Ta'limga e'tibor — millat kelajagiga e'tibor

Dunyo xaritasida ilgarilab borayotgan davlatlar bilan chuqurroq qiziqib ko'rsak, barchasida ta'lim, ilm-fanga alohida e'tibor berilayotgani bilan bog'liq umumiylikni ilg'ash qiyin emas. Negaki, aynan bugun jamiyat rivoji va istiqbolida ko'p jihatdan ta'lim asosiy o'rin egallashini e'tiborga olish lozimligini anglashga intilish moyilligi kuchaydi. Aynan “O'zbekiston — 2030” strategiyasining birinchi yo'nalishi ta'lim tizimidagi islohotlar samaradorligini ta'minlash, o'qitish sifatini oshirish orqali inson kapitalini rivojlantirishga qaratilganligi ham Yangi O'zbekistonning taraqqiyoti va kelajagi ta'lim-tarbiyaga yo'naltirilgan yangi yondashuvlar bilan yanada uyg'unligi isbotidir.

Shu o'rinda Xorazm viloyatida tashkil qilinganiga endigina 3 yil to'layotgan Urganch davlat pedagogika institutida qisqa vaqt ichida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari misolida yuqoridagi fikrlarning yana bir bor amaldagi ifodasini ko'rish mumkin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 iyundagi “Pedagogik ta'lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 289-sonli Qaroriga asosan, Urganch davlat universiteti pedagogika ta'lim sohasining bakalavriat ta'lim yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Urganch davlat pedagogika instituti tashkil etildi.

Pedagog kadrlar maqomini oshirish, bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar ta'lim tizimini harakatlantiruvchi asosiy kuch bo'lgan pedagoglarning kasbiy izlanishiga rag'bat berdi. O'z kelajagini sharaf va matonat timsoli bo'lgan O'QITUVChI kasbida deb bilgan intiluvchan yoshlar safi yildan-yilga kengayib bormoqda.

Viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarida kadrlarga bo'lgan yuqori talab yangi ta'lim yo'nalishlarini va mutaxassisliklar ochilishini taqozo etadi. Shu maqsadda bu yo'nalishdagi o'tgan 2023-2024 o'quv yilidagi islohotlarning uzviy davomi sifatida Urganch davlat pedagogika institutida fakultet va kafedralar tuzilmalari yanada kengaytirildi. Mavjud bo'lgan fakultetlar soni (pedagogika, filologiya va tarix, aniq va amaliy fanlar) to'rttaga yetkazildi. Yangi “Boshlang'ich ta'lim” fakulteti hamda uning tarkibida “Boshlang'ich ta'lim metodikasi” va “Umumiy psixologiya va boshlang'ich ta'lim pedagogikasi” kafedrasi tashkil etildi.

To'rtta fakultet negizidagi kafedralar soni 12 taga yetkazildi va institutda 4 ta fakultet, 12 ta kafedradan iborat boshqaruv tuzilmasi tashkil etildi. Talabalarga qulaylik yaratish maqsadida “Registrator ofisi” tashkil etildi.

2024-2025 o'quv yilidan Urganch davlat pedagogika institutida 19 ta kunduzgi, 9 ta sirtqi bakalavriat yo'nalishi, 11 ta magistratura mutaxassisliklari faoliyati yo'lga qo'yildi. 2025 yil yanvar oyidan 7 ta ixtisoslashgan yo'nalishlar bo'yicha 14 ta tayanch doktoranturaga kvotalar ajratilishi rejalashtirilgan.

Yurtboshimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan e'tibor va ishonch natijasida talabalarimiz yuqori darajadagi tanlov va musobaqalarda faol ishtirok etib, oldingilar qatorida e'tirof etilayotgani juda quvonchli.

Institut talabalari orasida 10 dan ortiq xalqaro toifadagi sport ustasi, shuningdek, 40 ga yaqin respublika, Osiyo va jahon chempionlari bor.

Talabalarning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazish maqsadida “Nihol” talabalar teatr studiyasi, “Dutorchi qizlar” ansambli, “Zakovat” intellektual klubi, “Qo'g'irchoq” teatri, “Ibrat academy” klubi, “QVZ” klubi tashkil etilgan.

2023-2024 o'quv yilida institutda 130 nafardan ortiq professor-o'qituvchilar faoliyat yuritdilar. Professor-o'qituvchilarga yaratilgan sharoitlar sababli, ular tomonidan o'tgan bir o'quv yili davomida 105 ta darslik, monografiya va o'quv qo'llanmalar Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Muvofiqlashtiruvchi kengashining ruxsat guvohnomasi orqali chop etildi.

“Ta'lim-tarbiya nazariyasi va metodikasi” yo'nalishi bo'yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy Kengash faoliyati yo'lga qo'yildi. Institut tarkibida oliy ta'limdan keyingi ta'lim bosqichida 7 ta ixtisoslik bo'yicha tayanch doktorantura tashkil etildi.

Bugungi kunda Urganch davlat pedagogika institutida ikkita ilmiy: “Urganch davlat pedagogika instituti axborotnomasi” hamda “O'zbekiston olimlarining ilmiy-amaliy tadqiqotlari” jurnallari faoliyati yo'lga qo'yilgan.

Shuningdek, institutning xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan o'zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari ham keng quloch yoymoqda. Jumladan, xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan 30 dan ziyod o'zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi. Xususan, Xitoyning Shinjon (Sinszyan) universiteti, Shensi pedagogika universiteti, Nankin texnologiyalar instituti, Landjou transport universiteti, Janubiy Koreyaning Dongshin universiteti, Turkiya davlatining Ege universiteti, Burdur Mehmet Akif Ersoy universiteti, Nejmiddin Erbakan universitetlari, Ozarbayjonning Tillar universiteti, Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti, Ozarbayjon universiteti, Ozarbayjon qo'shimcha ta'lim markazi, Ozarbayjon davlat madaniyat va san'at universiteti, Ozarbayjon markaziy ilmiy kutubxonasi, Rossiyaning Astraxan davlat universiteti, Novosibirsk davlat texnika universiteti, Qozon federal universiteti, Dog'iston davlat pedagogika universiteti, Belarusning Grodno davlat universiteti, Iordaniya davlatining Jadara universitetlari bilan ham hamkorlik memorandumlari imzolanib, o'zaro hamjihatlikda ishlar olib borilmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo'lib o'tgan “The 2023 UI Gryeyen Metrics World University Rankings” xalqaro konferensiyasida Urganch davlat pedagogika instituti “The 2023 UI Gryeyen Metrics World University Rankings” tashkiloti va “Times Higher Education” (“THE”) — universitetlarning xalqaro reytingini baholash tashkilotlari a'zosiga aylandi.

Institutda yoshlarga sifatli ta'lim berish bilan birgalikda tarbiya berish, ularni milliy urf-odatlar va qadriyatlarga muhabbat, vatanparvarlik va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Institutda har bir bayramni o'zgacha taraddud va yangiliklar bilan nishonlash an'anasi allaqachon urfga aylangan. 2024 yil may oyida Xotira va qadrlash kuni arafasida ma'rifatparvarlik namoyandalari bo'lgan jadidlarimiz siymosi va hikmatli so'zlarini o'zida jamlagan “Jadidlar bog'i”ning tantanali ochilish tadbirlari o'tkazilgan edi.

Betakror Vatanimiz mustaqilligining 33 yillik bayrami nishonlangan sururli kunlarda, shuningdek, 2024-2025 o'quv yili boshida Urganch davlat pedagogika instituti hududida 7 qavatli 600 o'ringa mo'ljallangan talabalar turar-joyining tantanali ochilishi nafaqat institut jamoasiga, talabalarga, viloyatimiz yoshlariga o'zgacha bayram kayfiyati baxsh etdi.

Talabalar turar-joyining tantanali ochilish tadbirida Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri o'rinbosari Otabek Mahkamov, viloyat hokimligi vakillari, faollar, institut jamoasi va talabalar quvonch, zavqu shavq bilan ishtirok etdilar.

Yildan-yilga kengayib, bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishga odatlangan Urganch davlat pedagogika instituti jamoasining kelgusi yillar uchun ham rejalari, maqsadlari juda katta.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik ta'lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida 2025 yilda Urganch davlat pedagogika institutining 1000 o'ringa mo'ljallangan 7 qavatli zamonaviy yangi o'quv binosini qurish ham maqsad qilib qo'yilgan.

Hamjihatlik va birdamlik kabi azaliy va go'zal qadriyatlar makon tutgan Yangi O'zbekiston pedagoglarini hech bir rivojlangan davlatlar o'qituvchilaridan kam bo'lmagan darajada tarbiyalashni o'z oldiga maqsad qilgan Urganch davlat pedagogika instituti jamoasi bugun katta marralarni maqsad qilgan holda yangi o'quv yiliga kirishdi.

Yangilanish va islohotlar samara berib, maktablarimizga ishtiyoqi baland pedagoglarning yangi avlodi kirib borishida Urganch davlat pedagogika instituti jamoasi hissasi borligidan har daqiqada faxr va g'urur tuyamiz.

Yana shuni g'urur bilan ta'kidlashni istardimki, muhtaram Prezidentimiz tomonidan ta'lim-tarbiya soxasiga davlat siyosati darajasida e'tibor, g'amxo'rlik ko'rsatilmoqda.

Kuni kecha yurtimizda keng nishonlangan 1-oktyabr—O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Davlatimiz rahbarining O'zbekiston o'qituvchi va murabbiylariga yo'llagan tabrigi biz pedagoglarni g'oyatda ruxlantirib yubordi. Prezidentimizning tabrigidagi quyidagi so'zlar esa ta'lim va tarbiya jamiyatimizda muqaddas ishga aylanganligining isbotidir:

“Ko'hna tarix, bugungi hayot tajribasi barcha muammolarning yechimi, savollarning javobi faqat va faqat ta'limda, kamolot va baxt eshiklarining kaliti ta'lim va tarbiyada ekanidan dalolat beradi.

Barchamiz yaxshi tushunamizki, o'z oldimizga qo'ygan buyuk maqsadlarga yetishda – jonajon O'zbekistonimizni erkin va farovon, har tomonlama obod mamlakatga aylantirishda soha rivojini yangi sifat bosqichiga ko'tarish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.”

Ta'limga, muallimga berilayotgan e'tibor shak-shubhasiz kelajakka, millat ravnaqiga ko'rsatilayotgan ulkan sarmoyadir. Uning natijasi elimizni yorug' manzillarga, yuksak dovonlar sari boshlayveradi.

Feruza MADRAHIMOVA,

Urganch davlat pedagogika instituti rektori,

pedagogika fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − four =