Turkiy ism — özligim mening
yoxud asl milliy ismlarga qaçon qaytamiz?
Jiyanim qönğiroq qilib qoldi:
— Ammajon, suyunçi bering, öğilli böldim.
— Qutluğ bölsin, muborak bölsin! — xursand bölib ketdim xuşxabardan. — Istiqboli nurli bölsin, ilohim…
— Rahmat, ammajon, aytganingiz kelsin. Ismini Umar qöymoqçiman, nima deysiz?
— Umar yaxşi ism. Uluğ ism. Umarjon desa ham böladi (har qalay, quloğimga şunday eşitildi).
— Yöq, Umar emas, “O” bilan boşlanadi, Omar, yaʼni arabça haqiqiy aytilişini qöymoqçiman. Heç qanday “bek”, “jon” qöşimçalari kerak emas…
Öylab qarasam, millatimizga qöyilgan ismlarning töqson foizini arabiy va forsiy ismlar taşkil etar ekan. Har qalay, “jon”, “xon”, “bek” qöşimçalari bilan ularni “özimizniki” qilib olamiz. Jiyanimning fikridan keyin… Aslida, millatga xos ism ham milliy qadriyat sanaladi. Özligini anglagan millat egalari buni unutmasligi kerak.
Akayo, Genrix, Vladimir, Jun-san, Vaso, Akşay, Syaomin… Bu ismlarni eşitgan zahoti qaysi millat vakili ekanligini anglab yetasiz, şundaymi? Baʼzi ismlar köp millatlarda uçraydi, masalan, Denis. Ammo ularning familiyalari orqali bemalol millatini ajrata olasiz. Misol keltiradigan bölsak, gruzin millatining familiyalari “dze” yoki “şvili” qöşimçalari bilan aytiladi: Maxaraşvili, Kopadze, Şevarnadze, Beridze… Arman millatida “yan” qöşimçasi mavjud. Rus millati ism-şariflarida esa “viç” bor. Bu öz davrida bizga ham “meros” bölib ötgan.
Ismlari biz bilan bir xil bölgan qöşni davlat Tojikistonda familiyalar “zoda” qöşimçasi bilan yuritiladi: Qurbonzoda, Rahmonzoda… Şu örinda ikki-uç yil avval ijtimoiy tarmoqlarda berilgan xabarga köra, uşbu davlatda tuğiladigan çaqaloqlarga faqat tojik, yaʼni forsiy ism qöyilişi haqida qaror çiqqanini eşitgandim. Bu xabar qay darajada töğri, bilmadim, biroq buni eşitib xursand bölganman. Çunki ism har bir millatning özligini anglatib turişi kerak.
Xorijda davlatimiz xizmatida bölgan öğlim qönğiroq qilib qoldi. Salom-alikdan söng muddaoga ötdi:
— Keliningiz şu kunlarda köpayişadi. Farzandimga turkiy ism qöymoqçiman.
— Töğri öylabsan, öğlim, — xursand böldim fikridan. — Ism ham millatni anglatib turuvçi qadriyat.
— Şunday, ayajon. Özingizga yoqqan turkiy ismlardan yozib yuboring…
Yevropada tuğiladigan nabiramga ism tanlaş uçun kutubxonalardan turkiy ismlar kitobini izlay boşladim. Baxtga qarşi, bunday kitob topa olmadim. Umumiy ismlar kitobida esa, asosan, arabiy va forsiy ismlar joy olgan. Şunga ham yetti yil bölyapti. Hozir ham bunday kitob bor deb öylamayman. Negaki, yurtimizda tuğilayotgan çaqaloqlarga, asosan, arabiy ismlar qöyilmoqda. Albatta, bu islom diniga eʼtiqod qilişimiz bilan uzviy boğliq. Mamlakatimiz aholisining töqson foizini musulmonlar taşkil etadi. Albatta dinimizni yaxşi köramiz, eʼtiqod qilamiz, musulmon ekanimizga şukronalar keltiramiz. Biroq bu eʼtiqod millatimizga — özligimizga tegişli bölgan qadim qadriyatlarimizga raxna solmasligi kerak.
Atrofimdagi baʼzi voqealardan hayratga tuşaman. Nima emiş, allakim islom diniga eʼtiqodi kuçayib, öz ismini arabiy qilib özgartiribdi. Şu örinda bir haqiqatga yuzlanişimiz şart deb öylayman, yaʼni arabiy ismlar islom dini kirib kelmasidan avval, öz tillari bilan aytganda, johiliyat davrida ham xuddi şunday bölgan. Islom dini kirib kelganidan keyin, islomiy ismlar joriy qilinganda, farz qilinganda ham mayli edi. Aytmoqçimanki, arab millati qadim davrlardan buyon ajdodlari ismini ardoqlab kelmoqda.
Şunday ekan, turk eli farzandlari nima uçun ajdodlaridan meros turkiy ismlarni unutişi kerak? Nima uçun yurtimiz egalari özga millat ismlari bilan dunyoga böy körsatişi kerak?! Nima uçun Turon elida yaşab ötgan ota-bobolarimiz, ena-momolarimiz ismi çetda qolmoqda, unutilmoqda? Köksida Vataniga, millatiga muhabbati sobit inson borki, buni öylab körişi lozim emasmi?
Turkiya davlati kinorejissyorlari tomonidan tarixiy voqealar asosida suratga olingan “Çoliquşi” badiiy filmi barçamizga yaxşi taniş. Yodingizda bölsa, şu filmda qizlardan iborat sinf öquvçilari ustozlariga bir-bir özlarini taniştiradi: Ayşe, Ayşe… yaʼni qizlarning asosiy qismining ismi Ayşe böladi. Hozirda esa turk filmlaridagi qahramonlarning ismlari deyarli turkona: Çeçak, Gulzor, Dunyo, Osmon, Sevgi, Bahor, Turon, Arslon… Qanday gözal ismlar! Darhaqiqat, qadim ajdodlarimiz tabiat bilan uyğunlikda ism qöyişgan. Qöşnimiz Qozoğistonda ham bizga nisbatan turkiy ismlarga köproq eʼtibor qaratilişiga guvohman.
Maqolani tayyorlaş jarayonida turkiy ismlar berilgan kitobni topa olmagaç, ijtimoiy tarmoqdan foydalandim. Afsuski, ijtimoiy tarmoqda ham “turkça ismlar röyxati qani?” degan söroqqa duç keldim, yaʼni ismlar berilmagan. Özbekça ismlar maʼnosi degan bölimda esa uçta rukn bölib, birinçisi “Arabça”, ikkinçisi “Boşqalar”, uçinçisi “Fors-tojikça” deya belgilanibdi. Eʼtibor qilgan bölsangiz, özbekça ismlar bölimida “Özbekça” degan ruknning özi yöq. Bu qay darajada afsuslanarli ekanligini anglab yetgandirsiz?!
Men jurnalist sifatida vatanparvarlik ruhidagi köplab tadbirlarda iştirok etganman. Biroq mana şu yiğinlarning birortasida öğil-qizlarimizga turkiy ismlar qöyiş haqida söz yuritilganini eslay olmayman. Töğriroği, bu borada biror marotaba fikr bildirilmagan, bahs-munozara bölmagan.
Donolarimiz “Ismlarda hikmat bor”, deyişadi. Darhaqiqat, qadim ajdodlarimiz şu haqiqatga qattiq amal qilişgan. Yangi tuğilgan çaqaloqqa ism qöyişga katta eʼtibor qaratilgan. Yangi mehmonga kattalar iştirokidagi marosim orqali ism tanlangan. Maʼnosi, jarangdorligi inobatga olingan.
Özbekça ismlarni izlaş çoğida Otabek va Kumuş ismlariga duç keldim. Qarang, özbekning uluğ yozuvçisi Abdulla Qodiriy özining betakror asari “Ötkan kunlar”ning boş qahramonlariga özbekça ismlar tanlagan. Bu bejiz emas, albatta. Millat erki deya köksi kuyib ötgan, jadidçilik harakatining ilğor vakillaridan bölgan yozuvçining çin maʼnoda vatanparvarligidan dalolat bu. Millatparvar inson özgaça bölişi mumkin emas.
Yaqinda hamkasblarimdan biri nabirasiga Alp-Arslon deya ism qöydi. Turkiylarga hos qançalar çiroyli ism! Umidim, tilagim — yurtimizda mana şunday Alp-Arslon, Alp-Tegin, Oybarçin va Tömaris kabi turkiy ismlar köpaysin. Sizga neça yuzlab arabiy va forsiy ismlar içidan izlab-izlab topganim — özbekça ismlar röyxatini ilindim.
Gulbarşin — ipak guli degan maʼnoni anglatadi. Guldek çiroyli, nafis, közni qamaştiruvçi husnga ega.
Ismadiyor — Vataniga, xalqiga vafodor, jonini beruvçi yetuk inson.
Sevarbek — yurtini, elini, yaqinlarini sevadi.
Xuşnur — xuş kayfiyat inson, çehrasi nurli.
Bobur — yölbars, arslon, uluğ, buyuk. Şuningdek, tez gapiradigan odam maʼnosi bor.
Botir — mard, jasur, qörqmas.
Yorqin — kelajagi porloq, mehr-şafqatli, muruvvatli, köngli oçiq.
Jörabek — döstlikni qadrlovçi, jöralarning begi.
Loçin — loçindek ziyrak, dovyurak, çaqqon, tezkor.
Oybek — beklar naslidan bölgan omadli, baxtli, oydek porloq.
Otabek — şahzoda, xonzoda, beklar boşliği, yetakçisi, sardori obrö-eʼtiborli, nasl-nasabli.
Tölqin — hayotda yayrab, yaşnab, dengiz tölqinidek jöşqin, tölib-toşib yursin degan maʼno mujassam.
Uluğbek — buyuk hukmron, buyuk sulton yoki beklarning begi.
Öktam — ğamxör, mehr-muruvvatli yoki mağrur, viqorli, mustaqil, erkin.
Ötkir — mohir, aqlli, zakovatli, ötkir. Dono, bilimli, zehnli, ziyrak.
Uçqun — hayoti nurli, tolei porloq, iqboli baland, saodatli va omadli.
Fayzbek — beklar avlodiga mansub, fayz-barakali, omadli, saxovatli.
Erkin — hur, ozod, mustaqil, heç kimga tobe bölmagan.
Elbek — elning boşliği, sardori, yölboşçisi.
Oybarçin — oy yuzli, oy çehrali, iboli, hayoli, qalbi pok.
Binafşa — körkam, nafis, suluv.
Yorqinoy — hayoti nurli, mehribon dilkaş qiz.
Ifora — xuşböy, yoqimli iforli, nafis hid taratuvçi.
Kamola — kamolga erişgan yetuk, zebo, körkam, mukammal.
Kumuş — kumuşdek yorqin, qadrli, oq yuzli oqbadan gözal.
Nargiza — nargis (bötagul)dek nozik, nafis, zebo, gözal.
Yulduz — yulduzdek yoruğ yuzli, nurli, çiroyli, latofatli. Tolei yulduzdek yuksak va iqboli porloq.
Darhaqiqat, inson hayotida unga qöyilgan ismning örni juda katta ahamiyatga ega deyişadi. Qayda bölsam, boşda döppim deganlaridek, farzandlarimiz, nabiralarimizga özligimizga xos bölgan turkona — özbekona ismlardan qöysak, bu ham millatparvarlik va özligini anglaşdan dalolat bölgay!
Zulfiya YUNUSOVA,
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.
