Ma'naviyatli qalblarda yomonlik bo'lmas

Endilikda mediamahsulotlar axloqsizlikni targ'ib qilmasligi uchun “ma'naviy ekspertiza”dan o'tkaziladi.
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Otabek Hasanovning ma'lum qilishicha, bu tartib Ma'naviyat va ma'rifat markazi, AOKA, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi va O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Milliy media birlashmasining birgalikdagi qarori bilan tasdiqlangan.
“Bugun shiddatli davrda axborotlar ko'lami va oqimi keng. Mediamakon zamonaviy, qiziqarli va dolzarb mavzudagi xilma-xil mediamahsulotlar bilan to'ldirilmoqda. Lekin ularning barini ham sifat va mazmun jihatidan milliyligimizga mos va xos, tarbiyaviy ahamiyati yuqori deb bo'lmaydi. Shu boisdan yoshlar tarbiyasiga va milliy mentalitetimizga raxna soluvchi mediamahsulotlar tarqalishining oldini olish va ularning sofligi, milliy axloqimizga moslik darajasini tahlil qilib borish ancha muhim”, — deyilgan bu haqdagi xabarda.
Demak, tele- va radiokanallar, ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanayotgan mediamahsulotlar, xususan, serial, multfilm, kino, qo'shiq va kliplarni ma'naviy ekspertizadan o'tkazish tartibi joriy etiladi. Qayd etilishicha, hozirga qadar ma'naviy ekspertizadan o'tkazish tartibi to'g'risidagi Nizom tasdiqlab bo'lingan. Unga muvofiq, ma'naviy ekspertiza guruhining asosiy vazifalari belgilangan.
Jumladan, soha mutaxassislaridan tarkib topgan guruh tomonidan O'zbekiston hamda xorijda ishlab chiqilgan va O'zbekiston hududida namoyish etilayotgan mediamahsulotlarning davlat siyosati, davlat ramzlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ma'naviy-axloqiy mezonlarga zid, insoniy fazilatlarga tahdid soluvchi axloqsizlik, behayolikni targ'ib qiluvchi holatlar mavjud va mavjud emasligi o'rganiladi.
Mediamahsulotlarning yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetimizga ta'siri baholanadi. Yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetimizga raxna soluvchi mediamahsulotlar tarqalishining oldini olish choralari ko'riladi. Bunday mediamahsulotlarning namoyish etilishini to'xtatish bo'yicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga takliflar kiritib boriladi.
Markaz tomonidan tayyorlangan videorolikda esa axloqsizlikni targ'ib qiluvchi mediamahsulotlar sifatida seriallar, klip va turli blogerlar tomonidan tayyorlangan videolar ko'rsatilgan.
“Ma'naviy ekspertiza” loyihasining to'liq ishlashi va jamiyatda kutilgan natijani berishi uchun esa Markaz barchani hamkorlikka chorlagan.
“Axloqsizlik va tarbiyasizliklar targ'ib qilingan mediamahsulotlarni aniqlash, namoyish qilish va keng targ'ibot qilish bo'yicha bildirilgan har bir fikr, mulohaza va taklif qimmatli. Zero, ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, yoshlarni azaliy milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash barchamizning asosiy vazifamizdir”, — deyilgan murojaatda.
…Aslida, ma'naviyat yillar, asrlar davomida sayqallanib boradi. Ma'naviyatga qanchalik kuchli e'tibor qaratilsa, shunchalik yuksalaveradi. U odamlarning har bir xatti-harakatida, fikr tarzida, o'y-xayollari tilida so'zga aylanganida namoyon bo'ladi. Ha, haqiqatan ham, bugun ma'naviyat masalasi ayrim kimsalar tomonidan ko'p bora “Ma'naviyat kerakmi?” degan iddaoli chiqishi bilan o'zining hamon dolzarbligini ko'rsatmoqda.
Aytish joizki, ma'naviyat “ommaviy madaniyat”dan saboq berdi. Uning mazmuniyu maqsadlarini ko'rsatdi. Chunki “ommaviy madaniyat” bir ko'rinishda beozor, yoqimli. Uning asl maqsadi yillar o'tgach namoyon bo'ladi. Birdan. Og'riqli. Harakatlarimizda. Turmush tarzimizda. Taqlid tufayli. Ilmsizlik sabab. E'tibor qilsak, liboslarimiz o'zgardi, hayotimizda g'arbona tarz ustuvorlik qila boshladi, er-xotin munosabati, ota-ona va farzandlar o'rtasidagi oqibat, silayi rahm… Bu ro'yxat uzun. Bular – yo'qotganlarimiz. Saqlab qolganlarimiz ham bor. Rivojlantirganlarimiz ham.
Eng muhimi, ma'naviyat bu masalalarda bizga ongli yondashuvni o'rgatdi. Shunisi muhim. Zero, bitta bo'lsa ham, ongli qabul qilingan ezgu amal bardavom bo'ladi. Shunga ko'ra, fuqarolarda yot g'oyalarni targ'ib qiluvchi filmlar, seriallarga nisbatan negativ munosabat shakllandi; kitob tanlash madaniyati mustahkamlandi; dunyo xalqlaridan o'rganish barobarida ularga ma'naviyat, madaniyat ulashishni ham o'zlashtirdik. Zero, xalqimiz bunga munosib, haqdor. San'atda ustuvorlikka erishgan g'arb musiqasi, san'ati o'rnini azaliy maqom egallamoqda. Bunga yurtimizda nishonlanayotgan xalqaro maqom festivallari yorqin dalil bo'la oladi. Barkamol qalb in'ikosi, nidosi, munojoti bo'lgan maqomni xalqimiz tinglashga, anglashga tayyor. Intiq.
Yana bir jihati shuki, ma'naviyat bizga tarbiyaning neligini o'rgatdi. Sharq va G'arb qiyos qilinganda, ta'lim va tarbiyaning muddati muhim hisoblanadi. Chunki ta'lim, ya'ni ilm o'rganish va o'rgatish odam bolasi uchun bir umrlik. Islom dinida sunnat va hatto farz sanaladi. Ammo tarbiya masalasi o'zgacha. U G'arbda balog'at yoshida amalda to'xtaydi. U yog'iga yoshlarni “hayotning o'zi tarbiyalaydi”. Sharqda tarbiya — bir umrlik ish. Bu yurtlarda tarbiyachining o'zi ham tarbiyalanuvchidir. Hatto keksalarimiz nabiralariga qarab o'rganadi, hayot tarzini belgilaydi. Xalqimizdagi “odobni odobsizdan o'rgan” hikmati ham shundan. Binobarin, hayo, ilm, imonning hududi — kattaligi, hajmi, ko'lami, odob-axloq darajasi tarbiyaning muddatiga bog'liq. Shuning uchun Sharq hayoda, ilmda, e'tiqodda — ma'naviyatda peshqadam. Shu boisdan aytish mumkinki, hozir sharqona hayo G'arb uchun tahdid, ular qabul qilishi mushkul odatdir.
Yana bir muhim tomoni, ma'naviyat ajdodlarimizni tanitdi. Shu paytga qadar ularni sof manbashunoslik, matnshunoslik jihatidan o'rganar edik. Endi allomalarimizning ilmiy merosiga murojaat kuchaydi. Ularni hayotga keng joriy etish yo'llari izlanmoqda. Birgina moturidiya ta'limotining yorqin vakili, taniqli teolog Abu-l-Muin Nasafiyni olaylik. “Bundan ming yil oldin jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashgan alloma” o'z davrida bugunning buzg'unchi g'oyalariga qarshi samarali kurashish yo'llarini o'rgatib ketgan edi. Asarlarida isyondan qaytarib, ilmga targ'ib qilgan alloma merosi qaytadan tirildi go'yo, asarlari sharh va izohlari bilan tarjima qilindi. Hayoti va ilgari surgan ilg'or g'oyalariga bag'ishlangan, birlamchi manbalarga tayanib, suratga olingan hujjatli-badiiy film xalqimiz e'tiboriga havola etildi.
Ko'rinib turganidek, Abu-l-Muin Nasafiy singari yurti, dini, xalqi uchun jon fido qilgan yuzlab, balki minglab allomalarimiz ilmiy merosini ilmiy asosda izchil o'rganish, ulardan keng xalq ommasi, ayniqsa, yoshlarimizni xabardor qilish dolzarblik kasb etmoqda.
Ma'naviyat isrofni eslatdi. Isrof ham turlicha. U molu dunyoda ham, ilmda ham bor. Ortiqcha xarajat ham, noo'rin sarf ham isrof. Hadislarda keltirilganidek, ziyofatning yomoni muhtojlar qolib, qorni to'qlar jamlanganidir. Ilmni har kimga o'rgatish ham, befoyda ilmga ruju qo'yish ham isrof. Demak, shogird tanlash ham mahorat va aql ishidir. Yuksak ma'naviyatli inson bularning barchasiga tafakkur bilan yondashadi. To'y va marosimlarni kamxarj qiladi. O'g'lini oriyatli qilib tarbiyalab, kelinning sepiga ko'z tikmaydi.
Bizningcha, fitnachi, johil insonlar bilan befoyda bahsu munozaraga kirishish vaqt va ilm isrofi bo'lsa kerak. Balki bundaylarni shunchaki unutish, asossiz so'zlarini e'tiborga olmaslik, tinglamaslik maqsadga muvofiqdir. Uning o'rniga ezgu ishlarga rag'bat qilish, vaqtini ilmga sarf qilish maqsadga molikdirki, ma'naviyat shundan kuch oladi.
Ma'naviyat oila madaniyatini isloh qildi. Yaxshi va yomon xulq oilada shakllanadi, tarbiya etiladi. Uning rahbari — tarbiyachisi bor. Oila rahbarining ma'naviyatiyu madaniyati — qolgan a'zolar uchun ibrat, namuna. Oila ma'naviyati shuning uchun kerak-da. Aslida, har bir oila a'zosining burch va vazifalari, majburiyatlari aniq belgilangan. Qadriyatlarimiz bilan tartibga solingan. Ularga ko'ra, ota — rahbar, ona — tarbiyachi, farzandlar — o'rganuvchi, itoat etuvchi, hurmat qiluvchi, tinglovchi… Keksalar — duogo'y. Yoshi ulug'larda jamlangan uzoq yillik hayot tajribasi yoshlarga atalgan. Yoshlarning kuch-quvvati, xizmati esa kattalarga. Bugun shuni angladik. Oilada farzandlar hurmatdan xizmatga o'tdi. Shu sabab keksalarimiz izzatda, uyning to'rida.
Ma'naviyat shu asnoda dinni anglatdi. Din boshqa, e'tiqod, ixlos boshqaligini bildik. Har qanday din da'vosi ham mukammal imon emasligini tushundik. Diniy masalalarga ongli yondashuv shakllandi. Bunda buyuk ajdodlarimiz merosiga tayandik. Xususan, samarqandiylar, buxoriylar, termiziylar, shoshiylar, farg'oniylar, nasafiylar, ustrushoniylar, subaxiylar… qoldirgan benazir ilmiy meros muhim. Ular orqali islomning asl haqiqatini angladik. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, hozir din borasidagi o'zgacha tahdidlar tobora ko'paymoqda. Ahli ziyo, ma'naviyat vakillari bu tahdidlarni chuqur anglaydi, qarshi kurash yo'lida birlashadi. Bunga ishonamiz. Demak, ma'naviyat ahli oldidagi vazifalardan yana biri ijtimoiy tarmoq orqali keng targ'ib qilinayotgan mafkuraviy tahdidlarga o'rinli, asosli kurashishdir.
Ma'naviyat shukrni targ'ib qiladi. Shukr har kimda bor va turfa. Rahbarning shukri — uning adolati, xodimniki — itoati, ota va onaning shukri — mas'uliyatni his etishi, farzandniki — xizmatga shayligi, olimning shukri — bilganlarini boshqalarga yetkazishi, ogohlantirishi, tarbiya qilishi, johil (ilmsiz)niki — o'rganishga jahd qilishi… Xullas, har kim o'z burchiga sadoqat ko'rsatishi — shukr. Bundan tashqari, ma'naviy shukr ham bor. U qadriyatlarni e'zoz bilish, ilmga rag'bat qilish, o'tganlarga hurmat, kelajak avlodga mas'uliyatli bo'lishdirki, bu barchaga birdek tegishli.
Har jabhada bo'lgani kabi ma'naviy sohada ham yechimini kutayotgan muammolar bor. Ularni bartaraf etish millat ravnaqi, jamiyat tinchligi uchun zarur. Shukrni ziyoda qilish uchun darkor. “Birni ko'rib fikr qil, birni ko'rib shukr”, deydi dono xalqimiz. Dunyoga boqaylik. Ma'naviyatdan kechganlar ahvoliga nazar solaylik. Ma'naviyatni qadr qilgani bois taraqqiy etganlardan hayratlanaylik. Zero, hayratdan ma'naviyat paydo bo'ladi. Ma'naviyat mustahkam joy olgan qalbda esa yomonlik bo'lmaydi!
Islom EGAMBERDI o'g'li.