Farg'onada ilk bor elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushdi

default
2024 yilning 13 dekabr sanasi mamlakatimiz energetika sohasidagi tarixiy kunga aylandi: Farg'ona viloyatining O'zbekiston tumanida elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi hamda Beshariq tumanida quvvati 500 megavatt quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasiga start berildi.
Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimida Farg'ona viloyatida barpo etilgan quvvati 300 megavattlik yirik elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirilishi tarixiy voqea bo'ldi. Uning qurib bitkazilishida xorijiy kompaniyalar va mutaxassislar bilan birgalikda O'zbekistondagi kompaniya va uning ishchilari ham jonbozlik ko'rsatdi. “VIVA Constructions” — shunday korxonalardan biri. Biz kompaniya rahbari Humoyun AHMADJONOVni suhbatga chorladik.
— Energetika sohasida yangi quvvatlarning ishga tushirilishi va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berilishi katta yangilik bo'ldi. Hech birimizga sir emaski, yaqin paytlargacha xonadonlarimizda, ishxonalarimizda tez-tez chiroq o'chishi odat tusiga kirib qolgan edi. Bu hol elektr energiyasi bilan ta'minlashda muammolar mavjudligidan dalolat edi. Shu jihatdan Farg'ona viloyatida yangi ob'yekt qurilishining ahamiyati xususida fikrlaringizni bilmoqchi edik…
— Savolingiz o'rinli. Aslida, bu manzara hatto shaharlarga begona emasdi. Shukrki, bu holatlar barham topib bormoqda. Yangi elektr quvvatlarining ishga tushirilishi yurtimizda inson qadrining qadrlanayotgani, islohotlar insonni rozi qilish, orzu-umidlarini ro'yobga chiqarish, uning birlamchi huquqlarini himoya qilishga qaratilgan siyosat olib borilishining isbotidir. Davlatimiz rahbari o'tgan yilning 11-12 iyul kunlari Farg'ona viloyatiga tashrifi chog'ida Xitoyning “Chayna Enerji” kompaniyasi bilan hamkorlikda O'zbekiston tumanida elektr energiyasi saqlash tizimi qurilishi loyihasiga start bergan edi. Qisqa fursat ichida Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan elektr energiyasini saqlash inshooti Xitoy Xalq Respublikasining “China Gezhouba Group Overseas Investmen Co.Ltd” kompaniyasi va mahalliy hamkorlar tomonidan to'g'ridan-to'g'ri 144 million dollarlik xorijiy investitsiya kiritish hisobiga barpo etildi. Bu yerda elektr energiyasini saqlovchi, har birining quvvati 2 MVt bo'lgan 193 ta batareya o'rnatildi. Farg'ona viloyatida qurilgan elektr energiyasi saqlash tizimi o'ziga xosligi bilan ajralib turadi. Yangi loyiha elektr manbaiga ehtiyoj kamaygan kunduz va tungi paytlarda elektr tarmog'iga ulanib, iste'moldan ortib qolgan elektr quvvatini “ombor”ga yig'adi va zarur bo'lganda o'sha “ombor”dan yana qayta tarmoqqa yetkazib beradi. Elektr energiyasini batareyada saqlash, ayniqsa, qishda qo'l keladi. Kunduzi yuklama past bo'lgan vaqtda tizimni quvvatlantirib, yuklama yuqori bo'lganda uni bo'shatib, tizimdagi balansni saqlashga yordam beradi. Bu uning asosiy funksiyalaridan biri. Hisob-kitob uchun kunlik o'rtacha iste'mol 6 kilovatt soat deb olsak, batareya saqlash tizimi kuniga ikki marta ishlagan holda kuniga 100 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlay oladi. Bu juda katta ko'rsatkich. Shuningdek, turli noqulay ob-havo sharoitlarida ham elektr energiyasini to'liq yetkazib bera oladi.
— Albatta, Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan bunday murakkab loyihani ro'yobga chiqarish oson bo'lmagani aniq. Ushbu jarayonga ham to'xtalsangiz.
— O'n ikki gektar maydonga Xitoydan keltirilgan zamonaviy batareyalar o'rnatilgan ushbu inshoot Markaziy Osiyodagi eng yirik energiya saqlash tizimiga ega hamda so'nggi texnika va texnologiyalarni jamlagani bilan ajralib turadi. Akkumulyator stansiya qurilishining asosiy sabablaridan bittasi shu bo'ldiki, quvvat yo'qolganda mana shu akkumulyator stansiyasi tomonidan ijtimoiy soha ob'yektlari, birinchi kategoriya iste'molchilari quvvat bilan ta'minlanadi. Shuningdek, yuqorida aytganimdek, mazkur inshoot turli noqulay ob-havo sharoitlarida ham elektr energiyasini uzluksiz yetkazib bera oladi. Energiya saqlash tizimi qurilishida ishni to'g'ri tashkil qilish va belgilangan muddatda sifatli bajarish maqsadida dunyoning rivojlangan davlatlari hamda yurtimizning malakali mutaxassislari jalb etildi. Loyihamizni juda qisqa muddatda amalga oshirdik.
— Loyihada O'zbekiston tomonidan “VIVA Constructions” kompaniyasi vakillari va malakali mutaxassislari ham faol ishtirok etdi. Kompaniya loyihani amalga oshirishda qanday ishlarni bajardi?
— Farg'ona viloyatida qurilgan ushbu loyiha xalqaro atama bilan “BESS” deb nomlanadi. Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan “BESS” loyihasida 2024 yil aprel oyidan boshlab “VIVA Constructions” kompaniyasi ham faol ishtirok etdi. Kompaniyamiz tomonidan loyiha uchun qurilish maydoni nuqtalarini belgilab olishdagi barcha geodezik ishlar amalga oshirildi. Geodezik o'lchovlardan kelib chiqib, tog' yon bag'ridagi unumsiz qir-adir maydonining 12 gektar hududida qurilish maydoni belgilandi. Ushbu qurilish maydonida 46 ming kub metr yerni qazish, tuproqlarni tashish, tekislash ishlari bajarildi. “BESS” qurilish maydoni bilan magistral yo'lgacha bo'lgan 4,5 km adirli joylardan eni 6 metr, og'irligi 150 tonnalik maxsus texnikalar yurishiga mo'ljallangan yo'l barpo qilindi. “BESS” loyihasi uchun 10 ming kub metr har xil maqsaddagi beton quyuv ishlari bajarildi. Ushbu loyihada:
- 193 ta har biri (28 tonna) 2 MVt dan iborat elektr energiyasini to'playdigan batareyalar;
- 193 ta invertor — o'zgarmas tokni o'zgaruvchan 220 V ga moslovchi qurilma;
- 24 ta har biri (33 tonna) 35kVt lik transformator;
- 2 ta har biri 193 tonnalik asosiy transformatorlar o'rnatildi.
Loyihada foydalanilgan batareya, invertor va transformatorlarning har biri uchun alohida maxsus beton poydevorlar qo'yildi va yakunda loyiha asosida yig'ish va o'rnatish ishlari amalga oshirildi. “BESS” hududi 1 chaqirimlik maxsus mustahkam poydevorga ega bo'lgan devor bilan o'raldi. “VESS” tizimidagi kiruvchi, chiquvchi va zaxiradagi elektr energiyasini kuzatib boradigan nazorat binosi (55 m * 22 m * 8 m) qad ko'tardi. Maxsus uch qavatli 15 metr balandlikdagi omborxona; yong'in xavfsizligi boshqaruv binosi va ikkita yopiq suv saqlov hovuzi qurildi. “BESS” hududidagi oqova suvlarning chiqib ketishini ta'minlash maqsadida kanalizatsiya qurish ishlari amalga oshirildi. Elektr manbaini tarqatish stansiyasidan “BESS” hududigacha 11 km masofada yuqori kuchlanishli elektr simi — 39 ta po'lat minora o'rnatib tortib kelindi. “BESS” hududidagi qurilmalarga tabiat hodisalari zarar bermasligi uchun loyihada ko'rsatilgandek chaqmoq urishiga qarshi har biri yerdan 32 metr balandlikda bo'lgan 8 ta metall minora o'rnatildi. 200 dona 3 metrlik po'lat qoziqlar yer ostiga qoqildi. Tog' tomondan kelishi mumkin bo'lgan selni boshqa tomonga yo'naltiradigan 800 metrlik lotoklar o'rnatildi. Loyiha qurilishida jami 800 nafarga yaqin ishchi-mutaxassis xodimlar ish olib bordi. Birgina “VIVA Constructions” kompaniyasining o'zida 400 ga yaqin mahalliy ishchi-mutaxassislar ishlagani holda, Xitoy, Turkiya va Hindistondan ham yetakchi mutaxassislar jalb qilindi. “BESS” loyihasining murakkabligidan kelib chiqib, 50 dan oshiq har xil turdagi maxsus qurilish texnikalari ish olib bordi.
“VIVA Constructions” kompaniyasining qurilish jarayoni to'liq avtomatlashtirilgan noyob dasturi “BESS” loyihasining qisqa muddatda amalga oshishiga juda katta hissa qo'shdi. Jumladan, qurilish materiallari, kerakli jihozlar va texnikalarni o'z vaqtida buyurtma qilish va yetkazib berish ham avtomatlashgan dastur asosida amalga oshirildi. Ishchi xodimlarning ish haqi to'liq dasturlashgan holda bo'lganligi va ish haqining o'z vaqtida berilishi qurilish sohasida yangicha burilish bo'ldi va bundan, ayniqsa, mahalliy ishchi xodimlar juda ham mamnun. Zamonaviy “BESS” kabi loyihalarga “VIVA Constructions” o'zining zamonaviy yechimlari bilan 2025 yilda ham ko'mak berishga tayyor.
— Yashil energetikaning tabiat musaffoligiga erishish va yashil iqtisodiyotdagi o'rni haqida ham to'xtalsangiz.
— Yangi asr bo'sag'asida qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish bo'yicha ham ma'lum sa'y-harakatlar qilingan. Biroq mazkur jarayon nihoyatda sekin va tarqoq holda davom etib, aksariyat loyihalar, fikr-mulohazalar qog'ozda qolib ketaverdi. Sababi, uzoq vaqtgacha O'zbekistonda elektr energiyasi ta'minoti bilan bog'liq jiddiy muammolar borligi, ular keng quloch yozgani, yanada ayanchlisi, industrial rivojlanish hamda iqtisodiy o'sishimizga to'sqinlik qilayotgani yuqori doirada ochiqchasiga aytilmadi. Muammoni tan olish uchun, avvalo, siyosiy iroda kerak edi. Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida vaziyat tubdan o'zgardi. Mamlakat elektr energiyasi taqchilligi sharoitida yashayotgani davlat darajasida tan olindi. Energetika sohasini modernizatsiyalashga doir yaxlit dastur ishlab chiqishga kirishildi.
Yana bir jihat. Quyosh va shamol generatsiyasiga o'tish tegishli infratuzilmani yaratishdan boshlanadi. Bu esa hazilakam ish emas. “Yashil” energetika juda qimmat soha. 2017 yilgacha O'zbekiston hozirgidek dunyoga ochiq mamlakat bo'lmagan. Iqtisodiyot tarmoqlari davlat tomonidan qattiq nazorat qilinardi. Bunday sharoitda yirik infratuzilmaviy loyihalar uchun xorijiy hamkorlarni jalb etish, ularga qulay shartlar taklif etish mushkul edi. Yashirishga ne hojat, investorlar biz bilan ishlashdan cho'chigan. Endilikda davlatimizning o'zi qayta tiklanuvchi energiya manbalariga mablag' tikayotgan tadbirkorlarni rag'batlantirmoqda. O'zbekistonda foto va gidroelektr stansiyalari, shamol generatorlarini qurish uchun soliq imtiyozlari ko'zda tutilgan. Bejiz emaski, mazkur yo'nalishda e'lon qilinayotgan tender tanlovlarida doim o'nlab xorijiy kompaniyalar ishtirok etish istagini bildiradi. Hozir hatto uy xo'jaliklariga o'z ehtiyoji uchun kichik gidroelektr stansiyalari qurishga va uni sotishga ruxsat berildi. Demak, aholiga uzluksiz energiya ta'minoti kafolatlanibgina qolmay, bundan daromad olish imkoniyati ham yaratilmoqda.
Asosiysi, elektr energiya quvvatlarini oshirishga yo'naltirilgan loyihalar orqali atmosferaga zararli chiqindi gazlar chiqarilishi hisobiga havoning keskin ifloslanishining oldini olish borasida olgan xalqaro majburiyatlarimizni bajarish yo'lida katta qadam tashladik. Boz ustiga, katta-katta mablag'lar evaziga ish boshlayotgan zamonaviy elektr tarmoqlari nafaqat xonadonlarimizni yorug', balki, ko'ngillarimizni ham charog'on qiladi. Odamlarning turmush tarzi yaxshilanib, roziligi ortadi. Mana, nima uchun “yashil” energetika rivojiga bu qadar katta rag'bat va e'tibor qaratilmoqda? Qolaversa, 2030 yilga borib sanoat hajmini ikki karra oshirish, metallurgiya, neft-kimyo va mashinasozlik kabi sohalarni sifat jihatdan mutlaqo yangi darajaga ko'tarish maqsad qilib qo'yilgan. Besh yil ichida umumiy qiymati 150 milliard dollarlik 500 dan ziyod yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni ko'zlayotgan ekanmiz, bu ulug'vor niyatlarimizga erishish uchun bizga kafolatli va barqaror energiya resurslari suv bilan havodek zarur.
Akbarxon MAGDIYEV
suhbatlashdi.