Jurnalistika – fidoyilik demak, ammo…

Ustoz o'giti
Bolalik — orzular fasli. Inchinin, uning o'y-xayollari, orzulari bisyor. Bir qarasang haydovchi, bir qarasang advokat bo'laman deb yurardim. Keyinchalik “Jurnalist bo'laman!” degan ahd bilan qo'lga qalam olib, qog'oz bilan yuzlashdim. Maktabda o'qib yurgan kezlarim kichik-kichik maqolalar, hikoyalar, tuman gazetasiga xabarlar yozib turdim. Uni tamomlab, akademik litseyda o'qishni davom ettirdim. Jurnalistika bo'yicha ilk marotaba saboq olish uchun Chust tumanida chop etiladigan gazeta qoshida tashkil etilgan ijodiy to'garakka qatnay boshlaganman…
Mana shunga ham 14 yildan oshibdi. Ustozimiz Zamira Mehmonovaning shunday gaplari bo'lardi: “Jurnalist! Bu so'z mag'rur jaranglaydi. Bu kasb mas'uliyatli, mashaqqatli bo'lishi bilan birga sharafli hamdir. Yuksak zehn, sezgir nigoh, behalovat ko'ngil va o'tkir qalami bilan jurnalistlar so'zning yukini yelkasiga ortib, xalqning dardiga darmon bo'lishga, jamiyat va davlat o'rtasida ko'prik bo'lishga harakat qilishadi. Shu bilan birgalikda tezkorlik, xolislik, aniqlik bu — jurnalistikaning qat'iy shioriga aylangan. Siz hali yoshsiz. Agar o'zingizni shu sohada ko'rsangiz, unga qadam qo'ying. Qarshiligim yo'q. Har holda, qalamingiz, iste'dodingiz, savodingiz bor. Qolgani yillar davomida tajribalar, ustozlar maslahatlari, o'gitlari bilan pishib boradi. Bizning kasb ana shundaydir. Ko'zingiz yetmasa… boshqa kasb tanlaganingiz ma'qul. Yodingizda tuting, aslo va aslo “Qo'rasidan adashgan suruv” singari gangib yurmang! So'zning o'z yuki bor. Uning uvoli esa yomon. Ana shu uvoldan qo'rqing…”
Yillar o'tdi. Ustozning bu so'zlarini esa aslo unutganim yo'q…
“Qodiriyning “Sariq devni minib” asari”
Yaqinda “Hurriyat” gazetasi tahririyatiga oliy ta'lim dargohining jurnalistika yo'nalishini tamomlagan bir yosh iqtidor ish qidirib keldi. Aytishicha, ko'plab tahririyatlarga boribdi. “Bo'sh joylar yo'qligi bois” uni ishga olishmabdi. Biroz suhbatlashdim. Ko'rinishidan binoyidek…
— Oxirgi marta qaysi kitobni o'qidingiz? — deb so'radim yosh iqtidordan.
— Hozir o'qishga vaqt topolmayapman, oldinlari o'qib turardim…
— Xo'p, o'sha oldinlari o'qigan oxirgi kitobingiz qaysi unda?
— Qodiriyning “Sariq devni minib” asari…
— A-a-a, ulug' adibning shunaqa asari ham bor ekanmi?
— Qiziq ekansiz-ku, gazetada ishlab shuni ham bilmaysizmi? — dedi u uddaburonlik bilan o'zining “haq” ekanligini isbotlashga urinib…
“Attang!” deya boshimni sarak-sarak qilib o'ylanib qoldim. “Bejiz bizdan oldingi tahririyatlar rad javobini berishmagan ekan” degan xayolda ko'z o'ngimdan uning to'rt yillik umri, to'lov shartnomasi uchun sarflagan necha millionlari, ota-onasining umidlari va o'qituvchilarining besamar saboqlarini o'tkazdim…
Amaliyotchilarga “ogohlantirish”
O'tgan yili poytaxtimizdagi bir qator oliy ta'lim dargohlarining jurnalistika fakultetida tahsil olayotgan bo'lajak jurnalistlar o'quv amaliyotiga kelishdi. 20, 25 kunlik amaliyot davrida ular bilan respublika matbuotida chop etilayotgan tanqidiy-tahliliy maqolalar, mutolaa qilayotgan kitoblari, jurnalistik janrlar va sohaga kerakli bo'lgan bir qator mavzular bo'yicha gaplashdik. Biroq ularga amaliyotdan ko'ra boshqa narsa muhim edi. Bu ham bo'lsa “Dekanat yoki amaliyot rahbarining ikki haftalik yo uch haftalik amaliyot vaqtida kamida 3 ta maqola chop etish kerak” degan topshirig'i. Yo'qsa, talabalarni yakuniy nazoratdan chetlatish, kursdan-kursga qoldirish vajlari bilan “ogohlantirishganmish”. Eshitib lol qoldim. Qanday qilib, ikki hafta ichida hali qo'lidan eplab tarjimai hol yozish ham kelmaydigan amaliyotchilardan bunday talabni uddalashni kutish mumkin? U qanday dekan, amaliyot rahbari bo'ldi ekanki, bunday talab qo'yadi? Qolaversa, aynan amaliyotga borganini isbotlash uchun rasm tushish, uni “universitet mas'ullariga” jo'natib qo'yish ham asosiy talablardan biri ekan.
— Ustoz, kamida 3 ta maqola bo'lishi kerak. Mayli, bittasini shu gazetada chiqarsak, qolganini vaqtincha bo'lsa ham saytga joylab tursak bo'ladimi, biror haftadan keyin o'chirib tashlasangiz ham bo'laveradi. To'lovini ham qilaman. Chiqsa bo'ldi. Bo'lmasa qiynalamiz. Mana, hozir “tyuter”imiz telefon qilib yana ogohlantirdi, — deydi yana bir talaba ko'zlarini jovdiratib.
Ularni kuzata turib, jurnalistika fakultetlarida ishlayotganlar tap tortmay ko'zbo'yamachilik qilayotgani, “Kunim o'tdi, oyligim yonga qoldi” deb vaziyatga panja ortidan qarayotganini his qildim.
Sohada adashib yurganlar
Yuqoridagi holatlarni kuzatish asnosida ustoz jurnalist Temur Ubaydulloning ushbu so'zlari yodimga tushdi:
“Bugun jurnalistika fakultetining aksariyat talabalari havaskorlik bilan bu sohaga kirib kelgan. Tahrirga va tanqidga toqati yo'q. Qo'lida mikrofonini tutgancha o'zlaridan daho jurnalist yasaydi. Aksariyati esa pul topishga qiziqib ketgan… Kasbni sevmaydi. Buyurtma asosida qahramon tanlaydi, asar yozadi va hokazo… Bular achchiq haqiqatlardir. Bugun umuman jurnalistik jur'at, shaxt va ijodkorlik qobiliyati bo'lmagan ko'plab odamlar shu sohada adashib yuribdi.
Yana bir narsa achinarli. Aksariyat jurnalistlar o'z kasbini yaxshi ko'rmaydi. Jurnalistika dargohiga boyish uchun qadam tashlanmaydi. O'zbek jurnalistikasi boy o'tmishga ega, unga boyish uchun emas, uni yanada boyitish uchun qadam tashlash kerak. Jurnalist degani kasbni tasdiqlovchi guvohnomani ko'tarib, uni hammaga ko'z-ko'z etadigan emas, avvalo, so'z yukini his qiladigan odam bo'lishi kerak”.
Haq gap. Ustozning gaplarida jon bor. Shu o'rinda sizlarga yana bir misolni keltirib o'tsam. O'zim ham amaliyotchi sifatida aynan jurnalistikada tahsil olayotgan talabalar bilan suhbatlashaman. Tabiiyki, nega aynan shu yo'nalishni tanlashgani, kelajakda sohaning qaysi birida ishlashni reja qilayotganini so'rayman. Afsus… ming afsuski, ko'plari adashib kelishgan.
— Dadam shunga kirasan deb turib oldilar. Aslida, shifokor bo'lmoqchi edim…
— Bali pastroq ekan, qani o'qiyveray-chi, diplom bo'lsa, ish ham topilib qolar…
— Matbuot kotiblari maza qilib yuribdi. Ja bo'lmasa, o'sha yoqqa o'tib ketaman…
— Axborot xizmatini axborot texnologiyalari deb o'ylagan ekanman. Buning xato ekanini o'qishga kirgandan keyin bildim…
— Umrimiz faqat tadbirlar bilan o'tyapti, maktabda forma, soch, davomatdan zerikkan edik. Yomg'irdan qutulib, do'lga tutilibmiz…
— Til o'rganyapman, baribir chetga ketaman, qaerda, qaysi bo'limda o'qidim — nima farqi bor, domla?..
Ha, adashmadingiz. Bular aynan jurnalistikada tahsil olayotgan talabalarning fikrlari. Bilasizmi, ularning ko'zlarida olov yo'q, nur yo'q, shijoat yo'q. To'g'ri, barchasi shunday deyishdan yiroqman. Bu sohani sevgan, qiziqqan, qalam tebratayotgan yoshlar ham bor.
Ha, “Jurnalist bo'laman!” degan ahd bilan qo'lga qalam olib, qog'oz bilan yuzlashgan edim men. Biroq o'tgan yillar mobaynida shuni tushunib yetdimki, jurnalistika bir piyola choy ustida, ko'k choyni xo'rillatib ichib tanlanadigan kasb emas. Bil'aks, sohaning o'zi, ta'bir joiz bo'lsa, taqdiri azal odamni tanlaydi. Modomiki shunday ekan, jurnalistikaga kasb sifatida qarab, undan turli manfaatlar ko'zlagan muhtaram talabalar vaqtning borida yana bir mulohaza qilib ko'rsinlar. Ehtimol, hali kech bo'lmagandir.
Islom ASILBEKOV,
“Hurriyat” muxbiri.