Bobom ko'mgan xazina
Bundan bir necha yil avval “Sevimli” telekanali orqali namoyish etilgan Katta Langar Qur'oni tarixi va taqdiriga bag'ishlangan ko'rsatuvni katta qiziqish bilan tomosha qilgandik. O'zbekiston Musulmonlari idorasi buyurtmasiga asosan Katta Langar Qur'oni izidan ilmiy izlanishlar olib borgan ekspeditsiya a'zolari (bir guruh jurnalistlar, jumladan, BBC muxbiri Luiza Iskandariy, diniy idora vakillari, tarixchi va qur'onshunos mutaxassislar) tomoshabinlarni ushbu muqaddas Qur'on to'g'risidagi bir-biridan qiziqarli va noyob yangi ma'lumotlar bilan tanishtirib borishgani hamon yodimizda. Biz ushbu ko'rsatuv orqali Muqaddas Qur'oni karim haqida, shu bilan birga, dunyoning turli burchaklarida bo'lgani kabi respublikamizning barcha hududlarida ham turli davrlarda musulmon olami uchun tabarruk sanalgan ushbu kitobni behad qadrlagan, uni yoddan bilgan, qiroat bilan o'qiydigan qorilar, chuqur diniy bilimga ega mulla (domla)lar bilan bog'liq voqealar haqida gap ochilsa, marhum Qunnazar bobom haqida onamdan eshitganlarim yodimga tushadi.
O'tgan asrning 20 – yillari, ya'ni Islom diniga, unga e'tiqod qiluvchilarga qarshi keskin kurash ochilgan, ilmli, ziyoli, taqvodor kishilar quvg'in ostiga olingan paytlarida Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi Jaloer qishlog'ida tug'ilib o'sgan, o'sha paytda Samarqanddagi madrasada diniy ta'lim olib qaytgan bobom hamqishloqlarining hurmatiga sazovor bo'lib, mulla Qunnazar, deb nom olgan. Qishloq ahli bobomni behad izzat qilgan, hech bir to'y-ma'raka, marosimlar, yig'inlar bobomsiz o'tmas ekan. O'sha-o'sha suronli, “qizillar”ning qo'li baland bo'lgan, Islom diniga ishonuvchilarni qidirish, qamash, Rossiyaning sovuq o'lkalariga surgun qilish avj olgan alg'ov-dalg'ov davrlarda niyati buzuq kimsalarning qadami Zomin qishloqlariga ham yetib kelib, bobom kabi dindor kishilar siquvga olingan. Tez kunda navbat o'ziga ham kelib qolishini sezgan bobom uyidagi diniy kitoblarni yot qo'llarga tushmasligi uchun bir qopga joylab, teriga o'rab (suv tegmasligi va chirimasligi uchun bo'lsa kerak) tomorqasining bir chekkasidan chuqur o'ra qazib, ko'mgan ekan. Lekin bobom bu haqda hech kimga aytmagan va bildirmagan.
— Yodimda, o'shanda otam kitoblarning har birini oppoq surpga o'rab, qopga joylagan edi. Ayniqsa, ularnig orasidagi boshqalaridan hajmi kattaroq va og'irroq bir kitobni alohida avaylab, o'rab-chirmab, bir necha bor o'pib, ko'zlariga surtib, alohida xaltaga, keyin qopga solganini kechagidek eslayman. “Bu muqaddas Qur'oni karim, hammasidan ulug', bebaho tabarruk kitob, sizlarga uni o'qishni o'rgatmoqchiydim, o'zimdan keyin meros qilib qoldirmoqchi edim, afsuski, nasib etmadi, omon-omon zamonlar kelsa, balki qaytib kelib, olib ketarmiz, iloyo yomon niyatli kishilarning qo'llariga tushmasin-da, ular bularni xor qilishadi”, – degandi ko'zlarida yosh bilan otam. Shundan so'ng otam qopni hech kimga ko'rsatmay, hovlining qaerigadir ko'mib qo'ydi, — deya gapirib bergan edi menga onam. — Bir necha kundan so'ng otam “kutgan” o'sha qora kun keladi… Halovatsiz bo'lgan qish tunlarining birida qishloqdagi oilamizga yaqin bir odam kelib, bobomni “mulla bobo, tezda, bu yerdan keting, birozdan keyin sizni olib ketish uchun uyingizga kelishadi”, deb ogohlantirgan. Bobom shoshganidan mahsisining bir poyini kiygancha ikkinchisini kiyishga ulgurmay, eshikka otilgan. Bir lahza ortiga qarab, “oilam, bolalarim nima bo'ladi”, deganicha to'xtab qolibdi. Shunda tashqarida uni kutib turgan kishi bobomga, “domla tez qoching, bo'lmasa, sizni ham Sibirga surgun qilib yuborishadi, uydagilardan xavotir olmang, biz ularni ortingizdan yetkazamiz”, deb qo'liga bir nechta non solingan xaltani tutqazibdi.
Men o'sha paytda yosh bola bo'lganim uchun bu narsalarga unchalik e'tibor bermaganman. Bobom shu ketganicha, pana-panalab, qishloqlarni oralab qochib, tong otarda bexavotir bir joydagi kulbaga yashiringan ekanlar. Kunduz kuni dam olib, kechasi yana yo'lga tushgan. Shu ko'yi bir necha kun deganda, Xovosning Xo'jamushkent degan hududi (hozir bu hudud Jizzax viloyatining Yangiobod tumaniga tegishli) “Uyuvli” qishlog'idan ko'chib kelgan aholi joylashgan, ya'ni hozirgi Guliston tumanidagi “Do'stlik” xo'jaligi (SIU) ning sobiq Chapayev qishlog'iga kelib qolgan. Bobomdan bir necha kundan keyin yaxshi kishilarning ko'magi bilan oilasi (buvim, o'sha paytda 8-9 yoshlarda bo'lgan onam, xolam, tog'alarim) ham shu qishloqqa ko'chib kelib joylashishgan. Uyuvliliklar mulla bobomni iliq qarshi olib, hurmatini joyiga qo'yishgan, oilasini uy-joy bilan ta'minlashgan. Bobom umrining oxirigacha shu yerda yashab, masjidda imomlik qilganlar. Lekin oradagi notinchliklar, qatag'on, urush yillari, keyin esa xastaligi (o'shanda mahsi kiyilmagan bir oyog'ini sovuq urgan va uning asoratidan necha yil qattiq azob chekkan ekanlar) sabab bobom qishlog'iga borib, o'sha Qur'onni va boshqa kitoblarni ko'mgan joyidan kovlab, olib kelishga imkon topmay, dilida va tilida shu armon bilan dunyodan ko'z yumgan ekanlar. 50-60 yillarda tog'amlar Jaloer qishlog'iga borib, qop ko'milgan joyni qidirib topa olishmagan. Bu noyob kitoblarning taqdiri hanuzgacha noma'lum. Kimdir ularni kovlab olgandir, balki chirib ketgandir? Lekin o'sha muqaddas kitoblardan biri, aniqrog'i, Qur'onning bir nusxasini buvim sandig'idagi buyumlar orasida yashirib, saqlab qolgan va uni onamga bergan ekan. O'sha Qur'oni karim onamdan biz — farzandlariga meros bo'lib qoldi va uni bobom, buvim hamda onamdan xotira sifatida hamon ko'z qorachig'iday saqlab kelayapmiz. O'shanda Katta Langar Qur'oni haqidagi ko'rsatuvlar chog'ida yurtimizdagi taniqli imom-xatiblardan biri, qaerda muqaddas Qur'oni karim yoki uning bir bo'lagi — varaqlari saqlanayotgan bo'lsa ham, shu zaminni, elni Alloh balo-qazolardan asraydi, obod va farovon qiladi, degan purma'no fikrlarni aytgan edi. Yaratganning nazari tushgan yurtimizda hamisha tinchlik va osoyishtalik, omonlik, to'kinchilik bo'lishining sababini zaminimizda bu kabi muqaddas kitoblarning, tabarruk qadamjolarning asrab-avaylanishi, xalqimizning iymon-e'tiqodi butunligida deb bilamiz. Har bir ibratli harakat va xislatning hikmati bor deganlari shu bo'lsa kerak. Yana bir gap: oilamiz boshiga tushgan biror tashvish tezda arisa yoki xastalikdan tuzalsak, xonadonimizda o'sha muqaddas kitobning borligiga shukrona keltiramiz. Chunki chin e'tiqod bilan yashagan insonning ko'ngli hamisha xotirjam, niyati pok, armonlari ijobat bo'ladi .
Xolida PARDABOYEVA.
O'zbekistonda
xizmat ko'rsatgan jurnalist