Boku va Toshkent o'rtasida allaqachon mustahkam strategik sheriklik munosabatlari o'rnatilgan
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 22 avgust kuni O'zbekistonga boshlangan tashrifi arafasida ushbu mamlakatning etakchi “Trend” xalqaro axborot agentligi “Ozarbayjon va O'zbekiston ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlamoqda — yangi iqtisodiy imkoniyatlar” sarlavhali maqolani e'lon qildi.
“So'nggi yillarda Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlar nafaqat do'stona va yaxshi qo'shnichilik, balki chinakam strategik munosabatlarga aylandi, — deb ta'kidlangan nashrda. — Global o'zgarishlar Ozarbayjon va uning Kaspiy dengizi orqali o'tgan qo'shnilarining turli sohalarda hamkorlikda faollashishiga olib keldi. Bu shunchaki so'z bilan aytganda, strategik sheriklik emas – bu qit'a ahamiyatiga ega real iqtisodiy loyihalar bilan qo'llab–quvvatlanadi”.
Maqola muallifi O'zbekistonni bunga eng yaxshi misol sifatida qayd etgan. Rasmiy Boku va Toshkent o'rtasida allaqachon mustahkam strategik sheriklik mavjud, ikki tomonlama hamkorlikning har bir jihati ularning munosabatlari doirasida muhim ahamiyatga ega. Ikki davlat o'rtasidagi muntazam oliy darajadagi uchrashuvlar o'zaro aloqalar chuqurligini ta'kidlaydi.
Nashrda, shuningdek, Ozarbayjon va O'zbekiston o'rtasidagi yaqin iqtisodiy hamkorlikning asosiy jihatlariga alohida urg'u berilgan.
Qayd etilishicha, 2023 yilda O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasida 500 million dollarlik investitsiya jamg'armasini tashkil etish bo'yicha ikki tomonlama bitim imzolangan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bokuga so'nggi tashrifi chog'ida har ikki tomon jamg'arma kapitalini oshirishga kelishib olgan edi.
“O'zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov joriy yilda ikki davlat qo'shma onlayn tijorat platformasini yaratishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi. Ushbu platforma har ikki davlat biznesiga savdo operatsiyalarini osonlashtirish va qo'shma investitsiya loyihalarini boshlash imkonini beradi. Ushbu onlayn platformani ishga tushirish orqali Ozarbayjon va O'zbekiston tadbirkorlarga munosib sheriklar topish va savdo-iqtisodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratish uchun qimmatli vositani taqdim etishni maqsad qilgan”, — deb ta'kidlagan axborot agentligi.
Bundan tashqari, maqolada iyul oyida Ozarbayjon-O'zbekiston hukumatlararo komissiyasining 13-yig'ilishida ozar-o'zbek o'zaro hamkorligini mustahkamlash bo'yicha yakuniy bayonnoma, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil avgust oyida Bokuga qilgan tashrifi chog'ida “Ozarbayjon Respublikasi va O'zbekiston Respublikasi o'rtasida Oliy davlatlararo kengashni tashkil etish to'g'risida”gi shartnoma imzolangani ma'lum qilingan.
Materialda ikki mamlakatning yetakchi energetika korporatsiyalari — SOCAR va “O'zbekneftgaz” o'zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarish uchun faol ish olib borayotgani haqida ham qayd qilingan. 2023 yilda ular gaz savdosiga ixtisoslashgan qo'shma korxonani muvaffaqiyatli tashkil etishdi. Shuningdek, “O'zbekneftgaz”ning Ozarbayjonda gaz qazib olish loyihalarida ishtirok etishi bo'yicha muzokaralar yakuniy bosqichda.
“Albatta, ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik an'anaviy energetika resurslaridan ham oshib ketadi. Muqobil energiyaga o'tish muhimligini anglagan holda, Boku va Toshkent o'z energiya tizimlariga “yashil” texnologiyalarni integratsiyalash bo'yicha faol ishlamoqda, – deya davom etadi muallif. – Ozarbayjon, O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasida “yashil” energiyani uzatish bo'yicha uch tomonlama kelishuv yaqinda erishilgan eng muhim yutuqlardan biridir”.
Asosiy transport yo'nalishlarida joylashgan Ozarbayjon va O'zbekiston bu borada faol hamkorlik qilmoqda, deb ta'kidlagan xalqaro agentlik.
Maqola yakunida “Ozarbayjon va uning yaqin hamkori O'zbekiston o'rtasidagi joriy va kelgusi qo'shma tashabbuslar yangi transport loyihalarini amalga oshirish, energetika loyihalarini rivojlantirish va umuman, infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan. Ushbu sa'y-harakatlar mintaqani barcha manfaatdor tomonlarga foyda keltiradigan o'zaro hamkorlik markaziga aylantirishga qaratilgan. Shuningdek, ushbu loyihalar hududlararo aloqalarni mustahkamlash va istiqbolli dasturlarni yaratish uchun yangi imkoniyatlar ochadi”, – deb yozadi “Trend”.
“Dunyo” AA,
Boku shahri