Aylanadi ovozsiz dardlar
Zamira RÖZIYEVA
Muallif haqida:
Zamira RÖZIYEVA — 1957 yilda Andijon şahrida tuğilgan.
ToşDU (hozirgi ÖzMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
1991-1996 yillarda Özbekiston Kasaba uyuşmalari federatsiyasi muassisligidagi “Ishonch” gazetasining, 2013-2017 yillarda “Milliy tiklaniş” ijtimoiy-siyosiy gazetasining Andijon viloyati muxbiri bölib işlagan.
Şoiraning “Munavvar yurtim”, “Gul islari”, “Atirgulga aylanaman”, “Oftobjamol”, “Jon riştasi”, “Sarçaşma”, “Taşnadil”, “Umid boği”, “Röşnolik”, “Hayratning suvrati” kabi öndan ortiq kitoblari naşr etilgan.
Bundan taşqari, Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi taşabbusi bilan çiqarilgan “Kim edig-u kim böldik?”, “Avlodlar yöli”, “Ming bir ibratli hayot”, “Bugunning nafasi”, “Uluğ saltanat vasfi” nomli töplamlarida publitsistik oçerklari çop etilgan.
Bolalar uçun “Ziynatboğ”, “Halinçagim, onamdayin aziz yurt” nomli kitoblar muallifi.
“Oltin qalam” milliy mukofoti sohibasi. 2015 yili “Şuhrat” medali bilan, 2022 yilda Xalqaro Bobur mukofoti bilan taqdirlangan.
Yaqinda qatağon qurbonlari mavzusida “Kul bosgan çöğlar” nomli hujjatli qissasini yozib tugatdi.
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.
Toza tafakkurga, hur tasavvurga,
Imonlar ilhaqdir, vijdon ilhaqdir.
Oşno bölolgankim ziyoga, nurga,
Jamlansa millatdir, jamlansa xalqdir.
Urçigan yolğonga qarşi köngillar,
Haqiqat yölida baxşi köngillar,
Mardlar maydonining naqşi köngillar
Jamlansa millatdir, jamlansa xalqdir.
Tobelikka qarşi dod, qaldiroqlar,
Zulmat töfonlarin yenggan çiroqlar,
Yoğiyning adabin bergan Şiroqlar
Jamlansa millatdir, jamlansa xalqdir.
Xudbinu loqaydlik zahri “mustabid”,
Kemirgay har siçqon, tişlagay har it,
Maʼrifatsiz ERK yöq degan har
jadid —
Jamlansa millatdir, jamlansa
xalqdir.
Men, men… degan nafsin ötlarga otib,
Noçorning kuniga yarab, asqotib,
Kuysakim mudragan qavmin uyğotib —
Jamlansa millatdir, jamlansa xalqdir.
Hurlik deb çöğlaniş baxt degan jonlar,
Soğiniş, yöqlaniş baxt degan jonlar,
Vatanda uyğoniş baxt degan jonlar,
Jamlansa millatdir, jamlansa xalqdir.
* * *
Balki zaifroqman körinişimdan,
Bilagim zörmasdir boqsang dafʼatan.
Ammo bahor, yozim, kuzu qişimdan
Tinmay mehr yoğar bağringga, Vatan.
Törtov faslim işqning libosin kiygan,
Ortda gul, daraxti yaşnoq izim bor.
Vatan, dardingni ham özimday suygan,
Mehrin malham etgan öğlim, qizim bor.
Ular bizni juftlab ona Vatan der,
Közlar töla mehr, qalb töla qadr.
Sen ham mening kabi işonçingni ber,
Ular hamişalik himoyangdadir.
Muhabbatli vujud zaif bölmas heç,
Tuproqni surmalar aylab yonaman.
Kuningga yarayman deya tongmi, keç,
Qatoringga mardlar qöygan Onaman.
Muhtaşam qörğonsen, zörsen, buyuksen,
Olovlar saçrasin aytar sözimdan.
Seni közga ilmas ğanimki qörqsin,
Qatoringda turgan öğlim, qizimdan.
* * *
Oqillar sevgisin aytib hayqirmas,
Vatanni elitmas maddohning turqi.
Özidan avvalroq gapirgay besas,
Yelkaga olingan Vatanning yuki.
Oqillar izzatu mavqe tilanib
Körgan kitoblarin sonin sanamas,
Mavqe kelaverar unga elanib,
Ilmiga amali vojib bölsa bas.
SAKKIZLIK
Sezdim mohiyati nedir hayotning,
Bandi etdi uluğ diydor istagi.
Sezdim oşiqlikning kaşfiyoti ming
Va sabru saboti… ming bir tusdagi.
Sezdim, jismu jonim işq içra bugun,
Qay tong kurtak yozib, qay tong gullarman.
Men turiş-turmuşi yaşil boğ — Majnun,
Ul yorga içikib xatlar yöllarman.
IQROR
Endi mening tunim bedor seni öylab,
Kunduzlarim kaşf etar sen sevgan gulni.
Çarçamasman oymi, fasl va yo yillab,
Topgunimça huzuringga borar yölni.
Vasl işqi sarxuş etgiç gulobimdir,
Qoraçiğim isming yoziq kitobimdir,
Muhabbating manim oyim, oftobimdir,
Topgunimça huzuringga borar yölni.
Alamlarga sabotim bor, dardga sabrim,
Gumonlarni yorib yitgay nişu zahrim,
Buyuk diydor — buyuk istak, buyuk faxrim,
Topgunimça huzuringga borar yölni.
Közni yumsam köngil közi körgay seni,
Sevdim jismu joni fido qulday seni,
Nisor etgum oromlarning hammasini,
Topgunimça huzuringga borar yölni.
* * *
Iztiroblar qiynar kuygan yuragimni,
Dunyo, sening tarozingni qiyşiq kördim.
Bilmay qoldim qaysi yöldan yurmagimni,
Öngda riyo, çapda yolğon-yaşiq kördim.
Dasti uzun, makri ming tuski ayyorlar,
Har soddaga har lahza pand berib yaşar.
Muhabbati arzongarov, yolğon yorlar
Xiyonatning tiliga qand berib yaşar.
Işq deganlar uzun-uzun dardga ega,
Kesakdillar hiringlaşib içarlar may.
Nafisa dil toşbağirni sevdi… nega?
Sörab ezgin ohanglarda yiğladi nay.
Donişfikr xokisorga poygak tegib,
Uy törida ötiradi maddohlar xuş.
Kir panjada haqiqatning boşin egib,
Kimdir “osmon qölimda” deb yuradi xuş.
Dunyo bir kam deb aytdilar,
Rostmidi yo,
Bormi sening bu kamlikdan ezilganing?
Berarmisan savolimga javob, dunyo,
Bilarmisan tarozingning buzilganin.
* * *
Boşqaçaroq öyla, boşqaça yaşa,
Öqiy bil yuz yillik moziy satrini.
Böy-basting körinsin kunga yaraşa,
Kötar köksingdagi hurlik qadrini.
Aldaniş gumrohlik, adaşiş gunoh,
Yöl izla ögitlar öçmagan xatdan.
Ana, maysa guvoh, ana, gul guvoh,
Suyangisi kelib jilmaydi Vatan.
Yuraging himoya haddin uşlasin,
Kelib yetdi huşyor yaşaş xonasi.
Mudrama, kaftingdan qulab tuşmasin,
Ravzayi jannatning taklifnomasi.
Öz rizqingni özing şukur qilib ye,
Gung turmagin baxtdan bahs
boşlangan payt.
Yurt, elim heç kimga qaram emas de,
Qaram bölmaydi de, men borman, deb ayt.
“KAFANSIZ KÖMILGANLAR”NI ÖQIB…
Kimning bolasisan, Qanoat,
Ayt seni kim tuqqan, Iroda.
Yelkangdagi kunlar şunça zax,
Yelkangdagi kunlar ğamboda.
Tikanli, çirigan arqon yölingmi?!
Qontalaş tovoning izlarin kördim.
Senga qöllarini çözgan ölimmi?!
U arqonga bunça yonma-yon yurdi.
Bugun keng dunyo lol,
Bağrin qariçlab,
Ming bor ölçab yiğlar öz oyoq-boşin.
Qayerga qöyadi endi…
Joy tor-ku,
Yarador yuraklar kötargan toşin.
HOLAT
Tölğin könglim körinişi — kuz,
Aytarlarim çöğlangan barglar.
Bir hikoya aylanar besöz,
Aylanadi ovozsiz dardlar.
Şamollarda vazmin bir navo,
Oqil dunyo çayqaladi jim.
Yuzlarimni öpar nam havo,
Tökila qol, tökil, ey, könglim…
ONAM BILAN SUHBAT
— Sizdan keyin bildim, ona,
Hayot şunday qattiqqöl.
— Sen sabr top, sabr yana,
Mening asl bolam böl.
— Yuragim katta edi,
Iğvo, ğiybatlar yedi.
— Bular ham bitta sinov,
Yiqilma, bolam, darrov.
— Töxtama deb aytgandingiz,
Yurgizmaydi çohlar köp.
— Sen özingda ğoliblik sez,
Matonatning qölin öp.
— Nogoh kelgan nayzalarga
Töldi orqa kuragim.
— Köz oldingda tursin, bolam,
Mening daryo yuragim.
— Yaqinimning xiyonati
Aylamoq istar mayib.
— Tişni tişga bosib… yutin,
Mağrur qara… jilmayib…
— Tun bağrini qiynab qöydi,
Ona, közdagi jolam.
— Bas, yiğlama, jonim kuydi,
Tilovat boşla, bolam.
ÇIMILDIQ
Momomdan qolgan palak
devoringmi, çimildiq?
Sevib, sevilgan malak
Dildoringmi, çimildiq?
Sen eng uluğ, muhtaşam,
Göşa bölding muhtaram,
Sözlab turar par töşak
Çiroyingni, çimildiq.
Qutluğ uyning burçagin
Şunçalar sehrlaysan.
Sen Xizr bobo bergan
Benazir mehrdaysan.
Harir libos jononning,
Jononni suygan jonning
Yuragiga gulxanlar,
Gulzorlar muhrlaysan.
Boğ aylangan gulnafas
Xayolmisan, çimildiq?
Nigohi, nuri nafis
Hilolmisan, çimildiq?
Orzumisan oşiqqa,
Mavzumisan qöşiqqa,
Begona köz tuşmagan
Visolmisan, çimildiq?
Toza hislar, tuyğular
Ğunçalasin, gullasin.
Guvoh bölsin parqular,
Arşga salom yöllasin.
Sadoqatni saqlagin,
Orzularin oqlagin,
Köngillarni qovuştir,
Parvardigor qöllasin.

