Ichki turizm salohiyati namoyish etildi
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi so'lim Sangardak qishlog'ida ichki turizm yarmarkasi, “Osh sayli” festivali hamda milliy hunarmandlik buyumlari ko'rgazmasi o'tkazildi.
Surxondaryo viloyati hokimligi va viloyat turizm boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir vohaning turizm ob'yektlariga aholini keng jalb etish, turizm sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlarini qo'llab-quvvatlash, turoperator va tur-agentlarni iste'molchilarga tanitish, milliy taomlar va milliy hunarmandlik mahsulotlarini keng ommaga targ'ib qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo'ldi.
Yarmarka doirasida ichki turizm yo'nalishida faoliyat yurituvchi turoperatorlar, korxona, tashkilotlar “Tadbirkor bilan tadbirkor” (B2B) uchrashuvlari, “Tadbirkor bilan mijoz” (B2C) mexanizmlari asosidagi uchrashuvlar, respublikamiz hududlaridan kelgan ichki turizm sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlari bilan davra suhbatlari tashkil etildi, tajriba almashdi. Viloyatdagi hamkorlari bilan sayyohlik aloqalarini yanada mustahkamlash uchun kelgan qo'shni tojikistonlik tadbirkorlar o'rtasida ham o'zaro manfaatli shartnomalar imzolandi.
— Surxondaryo boy turistik salohiyatga ega voha, — deydi viloyat hokimi o'rinbosari, turizm boshqarmasi boshlig'i Jo'rabek To'rayev. — Hududning arxeologik, ziyorat, agro, eko, tibbiyot, gastronomik kabi turistik maskanlari, ayniqsa, keyingi yillarda dunyo sayyohlarida katta qiziqish uyg'otmoqda. Sanatoriy, teatr va muzeylarga keluvchilar soni ortmoqda. Vohaning jahonga mashhur go'zal maskanida o'tkazilgan ushbu tadbir ham kelgusida viloyatga sayyohlar oqimini yanada ko'paytirishga xizmat qiladi.
Shu kuni ishtirokchilar Sangardak turizm qishlog'ida gastronomik sayyohlik yo'nalishlaridan biri milliy taomlar tayyorlash bo'yicha qiziqarli musobaqalarni kuzatdi. Mohir oshpazlarning mahorat darslaridan bahramand bo'ldi. Shuningdek, purviqor tog'lar qo'ynidagi “Sangardak” sanatoriysi hududida milliy qadriyatlarimiz aks etgan turli ko'rgazmalar, hunarmandlik mahsulotlari va milliy suvenirlar yarmarkasi namoyish etildi. Mehmonxona, sanatoriy, teatr va muzeylar taqdimotlari bilan tanishdi. Oltinsoy tumanidagi “Sulton sharbati” vino zavodining xorijga ham dovrug'i ketgan tabiiy va mazali sharobini tatib ko'rdi.
Jurnalist va blogerlar uchun Sariosiyo tumanidagi diqqatga sazovor joylar, ziyoratgoh va dam olish maskanlariga uyushtirilgan press-tur ham taassurotlarga boy bo'ldi.
Teatr tomoshalari, taniqli san'atkorlar, tojik, rus va turkman milliy madaniyat markazlari ijrochilarining qiziqarli konsert dasturi barchada katta qiziqish uyg'otdi.
Xolmo'min MAMATRAYIMOV,
O'zA muxbiri