Yuragimga ekilgan kunlar

Qalbi ummon ustoz-muallimlar o'z o'quvchilariga qalb qo'rini, beqiyos mehr-muhabbatini berib, qaynoq hayot sari kuzatar ekan, biz ulardan toabad qarzdor bo'lib qolaveramiz.

Xalqimizning cheksiz quvonch bilan kutadigan bayramlari juda ko'p. Inson ruhiyatiga quvvat, qalblariga nasimlik beradigan ana shunday bebaho kunlardan biri, tabiiyki, 1 oktyabr — ustoz va murabbiylar bayramidir. Ushbu qutlug' ayyom saodati bilan men ham yuragimning to'ridan joy olgan eng yaqin kishilarimni, hamisha beg'ubor va samimiy ustozlarimni birma-bir eslagim keldi. Boboyev… Abdullayeva… Toshboyev… Berdiqulov… Jahongirov… Ismatullayev… Qilichev… Botirova… Bobanazarov… Ular juda ko'pchilik edi. Sanog'ini aytsam, barakasi ketadigandek, nazarimda. Bu tabarruk insonlar 34 nafar o't-olov o'g'il-qizlarni 1983 yilning yozida Ishtixon tumanidagi 62-o'rta maktab partalaridan sertashvish hayot sari yo'llagan. Afsuski, beshafqat vaqt o'zining nimalarga qodirligini namoyish qilib, ustozlarimizning ko'pini hayotdan olib ketdi. Bugun ularning yarmidan kamrog'i qoldi, hisob. Nachora, dunyodan o'tganlarga Yaratgandan ofiyat, bugun hayotlarining umrlariga ziyodalik nasib etsin.

Bir sinfdagi 34 nafar o'quvchining sho'xliklarini beminnat sabr-bardosh bilan ko'targan eng fidoyi ustozlarimdan biri — ona tili o'qituvchimiz, rahmatli Abduvohid Toshpo'latov edi. Biz to'rtinchi sinfga o'tganimizda, bu ustozimiz, yanglishmasam, oltmish yoshlarda edi. Men ushbu ustozimizning boobro' muallim, samimiy inson sifatida kamtaru komil bo'lganligini juda kech angladim. To'g'rirog'i, Toshpo'latovning saboqlari, talab va tarbiyasi haqida o'ttiz-qirq yoshdan oshganimdan keyin o'ylay boshladim. Aslida, hozir qog'ozga tushirayotganim ushbu satrlarni qachonlardir yozishim kerak edi…

Kunlarning birida ustozimiz “Nima uchun darsligimizning muqovasiga o'zbek tili deb yozilgan bo'lsa-da, biz xuddi shu fandan tutiladigan daftarimizning yuziga ona tili deb yozamiz?” degan savol berdi bizga. Hamma jim. Imi-jimida maktabga kelib ketadigan dangasa sinfdoshlarimizning ba'zi birlari partalarning tagiga kirib ketdi. Ustoz a'lochi o'quvchilardan birma-bir ezg'ilab so'radi hamki, hech kimdan jo'yaliroq javob chiqmadi. Alam bilan joyiga o'tirib afsuslandi. Bizni to'rtinchi sinfgacha o'qitgan o'qituvchilarimizning sha'niga ichki afsusu nadomatlarini yog'dirdi. Birinchi partadan to oxirgi partagacha qo'li yetgan barcha sinfdoshlarimizning qulog'ini burab chiqdi. Keyin o'zining savoliga o'zi javob berdi: “Buni tom bitgan quloq-miyalaringga yozib qo'yinglar, savodsizlarim. Biz o'zbek bo'lganimiz uchun ham darsligimizning yuziga o'zbek tili deb yozilgan. Hammamiz tug'iliboq onamizning tilida ingray boshlaymiz. So'nggi nafasimizgacha onamizning tilida gapiramiz. Shuning uchun daftarning muqovasiga “Ona tili daftari” deb yozamiz. Tushunarlimi, musichalar? Gapirishni onamizdan o'rganamiz!” dedi ovozi qaltirab. Shugina oddiy gapni bilmasligimizdan ustozning juda yomon jahli chiqqan edi. Egnidagi kostyumini yechib, stulining yelkasiga iddao bilan tashladi. Beliga paxta teradigan oq fartuk o'ralgan ekan. Yechib ham o'tirmadi. Sinfdoshlarimizdan birini, ya'ni oxirgi partada o'tirgan rahmatli do'stimiz Norbek Ochilovni o'rtaga (doskaga) chiqardi:

— Ochilov, kecha berilgan uyga vazifaning javobini yoz.

Sinfdoshimiz yerga qarab oldi. Gap-so'z yo'q.

— Senga aytayapman, bajargan vazifangni ko'rsat menga…

Do'stimiz yana jim.

Men birinchi partada o'tirardim. Ustozning ko'zlariga jiqqa yosh kelganligini ko'rib qoldim. Boshini deraza tomonga burib, yig'layotganini bizdan yashirmoqchi bo'ldi. Soddaligi qursin, shuni ham eplolmadi. Tanaffus bo'lmasa-da, hammamizga javob berib yubordi. Oradan bir hafta o'tar-o'tmas, ustozning maktabni butunlay tashlab ketganligini eshitdim. Bilmadim, nafaqaga chiqdimi yoki biz o'quvchilardan ko'ngli to'lmasdan boshqa maktabga o'tib ketdimi? Xullas, bu samimiy va tozadil inson bilan hayotda qayta ko'rishish nasib qilmadi menga. Joylaringiz jannatda bo'lsin, qadrli ustoz! Bayramingiz arafasida bir esladim-da, biz — no'noq o'quvchilaringizdan rozi bo'ling.

Xotiramda o'chmas iz qoldirgan yana bir olijanob ustozlarimizdan biri rus tili o'qituvchimiz Abdurazzoq Primov edi. Sodda, ammo juda qattiqqo'l o'qituvchi sifatida maktabimizda nom chiqarib, xuddi shu yo'l bilan dangasa, to'polonchi, “ikkichi” o'quvchilarning “dumini qayirib” olgan edi.

To'qqizinchi sinfga birinchi bor qadam qo'ygan kunimiz, ya'ni 1981 yilning 1 sentyabrida shunday tabarruk va xokisor insonni, maktabga butun borlig'ini tikkan o'qituvchimizni bolalarga xos o'jarligim bilan juda qattiq xafa qilib qo'yganimdan haligacha o'zimni kechirolmayman. Xuddi shu kuni sinfdoshlarimizdan biri bilan oldindagi partadan joy talashib, bilmagan holda orqam bilan ustozga kelib urildim. Ustoz muvozanatini yo'qotib, sinfxonaning bitta burchagini egallab turadigan golland pechkasiga suyanib qoldi. Munkayib ketganiga ko'zim tushib, juda xavotirlandim.

Kechki payt o'qituvchimiz uyga kelib, otam rahmatliga mening qilmishimni aytib, nima desa dedi. Butun dardi-dunyosini to'kdi. Meni yoniga chaqirib: “Sen maktabdan haydalding”, deya qattiq-qattiq dashnom berdi. Keyin sal yumshagandek, nasihatga o'tdi. Otamga qarab: “O'g'lingiz yaxshi o'qiydi, ammo buning fe'li chatoqroq. To'g'ri yo'lga solmasak bo'lmaydi”, dedi biroz jahlidan tushib.

Shu-shu, Primov domlamiz mendan to'qqizinchi va o'ninchi sinflarda biror marta dars so'ramasdan sinf jurnallariga faqat “4” va “5” baholarni qo'yib kelaverdi. Men esa o'qituvchimiz mendan so'ramasdan yaxshi baholarni qo'yib kelayapti-ku, deya taltayib yuraveribman. Vaqt bir zumda o'tib ketdi. O'ninchi sinfni bitirayotganimizda qo'rqo'v va hadik bilan rus tili darsi imtihoniga kirdim:

— Sen nima qilasan, institutga borasanmi? — deb so'radi o'qituvchimiz.

— Ha, Toshkentga borsam kerak, — dedim.

Ustoz boshqa hech narsa so'ramasdan “5”ni qo'yib, xuddi haydagandek sinfdan chiqarib yubordi. Noqulay vaziyatda qoldim. Nima qilishni bilmayman. Loaqal ustozga rahmat deyishga ham botina olmadim. Primovdan arazlab, rus tili va rus adabiyotidan berilgan topshiriqlarni o'lda-jo'lda bajarib yurganim universitetga kirganimdan so'ng juda-juda qiynadi. Pushaymon qilaman, ammo koshkiydi, bu bilan o'qishlarim yurishib ketsa…

Allaqachon bu dunyoni tark etgan ushbu tabarruk ustozim bilan maktabni bitirganimizdan keyin oradan to'rt yil o'tib, kutilmaganda tuman markazida ko'rishib qoldim. U paytda men harbiy xizmatni bitirib kelib, endigina universitetga kirganman. Ammo “Ko'rdingmi?” degandek tumshug'imga narvon yetmaydi. Salgina alamzadaligim va g'o'rligim sabab ustozga shunchaki salom berib o'tib ketmoqchi bo'ldim. Primov baribir yaxshi o'qituvchiligiga, samimiy insonligiga bordi. Qo'llarimni qattiq siqib so'radi:

— Toshkentga o'qishga kiribsan, rostmi?

— Shunday, domla, — dedim zo'rg'a.

O'qishga kirganligim uchun ustozning quvonganligini ko'zlaridan, mehridan, samimiy munosabatidan his qildim. “Bolam, endi o'jarlik qilmay yaxshi o'qigin. Ota-onangni qiynama. Men sinfingdagi birgina bolaning yutug'ini eshitsam, o'zimni qo'yishga joy topolmay qolaman, kelajakda yaxshi inson bo'lgin”, deb katta yo'lning yoqasida duo qildi. Ko'nglim yumshab ketdi. Ustozga nisbatan fikrim butunlay o'zgardi. Orqasidan kuzatib qoldim.

O'ylab ko'rsam, shu paytda ham o'jarligimga borib, ustozga bir martagina rahmat demagan ekanman. Ba'zan shunday o'qituvchilardan saboq olganimdan, aksiga olib, ularning hurmatini vaqtida joyiga qo'ya bilmaganimdan, ularni endi chiroq yoqib ham topolmasligimdan afsuslanaman, o'ksinaman…

Bo'lajak ulug' kun — ustozlarimizning katta bayrami munosabati bilan adabiyot o'qituvchimiz Bodom opa Bektamishevani ham esga olmasam, ko'nglim kemtikligicha qolaveradi.

Ustoz Bektamisheva bizga madaniyatni, did va estetikani o'rgatdi. Uning sabog'i tufayli adabiyotni sevib qoldik, beqiyos va bolalarcha sof muhabbat olamiga kirib keldik. Maktabimiz sharoiti og'ir bo'lsa-da, ustoz bizga dars jarayonida har bitta qahramon hayotini kino tasmalarida ko'rsatar edi. Besh yuzdan ortiq o'quvchi Jomiy, Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Fuzuliy, Nodirabegim va Uvaysiy, Furqat, Qodiriy, Abdulla Qahhor-u Hamid Olimjon kabi darg'alarning rasmlarini, asarlarini faqat Bodom opamiz-ustozimizning xonasidan topar edik. Yuqori sinf o'quvchilari o'zlariga rahbar bo'lishi uchun faqat Bodomoy Bektamishevani tanlar va talashar edi. Ayni pallada sevimli va mehribon ustozimiz sal kam to'qson yoshni qoraladi. Uzoq yillar orasida tasodifan uchrashib qolsak, haligacha peshonamizdan o'pib ko'rishishini kanda qilmaydi.

Menga nafaqat maktab, balki hayotiy saboqlarni ham o'rgatgan ustozlarimdan yana biri — biz o'qigan maktabning sobiq direktori hamda matematika o'qituvchimiz O'ktam domla Saidvaliyev edi. U kishi keksalik nafaqasiga chiqqandan keyin, og'ir kasallikka chalindi. Ko'p va xo'p davolandi. Foydasi bo'lmadi. Davosi yo'q xastalik ustozimizni 2007 yilning jazirama yoz fasli 67 yoshida oramizdan olib ketdi. Qabristonning qoq tepasigacha tobutining bir uchidan ko'tarib chiqdim. Qabrining ustiga tuproq tashlash ham nasib etdi.

Rahmatli O'ktam Saidvaliyev adabiyotga qiziqishimni juda yaxshi bilar, fanlardan olimpiadalar boshlanganda adabiyot o'qituvchimizga qayta-qayta tayinlab, sinfimiz o'quvchilari orasidan faqat meni jo'natar, ba'zan o'zi fan olimpiadalari hay'at a'zolari safiga kirib qolsa, o'zining matematiklari qolib, meni qo'llab yuborishni kanda qilmas edi.

Beshinchi sinfdaligimizda uyga berilgan vazifa yuzasidan yog'ochdan to'rtbo'rchak shakl yasab kelib, ustozning marhamatiga sazovor bo'lganman. Shu-shu matematika va geometriya fanlaridan baholarimning hammasi “5”! Ammo yettinchi sinfda o'qib yurgan paytlarimiz “hunar” ko'rsatib, ko'ziga yomon ko'rinib qoldim. To'g'risini aytsam, sinf jurnaliga aynan shu domlamizning fanidan o'zimga o'zim baho qo'yayotganimda qo'lga tushib qoldim. Kitob-daftarlarimni, sumkamni burchakka uloqtirdi. O'zimni ham sinfdan quvib solar ekan: “Maktabdan haydalding, jo'na!” dedi zarda bilan. Qilgan ishimdan pushaymon bo'lish, afsuslanish o'rniga g'o'ddayib uyga ketayotganimda, direktor o'rinbosari Kamol Mardonov oldimdan chiqdi:

— Qayoqqa ketayapsan?

— Boshim og'riyapti, sinf rahbarimizdan javob so'radim, — deb quvlik qildim.

Mardonov chap qo'lining orqasini va barmoqlarini peshonamga qo'ydi:

— Yolg'on gapirma, issig'ing yo'q-ku. Orqamdan yur, rahbaringdan so'raymiz.

Qo'rqqanimdan to'g'risini aytib qo'ydim. Direktorimiz maktabdan butunlay haydab yuborganligini ham qoldirmadim. O'qituvchilar baribir odamoxun va eng yaxshi inson bo'lar ekan. Menga rahmi keldimi yoki to'g'risini aytganim ish berdimi, bilmadim, Mardonov ancha nasihat qildi. Hoziroq to'g'ri sinfga kirib, O'ktam Saidvaliyevdan kechirim so'rashimni tayinladi. U kishining maktab direktori ekanligini esimga solib, sal cho'chitib ham qo'ydi. Hammasini xuddi Mardonov aytgandek qildim. Ortsa, ortdiki, kami qolmadi.

Bag'rikenglikni qarang, Saidvaliyev domla yelkamga qo'lini qo'yib: “Ikkinchi bunday noma'qul ishni qilma! Mayli, kechirdim. Qilmishingni ota-onangga ham aytib o'tirma, xafa bo'lishmasin. Mavridi kelganda, o'zim tushuntirib qo'yarman”, dedi boyagi g'azabidan ancha tushib. Yoshim ellik sakkizga yetganda bunday mehr va mardlik faqat o'qituvchilarda bo'lishini tushunib yetdim. Shunday ustozlarning boriga ming marta shukurlar bo'lsin deyman har qachon.

Hozir bu kabi voqealarni eslasam, biz maktabda o'qigan yillar hech narsaga almashib bo'lmaydigan, hech qachon zavqu tarovatini, lazzatini yo'qotmaydigan davrlarga to'g'ri kelganligidan quvonaman. Ustozlarimiz tengsiz, pok va gina-kuduratsiz insonlar bo'lganligiga so'zsiz ishonch hosil qilaman. Biz, aslida, peshonasi olti qarich o'quvchi bo'lganmiz. Umrimizning maktabda o'tgan o'n yili davomida xokisor ustozlarning erkatoy farzandlariga aylanib qolganligimiz ham rost ekan… Eh, u kunlarni qaytarib bo'lmaydi-da sirayam…

Men o'rta maktabda o'qigan kunlarimizni hech narsaga va hech bir davrga tenglashtirmayman. Saboq bergan o'qituvchilarimni esa dunyodagi eng yaxshi ustozlardan ham ortiq ko'raman. Ularning har bittasi hayotimning qiyosi yo'q bir qismidir. Sinfimizga 6 yil davomida rahbarlik qilgan rahmatli Baxtiyor Bobanazarov kimyo fanidan dars bersa-da, bizni ko'proq mustaqil hayotga chog'laganligini xuddi kecha bo'lib o'tgan betakror voqeadek eslayman. Ustoz bizni darslar tugagandan keyin ham maktabda olib qolib, turli bayramlar munosabati bilan yaqinlarimizga, ota-onalarimizga, do'stu qadrdonlarimizga tabriklar yo'llashni o'rgatgan. Arzon va arzimas bo'lsa-da, turli sovg'alar ulashishimiz zarurligini qulfi dilimizga solib qo'ygan edi. Ayniqsa, Yangi yil, Sakkizinchi mart bayramlari arafasida hammamiz shodlikdan, tabriklar yozish, yaxshi niyatlar bilan yaqinlarimizga guldastalar uzatish hayajoniga g'arq bo'lib yashaganmiz.

Ustozimiz Bobonazarovning ijodkorlikda ham tengi yo'q edi. Tuman gazetasiga xabar, yangilik, maqola va she'rlaridan chiqarib turishi biz o'quvchilarga u kishini yanada salobatli qilib ko'rsatardi. Men shu ustozimizdan ulgi olib kasb sifatida jurnalistikani tanlaganman. Shuningdek, fizika o'qituvchimiz Jo'raqul Ismatullayevdan jiddiylikni, Yaxshigul Botirovadan kiyinish madaniyatini, Xurram G'ulomovdan halollikni, Donaqul Toshboyevdan talabchanlik hamda hozirjavoblikni, Obloqul Qilichevdan mardlikni, Xo'jaqul Qilichevdan chaqqon va kuchli bo'lishni o'rganganligimiz turmushimizda hozirgacha asqotib kelmoqda. Qisqaroq qilib aytganda, biz o'quvchilar mustaqil hayotda qaysi kasbni tanlagan bo'lsak, nimalarga erishgan bo'lsak, ularning hammasi o'rta maktab partasidayoq ustozlarimiz tomonidan yuraklarimizga ekib qo'yilganligini kuniga ming marta his qilib yashayman. Maktabimiz qishloqning bir chekkasida joylashgan bo'lsa ham, bu dargoh biz uchun bitmas-tuganmas bilimlarning koni, shodu xurramliklarning, beqiyos do'stlik, beg'ubor mehr-muhabbatning qaynar bulog'i edi. Yaratganga shukurki, shu maktabda o'qib hech kimdan kam bo'lmadik.

…Haqiqiy muallimlar baribir boshqacha bo'lishadi. Qalbingizni tushunadi, ko'cha-ko'yda, to'y-ma'rakada, qo'yingki, qaerda uchrashmang, sizni kechirib, avaylab, hurmat-e'zoz bilan muomala qilishadi. Hech qachon odamiylik chegarasidan chiqmaydilar. O'zi chanqab turgan bo'lsa-da, piyoladagi suvni sizga uzatadi. Aslida, mening ustozlarim yuragimning to'ridagi eng yaqin insonlarimdir. Ustozlar, muallimu muallimalar, siz bizning yo'lboshchimiz, hayotimizning, yurtimizning ulug'isizlar. Shuning uchun hamisha sizga talpinib, sizni sog'inib, qo'msab, esga olib yashaymiz. Shuning uchun ham sizni yaxshi ko'ramiz. Barchangizga bayram muborak bo'lsin!

Normurod MUSOMOV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 1 =