Darvesh amir

yoxud hammollik qilib kun kechirgan hukmdor

Tariximizdan ma'lumki, mang'it urug'idan bo'lgan amirlar Buxoro davlati tarixida amalda 1774 yildan, rasman esa 1756 yildan 1920 yilgacha bo'lgan davr ichida hukmronlik qilgan. Ular xonlar nasli-nasabidan bo'lmagani bois amir unvonini olishgan. Amir Muhammad Rahimxon (1756-1758) ilk sulolaga asos solgan bo'lsa, Amir Said Olimxon (1910-1920) so'nggi hukmdor bo'lib tarix sahifasidan joy olgan.

Buxoro taxtiga egalik qilgan amirlar turli xil fe'l-atvorga ega shaxslar edi. Biroq ana shu hukmdorlar orasida el olqishi va mehr-muhabbatiga sazovor bo'lgan bir zot borki, unga oddiy xalq “Amiri ma'sum”, “Jannatmakon” degan unvonlar bergan. Bu Amir Shohmurod edi.

Shohmurodning otasi Doniyolbiy Muhammad Rahimxon vafotidan keyin taxtni egallaydi va mamlakatni 27 yil boshqaradi. Uning o'n ikkita o'g'li bo'lib, to'ng'ichi Nasaf shahrida 1742 yilda tug'ilgan Shohmurod bo'lgan. Amir Doniyolbiy taxtga o'tirgan paytda Shohmurod 17 yoshda bo'lib, ilm olishga ishtiyoqi baland bo'lgani bois Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil oladi, tasavvuf ilmiga qiziqdi, so'fiyona hayot kechirdi. O'sha davr muarrixlari Shohmurodni “so'fiytal'at, darveshsurat” kishi deya ta'rif etishgan va yuksak martabali oiladan chiqqan bo'lsa-da, hammollik qilib kun kechirgani haqida yozib qoldirishgan. O'g'lining bu ishlaridan xabar topgan otasi Doniyolbiy bir necha bor uni bu yo'ldan qaytarishga urinadi. Unga davlat xazinasidan yetarli maosh tayinlaydi. Lekin o'g'il bu imtiyozlardan voz kechadi. Tanish-bilishlari uni devonaga ham chiqarishadi. Shohmurodning fe'l-atvorida hukmronlik va so'fiylik sifatlari mavjud bo'lib, mujaddidiya-naqshbandiya sulukida edi. U kunlarning birida o'z davrining allomalaridan biri oxund Muhammad Safar huzuriga borib shogirdlikka olishni so'raydi. Ustozi unga: “Sen zolim va zolimzodadirsan. Shayx xizmati va bu yo'ldagi riyozatga qanday toqat qilursan?” — deb savol beradi. Ammo Shohmurod ustozini o'ziga ishontiradi va o'sha davrda xalqning nazarida eng qora mehnat va og'ir kasb bo'lgan hammollik bilan kun kechira boshlaydi, oddiy xalqning og'ir turmush kechirayotganini his etadi va saltanat peshvolari va amaldorlarning kirdikorlari va sitamlarini o'z ko'zi bilan ko'radi.

Oradan yillar o'tib, amir Doniyolbiy ham keksayadi va saltanatni boshqarishda qiynalib qoladi. Bundan asli eronlik bo'lgan Davlat qushbegi va qozikalon Sayyid Nizomiddin foydalanib, mansabni suiiste'mol qilib, oddiy xalqqa nisbatan turli soliq va majburiyatlarni oshiradi. Albatta, bularning bari xalqning qahr-g'azabini kuchaytiradi.

Ana shunday qaltis paytda Shohmurod amir saroyiga yashirin yo'l orqali kirib, otasi Doniyolbiy bilan uchrashadi va unga mamlakat Davlat qushbegi ixtiyoriga deyarli o'tib bo'lganini bayon qiladi. Nochor ahvoldagi amirga: “Endi bunga na iloj va ne tadbir qilursiz?” deb murojaat qiladi. Otasi o'g'liga: “Bu ahvolni men ham fahmlab turibman, lekin biror chora ko'rishdan ojizman”, deb javob beradi. Shohmurod bu muammoni o'zi bartaraf qilishga kirishadi va Qo'qondan elchilar kelganini bahona qilib, qushbegini saroyga taklif etadi va uni maxsus xonada qatlni ijro etishga shay turgan jallod qo'liga topshiradi. Ko'p o'tmay, qozikalon Sayyid Nizomiddin ham shunday o'lim topadi.

Muarrixlarning turli manbalarda yozishicha, Shohmurodning qozikalon bilan ziddiyatga borishining yana bir sababi ham bor edi.

Qozikalon Shohmurodni yoqtirmas edi. Kunlarning birida Amir Doniyolbiy o'g'lining hammollik qilib yurganidan shikoyat qilib undan jo'yali maslahat so'raydi. Qozi esa: “Yana qancha aqlli, farosatli o'g'illaringiz bor. Buning aqli noqis. Uning bu yurish-turishi davlatingiz sha'niga yarashmaydi”, deydi va uni saltanatga yaqinlashtirmaslikni maslahat beradi. Ammo Doniyolbiy Shohmurodni yaxshi ko'rar va unga ishonardi. Qozikalonning bu gaplari esa tezda Shohmurodning qulog'iga yetib boradi.

Har ikkala zolim amaldorning qatl etilishi xalq orasida Shohmurodning obro'yini yanada oshiradi.

Ko'p o'tmay, otasi uni Samarqandga hokim etib tayinlaydi. Yangi hokim shaharga kelgan paytda shahar xarob holga kelgan, aholi qashshoqlashgan, ijtimoiy sharoit qiyinlashgandi. Yangi hokimning odilligi va fidoyiligi tufayli tez orada Samarqandga yana farovonlik qaytadi. Shahar gavjumlashib, bozorlarda to'kinchilik boshlanadi. Shahar markazida olti qirrali chorsi qurilib, “Toqi musaddas” deb atalgan. Madaniy hayot ham o'z o'rniga qaytadi. Ilm-fan rivoj topadi. Taqchillik tufayli yopilib xaroba ahvolga tushgan Xoja Ahror Valiy va Shayboniyxon madrasalari qayta ta'mirlanib, ilm-ma'rifat o'chog'iga aylantiriladi. U madrasa va masjidlarga tayinlangan mudarris va imomlarni shaxsan o'zi suhbatdan o'tkazib tayinlagan.

Amir Doniyolbiyning vasiyati va a'yonlarning istagi bilan Shohmurod 1785 yilda Buxoro hukmdori bo'ladi. Bu yillarda Buxoro davlati og'ir davrni boshdan kechirayotgan edi. Amir Shohmurod boshqaruvi tufayli mamlakatda keng ko'lamdagi islohotlar o'tkazilib, shar'iy qonunlar mustahkamlanib, qattiq tartib-intizom qaror topadi. Buxoroning faxri bo'lgan va keyinchalik xarob holga kelgan madrasalar, masjid va karvonsaroylar, bozorlar ta'mirlanib, o'z vazifasini o'tashga kirishadi. Yangi hukmdor ko'p o'tmay “Xatti tarxoniy”ni e'lon qiladi. Bu farmonga ko'ra aholi tinkani quritadigan turli soliqlardan ozod qilindi. O'nlab yangi madrasalar qurdiradi. Ularning bizning davrimizga qadar saqlanib qolganlari XVIII asr me'moriy san'ati yodgorliklari sifatida qadrlidir.

Eng qizig'i, Amir Shohmurod garchi oliy hukmdor bo'lsa ham, uning shaxsiy turmush kechirish tarzi avvalgidek o'zgarmasdan qolaverdi. U o'zi tanlagan tariqat yo'lidan borib, faqirona yashadi. O'sha davr muarrixlari Amir Shohmurodning bir yilda bitta ko'ylak, bitta olacha chopon va ishton, boshiga bo'z salla o'ragani, oyog'iga echki terisidan tikilgan saxtiyon mahsi va kalish va egnidagi po'stinning narxi ikki tangadan oshmaganini qayd etishgan. Amirning jami liboslari qiymati o'n tanga atrofida bo'lgani, lekin “Abdullaxonning sharqiy madrasasi” talabalarining bir oyligi 15 tangani tashkil etishini qayd etishgan. Ixtiyorida butun saltanat bo'lgan hukmdor ana shunday dabdabasiz hayot kechirgan. Uning kunlik ovqati arpa non va atala, yovg'on sho'rva bo'lib, o'zi pichoq qini yasab tirikchilik qilgan. Uning bu turmush tarzini zamondosh ziyolilar xalifa Umar ibn al-Xattobga o'xshatishgani bejiz emas edi.

Kunlarning birida amir saroyiga yaqin bo'lgan va katta mol-dunyo egasi hisoblangan amaldorlardan biri to'y qilib, uni ziyofatga chaqirgan. Mo'l-ko'l dasturxon shohona bezatilgan va “Oling, oling…” boshlangan. Hamma Shohmurodning birinchi bo'lib qo'l uzatishini kutardi. Shunda amir bir kosa suv so'raydi va choponi orasidan qotgan non olib, mushti bilan ohista sindiradi va suvga botirib tanovul qila boshlaydi. Dasturxon atrofidagilar hayratda qoladi va uning yaqinida o'tirgan mulozimidan pichirlab so'rashadi. “U kishi nima qilayapti?” Javob shu bo'ldi: “Amirimiz nafsi bilan jang qilmoqda”.

Amir Shohmurodning uchta xotini bo'lib, Shamsiya bonu binti Abdulfayzxon birinchisi edi va undan to'ng'ich farzand, bo'lg'usi taxt vorisi Amir Haydar tug'ilgan. Ikkinchisi Barot sultonning qizi edi. Undan Din Nosirbek dunyoga keladi va Marv shahrida hokim bo'ladi. Uchinchisi Bibi Otun binti G'ani maxdum edi va ularning Mir Husayniy ismli o'g'li va ikki qizi bo'lgan. Mir Husayniy tarixnavis bo'lib, “Maxazin at-taqvo” nomli asar yozgan.

Amir Shohmurod ham “Fatoviyi ahli Buxoro” nomli kitob bitishga kirishgan va tugatishga ulgurmagan. Kitobni o'g'li Amir Haydar oxiriga yetkazgan.

Amir Shohmurod davlatni yuksaltirish maqsadida qo'shni mamlakatlar bilan iqtisodiy va savdo aloqalarini yaxshilashga erishgan. Xususan, Rusiya bilan savdo-sotiq ishlarini olib borishga harakat qilgan. Ammo biz bir paytlar tarix darsliklarida “mazlumlarning xaloskori” deb o'qigan, Pushkindek daho u haqida kitob bitgan Yemelyan Pugachyovning qaroqchilari Buxoro sari yo'l olgan va temir ortilgan karvonni talaganiga nima deysiz?

Shohmurodning shaxsi va faoliyati haqida 1795 yilda Buxoroga kelgan Rusiya fuqarosi T.Burnashev shunday yozadi: “Uning saroyida zarracha dabdaba yo'q edi. Faqat ikkitagina xotini bo'lib, kun kechirishlari uchun nihoyatda kam pul xarj qilinardi. Shu sababli ular tinimsiz turli qo'l mehnati bilan mashg'ul bo'lishardi va tirikchiligi shundan edi. Bu borada Shohmurod bek davlat ishlaridan xoli qolgan paytlari o'z mehnati bilan ibrat bo'lardi. Xalq unga alohida ehtirom bilan munosabatda bo'lardi. Uni Muhammad shariatiga haqiqiy amal qiluvchi va hatto avliyo darajasida bilishardi.

Amir Shohmurod 1800 yilda 62 yoshida vafot etdi va vasiyatiga binoan ustozlari Hoji Muhammad Habibulloh va Muhammad Safar Xorazmiylarning poyiga dafn etildi. U davlatni o'n besh yil boshqardi. Shu qisqa fursat ichida uni tanazzul botqog'idan olib chiqib, siyosiy va iqtisodiy islohotlar o'tkazdi. Oddiy xalq qalbiga adolat va e'tiqod, imon va urfon kabi ezgulik tushunchalarini joylashga erishdi. Haqparastligi va adolatpeshaligi bois hech qaysi mang'it sulolasiga mansub hukmdor erisha olmagan hurmat va ehtiromga sazovor bo'ldi.

O'rolboy QOBIL,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × two =