So'nggi pushaymon

Ochil XUDOYBERDIYEV
Hikoya
Tebat tekisligi bo'ylab ufqqacha tutashib ketgan ilon izi yo'ldan kajavali mototsiklda Alimboy g'izillab pastga — qishloqqa tomon borardi. Yo'l notekis va o'nqir-cho'nqir bo'lganligi bois tezlikni oshirib bo'lmasdi. Quyosh botishiga o'n-o'n besh daqiqalar qolayotgan payt u Supratosh deb ataladigan joyga yaqinlashib qolgan edi. Shu payt sayhonlikdan qirga tomon o'rmalab o'tlab borayotgan o'n besh-yigirma chog'li qo'y-qo'ziga Alimboyning ko'zi tushdi. U mototsiklni qo'ylar tomon haydab, oraliq masofa yaqin qolganda to'xtadi. Ulovdan tushib, chor-atrofga bir qur nazar tashladi. Qishloqqacha bir-bir yarim chaqirim bor, atrofda odam zoti ko'rinmaydi. U balandlikka chiqib borayotgan qo'ylar oldini o'rab sayhonlikka haydadi. Kela-kela chor-atrofga yana olazarak boqdi. Yaqin o'rtada hech kimsa yo'qligiga ishonch hosil qilgach, qo'ylar orasidan qo'ng'ir tusli semiz bir to'qlini ushladi. Yon cho'ntagidan chilvir ipni olib, to'qlining oyoqlarini bog'ladi va qo'yni aravacha yukxonasiga joyladi. Jo'nash oldidan atrofni tag'in kuzatdi. Alimboy qishloqqa oralaganda, endi qorong'i tusha boshlagandi. Mototsikl tovushini eshitgan o'n ikki-o'n uch yashar o'g'li darvozani lang ochib qo'ydi. Alimboy mototsiklni odatdagiday uy ayvoniga to'xtatmay, to'g'ri qo'ra tomon haydadi. Salim darvozani yopib, otasi tomon borayotgan edi, Alimboy o'g'lini chalg'itdi. Shimining cho'ntagidan bir so'mlik chiqarib:
— O'g'lim, nosim tugabdi, manavi pulga Karim nosfurushnikidan tez nos olib kelgin, — dedi.
— Xo'p, ota, hozir obkelaman, — deya o'g'il chopqillab ketdi.
O'g'li darvozadan chiqib ketishi bilan Alimboy yukxonadan qo'yni chiqarib, qo'rasidagi qo'ylariga qo'shib yubordi. Keyin mototsiklni yetaklab, uy ayvoniga qo'ydi. Ust-boshini qoqdi. Xotini Xadicha oftoba keltirib, qo'liga suv quydi. Qizchasi sochiq olib chiqib unga uzatdi. Alimboy artinib xonaga kirgan payt Salim nos keltirib berdi. O'rtaga dasturxon yozilishi bilan Xadicha gap boshladi:
— Ammalar qanday, sog'-omon yurishibdimikan?
— Hammasi tuzuk, salom aytib qolishdi, — dedi Alimboy piyolaga choy suzayotib.
— Ammamning o'g'lini olib kelmadingizmi? — dedi Salim birozdan so'ng.
— O'n-o'n besh kundan keyin kelarmish, — dedi ota chaynalib.
Dasturxon yig'ishtirilib, bolalar dars tayyorlashga kirishdi. Soat kechasi o'n yarimdan o'tib, xonadagi lampochka lip etib o'chdi. Xadicha zorlana-zorlana fonar yoqib, joy soldi. Bolalar uxlab qolishi bilan Alimboy Xadichani ergashtirib ayvonga chiqdi.
— Ha, otasi, biron gapingiz bormi?
— Ortimdan yur, — u shunday deb qo'lida mol so'yadigan pichoq bilan qo'ra tomon borardi. Xadicha unga ergashdi. Yo'l-yo'lakay Alimboy unga shipshidi:
— Xotin, yo'lda kelayotuvdim, manavi to'qli adashib yurgan ekan, oldimdan chiqib qoldi. Yaqin o'rtada biron zog' yo'q ekan, kechasi qolib ketsa, biron-bir bo'ri-po'riga yem bo'lib ketmasin deb, ushlab mototsiklga ortib kelaverdim.
— Nima qilamiz endi?
— So'yamiz, xotin, so'yamiz.
— Uch-to'rt kun qo'ylar orasida tursa, egasi so'roqlab kep qolarmidi? — dedi ayoli soddadillik bilan.
— Xotin, bu to'qli qaysi bir cho'ponning suruvidan adashib qolgan. Cho'ponlarga bir to'qli cho't emas, izlab kelmaydi ham.
— So'yib yuborsangiz, bu yog'i qandoq bo'lar ekan, otasi?
— O'g'irlab keldimmi, bunday cho'chiysan? Undan ko'ra belni olib kel, — cho'rt kesib gapirdi Alimboy.
Xadicha bel topib keltirdi. Alimboy chuqur qazib, to'qlining oyoqlarini bog'lab yotqizdi va bo'g'ziga pichoq tortdi. O'n-o'n besh daqiqa o'tar-o'tmas to'qlini terilab, go'shtini qovurish uchun maydalab to'g'radi. Xadicha o'choqqa qozon osib, olov yoqib yubordi. Tun yarmidan oqqanda to'qlining go'shti qovurilib, katta-kichik idishlarga joylandi. Ertalab dasturxonga qovurdoq qo'yilgan edi, Salim so'rab qoldi:
— Ena, go'shtni kim keltirdi?
— Ammang yuborgan ekan, kecha yodimdan ko'tarilib, qo'ymabman, endi qo'yyapman, o'g'lim.
Oradan ikki kun o'tib, Alimboyning qalin do'sti Shodmonboy kelib qoldi. Alimboy do'stini yaxshi siylab kuzatdi. Dasturxonga bitta yarimta bilan bir lagan qovurdoq tortildi.
Ikki do'st shishani bo'shatishdi. Shodmon dabdurustdan aytib qoldi:
— Oshna, bundan uch kun oldin bizning qo'ng'ir tusli to'qli qo'ylar orasidan yo'qolib qoldi. To'qli etliroq edi. Bilsam-bilmasam, qo'ylar orasidan kimdir to'qlini ushlab olib ketgan. Bo'lmasa, qo'ylardan ajralib qolmasdi, jonivor, — dedi.
— Xadicha, qo'ylaring orasiga biron… begona qo'y kelib qo'shilgani yo'qmi? — so'radi Shodmon qovurdoq ustidan achchiq ko'k choy ichayotib.
— Qo'yimiz orasida begona qo'y yo'q, aka.
— Xo'p, bo'lmasa, unda men ketdim.
Mehmonni kuzatib qaytgan Alimboyning ayoli yanidi:
— Otasi, sizga aytuvdim-a, to'qlini so'ymaylik deb. Do'stingiz aytgan to'qli shu biz so'ygan qo'yning o'zi. Endi nima qilamiz?
— Xotin, bo'lar ish bo'ldi. O'zi ham to'qlining go'shtidan totdi-ku.
— Oxiratda nima deymiz?
— Qo'y, ko'p ham vahima qilaverma. Oxiratgacha gap ko'p, — dedi Alimboy pinagini buzmay. So'ng qo'shib qo'ydi. — Endi tilingga erk berma, bolalar sezmasin tag'in.
— Bundan xotirjam bo'ling.
* * *
Oradan yillar oqar suvdek oqib o'tib ketdi. Alimboy o'sal bo'lib yotib qolgan edi. O'g'illari shifoxonama-shifoxona olib yurib do'xtirlarga ko'p ko'rsatdi.
Xadicha kampir erining rang-ro'yiga qaray-qaray, o'zi ham sog'lig'ini yo'qota boshladi. Oxiri bir kun Alimboyga yorildi:
— Bundan o'ttiz yillar oldin katta gunoh qilib edingiz. O'shanda to'qlini so'ymang, oxiratda yomon bo'ladi dedim-a? Gapimga kirmay, qo'yni so'yib yubordingiz. Endi buytib…
Kampirining gapidan so'ng Alimboy so'l yonboshidan o'ng yonboshiga o'girilib, chuqur ihrandi va siniq, ingichka ovozda ming'irladi:
— Shunga men ham pushaymonman. Bilsang, mana bu joyimdagi og'riq menga azob berayapti, — u shunday deb ko'ksini ko'rsatdi. — Bu vijdon qiynog'i, kampir, — dedi Alimboyning ko'zlari yoshga to'lib.
Bu uning oxirgi azobli so'zi edi…