Chertim

Aytilmagan haq so'zdek
Chertilmagan torlar bor.
Amirqul Po'lkan
She'r olami bepoyon,
Buyuk tog'lar, qirlar bor.
Dengiz kabi dostonlar,
Daryo kabi jirlar bor.
So'z — urug', ko'ngillar — yer,
Hikmat sochib, to'kar ter,
Xirmoni cho'ng Alisher
Navoiydek zo'rlar bor.
Bog'da ochilar gullar,
Yashnab ketar ko'ngillar,
Fozil Yo'ldosh, Bulbullar ,
Po'lkan shoir — pirlar bor.
Odam yaxshi so'zga qul,
She'r aytsang, el tutar gul,
She'r qoldirdi Amirqul ,
Kitobida nurlar bor.
Shoirlar kuylar mohir,
Elga baxsh etar mehr,
Sozlarida bor sehr,
So'zlarida sirlar bor.
So'zdan yaralgan dunyo,
Dilda ishq, so'zda safo,
She'rda ganj bor bebaho,
Ketmas davlat, zarlar bor.
Doim zo'r she'r sayladim,
Doim zo'r she'r kuyladim,
Barchani lol ayladim,
Tinglolmagan “kar”lar bor.
Sichqon — mush, arslon — asad,
Yaxshi-yomon bor abad,
Shoirga qilib hasad,
Ko'rolmagan “ko'r”lar bor.
Haqqa aytib dil rozing,
Yangrataver sho'x sozing,
Xudo bergan ovozing
Olqishlagan yorlar bor.
26.01.2025
Rustam MUSURMON,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi,
Qoraqalpog'iston xalq shoiri