Sud jarayonlarini yoritishda jurnalist mahorati

Joriy yilning 23-24 sentyabr kunlari poytaxtimizdagi “Mercure Hotel” mehmonxonasida O'zbekiston Milliy universiteti, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda O'zbekiston davlat jahon tillari universitetining jurnalistika fakultetlari talabalari uchun “OAVda sud jarayonlarini yoritishda nimalarga e'tibor berish kerak?” mavzusida talaba-jurnalistlar kasbiy mahoratini oshirishga bag'ishlangan seminar-trening o'tkazildi.
Ushbu tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda “East-West Management Institute” NNT O'zbekistondagi filialining “Sud tizimini mustahkamlash” (JSSA) qo'shma loyihasi doirasida Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi.
— Treningdan ko'zlangan maqsad sud jarayonlarini yoritishda jurnalist va blogerlarning bilim va ko'nikmalarini mustahkamlash hamda sudlar faoliyati yoki muayyan sud ishini yoritish borasida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan masalalarni hal etish yuzasidan fikr almashishdir, — deydi Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Akramjon Fozilov.
So'nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birga sudlar faoliyatini professional tarzda yoritib bera oladigan jurnalist kadrlarga bo'lgan ehtiyoj sezilarli darajada oshdi. Jurnalistlarning aybsizlik prezumpsiyasi tamoyilini hisobga olgan holda sud jarayonlarini sifatli yoritishi fuqarolar, tadbirkorlar, investorlar va boshqa tomonlarning sud tizimiga bo'lgan ishonchini mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Jamiyatda adolat va huquq-tartibotni ta'minlashda sud-huquq tizimi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu sababdan jamoatchilik e'tibori ushbu hokimiyat institutiga har doim juda yuqori bo'lgan. O'z navbatida bo'lajak professional jurnalistlar sud-huquq tizimi o'ziga xos xususiyatlarga ega ekanligini va uning faoliyatini yoritish alohida yondashuvni talab etishini hisobga olishlari muhim.
Ikki kunlik trening davomida ishtirokchilarga Oliy sud vakillari hamda media-trenerlar tomonidan sud jarayonlarini yoritishning axloqiy va huquqiy jihatlarini muhokama qilish va axborot olish huquqi va shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi o'rtasidagi muvozanatni saqlash masalalari, jamoatchilik e'tiborini tortgan sud ishlari bo'yicha ma'lumot to'plash va materiallarni tayyorlash usullari, advokatlar va sud jarayoni ishtirokchilari bilan suhbat uchun savollar tayyorlash qoidalari, hujjatlar va sud qarorlarini tahlil qilish, sud ishlarini yoritishda ochiq ma'lumotlarni izlash va ulardan to'g'ri foydalanish bo'yicha ko'nikmalar o'rgatildi. Axborot va uning manbalarini tekshirishga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, mashg'ulotlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda sudlar faoliyatini yoritish amaliyotining tahlili bilan bir qatorda malakali va tajribali sudyalar, mutaxassis hamda media-trenerlar tomonidan axborot sohasidagi qonunchilik, so'z erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligi masalalariga e'tibor qaratilib, ishtirokchilar sudlar faoliyatini mas'uliyatli yoritishning mohiyati va asosiy tushunchalari bilan tanishtirildi.
Ha, ikki kunlik trening nafaqat bilim olish va ko'nikmalarni oshirish, balki o'zaro fikr, tajriba va g'oya almashish maydoniga ham aylandi.
Islom ASILBEKOV,
“Hurriyat” muxbiri.