Nur sochayotgan yulduz

Nihoyat, Hindistonning mashhur shahri Agraga yetib keldik. Bir vaqtlar Boburiylar sulolasining poytaxti bo'lgan bu tarixiy shahar Buyuk Akbar nomi bilan tarixda nom qoldirgan Boburning nabirasi Shahanshoh Jaloliddin Akbar qurdirgan Fatxpur Sekriydagi Qizil qal'a va uning avlodi Shoh Jahon barpo etgan, yetti mo''jizaning biri sifatida dunyoda dong taratgan, muhtasham, ulug'vor, Hindistonning ramzi va ayni chog'da inson aqlini lol qoldiradigan darajadagi mahobatli obida — Toj Mahal bilan mashhurdir.

Mana, bir necha o'n yildirki, men ham Hindistonga borsam, buyuk vatandoshimiz, shoh va shoir, atoqli sarkarda Bobur va uning avlodlari qurdirgan me'moriy obidalarni, xususan, Toj Mahalni ko'rsam, degan fikr miyamni chulg'ab olgan edi.

Xayolimda uni o'zimcha tasavvur qilar, qalbimdagi intiqlik hissi hayajonga aylanib, bir zumga bo'lsa ham meni tark etmasdi. Nihoyat, tong saharlab sayrbonimiz Depek Sharma ishtirokida yo'lga tushdik. U yo'l-yo'lakay Bobur va uning avlodlari haqida zavq va shavq bilan so'zlar, talaffuzidan uning vatandoshlarimizga, ayniqsa, Bobur va Buyuk Akbarga hurmati yaqqol sezilib turardi. Uning fikricha, Bobur dunyoda tengsiz shoh va sarkarda, Jaloliddin esa hindlarning buyuk shohi. Shu sababli unga Akbar nomi berilgan va hozirgi kunda ham uning nomiga Buyuk so'zi qo'shib aytiladi. Yoshi taxminan 30-35 yoshli bu hind sayrboni tarixni va rus tilini puxta bilishi bilan bizni qoyil qoldirardi. Suhbat gohida bahsli munozaralar bilan tugar, sababi, hozirda ham Hindistonda Boburiylar buyuk mo'g'ullar deb noto'g'ri ta'riflanishida edi.

Biz ko'zlangan manzilga yetib keldik va mashinamizdan tushib, bu yerdagi qoidaga ko'ra elektromobilga chiqib, Toj Mahal me'moriy yodgorligi tomon yurdik.

Bu mashhur maqbara haqida ko'p­lab maqolalar yozilgan va bundan keyin ham o'zining tabiiy go'zalligi bilan jahon ahlini hali-hanuz lol qoldirayotgan muhtasham yodgorlik haqida turlicha farazlar hamda ilmiy maqolalar yozilishiga aslo shubha qilmayman. Chunki bu tarixiy obida har bir sayohatchida o'zgacha fikr, o'zgacha taassurot uyg'otishi shubhasiz.

Toj Mahal Boburiylar sulolasining vakili Shoh Jahon tomonidan suyukli rafiqasi Arjumand bonu — Mumtoz Mahal begimga atab qurdirilgan. Ayrim tarixiy manbalarda qayd etilishicha, uning tarhini chizishda shaxsan Shoh Jahonning o'zi ham ishtirok etgan. Xayolimda g'ujg'on o'ynayotgan bu fikrlarni bir zumga to'xtatib, elektromobildan tushdik.

Men boya aytganimdek, Toj Mahalni o'zgacha tasavvur etar edim. Xayolimda u alohida maqbara, hech qanday darvozadan kirilmaydi, deb o'ylardim. Yanglishgan ekanman. Sayyohlar oqimi ortidan yurar ekanman, bir necha bor tekshirishlardan o'tgandan so'ng mahobatli darvoza oldiga yetib keldik. Mahalliy aholi uni Darvozai Rauza deb atar ekan. Uni boshqacha aytganda, maqbaraga kirish darvozasi, deb atash o'rinli bo'lsa kerak. Chunki Toj Mahalga shu darvoza orqali kiriladi. Darvoza oldida juda katta yashil maydon bo'lib, uning chetida yarim aylana shaklidagi qator inshootlar qad rostlagan. Ko'm-ko'k maydonda 400 yoshli banyan daraxtlari sayyohlarga salom bergandek shoxlarini sal egib turardi. Sayrbonning aytishicha, Toj Mahalni qurishda ishtirok etgan 20 mingga yaqin kishi shu binolarda yashagan. Darvoza tepasining old va orqa tomonlarida 11 tadan gumbazlar saf tortib turardi. Bu esa muhtasham yodgorlik necha yillar davomida qurib bitkazilganligini anglatar ekan. Darvozadan ichkariga kirar ekanman, to'g'rida men ko'rishni necha yillar orzu qilgan Toj Mahal o'zgacha fusunkor holatda turardi. O'z chiroyini namoyish etib turgan bu maqbara oq marmardan ishlangan bo'lib, to'rt chekkasida soqchilardek turuvchi o'ng tomonga biroz qiyshaygan 42 metrlik to'rtta minora. O'rtada esa kelinchakdek tovlanib turgan oppoq gumbazli Toj Mahal!

To'g'risini aytsam, uning chiroyini ta'riflashga, go'zalligini tarannum etishga so'z boyligim yetmaydi. Darvoza zinalari bo'ylab pastga tushar ekanmiz, Toj Mahal oldidagi qator archalar o'rtasidagi 50 dan oshiq favvoralar o'rnatilgan hovuzga ko'zimiz tushdi. Hovuz yoqalab yurar ekanman, Toj Mahalning ikki tomonida madrasa (masjidlar) ko'rinib turardi. Chap tomonda podshohlar, o'ng tomondagi masjidda esa o'sha davrda oddiy odamlar namoz o'qigan. Hozirgi kunda ham faqat peshinda ikki soatga masjidlar ishlab turar, namozxonlar namoz o'qishiga ruxsat berilar ekan. Bir kunda Toj Mahalni ziyorat qilgani o'rta hisobda 50-60 ming, kuzda esa 100 mingga yaqin sayyoh kelar ekan. Toj Mahal faqat oq marmardan ishlangan bo'lib, ertalab pushti, kunduzi oq, kechki payt oltin rangda tovlanib turarkan. Tarixiy obidani bezatishda 28 xil qimmatbaho toshlar (zumrad, yoqut, gavhar va hokazo) dan foydalanilgan. Toj Mahalni qurishda Eron, Turkiya, Turkis­ton va dunyoning juda ko'p boshqa davlatlaridan ustalar ishtirok etgan.

Toj Mahal 1631 yilda Shoh Jahonning suyukli xotini Arjumand bonu — Mumtoz Mahal begim vafotidan 6 oy o'tgach, qurila boshlanadi va 1653 yilda to'liq qurib bitkaziladi. Ayrim manbalarda bundan kamroq yil (masalan, 15 yilga yaqinroq) ham ko'rsatilgan. Menimcha, bu ham to'g'ri fikr bo'lsa kerak. Biroq unga sayqal berish ishlari davom etgan bo'lishi tabiiy. Rivoyatlarda yozilishicha, aqlli va dono, go'zallikda tengsiz malika o'limi arafasida unga atab tengsiz obida qurishni vasiyat qilgan. Shoh Jahon suyukli rafiqasining tilagini amalga oshirgan.

Ahamiyatlisi shundaki, bu tengsiz maqbara to'rt tomonidan ham bir xil ko'rinadi. Maqbara ichida o'rtada Mumtoz Mahal begim, yonida esa Shoh Jahonning ramziy qabrlari (asosiysi pastda) joylashgan. Arjumand bonu begimning qabri kichikroq, chap tomonda joylashgan. Shoh Jahonning qabri kattaroq.

Shoh Jahon bu yerga keyinroq, bino qurilishi tugallangandan so'ng o'g'li Avrangzeb tomonidan dafn etilgan. Shu sababli ichki simmetriya biroz buzilgan. Maqbara Jamna (Yamuna) daryosining yonida barpo etilgan.

Sayrbon Depek Sharmaning aytishiga qaraganda, maqbara asosini qizil yog'och (yoki qovoq daraxti) tashkil etadi. U doimiy ravishda daryo suvidan oziqlanib turadi. Shu sababli hukumat daryo suviga nihoyatda katta e'tibor beradi. Daryoning o'ng tomonida qurilishi bosh­langan, ya'ni Shoh Jahon o'ziga atab qurdirmoqchi bo'lgan maqbaraning asosi ko'zga tashlanadi. Maqbara qurilishi Avrang­zeb davrida to'xtatib qo'yilgan. Chunki Toj Mahal qurilishiga haddan ziyod ko'p mablag' sarflangan…

Hozirgi kunda Hindistonning faxriga aylangan Bobur va Boburiylar qurdirgan muhtasham saroylar, maqbara va masjidlar qalbimda ichki g'urur hamda avlodlarimizga bo'lgan hurmat hissini yanada oshirdi va biz Agradan Dehli tomon yo'lga tushdik. Buyuk ajdodimiz Bobur hazratlari o'z g'azallarining birida shunday degan edilar:

 

Bori elga yaxshilig' qilg'ilki,

                                           bundin yaxshi yo'q,

Kim, degaylar dahr aro qoldi

                                    falondin yaxshiliq.

 

Ha, haqiqatan ham, bori elga yaxshilik qilgan Bobur va Boburiylar nafaqat bizning, balki dunyoning faxriga aylangan. Ular qurdirgan obidalar esa bashariyat qalbida ezgulikka chorlovchi mayoq sifatida nur taratib turaveradi.

Toj Mahal esa samodagi eng yorug' yulduz kabi nur sochib turaverishiga ishonaman. Zero, Shoh Jahonning o'zi bu obida haqida shunday degan ekan: “Yer yuzidagi odam bolasi buni bunyod etishga qodir emas, buning shakli-shamoyili osmondan tushirilgandir”. Edvard Lir degan ingliz arbobining fikrini ham o'qib ko'ring-a: “Ahli dunyoni ikki toifaga bo'lish mumkin, birinchisi Toj Mahalni ko'rganlar, ikkinchisi — ko'rmaganlar” (A.Ibrohimov. “Boburiylar merosi”).

Fikrimcha, buyuk ajdodimiz Boburiylar tomonidan qurilgan va Hindiston ramziga aylangan bu muhtasham obidaga bundan ortiq ta'rif bo'lmasa kerak…

Bahrom AKBAROV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − seven =