…ish erur yorlig' ish!

Bu dunyoda nima oson – do'stni dushmanga aylantirish oson. Ikki do'st orasiga nifoq tushdimi, tamom, endi ularni murosaga keltirish uchun ba'zan, hatto, o'n yillar ham kamlik qiladi.

Nima, hayotda buni ko'rmadikmi, bevosita guvohi bo'lmadikmi? Yo hozir ham ko'rib, bilib turganimiz yo'qmi?

Keling, tarixni titkilab, kimlarningdir ruhini bezovta qilib o'tirmaylik-da, bugunga ochiq ko'z bilan tik boqaylik. Nima, tarixan yahudiy bilan arab qardosh, qarindosh, og'a-ini emasmidi? Yoki rus bilan ukrain et bilan tirnoq emasmi? Isroil va Falastin mojarosi, Rossiya va Ukraina urushi  ne-ne begunoh insonlar, hatto, yo'rgakdagi farishtadek pokiza go'daklarning yostig'ini quritmayaptimi?

Sabablar, omillar, da'volar, iddaolar qanday bo'lishidan, hatto, kim haqu kim nohaq ekanidan qat'i nazar, har qanday qurolli muhorabadan oxir-oqibat oddiy xalq, ming-minglab, millionlab odamlar jabr ko'radi. Shunday ekan, urushni oqlab bo'ladimi? Tarixda biror urush oqlanganmi o'zi? Har qancha oqlaganingiz bilan, urushning oqibatlari, ko'rguliklari, jabrlari yo'qolmaydi-ku! Halok bo'lganlar tirilib ham kelmaslar.

Insoniyat XXI asrda, eh-he, qanday-qanday ilmiy-texnologik yuksakliklarga ko'tarildi.

Bularning bari odamlarning kam mehnat qilib, ko'p mahsul olishi, alal-oqibat, o'zini baxtli, turmushini farovon, hayotini mazmunli qilishiga zamin tayyorlamaydimi?

Shunga qaramay, dunyoda urush xavfi bartaraf etilgani yo'q. Bundan hech bir davlat, hech bir xalq bexavotir ham emas. Yer, hudud, mol-mulk,  boylik, hatto, gap talashish hamon davom etayotibdi, ba'zan, hatto, avjiga chiqqan, ham deging keladi.

Endi yorug' gaplardan aytsak, kuni kecha Tojikiston Respublikasining Xo'jand shahrida O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston Prezidentlari ishtirokida bo'lib o'tgan tarixiy  uchrashuv, bunda imzolangan hujjatlaru erishilgan yutuqlar haqida rasmiy  ma'lumotlardan hammamiz yaxshi xabardormiz. Ochig'i, uch davlat xalqi shu kunlarda ana shu shukuh kayfiyati bilan yashayapti, deyish ham mumkin.

1991 yili Alisher Navoiy tavalludining 525 yilligini nishonlash mamlakatimiz istiqlolining birinchi oyiga to'g'ri keldi. O'zbekiston milliy bog'ida bahaybat haykal qad rostladi. Shu haykal ayvonining girdiga shoirdan shunday bir hikmat bitish kerak ediki, u har taraflama bizga yorug' yo'lni ko'rsatib turishi zarur edi. Shoir o'zi nazmu nasrda jami 100 ming bayt yozganini ta'kidlagan. Ana shuncha katta merosdan eng munosib ikki satr topish kerak edi. Topildi:

Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig',

Yor o'lung bir-biringizgaki, erur yorlig' ish!

Bu yerdagi “yorlig'” so'zi “do'stlik” ma'nosida kelgan. “Ey olam ahli, bilinglarki, dushmanlik ish emas, shuning uchun bir-birlaringizga do'st bo'linglar, do'stlikni ish desa, bo'ladi”, deb o'git beradi buyuk mutafakkir shoir.

Davlatimiz o'z oldiga juda katta maqsad qo'ygan. Bu – tezroq rivojlangan davlatlar safidan o'rin olishdek buyukdan-buyuk vazifa. Shu yo'l bilangina qariyb bir yarim asrlik mustamlaka oqibati bo'lmish asriy qoloqlikdan chiqamiz, ko'kragimizga shamol tegadi, kosamiz oqaradi. Lekin buning uchun avval butun dunyo bilan o'zaro manfaatli hamkorlik tizimini yaratib olishimiz darkor.

O'zbekiston Respublikasi Prkezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat va xalq oldiga masalani ana shunday tarzda ko'ndalang qo'yib kelyapti.

Keyingi yillarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning, avvalo, yon qo'shnilarimiz bilan yaxshi munosabatlar o'rnatishga qaratilgan tashabbuskorona g'oyasi amalga oshirila borishi Markaziy Osiyoning o'zidagina emas, butun dunyoda tarixiy islohot, tub burilish, dono siyosat sifatida baholanmoqda.

Kamina Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi Qirg'izon qishlog'ida tug'ilganman. Bu “Qirg'izlar” degani. Tabiiyki, o'zbeklarning qirg'iz urug'i nomiga qo'yilgan. Lekin shu qirg'iz, ehtimol,  ikki ming yil burungi tarixda bo'lsa ham, hozirgi qirg'iz xalqi bilan qarindosh-urug'dosh-da. Bir she'rimda:

Bolalikda Buxoroni dunyo bildim,

Buxoro ham Qirg'izondan boshlanadi.

O'zga yerda yig'lolmayman azada ham,

Qirg'izonda to'yda ko'zim yoshlanadi.

 

Qirg'izonda qirg'iz emas, o'zbek yashar,

Tojiklardan faxr bilan qiz oladi.

Qirg'iz urug' tarqalgandir shu qishloqdan,

Bilsa, Chingiz Aytmatov ham lol qoladi, –

deb yozgan edim. Yashirib nima qildim, otam ham, kaminaning o'zi ham, hatto, bir o'g'limiz ham tojikka uylangan.

Bevosita qonida o'zbegu tojigu qirg'izning qoni jo'shib turgan qaysi kishi kuni kecha yuz bergan uch davlat o'rtasida buyuk birlikdan ich-ichidan quvonmaydi, deysiz?

2010 yili may oyidagi O'sh voqealarida necha minglab kishilar mamlakatimizga qochoq sifatida o'tgan edi. O'sha paytda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri bo'lgan Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi hukumat vakillari va respublika jamoat tashkilotlari rahbar xodimlaridan iborat katta guruh to ana shu qochoqlar eson-omon o'z yurtiga qaytguniga qadar Andijon viloyatida bo'lganmiz. Bu uchinchi qo'lning  ikki qardosh-qondosh el o'rtasida olov chiqarish uchun qilgan qutqusi edi, albatta.

Yoki o'tgan yillarda Tojikiston bilan Qirg'iziston chegaralarida otishmalar bo'lmadimi?

Endi shularni kuni kecha Xo'janddagi o'zaro do'stlik oliy darajada, asr-asrlik ajdodlarimiz ruhiga mos bir miqyoslarda, do'stona, shodiyona tarzda o'tkazilgan tadbirlarga bir qiyos qilaylik.

Buning tashabbuskori kim? Tabiiyki, mamlakatimiz Prezidenti! U kishining Xudo bergan insonparvarligi, oqilligi, murosa-madorasi, tajribasi, eng muhimi, nekbinligi faqat mamlakatimiz xalqigina emas, Markaziy Osiyo uchun ham juda-juda qo'l kelyapti.

O'zi O'zbekiston Markaziy Osiyoda geografik jihatdan besh davlatning o'rtasida joylashgan. Tojikiston Turkmaniston yo Qozog'istonga, Qirg'iziston Turkmanistonga mamlakat kechib o'tadi.

Markaziy Osiyodagi besh mamlakatning to'rttasi – turkiy tilli  davlat. O'zbek bilan tojik esa – azal-azaldan et bilan tirnoq. Markaziy Osiyoning uch turkiy tilli davlati xalqi, ochig'i, tojiklarga o'zbek og'asining birodari sifatida qaraydi. Shunday ekan, Markaziy Osiyoda O'zbekiston har taraflama hamkorliklarning markazida turuvchi halqa davlat bo'lishi – shart va zarur.

Dunyoning nekbin kuchlari Markaziy Osiyodagi bu birlikka ko'z tikib turibdi. Bu yerda besh do'st davlatdan iborat bir o'ziga xos mintaqaviy hamkorlik yuzaga kelayotgani har qanday katta loyihalarni amalga oshirishga umid paydo qiladi.

Markaziy Osiyodagi to'rt turkiy tilli davlat bilan Ozarbayjon va Turkiya hudud jihatidan bevosita bog'lanib ketadi. Turkiy davlatlar tashkilotining ravnaqi uchun ham, avvalo, Markaziy Osiyoda birlik, tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik kerak.

O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston o'rtasidagi chegaralar bilan bog'liq muammolarning o'zaro hurmat, do'stlik, kelishuv asosida hal etilishi uchun oqilona siyosiy yo'l ochilgani, Navro'zdek qadim umummerosimizning bugun chinakamiga bizni birlashtiruvchi muhim ma'naviy kuchga aylanganini olqishlamay bo'ladimi? Bular – bir paytlar faqat orzu qilish mumkin bo'lgan ishlar.

Yer yuzida qaysi davlat ravnaq topgan bo'lsa, bunga, avvalo, birlik-birodarlik orqasidan erishgan.

Birligimizga ko'z tegmasin!

Sultonmurod OLIM,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat

xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × two =