Manfaatlar to'qnashuvini cheklovchi qonun

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida izchil islohotlar amalga oshirilayotganiga qaramay, shu kungacha davlat idoralarida manfaatlar to'qnashuvining oldini olish borasida bir qator muammolar saqlanib qolayotgani sir emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024 yil 5 iyun kuni “Manfaatlar to'qnashuvi to'g'risida”gi Qonunning imzolanishi korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi manfaatlar to'qnashuvi borasidagi munosabatlarni tartibga solishda muhim qadam bo'ldi.

Mazkur Qonunda manfaatlar to'qnashuvi tushunchasi, davlat xizmatchilarining majburiyatlari hamda uni tartibga solish bo'yicha aniq mexanizmlar belgilangan.

Jumladan, Qonunning 3-moddasida manfaatlar to'qnashuvi tushunchasiga quyidagicha ta'rif berilgan: “manfaatlar to'qnashuvi — shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o'z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir ko'rsatayotgan yoxud ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o'rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to'qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo'lgan (ehtimoliy manfaatlar to'qnashuvi) vaziyat” hisoblanadi.

Qonunga ko'ra, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoxud u bilan aloqador shaxslar ushbu xodim tomonidan bevosita yoki bilvosita qaror qabul qilinishi yoki xodimning ushbu jarayonda boshqacha tarzda ishtirok etishi natijasida olishi mumkin bo'lgan har qanday naf yoki afzallik shaxsiy manfaatdorlik sifatida baholanadi va bunday holat yuz bergan taqdirda, vakolatli organ tomonidan tezda vaziyat o'rganib chiqilib, muammoni bartaraf etish choralari ko'riladi.

Xo'sh, manfaatlar to'qnashuvi yuz berishining oldini olishni kim nazorat qiladi?

Qonunning 9-moddasiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to'qnashuvi bilan bog'liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. Shuningdek, Qonunning 10-12-moddalarida davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo'linmalari, kadrlar bo'linmalari, odob-axloq komissiyalari ham manfaatlar to'qnashuvini tartibga solishni amalga oshiradigan organlar sifatida qayd etilgan.

Manfaatlar to'qnashuvi bilan bog'liq holatlar aniqlanganda, maxsus vakolatli davlat organi zudlik bilan bitimni bekor qilish, qarorni hamda boshqa hujjatni o'zgartirish yoki bekor qilish to'g'risida davlat organlariga yoki boshqa tashkilotlarga taqdimnoma kiritishi yoxud ularni haqiqiy emas deb topish haqida sudga da'vo kiritishi Qonunda alohida belgilangan.

Shunga muvofiq, manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'yilgan holda qabul qilingan qarorlar yoki tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi.

Manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'yilgan holda qabul qilingan qaror yoki tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu qaror qabul qilinganligi yoki bitim tuzilganligi natijasida olingan foyda bitim bo'yicha olingan hamma narsani qaytarib berish to'g'risida talab qo'yilmagan holda, sud tartibida davlat daromadiga o'tkaziladi. Bunda haqiqiy emas deb topilgan bunday bitimning ijrosi bilan bog'liq xarajatlarning o'rni manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'ygan shaxsning hisobidan qoplanadi.

Mazkur Qonunning amal qilishi davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg'armalariga, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo'lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi.

Ta'kidlash joizki, ushbu qonunning qabul qilinishi manfaatlar to'qnashuvini tartibga solishda davlat nazoratining amalga oshirilishida, davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilishi mumkin bo'lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldi olinishida huquqiy asos bo'lib xizmat qiladi.

Eslatib o'tamiz, mazkur Qonun 2024 yil 6 dekabrdan kuchga kiradi.

X. IBRAGIMXODJAYEV,

Jinoyat ishlari bo'yicha

Uchko'prik tuman sudining sudyasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × two =