“G'orda andoq voqe durur…”
Xalqaro Amir Temur jamoat fondining bu galgi amaliy faoliyatlaridan biri tarixiy manzillar tomon safarga yo'naltirildi. Muassasa rahbari, O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali ishtirokchilarga aniq topshiriqlar berdi. Garchi rejada Tyan-Shan tog'ining Hisor tizmasida joylashgan Qashqadaryo viloyatidagi g'or va uning atroflarini o'rganish, videotasvirga olib, hujjatli film uchun ashyo tayyorlash, shuningdek, tarixiy manzillarni ko'zdan kechirib, ularning ahvoli yuzasidan jamoatchilikni voqif qilish belgilangan va bu masalada turli-tuman axborotlar yetarli bo'lsa-da, bu safarning zimmasiga hali ko'pchilikning nazariga ilinmagan yoki yetarlicha talqin-tadqiq qilinmagan ma'lumotlarni to'plash, o'rganish vazifasi yuklandi.
— Yurtimizning har qarichida minglab tarixiy sinoatlar yashiringan, — deyildi suhbatda. — Bizning vazifamiz ularni shunchaki sanab o'tish yoki qayd etish emas, endi “ildizga nazar solish”, o'tmishning mavhum bo'lib qolayotgan sirlarini ochish, moziyga teranroq qarashdir. Shunda yurtimizning shukuhi, bo'y-basti butun borlig'i bilan to'laroq namoyon bo'lib boradi.
Biz safar davomida bu gaplar ayni haqiqat ekaniga takror-takror iqror bo'ldik, ishondik. Ochiq e'tirof etganda, hali ham g'ofil ekanmiz. Bu holning qator sabablari bor. Ayniqsa, hozirgi katta avlodning shakllanish va mustaqil hayotga qadam qo'yishi qaramlik, o'zligidan mahrumlik sharoitida o'tgani bizni o'z yurtimizga, tariximizga beparvo qilib qo'ygan ekan. Hatto tilimizni ham, dilimizni ham burab tashlagan ekanlar. Shoir yozgandi: “Yerni tepma, asta bos qadam, Yetar uning chekkan ozori…”. Davomi esa dahshatli! Aslida, bu tuproq bizlar avlodi bo'lgan buyuk bobolar yurti, ular mangu qo'nim topgan muqaddas zamin ekan. Davr mafkurasi ko'zlarni basir, ko'ngillarni so'qir qilib qo'ygan ekan. Bugun bundan yarim asrcha oldin o'zim dars bergan o'quvchilardan uzr so'rayman. Sharoit taqozosi, vaziyat talabi bilan o'zingiz yashagan qishloq manzaralari, qadamjolari haqida buyuk Navoiy go'zal satrlar bitganini, uning tarixidan so'zlaganini, muhtasham dostonining bir bo'limini unga bag'ishlaganini aytmaganman, hatto o'zim bu haqiqatning tagiga yetmaganman…
…Ertalab chiqqan quyoshni cho'qqilar yelkalab turgandek tuyular, zarrin nurlar qurshovida mahobatli dara g'ubor ichida ko'zga tashlanardi. Shuurimizning uyg'ongani bu kan'on (zamonaviy tilda) Sherlar qal'asi deb atalishi va unda Amir Temur g'ori borligini idrok etish bilan boshlangan, desam bo'ladi. Bolalik xayollari cheksizlikka undaydi, uzoq kutilgan yillar ketma-ket o'tadi hamda ana shu sirli maskanga qadam qo'yiladi va u butunlay o'ziga bog'lab oladi.
Yaxshi eslayman, o'quvchilik yillarim o'sha payt juda ommabop bo'lgan “Fan va turmush” jurnalida Qarshi davlat pedagogika institutining o'qituvchisi Abdulla Mamatovning Amir Temur g'origa sayohat haqidagi maqolasi chiqdi. Unda g'orning chizmasi ham e'lon qilingan edi. Bu qishloqda chinakam po'rtanani yuzaga keltirgandi. Sodda, xokisor odamlar bizlar yashab turgan joylarimiz haqida ham yozish, millionlab odamlarga ma'lum qilish mumkinligidan hayajonlanishardi, jurnal qo'lma-qo'l bo'lib ketgan, o'qimagan yoki ko'rmagan odam qolmagan edi.
Holbuki, X asrdayoq Muhammad Abubakir Narshaxiy “Tarixi Buxoro” asarida e'tiborli manzillar qatorida ushbu g'orni ham qayd etgan ekan. Asarga kiritilgan Ibrohim as-Suliyning “Axbori Muqanna” asarida bu joylar yuzasidan ma'lumot berilgani aniq. Ushbu dalillar ommadan sir tutilgan, faqat tor doiradagi ziyolilargina uzuq-yuluq ma'lumotga ega bo'lganlar.
Abdulla Oripovning “Qasam dara” (1964 yil) degan 73 satrdan iborat go'zal manzumasi bor. Muxlislarga asarning mazmuni tanish bo'lishi mumkin, lekin undagi betakror tasvirlar ana shu joylardan olinganga o'xshaydi:
Qasam dara guvillaydi mast,
Guvillaydi tubi yo'q makon.
Ko'kdan unga ko'rinar faqat
Mitti yulduz va parcha osmon.
Atrofida qoq qoya toshlar
Jur'at bilan termiladi lol.
Bir ko'ray deb zina tarashlar
Qoyalarga tirmashib hilol…
Bugun Qamashi tumanidagi mashhur Langar ota ziyoratgohi joylashgan qishloq orqali o'tuvchi mashina yo'lidan g'or sayohatiga borgan ishqibozlar xuddi shunday manzaraga guvoh bo'ladilar. Mashina yo'li borgan so'nggi nuqtadan g'orning og'zi ko'rinadi va quyida ulkan dara — Qal'ai sheron hamda tog' daryosi guvlab turibdi. Yosh yigit (23 yosh), bo'lajak buyuk shoir Abdulla Oripov bu joylarning sohir manzaralarini ko'rib, she'riga ilhom olgan.
Shuningdek, Abdulla aka bir she'rida jinday qimtinib:
Ming yillik tarixing so'zlar, ehtimol,
Hisor boshidagi Muqanna (?!) g'ori —
deb ham yozgan edi (albatta, bu dalillarning tafsilotlari qo'shimcha tadqiqotlarni talab etadi).
Hech qanday tadqiqotlarsiz qo'ldagi naqd dalil esa shuki, Alisher Navoiy hazratlari shoh asari “Xamsa”ning to'rtinchi dostoni “Sab'ai sayyor”da bir hikoyat keltiradilar. Albatta, muxlislarga dostonning mazmuni, tuzilishi ma'lum, shoh Bahrom haftaning uchinchi — dushanba kuni yashil qasrda yashil libos kiyib, uchinchi iqlim yo'lidan keltirilgan musofir bilan suhbat quradi. Shartga muvofiq, teran mazmunli, ibratli biror voqea so'zlanishi lozim edi. Dostonning “Uchunchi iqlim yo'lidan keturgan musofir aytqon afsona” deb nomlangan 25-bo'limi shu musohabaga bag'ishlangan.
Musofir Misr yurtidan gap boshlaydi, uning xojasini ta'riflaydi (10 satr) va hech narsaga muhtoj bo'lmagan shohning o'zidan ham yuksak tabiatli, lekin ota moliga qiziqmaydigan, turli ilmlarni o'rganish bilan shug'ullanadigan Sa'd ismli o'g'li borligini bayon etib, hikoyatini boshlaydi. Sa'd bir mehmonxona ochib, unda o'tgan-qaytganlarni kutib olib, xizmatini qilar, ulardan savol so'rab, ilmlarini boyitar edi (18 satr). Bir kun yashil libos kiygan ikki musofir uning mehmoni bo'ldi. Ular Shahrisabz (Kesh)dan edilar va Sa'd ulardan ko'rgan-bilganlaridan so'zlashni so'raydi. Shunda biri:
Bor durur tog' ichinda bir kishvar,
Kishvar ahli otin debon Kitvar.
Anda butxonae durur oliy,
Rif'at ichra sipehr timsoli —
deb gap boshlaydi. Butxona ta'riflanadi va uning sinoati bayon etiladi. Kimki unga yetib, ko'zi uyquga borsa, tush ko'radi va bu tushi uning taqdirini ayon etadi. Tushning ta'birini esa faqat bir pir ayta oladi.
Shundan keyin sarguzasht boshlanadi, shahzoda Sa'd o'z toleini sinab ko'rishga ahd qiladi. Otasi ancha qarshilik ko'rsatsa ham, safar tadorigi ko'riladi:
Ishchilar o'n kun etdi jahdu shitob,
Toki bo'ldi murattab ul asbob…
To'rt yuz qul kamar ba zar bori,
La'lu durdin bezab kamar bori.
Safar o'tgan yo'llar ta'riflanadi va Sa'd manzilga yetadi. Haqiqatan, sirli tush ko'radi, endi pirni topish kerak edi. Yaxshisi, Hazratning o'z so'zlarini o'qiylik:
Sa'd bo'ldi alar bila hamroh.
Boshladilar yo'l ikki kor ogoh.
Qildilar azm kuhsor sori,
Tog' aro bir qorong'i g'or sori.
G'or aro kirdilar haros bila,
Rahravi ikki rahshunos bila.
Ko'rdilar g'or ichinda ayvoni,
Ko'hkan teshasi qozib oni…
Buyuk qalam bilan chizilgan ushbu tasvirlarni o'qib, bu go'shaga qadam qo'ygan millionlarning ko'z oldida tanish manzaralar gavdalanayotgan bo'lsa, ajab emas. “Ayvoni…” — bu joyda qanchalab tabiat va tarix ishqibozlari tunashgani rost. Uning sinoatlari — nishablikdan taxlab chiqilgan tosh poydevor, ayvon (supa)dagi olov qoldiqlari-yu yog'och ustunlar o'rinlari qanchalik qadimiy tarixdan so'zlaydi?
Buyuk shoirni bulardan boshqa bir sinoat hayratlantiradi:
Go'shada mu'takif deyilgan pir,
Xalqdin g'or ichinda uzlatgir.
Javhari jismi tiyra kon ichra,
Olami muxtasar makon ichra.
Jismi oshufta sochi ichra nihon,
O'ylakim, tun savodi ichra jahon.
Uzlatga chekingan bu zot kim edi? Ma'lumki, tariximizda olam asrorini kashf etib, yillar emas, asrlar royishini bashorat qilib bergan buyuk nodir zotlar ko'p bo'lgan. Balki shu azizlardan biri bu g'orda makon tutgandir? Shunday:
Ko'ngli ichra ulum pinhoniy,
Kon ichinda javohir koni.
Nahotki bu go'shalar nodir hikmat sohiblariga makon bo'lgan; azaldan bu joylarning sehri-go'zalligi ularni chorlaganmi yoki azbaroyi ularning poyi-qadami tekkach, bu joylar mo''tabar bo'lganmi? Mana, bu zotning siyrati va surati:
Fosh hikmat shukuhi zotidin,
Etti yuz yil o'tib hayotidin.
Ne jahondin anga umed, na biym,
Deb otin xalq Paylaqus hakim…
Shundan keyin ayvonda maroqli va sirli suhbat boshlanadi. Pir bu yurtlarga bir nazarkarda ulug' zot qadam bosishini yuz yillardan beri kutayotgan, uni duo qilib, el-yurtga emnu omonlikni poydor qilish uchun yashayotgan edi. Paylaqus (Faylaqus) hakim avval o'z hayotini so'zlab beradi, o'zi ham shunday asrorga duch bo'lganini aytadi:
Kimki bu dayr aro guzar soldi,
Tushdan aning balosiga qoldi…
Unga bu kun voqe bo'lganini, yuz yildan buyon uni kutayotganini ma'lum qiladi.
Doston mazmuni shundan keyin o'z maromida davom etadi. Pir Sa'dning tushi ta'birini aytadi, qarshisida xatarlar borligini, ularni tadbir bilan bartaraf etish sirlarini, qal'ani egallash va malika jamoliga erishish yo'llarini o'rgatadi. Nasihatlarga amal qilgan Sa'd maqsadiga erishadi. Shahrisabz yurtida farovon zamon boshlanadi.
Bu hikoyatdan Bahrom masrur va xursand bo'ladi.
Albatta, shartlilik va tagma'nolarga boy bo'lgan mumtoz adabiyotimiz namunalarida jo qilingan mantiqlarni anglash uchun chuqur bilim kerak. Biz ko'rgan nashr (O'n besh tomlik. 9-tom. 1966 yil) da asar qay holda nashr qilingan, odatdagidek, qisqarishlar bo'lganmi-yo'qmi (hikoyat 418 baytdan iborat), lekin shu holda ham qator savollar ko'ndalang bo'ladi: Kitvar degan kishvar qaerda, “Jomospnoma” qanday kitob:
(Dedi: “Jomospnom” arqomin,
Nazar aylab, o'qig'in ahkomin.
Ki yozubdur bu qissani bir-bir,
Ki, tushungga ne na'vdur tadbir…),
Faylaqus hakim tarixiy shaxsmi yoki to'qima timsolmi? Butxona haqida gap boradi, unda ne sir bor? (Mulohaza sifatida bir fikrni o'rtaga tashlash xato bo'lmas: Sa'dning g'orga borish yo'li mabodo shu hududlardan o'tgan bo'lsa, hozirgi Qamashi tumanining Qiziltom qishlog'i yaqinida katta ibodatxonaning o'rni mavjud, u otashgoh ham, butxona ham bo'lishi mumkin). Bunday savollar taxminlar qatori davom etadi.
Shuningdek, buyuk shoir yuz yillik muddatni tilga olib, o'zining davridan yuz yillik oldingi yillarga, xususan, Sohibqiron Amir Temurning dunyoga kelishiga ishora qilmayaptimi? Axir Kesh (Shahrisabz)ning qalamga olinishida ham bir sinoat bordir… Xullas, zamirida bunday nozik ma'nolar yuklangan fasohatli o'rinlar, jumboqlar ko'p. Eng asosiysi esa daho shoir Alisher Navoiyning e'tibori…
G'orning Amir Temurga nisbat berilishi, daraning Qal'ai sheron (Sherlar qal'asi) deb yuritilishi ham bejiz emas, bu toponim necha asrlar davomida xalq tilida va dilida saqlangan. Uni yozganini qayta o'qisa o'zi ham tushunmaydigan tarixchilardan biri “Amir Temurga daxli yo'q”, debdi. “Ko'rgansizmi?” deyishsa, “Biz borganda qish edi, uzoqdan ko'rganman”, dermish. Holbuki, qishda 25-30 chaqirimdan ham uni ilg'ash qiyin. Biror aniq dalilga tayanmay, bunday asossiz xulosalardan qochish kerak, chunki xalq xotirasi abadiy va daxlsiz. Tarixan ham Sohibqironning o'smirlik, bolalik yillari shu hududlarda o'tganligini tasdiqlaydigan Arrafot tizmasi, Mirza o'lang, Shoyurti, Cho'yanli darasi, Xonaqa, Boboshodi… singari joylar ko'p.
Ana shunday sinoatlarga to'la bo'lgan maskan doimo ishqibozlarni o'ziga jalb qilib kelgan. Dunyoning turli nuqtalaridan turli maqsadlarda unga tashrif buyuruvchilar qadami uzilmagan. Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, bu maskanga 2 kunlik (boshlang'ich narxi 170 AQSh dollaridan), 3 kunlik (2 860 ming so'mdan) sayohatlarga chorlovchi e'lonlarga duch kelasiz. Bularni kimlar uyushtirayapti, biror davlat tashkilotining xabari bormi, deb o'ylanib qolasiz. Chunki atrof-tevarak chiqindiga to'lib ketgan, tabiat payhon qilingan, ishqibozlar ko'ngillari siqqancha noma'qulchilik qilishgan. Safar ishtirokchilari bu hollarni o'z ko'zlari bilan ko'rdilar, bunday xo'jasizlikdan ko'ngillari vayron bo'ldi. Axir tabiatning nodir go'shasi, tariximizning jonli guvohlari bo'lgan bunday tabarruk joylarni asrab-avaylash kerak emasmi? O'lkamizda hazrat Navoiy vasf etgan yana qanday joylar bor, ularning xaritasi tuzilganmi? Amir Temur nomining o'zi har qancha asrab-ardoqlashga asos bo'ladi-ku. Bunday joylar davlat muhofazasiga olinishi, milliy qo'riqxonalar sifatida alohida maqom kasb etishi dunyo tajribasida ma'lum.
G'orga daryo bo'ylab olib boradigan yo'l manzaralarini tasvirga tushirib, tabiat go'zalligidan olam-olam zavq tuygan ekspeditsiya qatnashchilari odamlarning bunday munosabatidan iztirobga tushib, daryo bo'yidagi omonat qarorgohda tuni bilan uxlolmay chiqdilar. Bunday tabarruk maskanlarga nisbatan befarqlik kechirilmas holatdir. Yillar o'tgan sari uning go'zalligi xira tortib, tarovati yo'qolib borayotganini, tabiat qashshoqlashib qolayotganini ko'rib turibmiz. Turizmning oltin halqasiga kirishga loyiq bunday o'xshashi yo'q go'shalar har birimizning bebaho boyligimizdir. Endi bu joylarni panohimizga olaylik… Ekspeditsiyadan chiqargan eng katta xulosamiz shu bo'ldi.
Hakim SATTORIY
