“Atti-batti, o'tta-bo'tta…”

yoki yengil-elpi, mazmunan o'ta sayoz, bachkana kuy-qo'shiqlarning salbiy ta'siri xususida

Bugun telekanallar va ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan, ko'z va quloqlarimiz allaqachon ko'nikkan qo'shiqlar musulmon ummatni qadriyatlaridan, demakki, o'zligidan yiroqlashtirish siyosatiga xizmat qilmoqda. Bizning davr — “yumshoq kuch” davri. “Yumshoq kuch”ning xavfi shundaki, millat o'z tilida so'zlashadiganlar qo'li bilan o'zligidan mosuvo etiladi. Millionlab yurtdoshlarimiz o'zga madaniyatlar targ'ibotchisiga aylanib borayotganini, eski tuzumni qo'msash kampaniyasiga xayrixohlik qilayotganini anglab yetganicha yo'q.

Siyosatshunoslar musiqani “yumshoq kuch”ning eng ta'sirchan vositasi deb ta'kidlashadi. Ommaviy tomosha va tadbirlarning avom ruhiyatiga ta'sirini o'rgangan mutaxassislar zamonaviy estrada vakillarining olomonni “yagona fikr”ga birlashtirish kuchi borligini e'tirof etishgan. “Shirin og'u”dan mast ommani ming bir ko'yga solish mumkin.

Kundan-kun, oydan-oy ommalashib, ongu tafakkurimizga mo'r-malaxday yopirilayotgan kliplar kimning g'oyaviy-siyosiy dastagi?

Tahdid hamisha ham qahru g'azab, adovat-u nafrat shaklida namoyon bo'lavermaydi. U sizni sehr-u tarovati ila rom etadi, ipakday mayin barmoqlari, xush bo'yi bilan aqlingizni oladi, so'ng asta qo'yningizga kiradi. Tahdidni mahkam quchoqlab, nodonlarcha tong ottirganingizni sezmaysiz. Bunday “farahbaxsh” kunlar oylab davom etadi. Qarabsizki, tahdid sodiq hamdamingiz, ulfatu oshig'ingiz bo'lib qolibdi. Endi uning ishva-yu nozlarisiz kunning o'tmog'i dushvor!

Bugun ijtimoiy tarmoqlar va ba'zi telekanallar orqali millionlab qalblarga jilmayib turib chang solayotgan g'animoy xuddi ana o'sha bo'ladi.

O'zingizdan qolar gap yo'q. Hayotimiz turli xit-paradlardan iborat. Ongsizlik, fikrsizlik targ'iboti axloq tutumlarini yemirishdan battar. Globallashgan dunyoda ongni boshqarish juda-juda muhim. Millionlab odam ongiga chip o'rnatish uchun aqcha sarflaydigan anoyi yo'q. Sopini o'zidan chiqarish, degan sinalgan usul bor. Xizmatga shay hojatbarorlar soqqa uchun jonini ham berishga shay. Bu qavmning ilohi — pul! Pulini to'lang, ming yillik qadriyatingizni birpasda najasga qorishtiradi. Ajriqday ko'payib ketayotgan bu shovvozlar turli maxfiy tizimlarning “madaniy lashkar”idir. Bu lashkarning fatvosi bor: “Xalq yeyapti!..”

Tafakkurni o'ldirishning eng oson va samarali yo'li — qo'shiq!

Qo'shiq — eng kuchli strategiya!

Shahvat ufurib turgan kliplar musulmon jamiyatning eng bebaho xazinasi — oilani nishonga olgan. Oiladan hayo ketgandan so'ng qilinadigan har qanday chora-tadbir hayitdan keyin xina qo'yishga o'xshaydi.

Madaniy qo'poruvchilik shu darajada avj oldiki, endi xavfni tashqaridan kutish aqli salimning ishi emas. “Yumshoq kuch” ijtimoiy tarmoqlar, telekanallar orqali najot qal'amiz — axloqni yemirishga shitob bilan kirishgan.

Xonandaning botiniy olami qanday bo'lsa, shunga mos qo'shiq yaratadi.

Ko'pchilikni bir savol qiynaydi: o'zini san'atkor ataydigan “xit”chilarga o'zbek tilini xohlagancha buzish vakolatini kim bergan?!

Keling, endi ana o'sha “xit”larning ba'zilari haqida fikrlashsak.

Liil Xuramov: “Boze-boze”.

Xonandaning ismi tushuniksizligi yetmaganday, familiyasi ham xato yozilmoqda.

Qo'shiq matniga e'tibor bering:

“Gap bo'votti

Nima divotti

Hamma jam

G'iybat qivotti

Nima ekan, Munisga

Samarqanddan sovchi kevotti

 

O'rtada xolasi

Gap beradi tog'asi

Gijgijlaydi momasi

Ishonadi hammasi

 

To'y bo'ladi taraq

Tog'ora to'la tuxum barak

Qistir-qistir bo'ladi jaraq

Sarpasiga bitta qarang

Karochchi, to'y bo'larmush

Hamma to'yga kelarmush

Agar rozi bo'lmasam

O'g'irlabam ketarmush

Sust xotin, suzma xotin,

Ko'lankasi maydon xotin

(2 marta takrorlanadi)

 

Naqarot

Boze-boze-bozey

Jamalagi moy darozey

Boze-boze-bozey

Jo'rajon qiyo boze”…

 

Xullas, uylanish mavzusidagi qo'shiq ana shu kabi oldi-qochdi so'zlardan iborat.

Xonanda bosh qahramon sifatida namoyon bo'lgan klipda qishloq manzaralari, eski uylar, kampirlar, qo'zichoq, buzoq, qiz, uning ota-onasi va to'y voqeasi tasvirlangan. Klip qahramoni qishloqdoshi Munisani Samarqanddan sovchi qo'ygan yigitga bermaydi. Ori kelgan-da, deysiz. Ammo, klipda namoyish etilgan sahnalar real hayotga mutlaqo mos emas. Aralash-quralash voqea to'yda o'ynayotgan kuyovning yuziga samarqandlik yigitning musht tushirishi bilan yakunlanadi. Yolg'onga qurilgan sahnalarni ko'rgan tomoshabinning ensa qotirishi tabiiy.

Ushbu hajviy klip ijodkorlarning badiiy-estetik olami qay darajadaligini ko'rsatib turibdi.

“Boze-boze” “YouTube”da uch oyda yetti yuz ming marta ko'rilgan. Yuzlab izoh qoldirilgan. Mana, ulardan ayrimlari:

“Juda zõr musiqa ekan butun maktabda shu qõshiq yangraydi”.

“Liil aka iltimoos uz top chartga qayting”.

“Pryam tuybob bopti. Liil sizam samaeqandda toyda soqqani bosmoqchimisz deyman”.

“Ogziga kelgan suzni aytib kushik yaratishibdi. Koyil”.

“Liiiil Hurramov ham qo‘shiqchimi qoil”.

“Zoʻr chiqibd”.

“Super!”

“Hech qanday mano va mazmun yoʻq”.

“Qoʻshiq juda ham bemaʼni oʻzingizcha zoʻr qoʻshiq aytdim deb o’ylalyapsizmi shundoq ham qoʻshiq aytib boʻladimi Boze-Boze degan undan koʻra qoʻshiq aytmaganing yaxshi”.

Yaqinda internetda bir ma'lumot tarqaldi. Estoniyada davlat tilini muhofaza qilish maqsadida “til patruli” joriy etilibdi. Bu xizmat kim, qaerda davlat tilini buzib, haqorat qilayotganini aniqlab, jazo berar ekan. Balki bizda ham til, madaniyat, san'at, axloq bobida Estoniya tajribasini qo'llash kerakdir?

Yoshlar orasida rosa xit bo'lgan Munisa Rizayevaning uylanish haqidagi “Aka-makasi” qo'shig'i matni mana shunday:

“Holimni so'rab ko'r

Bir nimalar deb o'rab ko'r

Atti-batti, o'tta-bo'tta

Yo'q so'zni eytma alfavitda

 

Bo'lmagin boshimga balo

Yurgin mandan sal nariroq

Mani gapimni bo'lmagin

Asabimga tegmagin, undan ko'ra o'ynagin

Naqarot (2 marta)

Manga bitta bola rosa qaravotti

Qosh-ko'zini yomon qoqvotti

Aka-maka-makasi kim desam

Mani yomon o'rab tashavotti

 

Menga bo'lgan muhabbating bo'lmasa-chi

Bunga javob berib menga aytgin kim

Xafa bo'lma bu meni shaxsiy xayollarim

Rostdan ham sevarsan bilmadim balkim

 

Qarab-qarab ko'p kulma

Gaplarimni shunchaki bilma

Yana boshqalarga gap otib

Rashkimni keltirma

Naqarot (4 marta)

Manga bitta bola rosa qaravotti

Qosh-ko'zini yomon qoqvotti

Aka-maka-makasi kim desam

Mani yomon o'rab tashavotti”.

 

“She'r”ni o'qib, “Yashavor-ey, jo'qi!” dedingizmi?

Ana shunaqa!

Endi buyog'iga nima deysiz: “Aka-makasi” uch oyda “YouTube”da 35 million marta ko'rilgan. Klipmeyker — “Radjabov production”. Yozilgan minglab izohdan ayrimlarini qanday bo'lsa shundayligicha keltiramiz:

“Orzuim Munisa Rizayeva bilan uchrashish bizdaka kishlokilar bilan uchrasharmidi. Omadini bersin muxlisingizman Opa”.

“Qo’shiq zo’r klipti kino qilib tashagansilar shuni qisqaroq qilib ko’rsatsa bo’ladiku qo’shiq boshlaguncha asablarim buzilib ketyapti shuni keyingi safar klip olyatganlarinda chetkiy yasniy qilib ko’rsatib berilar bu kino basku qo’shiqku Munis baribir Munisde”.

“2:39 soniyada tuxtatdim. bir marta eshitishgayam yaramadi. Kushik ulik tugildi”.

“Urtoklar tentaklikning oliy darajasi bulgan mazkur kushik bilan ijrochi va boshka ishtirokchilarni tabriklab kuyaylik. Ana saviya, ana daraja…. “ofarin”.

“Mening kulogim yaxshi eshitmaydimi. Voobщe Galati eshitilar ekan. Exxxx Munisa, xakkatan ijodingizdagi eng rasvo kushigingiz…”

“Uzbekchilikni rosa buzibsiz Munisaxon klip kurgan vaktga achindim”.

“Jinnilikni eng baland nuqtasi. Munisaga yilning eng ahmoq qo’chiqchi nominatsiyasini berish kerak”.

“Munisani ijodidegi eng bemani va bir tiynga qimmat klip deganlar bitta laykcha”.

“Kushiklarni oxirgi vaktda shu kadar saviyasi past uzbek kushiklarini shu kadar rasvo kilib yuborishdi bir Munisa emas posledniy vremya Uzbek estradnыy muzikasi kushiklari uldi”.

“Bir tiyinga qimmat chiqibdi. Nimasiga buncha prosmotr bilmayman”.

Yana ba'zi bir izohlarni keltirishga, ochig'i, uyaldik.

Klip onaning o'g'liga qo'ng'irog'idan boshlanadi. Ona kelin bo'lmishning manzilini beradi. Suhbatni eshitib turgan ota o'g'li oila qurishga hali tayyor emasligini aytadi, biroq ona “Siz eplaganmisiz, o'g'limiz ham eplaydi…” deb nozik masalaga ishora qiladi.

Klip davomida yigit O'zbekiston va Afg'oniston chegarasida joylashgan olis Aryan qishlog'ida yashovchi qizni berilgan manzil bo'yicha topib boradi.

So'nggi paytlarda yaratilayotgan kliplarda qishloq odamlari ustidan kulish qandaydir urfga kirdi. “Aka-makasi” qo'shig'i ijodkorlari ham shu yo'lni ma'qul ko'rishgan. Klipda qishloq hayoti, u yerdagi yigitlar (bugunning blogerlari) bilan toshkentlik kuyovbola o'rtasidagi kelishmovchiliklar juda bachkana, mavhum. Klip yakunida ota beshikkertti — qulog'i tishlangan qizini toshkentlik yigitga berib yuboradi.

“Uzum market” va “18+” nomli tetiklantiruvchi ichimlikni yashirin reklama qilishni eplagan klipmeyker oddiy mantiq topolmaganiga nima deysiz?

Mulohazalarimizni Ozoda Nursaidovaning “Lada”si bilan davom ettiramiz.

Qo'shiqni “YouTube”da bir oyda 46 milliondan ziyod tomoshabin ko'rgan. O'n minglab izoh yozilgan. Ulardan ayrimlarini aslidagiday taqdim etamiz:

“Ozoda — Lada qushig’i ham Kuk jigulidek 300mln prosmotrdan oshib ketsin Inshaallah l”.

“Moskvadan eshityabman kushik juda xam zur chikibdi. Bu kushik xam KUK JIGULIDAY XIT BULADI INShAALLOX”.

“Amerikalik uzbeklardan salomlar Ozodaga omad tilaymiz bommba kushik klip gap yuk”.

“Ispaniya Barselonadan salomlar. Ozodaopa doimo sog bólin. Omaaaad”.

“Odamlargayam xayronman bunaka kliplar fakat prosmotr yeydi lekin kurondan Biron sura prosmotr yemaydi”.

“Ozodaxon Nursaidova 90 chi yillarni eslatadigan qoʻshiq boʻlipti, ijodlarga omad”.

“Oldinlari odamlar oddiy, sodda ok kungil bolishkan”.

“Gap yuk yeshligim kuz oldimdan utdi Raxmat 90 yillarga kaytarganingizga ozodaxon”.

“Biznesni oson yolini topvopti Lada Jiguli laseti deb. Koshik bir tiyinga kimmat gap shuekan deb tutruksiz koshiklar chikaraverarekanda”.

“Jiguli boldi ladayam bopti endi nmaga navbat zaparojmi yo maskvich”.

Guvohi bo'lganingizdek, aksar muxlisning qo'shiqqa ixlosi baland. Mana shu chapakbozligu minnatdorlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining talab va ehtiyojlari haqida juda ko'p xulosa beradi. O'zi, umuman, ijtimoiy tarmoqlar vaqti-vaqti bilan tahlil etib turilsa, jamiyatning ma'naviy-ma'rifiy qiyofasi haqida aniq tashxis qo'yish mumkin. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar jamoatchilik xohish-irodasi, o'y-xayollari, madaniy saviyasi-yu savodiga tutilgan ko'zgu hamdir.

Xonandaning “Ko'k jiguli”si bilan “Lada”si bir xil ohang, bir xil mazmunga ega. Ba'zi aktyorlar har ikkala klipda ham rol o'ynagan.

Hind musiqalarini eslatadigan “Lada” uchun tanlangan asosiy raqs maydonchasida inglizcha so'zlar qator ilib qo'yilgan. Poytaxt ko'chalari, oshxona, pardozxona, do'kon, to'yxona, o'quv markazi va boshqa yuzlab bino peshtoqida o'zbekcha uchratish amrimahol zamonda yana xorijiy til targ'iboti odamga qattiq ta'sir qilar ekan.

Davlat tilidan or qiladiganlar, imkon bo'lgan zahoti oyoq osti qilishga tushib ketadiganlar “Lada”dan huzurlanishi tayin.

Davlat suverenitetini saqlash har qachongidan dolzarb bo'lib turgan, ijtimoiy tarmoqlarda sovet davrini yodga soluvchi “Yodingizdami?” degan roliklar karra-karrasiga ko'payib borayotgan bir paytda ba'zi san'atkorlar kimning tegirmoniga suv quyayotganini o'ylab ko'rsalar bo'larmidi…

Bu yoqda jadidlar merosi targ'iboti, bu yoqda sho'ro tuzumini qo'msashga yo'naltirilgan kampaniya…

Shu kabi kliplarni ko'rgandan so'ng “Qo'shiq — siyosat! Eng katta targ'ibotchi — bu san'atkor!” degan aqida naqadar to'g'ri ekaniga amin bo'lasiz.

Xo'sh, to'g'risini ayting. Siz ham Hamdam Sobirovning “Malohat”iga oshiqmisiz?

Klipmeyker “Radjabov production” tomonidan tayyorlangan klip ko'pchilikni jinni qildi. Qo'shiq matni va musiqasi xonandaga tegishli. Yana uylanish mavzusiga bag'ishlangan klip “YouTube”da olti oy ichida 210 million martadan ko'proq ko'rilgan. Minglab yurtdoshlarimiz taassurotlarini shunday bayon etishgan:

“Bizni tuyimiz, 89 yil. Toza tuygular zamoni. Vosxod mototsiklda meni ishga olib borardilar. Mottini ovozi shunaka kattik, xamma bizga karardi. Samimiy, baxtli kunlar kuz oldimga keldi. Kushik uchun katta raxmat. Asosiysi xech kimni kulida telefon yuk”.

“Baribir kishlok boshkachada. Musofirchilikda yurib umrimiz utib ketyapti”.

“Ajoyib Xamdamjonni kushiklarini eshitib xuddi 90 yillar yedimga tushadi. Xamma samimiy sodda. Shunaka kilib turmush kurganlar bormi”.

“90 yillar davri baribir boshkacha edi shuning uchun xam prosmotr kup bulayapti!!!”

Klipning ilk sahnasiyoq g'alati taassurot qoldiradi. O'g'il Buxoro shevasida gapiradi, farzandini kuzatib chiqqan ona yarim toshkentcha, yarim adabiy tilda duo qiladi.

“Malohat” so'zini to'g'ri talaffuz etolmagan qo'shiqchining ko'pchilikni bolalikka qaytarganiga qoyilmisiz?

Aksariyat odam qiyinchilikda voyaga yetgan bo'lsa ham “Baxtli bolaligim…” deyishni xush ko'radi. Hamdam Sobirov qo'shig'i aynan o'sha tuyg'uni qo'zg'atib yuborgan. Shu ma'noda, kechagi kunini qo'msab dil izhori yozayotganlarni tushunsa bo'ladi.

Keyingi paytlarda oshig'i olchi bo'layotgan ba'zi xonandalarni xit-meyker — qo'shiqchilik istiqboli deb atash urfga kiryapti.

Endi navbat Muhammadziyoning “Kayfiyatim yaxshi” qo'shig'iga. “Radjabov production” suratga olgan klipni ko'rib, kayfiyatingiz ko'tarilar, balki. “YouTube”da uch oyda olti milliondan ziyod ko'rilgan qo'shiq matnini bir o'qing:

 

“Yaxshi, kayfiyatim bugun yaxshi

Yaxshi, kayfiyatim bugun yaxshi

Guli, guli, guli, guli, lolamsan

Bog'lardagi ochilgan guli lolamsan

Guli, guli, guli, guli, lolamsan

Aytilmagan bir nolamsan.

Guli, guli, guli, guli, lolamsan

Bog'lardagi ochilgan guli lolamsan

Guli, guli, guli, guli, lolamsan

Aytilmagan bir nolamsan.

Gul ko'tarib boraymi yo

Pul ko'tarib boraymi yo

Qo'shiq aytib beraymi yo

Kayfiyatim jaaaa yaxshi

Tayyor bo'lib turgin dildor.

Bu sevgimni qilay izhor

Bo'salarga ko'may bir bor

Kayfiyatim jaaaa yaxshi

Guli, guli, guli, guli, lolamsan”.

“FTV”ning “Uz top chart” dasturini bezayotgan qo'shiqlar ba'zilarni san'atdan bezdirayotgani ham bor gap.

Bu qo'shiq ham boshlanishidan kimlarningdir musiqasi va qo'shig'ini eslatadi. Hamdam Sobirov “Janze”, Ozoda Nursaidova “Ko'k jiguli”, “Lada”, Muhammadziyo “Kayfiyatim yaxshi”…

Qiziq, keyingi paytlarda yaratilayotgan qo'shiqlar negadir bir xil uslub, bir xil musiqa, bir xil manzaralardan iborat bo'lib qolyapti. Nega qo'shiqlarimizning aksariyati raqsbop? O'zbek qachondan beri o'yinchi xalq bo'lib qoldi? Nega bizning kuy-qo'shiqlarimizga asosiy mezon to'y bo'lishi kerak?

Muhammadziyoni “YouTube”da tinglagan bir muxlis “Bemaza qoshiq bopti uzbek sanatini… tiqdinglar shunaqa qoshiqlar bilan” deb izoh yozishdan o'zini tiya olmagan. Yana birov “Bu kanaka kushik buldi endi, BANGIlarni kushigimi deyman (yetar endi, xamma oldinga yuryapti, bizni sanatkorlar ortga karab ketyaptimi, yetar endi)” desa, boshqa biri “Qani qoʻwiqqa ma’no… qaydaaa” deya e'tiroz bildirgan. @behruzkhakimzhanov8686 degan qo'shiqsevar “Sanatda xam eplab tirikchilik kiladigon bulib koldi, lekin shunday kushiklar insonni ongiga juda yomon tasir kiladi, kushikda xecham mano yuk” deya fikr qoldirgan. @azizumarov9365 esa “Kushika mano kurmadim sila nima deb uylaysilar” deya murojaat etgan bo'lsa, “@ToyirAlimov” “Shu xam ashulami?” deya savol bergan.

Bema'ni qo'shiqlar millionlab muxlisning boshini aylantirib hayajonga solgan bir paytda yakkam-dukkam odamning qo'shiqdan ma'no qidirishi erish tuyular ekan.

Muhammadziyo va Hamdam Sobirov sahnaga chiqishdan burun so'zlarni to'g'ri talaffuz qilishni o'rganishi kerak ekan.

Sayoz, bema'ni qo'shiq va klip omma didini o'tmaslashtiradi, haqiqiy dardchil qo'shiqlarni qabul qilolmaydigan darajaga tushirib qo'yadi.

Qo'shiqning asosi — she'r. Bugun aksariyat qo'shiqlarimizda hikmatga qorishiq she'r yo'q. Chin she'r chetda qolib, “shig'ir” qo'shiqqa aylangan zamonda badiiy yuksak asarlarni kutish shamolga suyanishday bir gap, aslida. Lekin noumid — shayton. Bemisl meros vorisi bo'lgan o'zbekka siyqa, chuchmal tizmalarni qo'shiq deb tiqishtirayotgan uka-singillarimizga insof bersin. Chapak chalib vaqtini xushlayotgan muxlisda ayb yo'q.

Zohirshoh Jo'rayevning “Jonidan” qo'shig'i ham ancha bozorgir chiqdi. “YouTube”da uch oyda to'rt yuz mingdan ko'proq ko'rildi. Ijtimoiy tarmoq faollarining klip haqidagi ba'zi fikrlari sizga ham qiziq bo'lsa kerak:

@shahnozaturgunova: “Essiz kushik, yarim yalangoch kizni urniga chiroyli uzbek kizini milliycha yopik kiymda olsa bolmasmikan” degan. @ZarifaxonRahmonovna ham shu fikrda: “Kushik zur chikibtiyu baribir uzbekona kiynsa yaxshirok kilibdagi kizimiz Zoxirshox ijodizga omad”. @Dilfuza-ch7 keskinroq fikr aytgan: “Kushik xam klipi xam yokmadi xa indi shuncha xarkat Zoya ketmasin ishtib kuydik kizni kiymi kichasi kiyb yotadigan kiymligi uchun yokmadi i kushikda yana br bor kumsayabman degan suz ikalasi brga shaxvoniga tortilgan kanishno bu mani shaxsi fikrim yana bilmadim”. @ubaydullaahrorov4701: “Yopiq hayoli kiyimda klip olsa qo'shiq o'xshamay qolarmidi? Bu klip o'zining mash’uqasini hammaga ko'z-ko'z qilayotganga o'xshapti. Bu esa dayuslik belgisi bo'ladi”. @begzodrozikulov9743 esa: “Gazallarga kuprok murojat kiling” deya tilak bildirgan. @Doniyorbek7779ning xulosasi qisqa: “Behayolik”

Ba'zi bir izohlarni ko'chirishga qalam xijolat.

Qolganlarning fikri taxminan shundoq: “Super!”

“Z‘OR TV”ning 28 oktyabr kungi “Musiqiy tanaffus” dasturida Ravshan Komilov va Dilmurod Dadashevning “Boja bo'lamiz”, Bahrom Nazarov va Shahrizod Homidovning “Sog'inaman” kliplari efirga berilgan.

Dastlab “Boja bo'lamiz” qo'shig'iga to'xtalsak.

“Aka-uka bo'lamiz

Boja-boja bo'lamiz.

Boja-boja-boja bo'lamiz.

Aka-uka bo'lamiz

Boja-boja bo'lamiz

Boja-boja-boja bo'lamiz”.

 

Bu qo'shiq ham uylanish haqida.

Klip yuqoridagi satrlarning ko'p bor takrorlanishi bilan ko'pchilikka ma'qul bo'lgan.

@ZarifaUsmonova degan muxlis klipni “YouTube”da ko'rib, “Toba kizga tuydi xarakatini kiling didi dada toba bumapti” desa, @borimizshuVaqtkursatadi: “Shunchalar bachkanasilarki silarniyam uyga borsalaring yerkak deydimi” deya so'ragan. @otabeksalimov328: “Ravshan aka, bu bola bilan obro’yezni yo’qotasiz klip nol bo’mapti” deya ochiq yozgan. @NulifarUtametova: “Bashkana klip tayini yoklar” deya yozg'irgan.

Ba'zi muxlislarning gajak-gajak haqoratlarini o'qimadik deb o'zimizni aldab qo'ydik.

“Odam bo'lib keldik, odam bo'laylik” deb hammani oqibatga chorlagan taniqli hofizning, muxlislar aytganidek, bachkanalashgani achinarli. “Mo'ylovingizni o'rni qichiydimi”, degan tuturiqsiz savollarga kulib o'tirgan qo'shiqchiga hayfingiz keladi. “Aka-uka bo'lamiz, boja-boja bo'lamiz”, deya kuylagan hofizning sovchi bo'lib kelgan masxarabozlar oldiga qiziga choy opkeltirishi, kichik qiziga to'yga tayyorgarlik ko'ringlar deyishi afsuslanarli hol. Sovchilik qachondan beri masxarabozlik bo'lib qoldi? Tomoshabinni kuldirish uchun milliy qadriyatlarni bepisand qilish nochorlik, aslida!

“FTV”da Chamanning tinimsiz aylanayotgan “Qani” qo'shig'i ham tanqiddan tuban. Ishonmasangiz, matnga bir ko'z yugurting:

“Har kunim — tug'ilgan kunim

Sovg'a manga qani, qani?

Mani hayron qoldirishga,

“cash”ing yetmaydi sani

Atiring ham “Egoist”

Stolga marhamat, tayyor bo'ldi “prays-list”

Manga farqi yo'q, naqdmi yoki plastik

Qalbim shunchalar sovuq xuddi Ays Te

 

Yoqtiradi mani, hamma, hamma, hamma

So'ming kerakmas, faqat dollar-dollar

Xeytlaring manga, qani, qani, qani?

Yondiradi trekim hali hali

Endi Xip-xop

Yuzim ko'rinadi hatto Tik-Tok

Xafa qilmagin orqamda Big Boss,

Chartda bo'lganimda bergin ovoz

Harakating qani

Javoblaring qani, qani?

Senga yoqmasam agar — harakating kam

O'rtog'ing yoqtiradi mani

Harakating qani

Javoblaring qani, qani?

Senga yoqmasam agar — harakating kam

U olib ketadi mani…

 

“Qo'shiq”ning animatsion klipi ko'pchilikda qiziqish uyg'otgan. E'tiroflar ham ancha-muncha. Hatto “1,5-2 yashar qizim, o'g'lim shu qo'shiqni bir kunda o'n martalab eshitib yodlab oldi”, deganlar ham bor. Mana shunaqa “qo'shiq”larni xirgoyi qilib voyaga yetayotgan bolalar ko'pchilikmi, ishqilib!

Farzandlarni navniholligida bema'nilikka ko'niktirish — istiqboliga suiqasd bilan barobar.

Endi e'tiboringizni “Estrada” guruhining “Mister Jimi” qo'shig'iga qaratamiz.

“Yorning qovog'idan qor yoqadi

Bilaman hozir nimadir bo'ladi

Balki xafa qilib qo'ygandirman

                                           desam yana kuladi

Egnida atlas kuylak ko'rsam deyman

                                           nimaga djinsi kiyadi

Yoqmasligini biladi-ku keyin xafa bo'ladi

Mendami dema kimlarda dema

Mister Jimi Jimi Jimi Jimi Jimi

Demada meni boshqa Jimi

Gaplarimga ko'nmasang

Xafa bo'laman sandan Umi

Mister Jimi Jimi Jimi Jimi Jimi

Dema-da meni boshqa Jimi

Gaplarimga ko'nmasang

Xafa bo'laman sandan Umi

Menga befarqsiz dema-da

Kalta kuylak kiyma-da

Gaplarimni bo'lma-da

Meni eshit Umida

Sani sevishim bilasan

Nega qovog'ing uyasan

Baribir meniki bo'lasan

Jahl qilma Umida

Mister Jimi Jimi Jimi Jimi Jimi…

 

“Shig'ir”ga qarang, “shig'ir”ga!

Klip qahramoni (oti Jimi!) atlas kiymagan qizni xush ko'rmas emish. Shu milliylikni ulug'lashmi? O'zi taqlidchi odam milliylik himoyachisi bo'ladimi? E, balli!

Klip ijodkorlari fikrsizlik tegirmoniga suv quyayotganini bilarmikan? Musiqa va ijroda Jahongir Poziljonov bo'lishni orzulagan guruh bachkanalikni o'ziga shior qilgan ko'rinadi.

Yana shundaylardan biri “Hayot” guruhi. Guruhning “Uylanaman” qo'shig'i “xit”likka da'vogar.

 

“Bo'ydoqligim jonga tegdi-ey

Qishlog'imdan qiz toping

Bo'ldi uylanaman-ey

O'ylamang bu bolani yo'q

Tunlari ko'zlarimda uyqu yo'q

Yuragim bo'm-bo'sh

Endi manga umuman farqi yo'q

Demadim bir og'iz so'z ham demadim

Hattoki qizlarga ham sevishimni aytmadim

Uylanmagan bitta yolg'iz o'zim deb

Jonga tegdi ukam uylanmaysizmi deb

Bo'ydoqligim jonga tegdi-ey

Qishlog'imdan qiz toping

Bo'ldi uylanaman-ey

Yoshim o'ttizdan oshdi

Dadamga borib ayting

Kuzda to'y qilamiz deb…

 

Klipni “YouTube”da tomosha qilganlar fikriga bir qarang: “Yigitning qizni oldida tiz choʻkiwi nmasibu yevropaga qarap ketyatkanimizmi?”, “Uyat, ey uyat, ey narmalni kushik ayt ey” deya izoh qoldirishgan.

Qo'shiq yurakda yaraladi. Bugun taralayotgan yallalar, diqqat qilib tinglasangiz, bo'g'izdan nari o'tmaydi.

Ko'rilgan kliplarning birortasida mard, jasur, orkash, olijanob, ilmli, davlat qurgan, husni xulqni boshga toj bilgan, saltanat sohibi bo'lgan o'zbek emas, bachkana, mayda, masxaraboz, dovdir, g'ururi yo'q, orsiz xalq ko'rsatilgan.

Xo'sh, biz nimani targ'ib qilyapmiz?

Olis-yaqin o'tmishda jamiyatlar, davlatlar hayoti turli g'oyalar, mafkuralar eksporti orqali izdan chiqarilgan, vayron qilingan. Har turli epidemiyalardan-da xavfli bo'lgan kliplarga qarshi vaksina bormi?

“Yumshoq kuch” — ichimizda!

Jamiyatning shou-biznes iskanjasidan chiqishi dushvor. Faqat bitta o'tinch bor — muvozanat. Kliplardan mast bo'layotgan yoshlar ongiga ilm-ma'rifat ham singdiraylik! Tabiiy muvozanat buzilsa, jamiyat inqirozga yuz tutadi.

Biz bor e'tiborni shou-biznesga qaratayotganimiz uchun “lik-lik”chilarning ketmoni uchyapti.

MTRK tizimida shunday bir hayotiy naql yuradi: qaysi telekanal rahbari boshida toshyong'oq chaqilgan bo'lsa, sababi yo qo'shiq, yo kino!

Haqrost, istiqlol yillarida eng ko'p tanqidga nishon bo'lgan soha bu — qo'shiqchilik! Tanqid bo'laveradi, natija “nol”ligicha qolaveradi. “O'zbekkonsert” huzurida kliplar faoliyatini tashkil etish bo'yicha badiiy kengash tuzilib, har bir xonanda qo'shiqqa klip ishlashdan avval uning ssenariysi badiiy kengash a'zolari nazoratidan o'tkazilishi, klip mazmun-mohiyati ma'qul kelsagina uni ishlashga ruxsat berilishi haqidagi chiroyli, jimjimador gaplar hayhotday xonalarda qolib ketayotgani bois bunday saviyasiz yallachilarning maza-matrasiz bo'tqalari millatning ma'naviyat dasturxoniga tortilmoqda. Bo'tqaga boshqorong'ilar beadad jamiyatda “O, millat!” deya ayyuhannos solayotgan ziyoliga hamdard topilarmikan?!

Olim TOShBOYEV,

Sherzod OChILOV,

“Ma'naviy ekspertiza” guruhi a'zolari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + ten =