O'ynab gapirsangiz ham…
Sohibqiron Amir Temur bobomiz hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan ko'plab publitsistik maqolalari bilan tanilgan ijodkor Hakim Sattoriy o'zining maqolasini “Tamerlan” — qo'rqinchli emas…” deb nomlabdi. “Hurriyat” gazetasining 18 sentyabr sonida chop etilgan ushbu maqolaning nomlanishiyoq, nazarimizda, beixtiyor o'quvchini biroz cho'chitib yuboradi.
Muallif maqolasini Mirzo Bobur asos solgan saltanatni “Buyuk mo'g'ullar imperiyasi” deb atovchilarni fitna yo'lidan boruvchilar deb aytadi va fikrini shunday davom ettiradi: “Bunday g'araz niyatni Sohibqiron Amir Temur faoliyatiga baho berishda har qadamda uchratish mumkin”. Maqolaning boshqa joyida esa ulug' bobokalonimiz Amir Temur haqida so'z yuritib, shunday deydi: “Ma'lumki, Sohibqironning nomi tarixiy manbalarda turlicha darj etilgan. Bu holning sabablari shundaki, u yo bilib, yo ataylab qilingan bo'lishi mumkin. Xususan, dunyoda keng tarqalgan kitoblarda “Tamerlan” atamasi qo'llanilgan”. Muallif bu atamaning qanday paydo bo'lganligi va bu g'animlarning ishi ekanligi, afsuski, bunday g'alamislik bilan ish ko'rish do'stning ishi emasligini qayta-qayta haqli ravishda ta'kidlaydi. Ammo maqolaning to yarmidan ko'prog'ini o'qimaguningizcha, muallifning aniq maqsadini anglash qiyin. Anglay boshlaganingizda esa beixtiyor yoqa ushlab qolishingiz aniq. Chunki aynan Sohibqiron bobomiz tavallud topgan hududda (qishloqda) dunyoga kelgan publitsistning keng muhokamaga taqdim etayotgan fikrlari o'z milliy qadriyatlarini e'zozlaydigan kishilarning izzat-nafsiga tegishi aniq! Lekin muallif buni fahmlamaydi chog'i. Uning maqolasidan yana bir iqtibos keltiramiz:
“G'arbga, u orqali dunyoga bu so'z “Tanburlan”, “Tamurlan”… va nihoyat “Tamerlan” shaklida tarqab ketgan. Katta-kichik, yaxshi-yomon kitoblarda, qo'lyozma manbalarda shu holda qabul qilingan (?!) (qabul qilingan emas, shunday yozadilar, deyish kerak edi! — F.R.). Aynan “Tamerlan” (xuddi shu shaklda, “Temirlang” yoki “Tamerlang emas”) so'zining o'zbek tilida noxush ma'nosi yo'q. (?)” Endi bunisiga nima deysiz? Chor-atrofidagilar emas, balki o'zini tarixchi yozuvchi, jurnalist deb yurgan qalamkash yuzingda ko'zing demay, “lang” qo'shimchasining “noxush ma'nosi yo'q”, deb tursa-ya! Bu ham yetmaganday, sal teparoqda so'zdan zargarona foydalanish, so'z qadriga yetish haqida nasihatomuz fikrlarni ham bildirib o'tgan muallif shu tariqa o'z fikrini davom ettirar ekan: “…bu so'zga toqat qilishga to'g'ri keladi” (?!) — deyishdan ham toymaydi. Bu kishida chuqur taassuf tuyg'usini uyg'otadi. Bu qanday bedodlik? Muallif o'z fikrining to'g'riligini isbotlash uchun Abu Ali ibn Sinoni — Avitsenna (Avitsenna haqorat so'z emas! Farqdan farqni bilish kerak! — F. R.), Aleksandr Makedonskiyni — Iskandar Maqduniy tarzida o'z tiliga moslashtirib olganlarini ta'kidlaydi. Ammo aqli raso odam bu o'zgartirishlarda hech bir kamsitish, ermak qilish yoki boshqa nuqson ko'rmaydi, ularda haqorat ohanglari yo'q.
Ma'lumki, “lang” qo'shimchasi fors tilida cho'loq, oqsoq ma'nosini qay darajada ifodalasa, o'zbek, umuman, turkiy tillarning barchasida ham xuddi shu ma'noni ifodalaydi.
Shunday ekan, hech zamonda e'tiqodi but inson o'zi ulug'lab kelayotgan bobokalonini “lang”, ya'ni cho'loq, oqsoq, deb kamsitilgan holda tilga olishlariga toqat qilib tura oladimi? Bunga javob bitta: “Albatta, yo'q!”
Mazkur maqolada, qozog'istonlik do'stlar “lan” qo'shimchasi o'zlarida salbiy ma'no tashimasligi, aksincha, “o'xshash”, “monand”, “xos” so'zlariga muqobil ma'noga ega ekanligini ta'kidlashdi, deb yozilgan. Axir gap “lan” emas, balki “lang” qo'shimchasi haqida ketayapti-ku! Holbuki, “lang” qo'shimchasi turkiylashib ketgan forscha so'z ekanligi, Yevropa ahli esa uni yanada o'zgartirib “lan” shakliga aylantirib olganligi kunday ravshan.
Tabiiyki, Sohibqiron bobomizning asl ismi “Temurbek”, “Amir Temur” ekanini bilgan holda, ul zotni kuppa-kunduzi “Temurlang” deb atalishiga “ko'nikishimiz lozim”ligini bizga astoydil uqtirayotgan muallifga keskin e'tiroz bildirishimiz tabiiy. Chunki bu mutlaqo xato, qabul qilib bo'lmaydigan noo'rin fikr! Axir ulug' bobokalonimizni “Temurlang” (har insonning Xudo bergan o'z ismi bilan atalishiga haqqi bor! — F.R.) deb kamsitishni ul zotning adolatparvar siyosatini va jahon miqyosidagi obro'-e'tiborini ko'ra olmaganlar aytgani aniq-ku!
Mana, nihoyat, maqolaning oxiriga ham yaqinlashdik, shu yerga kelgandagina muallifning maqolani yozishdan asosiy maqsadi nima ekanligini anglay boshlagandekmiz. Ya'ni maqola oxirida: “Asosiy gap esa buyuk bobomizning chinakam shon-shuhratini dunyo ahliga yetkazishdan iborat. Olti-etti asrdan beri muomalada bo'lgan bir so'zni yangilashdan ko'ra (?) tarixiy haqiqatni yuzaga chiqarish, Sohibqiron haqidagi bir yoqlama tasavvurlarni o'zgartirish muhimroq hisoblanadi”, deyilgan. Savol tug'iladi: “buyuk bobomizning chinakam shon-shuhratini dunyo ahliga yetkazish” eng avvalo ul ulug' zotning ismi shariflarining buzib qo'llanilishini bartaraf etishdan, tarix haqiqatini tiklashdan iborat bo'lishi kerak emasmi?..
Buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomiz haqida gapirganda, nihoyatda hushyor turib, har bir so'zni taroziga solib gapirishimiz, yozishimiz lozim. Hakim Sattoriyning mazkur maqolasi gazetxonlarni, hech kimni ham chalg'ita olmaydi, albatta. Bunga ishonchimiz komil.
Umuman, yaqinda “Jadid” gazetasida ham Amir Temur bobomizning turli yurtlarda shu kabi nomlashlariga e'tibor qilib o'tirishimiz shartmi, degan ma'noda taniqli bir olimning maqolasi e'lon qilindi. Unga javoban munosabat o'rnida O'zbekiston xalq yozuvchisi, Xalqaro Amir Temur xayriya fondining rahbari Muhammad Alining asosli maqolasi ushbu nashrda e'lon qilindi.
Albatta, bugun matbuotimiz erkin. Unda har kim o'z mustaqil fikrini, mushohadasini bildirishi mumkin. Shubhasizki, e'tiborli nashrlarimiz yuqoridagi kabi maqolalarni aynan shu tamoyil asosida chop qilishgan bo'lsa kerak. Biroq, achinarli tomoni, qachonki yurtimiz ziyolilari orasida ham buyuk tariximiz, ulug' zotlarimiz to'g'risida yuqoridagi kabi yuzaki tushunchalar bor ekan, bu ular bilan murosa qilish mumkin degan ma'noni bildirmaydi. Zero, xalqimizda “O'ynab gapirsang ham, o'ylab gapir”, degan purhikmat gap bor. Bu hikmatni hech kimning unutishga haqqi yo'q.
Farrux RASULOV,
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist.