Yong'in xavfini yuzaga keltiruvchi holatlarga befarq bo'lmang

Tabiat oltin kuzning go'zal manzarasi og'ushida… Yilning ushbu pallasida yurtimizning aksariyat hududlarida haroratning keskin sovishi kuzatiladi va isitish tarmoqlaridan foydalanish zarurati kuchayadi. Taassufki, ushbu mavsumda turli sabablarga ko'ra yong'in xavfini yuzaga keltiruvchi holatlar ham ko'paya boshlaydi.

Bir necha yillardan beri har yili aynan qish mavsumi arafasida mamlakatimizda yong'inlar bilan bog'liq baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida “Yong'in xavfsizligi oyligi” o'tkaziladi.

Belgilangan tartibga ko'ra, joriy yilning 15 noyabr — 15 dekabr kunlari respublika hududida “Yong'in xavfsizligi oyligi”ni o'tkazish belgilangan.

“Turkiston” san'at saroyida ham mazkur oylik doirasida turli tadbirlar o'tkazilib, yong'in xavfsizligiga rioya qilishga doir targ'ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Bunday tadbirlarni o'tkazish jarayonida birinchi galda aholining yong'in xavfsizligi masalalarida bilim va ko'nikmalarini oshirish hamda ularda shaxsiy xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob'yektlari hamda uy-joy fondini yong'in xavfsizligi talablariga muvofiq holga keltirish asosiy maqsad qilib olingan.

“Yong'in xavfsizligi oyligi”da yong'inlarning oldini olishga qaratilgan targ'ibot va aholi orasida tushuntirish ishlarini tashkillashtirishga Favqulodda vaziyatlar vazirligining kuch va vositalari, boshqa vazirlik va idoralar hamda keng jamoatchilik safarbar etiladi.

Ishchi guruhlar tomonidan barcha turkumdagi ob'yektlarda, ayniqsa, ko'p kvartirali uylar va yakka tartibdagi uy-joylar, bozor, yirik savdo majmualari va aholi ko'p to'planadigan boshqa ob'yektlarda keng qamrovli profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari kuchaytiriladi.

Mahallalarda “xonadonbay” tartibida o'tkazilayotgan profilaktik tadbirlarda aholi o'rtasida yong'inlar, is gazidan zaharlanish yoki havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog'liq favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan tushuntirish va targ'ibot ishlari yanada jadallashtiriladi.

Maktabgacha ta'lim va barcha turdagi ta'lim tashkilotlarida katta guruh tarbiyalanuvchilari, o'quvchi va talabalar bilan yong'inlar, is gazidan zaharlanish va havo-gaz aralashmasi chaqnashining ayanchli oqibatlari, ushbu fojialardan saqlanish choralarini o'rgatish maqsadida maqsadli musobaqa va viktorinalar, mashg'ulotlar va davra suhbatlari o'tkaziladi.

Shuningdek, fuqarolardan xonadondagi elektr, gaz va issiqlik ta'minoti qurilmalarini doimiy nazorat qilib borishi va ulardan foydalanishda yong'in xavfsizligi talablariga rioya etish, xonani isitishda gaz plitasidan foydalanmaslik, yosh bolalarni qarovsiz qoldirmaslik va ularga gaz jihozlaridan foydalanishga ruxsat bermaslik so'raladi.

I.XALILOV,

“Turkiston” san'at saroyi

YoXTTEB boshlig'i, podpolkovnik.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × four =