman markaziy shifoxonasi tomonga yo'lim tushsa, albatta, “Estetika med”ga kirib, bu shifokorni bir ko'rib o'tmasam, ko'nglim yarimligicha qolaveradi. Undagi samimiyat, mehr, kasbga fidoyilik, yillar davomida to'plangan tajriba, bemorga nisbatan cheksiz hurmat-e'tibor meni sog'lom inson sifatida qayta oyoqqa turishimga sabab bo'ldi. Shifokorlarga nisbatan munosabatimni butunlay o'zgartirib yubordi.
Yaxshiyamki, tuman markaziy shifoxonasi terapiya bo'limining old eshigidan kirib, yon tomonidan chiqib ketganim. Tortib turgan ekan-da, terapiyadan chiqib to'g'ri “Estetika med”ga kirib boribman. Yaxshiyam, shu kuni Sharopova o'z xonasida ekan. Yaxshiyam, men kelgunimcha hech kim bu shifokorning kayfiyatini buzmabdi. Va yana ming bora tashakkurki, Sharopovaning shifokorlik kasbini tanlaganiga! Ayni pallada nafaqat mening, balki menga o'xshagan ming-minglab bemorlarning shuurida Sharopova to'g'risida iliq fikrlar, samimiy tuyg'ular hamda e'tiroflar kuniga ko'p martalab charx urib aylanishiga zarracha shubha qilmayman. Sharopova hayotda “Sening darding — mening dardim” deya qaynab, oshib-toshib ishlaydigandan. Gapning sarasini aytganda, bunday shifokorni hamma joydan topish mushkul. Ular bir jamoaning, tumanning, qolaversa, bir mamlakat va millatning faxri, iftixori sanalsa ajabmas.
…Shifoxonaga hamma umid bilan davo istab keladi. Yaratganimiz shohidki, hammaning ham umidi birdek ushalavermaydi. Shifoxona eshigidan iltijo bilan mo'ralagan bemor borki, Sharopova singari xushfe'l, izlanuvchan shifokorning qo'liga tushsam deydi. Afsuski, bu ham hammaga nasib qiladigan imkoniyat emas.
Yana o'ylab qoldim. Onam rahmatli qishlog'imizning o'rtasida joylashgan qishloq vrachlik punktining sobiq boshlig'i Olmos Qurbonovga yillar davomida bejiz ixlos qilmagan ekan. Aslida, Olmos Qurbonovgina onajonimning qalbiga yo'l topa olganini yaqinda tushunib yetdim.
Men ham xuddi onam singari bugun faqat Sharopovaga ixlos qilaman. Sog'lig'im masalasida bor umid va ishonchim mana shu shifokordan.
Qo'lingiz dard ko'rmasin, Hamidaxon Sharopova!
Boringizga shukur.
Normurod MUSOMOV,
jurnalist.