Haynanga boring, hayron qolasiz

Haynan — Janubi-Sharqiy Xitoy dengizining o'rtasidagi, tog'lar, tepaliklar, o'rmon va changalzorlardan iborat qish bo'lmaydigan, yam-yashil, bahavo, qirg'oqlari oltin qumli maftunkor orol ekan. Aeroportdan mehmonxonagacha o'ttiz chaqirim yo'l bosdik. Ko'chadagi lotincha, ivritcha, kirillcha harfga ko'zim tushmadi, deyarli xitoy yozuvi — ieroglifda yozilgan.

Samolyot shiddat bilan yuqorilay boshladi. Illyuminatordan pastga qaradim-u yuragim orziqdi. Tungi Toshkent chiroqlari qop-qora samo qo'ynidagi yorqin yulduzlar kabi yastanib yotardi. Uning go'zalligiga qarab ko'z to'ymas, zavq-shavq bilan uzoq termilib, jonajon shahrimni yana bir bor yaxshi ko'rib ketdim…

O'zi, Toshkent xalqaro aeroporti xizmatchilarining samimiyligi, dilkashligi, hozirjavobligi, tekshiruvlarni osonlashtirgani kayfiyatimni ko'tarib yuborgandi. Qolaversa, Toshkent — San'ya yo'nalishi bo'yicha uchayotgan samolyotning birinchi yo'lovchilari biz ekanmiz, olqishlar bilan kuzatib qo'yishdi. Yangi samolyotning yangi o'rindiqlarida xushnud o'tirar ekanman, xayolimda go'zal fikrlar charx ura boshladi.

Xitoy besh ming yillik tarixga ega buyuk mamlakat. Qog'ozni birinchi bo'lib xitoyliklar kashf etgan. Xitoy yozuvi, harflari-ierogliflar besh ming yil oldin kashf etilgan va besh ming yil davomida biror marta o'zgartirilmagan (bizda-chi, keyingi yuz yil ichida necha marta o'zgartirilgan – buni sanash kerak). Bugungi xitoylik besh ming yil avval ota-bobosi nima yozganini bemalol o'qiy oladi. Buning ahamiyati juda katta. Besh ming yil davomida to'plangan ma'naviy boylik, ma'naviy yodgorliklarga voris bo'lish, bu xazinaga ega bo'lish uchun qo'lingda kalit turishi qanday ulkan va bebaho baxt, sharaf!

Bir paytlar Xitoyda shoirlarga katta ehtirom bilan qarashgan. Hatto she'r yozishni bilmaganlarni davlat xizmatiga olishmagan. Shoirlarni so'z zargarlari, inson tuyg'ularining mohir kuychisi, odamlar qalbining bilimdoni, xitoy tilini yuksakka ko'taruvchi, adolatparvar, vatanparvar kishilar deyishgan. So'zni yaxshi his qilmagan, ikki og'iz so'zni eplab yozolmagan, odamlar tuyg'ularini, iztiroblarini bilmagan odam davlat ishxonasida amaldor bo'lib ishlashga noloyiq deya hisoblangan. She'riyat tanlovlari o'tkazilib, g'olib shoir amaldor etib tayinlanar ekan. O'ninchi asrdayoq ­ommaviy tarzda kitob chop etgan (Evropa oradan 850 yil o'tib, Ioan Gutenberg xatti-harakatlari orqali kitob chop etishga erishgan).

*  *  *

Haynan orolining San'ya shahriga kelib qo'ndi. Dimog'imga toza havo urildi. To'yib-to'yib nafas ola boshladim. Bu orolning havosi tozalik jihatidan bekorga Yer yuzida ikkinchi o'rinda turadi (birinchi o'rinda Gavayi orollari) deyishmas ekan. O'zbekiston samolyoti birinchi marta to'g'ridan-to'g'ri San'ya shahriga kelib qo'ngani sharofatiga xitoyliklar gulchambarlar bilan kutib oldi.

Changalzorlar oralab

Haynan — Janubi-Sharqiy Xitoy dengizining o'rtasidagi, tog'lar, tepaliklar, o'rmon va changalzorlardan iborat qish bo'lmaydigan, yam-yashil, bahavo, qirg'oqlari oltin qumli maftunkor orol ekan. Aeroportdan mehmonxonagacha o'ttiz chaqirim yo'l bosdik. Ko'chadagi lotincha, ivritcha, kirillcha harfga ko'zim tushmadi, deyarli xitoy yozuvi — ieroglifda yozilgan. Onda-sonda rus tilidagisi chiqib qoladi. Orolga bir yilda dunyoning olti qit'asidan 83 million sayyoh tashrif buyuradi, ularga yengillik bo'lishi uchun, lotin, kirill harflari ishlatilishi kerak edi, lekin xitoyliklar o'z tillarini, o'z madaniyatlarini shu qadar qattiq himoya qilishar ekanki, begona harflarga o'rin qoldirmas ekan. O'zimizning ko'chalarda esa… o'zingizga ma'lum.

Mehmonxona oshxonasida ovqatlar xitoycha. Ammo atrof juda go'zal. Ko'cha g'uj-g'uj daraxt, yal-yal tovlangan chamanzor, qip-qizil alvon gullarga burkangan, anvoyi hidlari dimoqni qitiqlaydi. Shahar, uylar, binolar, ko'chalar gullarga, daraxtlarga, chechaklarga qorishib ketgan, yigirma to'rt qavat binoning tepasiga qarasangiz, bino tomida daraxtlar gurkirab o'sib yotibdi, yo'llarga qarasangiz, yo'lning o'rtasidan qip-qizil gulzor o'tgan, shahar markazi qaerda deb izlasangiz, qirq qavatli bino oldida qoyalar qad rostlab turgan bo'ladi. Orombaxsh xiyobonlar, toshqin daryolar, ko'm-ko'k ko'llarning son-sanog'i yo'q.

Tabiat va insonning bu qadar chambarchasligi, uyg'unligi havas uyg'otdi. Haynan kichkina orol bo'lishiga qaramay, mingdan oshiq yuz yoshdan oshgan inson yasharkan. Bir qariya onaxon bilan suhbatlashsam, “Onamni ko'rishga ketyapman”, — dedi. Ie, bu kampirning onasi ham bor ekan, o'zi keksa bo'lsa, onasining ko'rinishi qanaqa ekan, onasi necha yoshda ekan, onasini bir ko'rib, yuz yoshli Zulayho hoji onamning salomini yetkazib qo'yay deb, taksiga o'tirib, uning onasini ko'rishga bordim, afsuski, onasi o'zining onasini ko'rishga ketgan ekan. Ammo borganimga pushaymon bo'lmadim. Shu bahona, keksa onaxon bilan ancha gurunglashdik. Keksa onaxon tabiat haqida qiziq voqeani gapirib berdi: Uning aytishicha, bir paytlar Haynanda ovchilik rivojlangan ekan. Haynan o'rmonlarida, changalzorlarida bo'ri, tulki, ayiq, qoplon, kiyik, yo'lbars, xullas, yovvoyi hayvonlarning hamma turi bor ekan.

Keksa onaxon yana shunday rivoyatni so'zlab berdi: Bir mohir ovchi bir kiyikning iziga tushibdi. Kun bo'yi ortidan quvibdi. Nihoyat, kiyik boshi berk daraga kirib qolibdi. Qochishga yo'l qolmabdi. Ovchi kamonni cho'zib endi otaman deganda, kiyik sohibjamol qizga aylanib qolibdi. Qiz shu qadar latofatli, shu qadar go'zal, shu qadar jozibador ekanki, ovchi qizni bir ko'rgandayoq oshiqi beqaror bo'libdi. Qilayotgan zulmi uchun qizning qarshisida tiz cho'kib kechirim so'rabdi, yalinib yolvoribdi. Kunlar o'tib, sevgi izhor qilibdi, xullas, ikki yosh to'y qilib, baxtli yashabdi. Shundan buyon ovchilar tabiatni asrab avaylaydigan, tabiatdagi jonzotlarga mehru muhabbat bilan qaraydigan bo'libdi.

*  *  *

Haynan ko'chalaridagi taksilar elektromobillarga almashtirilgan. Elektromobillar quvvat olish uchun soatlab turmaydi. Quvvati tugadimi, darhol avtoparkka boradi, uch daqiqada batareyalar almashtiriladi, ishga chiqib ketadi. Oldindan aytib qo'yay, xitoyliklarning hammasi ham avliyo emas, payti kelsa, birpasda pulingizni qoqib oladi. Bir taksiga yer osti do'koniga olib bor, degan edim, 50 yuan so'radi. Bu bizning pulga taxminan 80-90 ming so'm bo'ladi. “Xo'p” dedim. Taksiga o'tirib, nafasimni rostlamasdan yetib keldik. Yer osti do'koni men turgan mehmonxonadan bor-yo'g'i uch-to'rt chaqirim joyda ekan.

Haynandagi yer osti do'koni ellik metr chuqurlikda joylashgan, uzunligi to'rt kilometr, besh qavatdan iborat do'kon. Aylanishga erinmasangiz bo'ldi, hamma narsa bor. Yorliqlardagi narxlarga ishonmang, savdolashsangiz, yarim narxiga olishingiz mumkin.

*  *  *

Haynanliklar hiyobonlarda musiqani baland qo'yib, ertadan kechgacha jismoniy tarbiya bilan shug'ullanadilar. Qator turgan odamlarning safiga qo'shilib siz ham jismoniy tarbiya bilan shug'ullanishingiz, charchaganingizdan keyin asta yo'lingizga ravona bo'lishingiz mumkin.

Umuman olganda, xitoyliklar dunyoda eng qimmat narsa sog'liq deb bilar ekanlar, sog'liq ular uchun doimo birinchi o'rinda ekan, qo'sha-qo'sha uy solish, qimmatbaho kiyimlar kiyish, tillo-yu zarga burkanish, gumburlagan to'ylar qilish, hashamatli mashinalar olish hamisha keyingi o'rinlarda turar ekan. Bu ibratli biz uchun.

“So'nggi nafasgacha ilm olamiz”

San'ya shahridagi o'rta maktablardan biriga bordim. Maktab peshtoqlariga osib qo'yilgan shiorlarga ko'zim tushdi. “To tirik ekanmiz, o'qiymiz, izlanamiz, so'nggi nafasgacha ilm olamiz”. “Dars qoldirgandan o'lgan yaxshi, to tanangda quvvat bor ekan, o'qi, tanangda zarracha mador bo'lsa, o'qishga sarfla”. “Sen nafasingni rostlaguncha, bir necha qadam ortda qoldirib ketishadi, buni istamasang, bor kuching bilan oldinga intil, dam olishga fursat yo'q”.

O'quv yili Xitoyda birinchi sentyabrdan boshlanib, bolalar birinchi sinfdan to o'n ikkinchi sinfgacha o'qishar ekan. Bir sinfda elliktacha bola o'qiydi. O'quvchilar deyarli ertadan kechgacha maktabda bo'lisharkan. Birinchi sinfdan oltinchi sinfgacha sakkiz soat, oltinchi sinfdan to'qqizinchi sinfgacha o'n soat, to'qqizinchi sinfdan o'n ikkinchi sinfgacha o'n ikki soat dars bilan mashg'ul ekan. Uyga ketganda hammasiga uyda tayyorlanish uchun qo'shimcha vazifa berilar ekan. O'qituvchining o'quvchini urishiga (tayoq bilan qo'liga) davlat tomonidan ruxsat berilgan ekan. Yozgi ta'til bizga o'xshab uch oy emas, o'n kun atrofida ekan…

Payg'ambarimiz Muhammad (s. a. v.): “Sayohat qilinglar, salomat bo'lasizlar”, deganlar. Yozganlarimdan maqsad, sizlarni safarga, sayohatga chorlashdir. O'zimizning Bo'stonliq, Kumushkon, Zomin, Ertosh, Nanay, Xiva, Buxoro, Samarqand ham go'zal go'shalardan hisoblanadi. Dubay, Qatar, Istanbulga borish ham ancha arzonlashdi. Sayohatga chiqing, havo almashtirasiz, dunyoqarashingiz kengayadi, o'z hikoyangizni yaratasiz.

…Xitoyliklarning jussalari kichkina, kiyimi oddiy. Aytaylik, cho'ntagida yuz ming yuan bo'lsa ham, futbolka, krossovka, paxtalik shalpillagan shimda yurishadi…

Xitoy choyning vatani bo'lishiga qaramay, xitoyliklar choy ko'p ichmaydi, ammo choyni kam ichishsa ham juda qimmatbaho ichimlik ichayotganday, kichkinagina chashkada tantana va viqor bilan ichishadi. Agar ularning oldida choyga shakar qo'shsangiz, o'zbekning oldida sho'rvaga murabbo qo'shganingizday gap ekan.

Qizil rang xitoyliklarning sevimli rangi. Ular uchun qizil rang baxt, muhabbat, omad timsoli. Shuning uchun har bir xitoylikning xonadonida qizil sharlar, qizil ajdarholarning suratlari, yasama tulumlari osig'liq turadi. Biz bolaligimizda taqqan qizil galstuklarni, pioner galstuklarini xitoylik o'quvchilar hali-hamon taqishadi. Qizlar nikoh kuni qizil liboslarga, hashamatli qizil ko'ylag-u qizil chachvonlarga burkanishadi. Bizning to'y kuni kiyadigan oq liboslarimizga, fatalarimizga kafanlikka qaraganday qo'rquv va vahima bilan qarashadi.

Xitoyliklar ovqatni chapillatib yeydi. Qanchalik qattiq chapillatsangiz, demak, ovqat shunchalik shirin. Indamay yesangiz, demak, ovqat bemaza bo'lgan, demak, oshpaz noshud, indamay yeyish ovqatning bemaza ekanligini indamay aytishdir, deb tushunadilar.

Savdo-sotiqda, oshxona, kafe, taksida dollar ishlatilmaydi. Sizni ham ishlatishga qo'ymaydi, dollar hech joyda o'tmaydi. Dollar faqat davlat banklarida yuanga almashtirib beriladi.

Tarixiy ma'lumot. Qog'oz pulning vatani Xitoydir. Bu o'lkada eramizdan avvalgi birinchi asrda qog'oz pul muomalaga chiqqan.

Xitoyda kattalarga hurmat, kichiklarga izzat qat'iy yo'lga qo'yilgan. Xitoylik avval ota-onasining hurmatini joyiga qo'yadi, yeb-ichiradi, kiyintiradi, jami ehtiyojini ta'minlaydi, so'ngra bolasiga qaraydi, bolasining ko'nglini ovlaydi. Bu qat'iy qonun sifatida yo'lga qo'yilgan.

Haqiqatan ham, xitoyliklardan ko'p narsani o'rgansak bo'lar ekan. 1949 yilda Xitoy aholisining 90 foizi savodsiz, o'qishni ham, yozishni ham bilmagan. Hozir-chi, ular intellektual salohiyat bo'yicha dunyoda eng oldingi o'rinlarda turadi. 1980 yillarda xitoylik yozuvchilar Toshkentga kelib, og'zi ochilib qolganligini, kiyim-kechak, oziq-ovqatlarni sumkalari to'lganicha olganligini o'z ko'zim bilan ko'rganman. Xitoy ko'z o'ngimizda, qirq yil, ellik yil ichida dunyodagi eng qudratli, eng buyuk, eng boy davlatlardan biriga aylandi. Rivojlanish sirlarini buyuk davlatlardan o'rganaylik! Xitoyliklarning mehnatsevarligini, ilmga, kashfiyotlarga, rivojlanishga, taraqqiyotga chanqoqligini o'rganaylik!

Jadid bobolarimiz Yevropaga ilm o'rganishga, ularning taraqqiyot sirlarini o'zlashtirishga, hayotimizga tatbiq etishga urinishgan. Qachongacha o'zimizni o'zimiz yolg'ondan alqab, biz hammadan zo'rmiz deb o'tiramiz?

…Hash-pash deguncha sakkiz kun o'tib ketdi. Mana, Haynan bilan xayrlashish fursati keldi. Xayr, go'zal dengiz, maftunkor bog'lar, chakalakzorlar! Xayr, xushhavo sayilgohlar, osmono'par binolar! Xayr, buyuk taraqqiyotga qadam qo'ygan Haynan!

Samolyotimiz Toshkent aeroportiga qo'ngach, yo'lovchilar chapak chalib yubordi. Toshkentning bo'g'iq, chang havosi dimog'imizga urildi.

Tanishlarimga xitoy yuanlaridan, tangalaridan sovg'a ulashdim. Buning irimi bor. Kimda qaysi davlatning puli bo'lsa, bu pul uni o'sha mamlakat sari yetaklaydi. Men ham yaxshi niyatda do'stlarimning Xitoyga borishlari uchun cho'ntaklariga safar urug'ini qadadim.

Bugungi kunda Xitoyda qog'oz pul kamdan-kam ishlatiladi, turistlar ishlatmasa, hech kimning qo'lida pul ko'rmaysiz. Hatto plastik karta ko'rmaysiz, smartfonlarda “QR kod”lardan foydalanish eski usul. Xitoylik do'kondan oziq-ovqat yo kiyim-kechak xarid qilsa, kassa oldidagi maxsus uskunaning oldiga boradi, uskuna xaridorning ko'zi yo yuzini suratga olib, hisob-raqamidan kerakli summani yechib oladi.

Xitoy yuanlarining hammasida Mao Szedunning surati bor.

Toshkentga kelganimdan keyin berilgan birinchi savol, xususan, Zulayho xoji onamning savoli: “nima yeding, nima ichding, ochqab qolmadingmi, ular qurt-qumursqalarni yeyishar ekan” singari savollar bo'ldi. Ha, haqiqatan, ular tovuq panjasini, maymunning miyasini, ko'rshapalak shashligini, itni, cho'chqani, gulni, ildizni, chigirtkani, ilonni, kalamushni, sichqonni, xullas, qimirlagan jonzot borki, hammasini yer ekan. Hatto, qaldirg'och inidan sho'rva qilishar ekan. Ammo shuni yaxshi bilish kerakki, Yer yuzidagi har besh kishining biri xitoylik, ularning soni Xitoyning o'zida bir milliard to'rt yuz million bo'lsa, qolgan mamlakatlarda yashovchi yana olti yuz millionga yaqin xitoylikni qo'shganda, jami ikki milliardga yetadi. Ular xitoy taomlaridan boshqasini yaxshi demaydi, xitoy taomlari dunyodagi eng yaxshi taom deydi. Nima ham derdik?!

Oila — muqaddas qo'rg'on

Xitoy Tailand, Bali, Vyetnamga o'xshamas ekan. Sevgi tartib-qoidalari qattiq nazorat ostida. Bu yerda, jilovi bo'sh xitoy ayolini uchratmaysiz. Hatto, Xitoy universitetlarida qizlar alohida yotoqxona binosida, o'g'il bolalar alohida yotoq binosida yashashar, qizlar binosiga biror o'g'il bolani, o'g'il bolalar binosiga biror qiz bolani kiritmas ekan.

Oila qurmoqchi bo'lsa, bizdagidek kelinnikiga sovchi yuborilar ekan. Ota-onasi yoki qarindosh-urug'lari biror qizni tavsiya etishar, yigit va qiz avvallari bir-birini ko'rmagan bo'lsa ham, uchrashganlaridan keyin bir-biriga yoqsa, oila qurib ketishaverar ekan. Albatta, agar sevgani bo'lsa, sevganiga uylanar ekan. Xitoyliklar uchun oila eng muqaddas qo'rg'on hisoblanar, agar yigit va qiz uchrashsa, shunchaki ko'ngilxushlik uchun emas, oila qurish uchungina uchrashar ekan.

Xitoyliklar uchun bola aziz, ammo ota-ona undan aziz. Ota-onaga qaramaslik, g'amxo'rlik qilmaslik, qarovsiz qoldirish, qariyalar uyiga topshirish, tashlab ketish eng katta sharmandalik hisoblanar ekan. Bunday farzand jamoatchilik la'natiga duchor bo'lar ekan. Xitoyda jamoatchilikning fikri juda katta ahamiyatga ega, hatto hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ma'lumki, Yevropada inson bu shaxs, uning o'z dunyoqarashi, o'z fikri, o'zining daxlsiz olami bor. Yevropalik men bittayu bitta yaratilganman, hech kimga o'xshamayman, o'xshashni istamayman, deyishi mumkin. Ammo xitoylik unday demaydi va deyolmaydi. Agar desa, u xudbin hisoblanadi va jazolanadi, yakkamoxovga o'xshab qoladi. Xitoyliklar juda ahil va qaerga borsa, darhol birlashadi, to'p-to'p bo'lib yashaydi. Shu sabab Amerikada ham, Angliyada ham, Rossiyada ham, qaysi davlatga xitoylik borgan bo'lsa, “Chayna taun” — Xitoy kvartallari bor. Aslida, xitoylik degan millat yo'q. Xitoylik degani Xitoy fuqarosi degani. Xitoyda 206 tilda so'zlashuvchi 56 xil millat va elat vakillari yashaydi va shularning hammasi umumiy ma'noda xitoylik deyiladi. Xitoyda besh yuz-olti yuz yildan buyon yashayotgan o'zbeklar ham bor va ular bilan bemalol o'zbekcha gaplashish mumkin.

“Og'zimdan bol tomib, nega Xitoyni maqtayapman? Ulardagi aql bovar qilmas taraqqiyotni o'rganaylik, deyapman, xolos. Qolaversa, Xitoyning o'zida 60 foiz yer maydoni o'zlashtirilmasdan, odam oyog'i yetmasdan egasiz, yovvoyi holatda yotibdi. O'nlab osmono'par binolari bor shaharlar odam yo'qligidan huvillagan, bo'm-bo'sh. U yerda odam yashamaydi. 22 million yangi qurilgan uy kimsasiz, biror zot yashamaydi, odam yashashiga muhtoj. Yashaydigan odam yo'q. Qolaversa, Xitoyda bir maqol bor: “Boshqalar senga qanday munosabatda bo'lishini xohlasang, sen ularga shunday munosabatda bo'l”.

Albatta, Xitoyda ham muammolar tiqilib yotibdi. Masalan, Amerika, Yevropa universitetlarini bitirayotgan xitoylik vunderkindlarning o'ntadan sakkiztasi Xitoyga qaytib bormayapti. Men shunchaki sayohat taassurotlarim bilan o'rtoqlashayapman, xolos.

Yana Xitoyda hayratlantirgan narsa, xitoyliklarga uch-to'rt og'iz xitoycha so'z aytgan edim, mamnun bo'lib chapak chalishgani meni xursand qildi. Mana, haqiqiy vatanparvarlik. Mana tilga ehtirom, millatga ehtirom!

Yuqorida aytganimizdek, ular ta'limga juda qattiq e'tibor berishadi. Universitetga kirish uchun bitta joyga ikki yuzta bola imtihon topshiradi. Eng yuqori ball olgan bolagina o'qishga qabul qilinadi.

Ko'rgan-bilganlarimni bayon qildim, o'qib uqinglar, degim keldi, xolos.

Muhammad ISMOIL,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 15 =