Tinchlik taronasi

Deydilar, kuy bilan yaratgan Egam,

Jon ato etganmish Odam zotiga.

Shundan yuraklarga kirsa quvonch-g'am,

Qo'shiq aylanadi dil bisotiga.

Shundan yorishadi ko'ngil xonasi,

Sharq taronasi bu, Sharq taronasi!

 

Derlar, osudalik iqbolga mezon,

Totuvlikdan yashnar Vatanning bog'i.

Qo'shiqqa aylanar zaminu osmon,

Avlodlar orzusi, ajdodlar ohi.

Tinchlikdir san'atning asl onasi,

Sharq taronasi bu, Sharq taronasi!

 

Derlar, til yo millat tanlamas qo'shiq,

Dildagi tuyg'ular ohanglarda jo.

Faqat Mustaqillik, Istiqlol bois,

O'zbek qo'shig'ini tingladi dunyo.

“Munojot”, “Lazgi”ning “yona-yona”si,

Sharq taronasi bu, Sharq taronasi!

 

Derlar, Samarqanddir dunyo sayqali,

Bunda buyuklarning ruhi madadkor.

Bundagi har bir g'isht san'at haykali,

Har bitta koshinda sonsiz qo'shiq bor.

Ma'rifat beshigi, Sharq darvozasi,

Sharq taronasi bu, Sharq taronasi!

 

Ha, katta to'y qilar bu ko'hna zamin,

Qancha elatlarga shu yer oshiyon.

Qo'shiq birlashtirar bugun dunyoni,

Yana Samarqandda jamlanar jahon.

Etti iqlimda ham bor ovozasi,

Sharq taronasi bu, Sharq taronasi!

 

Yor MUHAMMAD.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × two =