Ijtimoiy tarmoq

gazeta va jurnallarning o'rnini hech qachon bosa olmaydi!
Suhbatdoshlarimiz — taniqli shoir, publitsist, 23 yildan buyon “Yangiariq ovozi” gazetasiga muharrirlik qilib kelayotgan
Jumanazar YuSUPOV hamda “Hayot ko‘zgusi” gazetasi muharriri, iqtidorli ijodkor Mehribon TILLAYEVA.
“Bugungi kunga kelib ba'zi tuman va shahar hokimliklari nashri bo'lgan gazetalarning yil boshidan buyon bor-yo'g'i bir yoki ikkita soni chiqqanligi matbuot nashrlarining tanazzulga uchrayotganligidan darak bermaydimi?” degan savol bilan ustoz jurnalistlarga yuzlandik.
— Har bir tuman, shahar, viloyatning o'ziga xos yangiligi, o'zgarishlari, rivojlanish qirralari bo'ladi, – dedi Jumanazar Yusupov. — Ana shu jarayonlar gazetada bosilib, tuman hayoti aks ettiriladi. Bir tumanda qancha tadbirkor, fermer, qo'li gul ustalar bor. Muammolar ham talaygina. Tuman gazetasi ana shu mavzularni qamrab oladi. Menimcha, odamlarning gazeta-jurnal mutolaa qilishi ma'naviyatli bo'lishidan darak beradi. Odamzodning bilimga tashnaligini inkor qilmaslik kerak. Kitob, gazeta, jurnal insonning ruhiy, ma'naviy dunyosini rivojlantiradi, madaniyatini oshiradi. O'qish orqali fikrlash qobiliyati paydo bo'ladi. Og'zaki nutq rivojlanadi. Mutolaa tufayli ruhiy yuksalish paydo bo'ladi. Kitob, gazeta-jurnal yaxshilikka, ezgulikka undaydi. Kitob o'qigan avlod yovuzlikdan, yomonlikdan hazar qiladi. Mutolaaning zavqini so'z bilan tushuntirib berish qiyin. Afsuski, “majburiy obuna” degan bahonada o'zimizni ham, farzandlarimizni ham telefonga bog'lab qo'yib, mutolaadan chalg'idik. Ijtimoiy tarmoq esa odamlarni shunday o'rab tashladiki, ona farzandi yig'lasa, qo'liga telefon berib ovutadigan bo'ldi. Maktab o'quvchilari sal bo'sh qolsa, telefon titkilashni odatga aylantirishdi. Ammo bu telefon yosh avlod kelajagiga zarar ekanligini hech kim o'ylab ko'rmayotir. Bugungi kun o'quvchisi darslik o'qishdan ko'ra telefon titkilashni afzal bilayotganligi, savodsizlik urchib borayotganligi achinarlidir!
To'g'ri, 14-15 yoshdan so'ng telefondan foydalanish zarurati ham tug'iladi. Ammo ungacha bolani o'qish san'atiga oshno qilish kerak.
Afsuski, bugun gazeta-jurnalga obuna bo'ladigan aholi juda kamchilikni tashkil etadi. Chunki nashrlarning obuna narxi juda qimmat. Tumanimizda 300 dan ziyod fermer xo'jaliklari bor. Ammo ularning ham aksariyati gazeta-jurnallarga obuna bo'lishmaydi.
Har qanday tuzumda, har qanday jamiyatda ham savodsizlikning oldini olish maqsadida gazeta-jurnal-kitob mutolaasini birinchi o'ringa qo'yish kerak. Aks holda, bilimsizlik yuqori pog'onaga chiqib boraveradi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekansiz, savodsizlik ko'zgusiga boqqandek bo'lasiz.
— Juda o'rinli fikrlarni aytdingiz. Men bolaligim haqida ozgina aytib o'tay, – deya suhbatga qo'shildi Mehribon Tillayeva. — Aql-hushimni tanigan paytimda yaxshi eslayman, keksa pochtalon otaxon velosipedining ortiga o'rnatilgan katta sumkasini gazeta va jurnallar bilan to'ldirib kelib, bir dasta matbuot nashrlarini tashlab ketardi. Otam ishdan kelganidan so'ng har bir gazetani erinmay o'qib chiqardi. Jurnallarni esa qalin muqovali “sumkacha”siga solganicha olib qo'yardilar. Menimcha, maktabga olib borib o'qirdilar. Chunki otam — ona tili va adabiyot fanlari o'qituvchisi edi. U kishi bir chekkaga qo'ygan gazetalarni esa boshlang'ich sinf o'qituvchisi bo'lgan onam o'qishga tutinardi. Biz shunday jarayonlarni, ota-onamiz gazeta va jurnal, kitob o'qiganligini ko'rib ulg'aygan avlodmiz. Demak, bizning ongu shuurimizda bilim olish, hatto yoshimiz 50-60 ga borib qolganida ham mutolaadan bo'shamaslik tuyg'usi shakllangan.
Bugungi avlodning ba'zi vakillari ota-onalaridan telefonga termulib o'tirishni “meros” qilib olishib, internetga kirib, har xil bo'lar-bo'lmas kino va boshqa oldi-qochdi lavhalarni ko'rishni o'rganishmoqda. Shu taxlit dangasa va loqayd holda ulg'ayishmoqda. Chunki bola oiladagi muhit ostida kamolga yetadi.
Yana yaxshi eslayman, o'quvchilik paytimizda sog'inch bilan kutadigan “G'uncha” yoki “Gulxan” jurnallari hozirgi vaqtda maktablarga kelmay qo'ydi hisob. Kelsa ham bitta maktabga bitta-ikkita keladi. Xo'sh, bir sinfdagi 30-35 o'quvchi jurnalni qachon o'qiydi? Ayrim maktablar kutubxonalaridagi tokchalarida yotadigan jurnallarni ko'rib esa achinib ketaman. Viloyatdagi ba'zi shahar va tuman gazetalari yil boshidan buyon arang 4-5 soni chiqqanligini qanday izohlash kerak?
Odamlar mutolaa qilishni istashadi, ammo yuqorida aytilganidek, obunaning qimmatligi xalqning gazeta-jurnal o'qishga bo'lgan ishtiyoqini so'ndirib qo'ymoqda.
Ancha yillar oldin viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i huzuriga kirganimizda, qo'lidagi telefonni aylantirib: “Men mana shundan olaman hamma ma'lumotni, menga gazeta-jurnal kerak emas”, degan edi. Endi shu rahbar mas'ul bo'lgan maktablarning ahvolini tasavvur qilavering.
Qiziq, o'qituvchi gazeta o'qimasa, u ta'lim beradigan o'quvchilarning fikrlashi va dunyoqarashi haqida gapirmasa ham bo'ladi.
* * *
Gazeta-jurnal mutolaasi haqidagi so'rovlarimizga javoblar muhtasar bo'ldi:
— Gazeta-jurnallar obunasi narxi arzon bo'lsa, bajonidil obuna bo'lib o'qir edik…
— 6 oyda bir marta chiqadigan tuman gazetalarini kundalik matbuot nashri deb aytib bo'ladimi?
— Haqli va o'rinli e'tirozlar. Ahvol shu tarzda davom etaversa, qishloqlarda gazeta-jurnal degan narsani odamlar mutlaqo unutib yuborishi ham hech gap emas!
— Shunday ekan, matbuotni qanday jonlantirish mumkin? Aholining ko'pchilik vakillari aytganidek, obunalar narxini qay tarzda arzonlatish mumkin?
— Tojikiston davlatida gazetalar uchun byudjetdan “dotatsiya” berilar ekan, – dedi Mehribon Tillayeva. — Bizda ham shunday qilinsa, gazetalarning narxi u qadar qimmat bo'lmasdi. Qolaversa, matbuot nashrlarini davlat hisobidan qo'llab-quvvatlash kerak. Hatto Fransiya davlatida ham gazetalar qo'llab-quvvatlanar ekan. Turkiyaga sayohatga borganimda, “Yangi kun” gazetasi ertalab tushlikkacha bir necha million nusxada, tushlikdan keyin ham millionlab nusxada chop etilishini ko'rdik. Bir kunda ikki marta bosilib chiqadigan gazeta qo'lma-qo'l bo'larkan. Odamlar yo'laklarda o'tirishib, ko'zoynaklar bilan gazetalarni varaqlaganligiga guvoh bo'ldik. Ertalabdan Istanbuldagi yangiliklar, hatto sayohatchilar haqida, narx-navolar hamda qaysi do'kondan qaysi mahsulotlarni xarid qilish mumkinligigacha aniq ma'lumotlar berib borilar ekan. Turkiya haqida, sayohatbop hududlar haqida qiziq-qiziq maqolalar beriladi. Eng quvonchlisi, barcha sayohatchilarga gazetalar bepul tarqatib ketiladi. Bundan maqsad — Turkiyaning hayoti, o'sish-o'zgarishlar bilan yanada yaqinroq tanishtirish. Bu mamlakatda ko'chalarda, avtobuslarda, hiyobonlarda gazeta o'qib ketayotgan katta va o'rta yoshdagi minglab odamlarni uchratasiz. Albatta, shu tariqa yoshlar ham kattalardan o'rganib gazeta o'qishga mehr qo'yishadi. Hatto Hindistonda ham gazetalar bepul tarqatilar ekan. Sayohatchilarga bir finjon qahva bilan birgalikda bitta gazeta berilayotganligidan hayratga tushasiz. O'zlarining davlatini, ishlab chiqarish va korxonalarini reklama qilishning go'zal namunasidir bu, aslida. Bilasizmi, Amerikada atigi ming nafar aholisi yashaydigan mahallasining ham o'z gazetasi borligi biz uchun, albatta, taajjublanarli hodisadir. Ammo bilim sari yo'l gazeta o'qishdan boshlanishini unutmaslik lozim.
Hokimiyatlar tomonidan byudjetdan, ya'ni soliq tushumlaridan orttirilgan mablag'larning ma'lum bir qismi nashrlarga yo'naltirilsa bo'lmaydimi? Bu ma'naviyatimiz uchun katta ezgulik qilingan bo'lardi. Agar dotatsiya beriladigan bo'lsa, ya'ni gazetalar qo'llab-quvvatlansa, obunalar narxi birmuncha arzon bo'lishi, yurtdoshlarimiz o'zlari istagan gazeta-jurnallarga obuna bo'lib, muntazam o'qib borishlari uchun imkoniyat tug'ilardi. Bu esa ma'naviyatimizning, madaniyatimizning yanada yuksalishiga katta hissa bo'lib qo'shilgan bo'lardi.
Hozirda Xorazm viloyatida bir necha tuman va shahar hokimliklarining nashrlari yopilib qolish arafasida.
Tuman aholisiga tuman gazetasi kerakligini unutmaslik zarur. Gazetalar tariximizni yoritib beradigan o'chmas chiroqlardir.
Gazeta-jurnal, kitob o'qimaslik — madaniyatsiz, oriyatsiz avlodni shakllantirishi kundek ravshan.
Keyingi paytlarda viloyatdagi bir qator gazetalar tahririyatining o'z binosi yo'qligi, ko'pchiligi ijarada o'tirganligi juda ayanchli. Tuman gazetalari tahririyati xodimlari birgina ijara xonada tiqilishib o'tirganligi sir emas. Bu hol jurnalistning va gazetaning obro'siga salbiy ta'sir qiladi, albatta.
O'zbekistonda matbuot nashrlarini o'z holiga tashlab qo'yish — loqaydlik va beparvolikdan boshqa narsa emas, deydi suhbatdoshlarimiz.
Feruza TANGRIBERGANOVA
suhbatlashdi.