Maxtumquli Firog'iy

Buyuk turkman shoiri Maxtumquli Firog'iy tavalludining 300 yilligiga

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog'istonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, shoir va tarjimon Yangiboy QO'ChQOROV 1958 yili Beruniy tumanida tug'ilgan. Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan. “Ko'kminorga qo'ngan qush”, “Burgutga bosh egmagan bars” romanlari, “Qo'ng'irotnoma”, “Otajonning oltin sozi” dostonlari, atoqli shoira Zulfiyaxonim tavalludining 100 yilligiga bag'ishlangan “Oy tegrasida yulduzlar”, Rasul Hamzatov tavalludining 100 yilligiga bag'ishlangan “Dog'iston donishmandi. Dagestanskiy mudres” kitoblarining muallifi. Nobel mukofoti laureati Svetlana Aleksiyevich qalamiga mansub “Urushning ayolga yot qiyofasi” romani adib tarjimasida chop etilgan.

Muallif tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog'iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qaroriga javoban yozilgan ushbu dostondan quyida parcha e'lon qilinmoqda. U mushtariylarimizning buyuk shoir haqidagi tasavvurini yanada boyitadi, degan umiddamiz.

 

Yangiboy QO'ChQOROV

(Doston-monologdan parcha)

Kunduz Quyosh, kechasi Oy,

Ulug' Yurtga berar chiroy,

Jannat misol go'zal bir joy,

Mening yurtim, mening yurtim.

 

Mavj uradi ikki ummon —

Bahri Hazar, Bahri Jurjon,

O'rtasida cho'l bepoyon,

Mening yurtim, mening yurtim.

 

Biriga Sir, Amu quyar,

Gurgon, Atrek birin suyar,

Bir-biriga joni kuyar,

Mening yurtim, mening yurtim.

 

Bahri Hazar — ulkan ummon,

Bir yonida ulug' Turon,

Bir yoni Eron, Xuroson,

Mening yurtim, mening yurtim.

 

Mavj uradi Orol dengiz,

Quyilar qo'sh nahr tengsiz,

Nuhdan qolgan tabarruk iz,

Mening yurtim, mening yurtim.

 

Orasinda ikki cho'l bor,

Sariqamish taxir ko'l bor,

Yaylovlarda qancha el bor,

Mening yurtim, mening yurtim.

 

Kopettog'din esar yellar,

Bulut ko'chib, yog'ar sellar,

Unib chiqar suluv gullar,

Mening yurtim, mening yurtim.

 

Adirlarda lola durkun,

Ko'z-ko'z qilur alvon ko'rkin,

Qushlar uchar erkin-erkin,

Mening yurtim, mening yurtim.

 

To'lib-toshib oqar Gurgon,

Atrek to'lqin urar ravon,

Yo'qdir to'siq, yo'qdir to'g'on,

Mening yurtim, mening yurtim.

 

Sumbar tiniq, zilol daryo,

Chandir birla egiz go'yo,

Tabiat bu, emas ro'yo,

Mening yurtim, mening yurtim.

 

Ikki daryo, ikki irmoq,

Suvi shirin misli qaymoq,

Davron surar urug', aymoq,

Mening yurtim, mening yurtim.

 

Daryo bo'yi tizzadan o't,

Har bir ko'kat baraka, qut,

Marjon kabi tizilgan tut,

Mening yurtim, mening yurtim.

 

* * *

O'z xalqiga qo'lin bergan,

Yuragining to'rin bergan,

Haroratu qo'rin bergan,

Mening otam Ozodiydur.

Umr bergan xush, serma'no,

Yaratganga aytgan sano,

Haqdin xitob olgan dono,

Mening otam Ozodiydur.

 

Alqab bergan har onini,

Ko'zga surgan Qur'onini.

Baxt bilgan muslim shonini,

Mening otam Ozodiydur.

 

“Payg'ambarga dur, salavot,

U bois Iymon salomat!”

Degan minnatdor bir ummat,

Mening otam Ozodiydur.

 

Go'klan, chovdur dilda borin,

Ersari, yovmut oh zorin,

Aytgan tekening qarorin,

Mening otam Ozodiydur.

 

Qul bo'lgan Qodir Xudoga,

Teng bo'lgan shohu gadoga,

Quloq tutgan haq sadoga,

Mening otam Ozodiydur.

 

Suygan yurtning tuprog'ini,

Har daraxt, har yaprog'ini,

Har giyoh, har yantog'ini,

Mening otam Ozodiydur.

Qur'onni yod olgan boshdan,

Sabri qattiq tog'u toshdan,

Hech qochmagan jang, savashdan,

Mening otam Ozodiydur.

Har so'zida bor tarozi,

Turkmanimni qilgan rozi,

Kitobida so'zning sozi,

Mening otam Ozodiydur.

 

Qo'llarimga kitob bergan,

Go'yo parcha oftob bergan,

“Elni sev!” deb xitob bergan,

Mening otam Ozodiydur.

 

* * *

Elning rangi somon bo'ldi,

Xalq ko'z yoshi ummon bo'ldi,

Yurt suv topmay sarson bo'ldi,

Bu qandayin zamon bo'ldi?!

 

Go'klan moli arzon bo'ldi,

Teke oti talon bo'ldi,

Yovmut, yazir nolon bo'ldi,

Bu qandayin zamon bo'ldi?!

 

Zamin kuyib, osmon bo'ldi,

Bog'lar qurib, yobon bo'ldi,

Ichganimiz yovg'on bo'ldi,

Bu qandayin zamon bo'ldi?!

 

Nodirshoh bir to'fon bo'ldi,

Qirq yil tinmay qiron bo'ldi,

Ikki og'am xazon bo'ldi,

Bu qandayin zamon bo'ldi?

 

* * *

Zarra shafqat qilmay bu dam,

Odam qonin to'kib odam,

Bir qorindan tushgan og'am

Abdullohni o'ldirdilar.

Otam qaddin bukdi bu g'am,

Daryo bo'lib yig'lar onam,

Sochin yular Zubayda ham,

Abdullohni o'ldirdilar.

 

Ko'zimga tor bo'ldi olam,

Yomg'ir bo'lib yog'di alam,

Qo'llarimda yig'lar qalam,

Abdullohni o'ldirdilar.

 

* * *

Ota yurtning erki uchun,

Ona diyor ko'rki uchun,

Uni tuqqan xalqi uchun,

Shahid ketdi Mammatsafo.

 

Elchi bo'lib ketgan edi,

Kandahorga yetgan edi,

Shohga ta'zim etgan edi,

Shahid ketdi Mammatsafo.

 

Turkmanim tinch yashasin, deb,

Halol oshin oshasin, deb,

Birga qadam tashlasin, deb,

Shahid ketdi Mammatsafo.

 

Ishongani sarob chiqdi,

Obod go'sha xarob chiqdi,

Oldidan mo'rt arbob chiqdi,

Shahid ketdi Mammatsafo.

 

Alloh olsin rahmatiga,

Eshik ochib jannatiga,

Imzo chekib sulh xatiga,

Shahid ketdi Mammatsafo.

 

* * *

Kerak emas och xalqimga,

Yupunu yalang'och xalqimga,

Jonimiz keldi halqumga,

Urush kimga kerak, kimga?!

 

Qumursqadek qirilar xalq,

Qaqnus bo'lib tirilar xalq,

Elkaga to'rva ilar xalq,

Urush kimga kerak, kimga?!

 

Istaydi tig' savdogari,

Sotsa ortib tillo, zari,

Mo'l bo'larmi o'ljalari,

Urush kimga kerak, kimga?!

 

Shohga yangi yerlar uchun,

Qo'shinda g'o'ch erlar uchun,

Kerakmas fil, sherlar uchun,

Urush kimga kerak, kimga?!

 

Nasllar deb qarshidurmen,

Fasllar deb qarshidurmen,

Asrlar deb qarshidurmen,

Urush kimga kerak, kimga?!

 

Qirg'inni qo'y, bug'doying ek,

Xalqni o'yla bo'lsang boy, bek,

Shu qirg'inga qo'yaylik chek,

Urush kimga kerak, kimga?!

 

* * *

Yigirma bir yoshda chog'im,

Tik otamni qayg'u yiqdi,

Uch daraxtin yo'ydi bog'im,

Bir uydan uch tobut chiqdi.

 

Og'ir kunlar keldi elga,

Vabo o'xshar xuddi selga,

O'lat tarqab o'ngu so'lga,

Bir uydan uch tobut chiqdi.

 

Onam yig'lar daryo bo'lib,

O'bo  qoldi sahro bo'lib,

Vomiqi yo'q Uzro bo'lib,

Bir uydan uch tobut chiqdi.

 

Tinsin ushbu xavfli oqim,

Urushlar ham to'xtab tokim,

Alloh bizga qilsin rahm,

Bir uydan uch tobut chiqdi!

* * *

Men — Firog'iy Maxtumquli,

Dilga oldim Haqdin buyruq.

U — hayotning so'lmas guli,

Ayol ulug', ayol ulug'.

 

Ta'zimdamen har bir onim,

Oq sut bergan onajonim,

Jondan yaqin qadrdonim,

Ayol ulug', ayol ulug'.

 

Hayot — bog', u — go'zal guldir,

U opadir, u singildir,

Hurmating shu so'zda bildir:

Ayol ulug', ayol ulug'!

* * *

Bordir elga vasiyatim,

Avlodlarga nasihatim.

Butun jahon tinch bo'lsin deb

Yozib qo'ying pok niyatim:

 

— Qilichingni qilgin omoch,

Qara, shuncha odamlar och.

Qani dunyo adolati,

Kim zar to'nda, kim yalang'och.

Ne maqsadda yasaysan to'p,

O'zing bo'lsang bitta mo'rt cho'p.

Kul bo'lsinmi shu Sayyora,

Shuni o'zga ko'rdingmi ep?

Kimga kerak qirg'in, talon,

Har yurt bo'lsin tinch, farovon.

Siyosat bir ayyor tulki,

Aldoviga bo'lma qurbon.

Har el erkin, ozod bo'lsin,

Har xalq baxtli, tinch, shod bo'lsin.

Hamma yashab birdamlikda,

Butun olam obod bo'lsin.

Mo'rtdir Jahon, Mo'rtdir Jahon,

Yoqsang bo'lib qolgay Sayhon.

Maxtumquli, aytdim Senga,

To'xta Inson, To'xta Inson!!!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 11 =