Hokim mustaqillik darsini o'tdi

Nihoyat, talabalar orziqib kutgan muborak fasl — yangi o'quv yili ham yetib keldi. Ko'zlarda quvonch, dillarda g'urur va iftixor bilan oliy ta'lim dargohlariga qadam qo'ygan yoshlarning quvonchi o'zgacha kechdi… Ayniqsa, bu yil oliy ta'lim dargohiga o'qishga kirgan — universitetning birinchi kursiga borgan talabalar uchun bu juda hayajonli bo'ldi. Oliy dargohlarning ochilgan eshiklari iqtidorli yoshlar uchun imkoniyatlar beshigi bo'lib tuyulganligi haqiqatdir!

Yangi o'quv yilidagi birinchi mashg'ulotlar “Mustaqillik dar­si” bilan boshlanganligi, mazkur jarayonlarda Vatan haqida buyuk so'zlar aytilganligi bilan yanada haroratli kechdi.

Urganch davlat universitetida bo'lib o'tgan mashg'ulotlarda Xorazm viloyati hokimi Jo'rabek Rahimov ishtirok etib, mustaqillikning saodati, istiqlolni ko'z qorachig'idek asrash, ota-bobolarimiz aziz tutgan Vatanimizning barcha sohalardagi taraqqiyoti, O'zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi obro'-e'tibori haqida gapirar ekan, yoshlar uchun mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlar, oliy ta'lim sohasidagi yangiliklar va islohotlar xususida ham to'xtalib o'tdi viloyat rahbari.

Hokim o'tgan darsdan qoniqish hosil qilgan talabalar Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy tomondan rivojlantirish borasidagi vazifalar va barpo etilgan bunyodkorliklar borasida o'zlarining qiziqishlarini bildirishdi.

Bugungi kunda oliy ta'lim dargohida ulkan o'zgarishlar bo'lganligidan ko'zlar quvondi. Universitetda yangi imkoniyatlar yaratilib, talabalarning bilimini yanada oshirish va ko'ngilli dam olish uchun ham qulayliklar yaratilganligini e'tirof etgan Urganch davlat universiteti filologiya fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori Dilshod G'oyibovning fikrlari o'rinlidir.

Ayni paytda universitetda 66 ta kunduzgi, 27 ta sirtqi, 1 ta masofaviy ta'lim yo'nalishlari faoliyat ko'rsatmoqda. 42 ta magistratura mutaxassisliklari bo'yicha 30 ming nafardan ziyod talaba bilimlarini oshirmoqda.

Joriy yilda kadrlarga bo'lgan ehtiyojdan kelib chiqib 6 ta yangi ta'lim yo'nalishi va 5 ta magistratura mutaxassisliklari ochilib, ilmga chanqoq yoshlarni o'z bag'riga oldi.

Yangi o'quv yili arafasida universitetda 5 ta sport turi bilan shug'ullanishga mo'ljallangan 6 ta o'yin maydonchasini o'z ichiga olgan sport majmuasi talabalar ixtiyoriga berildi.

Universitet hududida zamonaviy loyihalar asosida axborot-resurs markazi hamda talabalar uchun turar-joy — yotoqxona qurilayotganligi yoshlarning kamoli yo'lida yaratilayotgan imkoniyatlardan biridir.

Mustaqil yurtim farzandlarining tolei sarbaland bo'lsin!

Feruza TANGRIBERGANOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − ten =