Birni ko'rib fikr qil…

Sirojiddin SAYYID,

O'zbekiston xalq shoiri

Birni ko'rib fikr qil,

       Birni ko'rib zikr qil.

Birni ko'rib o'kinsang,

       Birni ko'rib shukr qil.

 

Hayot – sabru bardoshdir,

       Ne'matlari taloshdir.

Gohi ko'zingda yoshdir –

Birni ko'rib fikr qil,

       Birni ko'rib shukr qil.

 

Ota-bobong och-nahor,

       Mehrga zor, nonga zor,

Qiynalgan kunlaring bor.

Birni ko'rib fikr qil,

       Birni ko'rib shukr qil.

 

Dunyoga boq – keng maskan,

       Xordir qancha jonu tan,

Kim yupun, kim bevatan,

Birni ko'rib fikr qil,

       Birni ko'rib shukr qil.

 

O'z yurtingda – lolalar,

       Belanchaklar, allalar,

Betakror bu pallalar –

Birni ko'rib fikr qil,

       Birni ko'rib shukr qil.

Bug'doyzor shu tuprog'ing,

       Ko'zga surt har boshog'in,

Jannatdir har bir chog'ing –

Birni ko'rib fikr qil,

       Birni ko'rib shukr qil.

 

Inson umri g'animat,

      G'animatdir har ne'mat,

Tiriklik – katta davlat –

Birni ko'rib fikr qil,

      Birni ko'rib shukr qil.

 

Ichib bo'lmay jomingni,

      Yarat yaxshi nomingni.

Yurt ko'rsin kamolingni –

Birni ko'rib fikr qil,

      Birni ko'rib shukr qil.

 

Elda qancha nomu yod,

      O'g'il-qizdandir murod.

Har kun uqtirar hayot:

Birni ko'rib fikr qil,

      Birni ko'rib shukr qil.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 14 =