Kitob nashr etish — san'at, ma'rifat, madaniyat!

Tajribali noshir, ma'rifat fidoyisi Erkin ABDURAHMONOV buni yaxshi biladi

Kitob do'konlariga kiring, ko'zingiz quvnaydi, kitobga bo'lgan muhabbatingiz jo'sh uradi: mavzu xilma-xil, muallif xilma-xil, tarjima kitoblarning ko'pligini aytmaysizmi?! Kitoblar bezagi-chi? Qo'lingizdan qo'ygingiz kelmaydi. Hech bir xorijiy nashrlar dizayn-bezagidan kam joyi yo'q. Yaqin-yaqingacha hukm surgan do'kon rastalaridagi g'ariblik, nochorlik, xayriyat, ortda qoldi. Eng muhimi, ana shunday yangilanishlar samarasi o'laroq, yurtdoshlarimiz orasida kitobxonlik avj olmoqda!

Tabiiy, ming-minglab kitobxonlarimizning badiiy-ilmiy-ma'naviy-intellektual ehtiyojiga bo'lgan bunday talabni kundalik hayot haqiqati maqomiga olib chiqish o'z-o'zidan bo'lmaydi. Zero, har qanday yangilik, har qanday ma'murlik ortida mashaqqatli mehnat yotadi.

Hamkasblar yig'ilishi ishtirokchilaridan biri: “Sho'ro nashriyotlarida tajriba orttirgan mutaxassislardan bormi?” deb o'rtaga savol tashlab qoldi. Ko'pchilik hayron bo'ldi, zero, sho'ro zamonlarini tilga olish mafkura nuqtai nazaridan ma'qul ko'rilmasligi tabiiy, biroq hayotiy tajriba shuni ko'rsatmoqdaki, aksar jabhalarda sohaning ipidan ignasigacha ko'rgan, o'rgangan va o'zlashtirgan kadrlarga bo'lgan ehtiyoj yaqqol sezilib qolmoqda. Noshirlik faoliyati ana shu kabi sohalardan hisoblanadi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalariga, jumladan, noshirlik faoliyatiga keng erkinlik berildi, chunonchi, bosma nashrlar, elektron ommaviy axborot vositalari, shular qatori nodavlat nashriyotlar ochish, tashkil etish chinakam ma'noda ommalashdi. Afsuski, nashriyot ta'sis etish  qanchalar osonlashgan bo'lsa, uning ishini yo'lga qo'yish, ravnaq topish shunchalar mushkulligini hayot ko'rsatdi va ko'rsatmoqda.

Gap nafaqat moddiy-moliyaviy masalalarda, balki tashkiliy, ma'rifiy, estetik va hokazo muammolar shu qadar qatorlashib kelmoqdaki, bu singari qiyinchiliklarga bas kelish, qolaversa, sog'lom raqobat “jangchisi”ga aylanish har kimga ham nasib etavermasligi ko'rinib qolmoqda.

Milliy noshirchiligimiz sohasida tom ma'noda yo'lini topgan, mubolag'asiz aytganda, o'ziga xos “kitob saltanati”ni  yaratgan noshirlar haqida so'z borganda men birinchilar safida Erkin Abdurahmonov nomini tilga olaman.

Erkin o'tgan asrning 70-yillaridan o'sha zamondagi yoshlar nashriyotida ish boshladi. Nashriyot faoliyatining alifbosi-qora mehnatini o'zlashtirishga astoydil kirishdi. Uning yonida tengqurlari oz emasdi, lekin kasb sirini o'zlashtirish mashaqqati Erkin singari kamdan-kam yigit-qizlarga nasib etdi, xolos. Erkinning qalami bor edi, shirin-shirin hikoyalar mashq qildi, keyinchalik butun kuch-g'ayratini matbaa sohasiga yo'naltirdi.

Bir zamonlar “Yosh gvardiya” degan nom ostida mavjud bo'lgan nashriyot nomini “Yangi asr avlodi” deb o'zgartirganida, avvaliga quloqqa g'alati eshitilgandi, lekin, mana, yillar o'tgani sayin nashriyot rahbariyati uzoqni ko'ra bilgani bu nom yuzlab mualliflaru ming-minglab kitobxonlar nazdida ham oddiy, ham qadrdonlashib ketganida o'z tasdig'ini topmoqda.

Kamina bir qalamkash hamda “Yangi asr avlodi” nashriyotining doimiy mualliflaridan biri sifatida ko'p kuzataman, “Erkin Abdurahmonov yetakchiligidagi nashriyotning yangiligi, zamonaviyligi nimada?” degan savolga javob izlayman.

Eng avvalo, Erkin o'sha yoshlik kezlarida nashriyot ishlarida orttirgan tajribalarini tubdan yangiladi, zamonaviylashtirdi. Chunonchi:

nashriyot jamoasini shakllantirishga alohida e'tibor qaratdi, jumladan, yosh va savodli xodimlarni jalb etishdan cho'chimadi. Nashriyot muharrirlari maktabini yaratdi;

bosmaxonalarni texnik jihozlashda muayyan tavakkalchilikdan cho'chimadi, bu ishga ko'pni ko'rgan tajribali mutaxassislar bilan bir yo'la iqtidorli yoshlarga ishonch bildirdi;

kitob savdosini tubdan zamonaviylashtirish yo'llarini izladi – kitob do'konlari mutlaqo yangi qiyofaga kirdi.

Bu hali hammasi emas, albatta. Matbaa sohasida xalqaro tajribalarni o'rganish maqsadida xorijdagi nufuzli ilmiy-amaliy o'quv markazlariga qatnab, nashriyot faoliyatini kompleks tarzda yangilash usullarini o'zlashtirdi. Bir so'z bilan aytganda, noshirlik faoliyati yo'lidagi barcha bosqichlarni uyg'unlashtirdi, ya'ni, muallif bilan ishlashdan tortib, kitobni nashrga tayyorlash, kitobni bezash, kitob savdosi, kitobni targ'ib qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish masalalarini yaxlit bir jarayonning muhim va ajralmas bosqichlari sifatida qamrab olishga harakat qildi. Va o'ylaganlariga, rejalariga erishdi ham!

Uzoq yillar “Yangi asr avlodi” nashriyoti bilan hamkorlik qilgan O'zbekiston xalq yozuvchisi, ustoz adibimiz Xudoyberdi To'xtaboyev o'xshatib ta'riflaganidek, “Erkin Abdurahmon kitob nashr etishni san'at darajasiga ko'tardi!” Qo'shimcha qilsak, kitob chop etish – madaniyat, ma'rifat, go'zallik ekanligini namoyish eta bildi!

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda kitobxonlik madaniyatini yangi pog'onalarga olib chiqishga qaratilgan tashabbus va g'oyalari, hech ikkilanmay aytmoq zarurki, Erkin Abdurahmonovning faoliyatida o'z ijrosi va davomiyligini ko'rmoqda.

Erkin Abdurahmonov “Yangi asr avlodi” nashriyot birlashmasiga rahbarlik bilan bir yo'la mamlakatimiz nashriyotlari assotsiatsiyasi asoschisi va yetakchisi sifatida tinmay izlanmoqda. Nashriyot faoliyatini yo'lga qo'yish, rivojlantirish borasida maslahatlarini ayamay, shu soha fidoyisi bo'laman degan yoshlarni beminnat qo'llab-quvvatlamoqda.

Turli mavzuda kitob yozadigan muallif ko'p, Erkin katta noshir sifatida ularning hech birini nazardan qoldirmaydi. Kim qanday ijod qilmoqda, qanday yangi asarlar ustida ishlamoqda – kuzatadi, saralaydi va bo'lajak kitobni chop etishga hozirlik ko'radi. Sohadagi raqobatbardoshlik muhiti shunday yondashuvni taqozo etadi. Misol uchun aytsak, necha o'n yillar bo'lyaptiki, buyuk Fyodor Dostoyevskiy qalamiga mansub betakror asarlar tarjimasi birinchi bo'lib “Yangi asr avlodi” nashriyoti orqali o'zbek kitobxonlarining ma'naviy mulkiga aylandi. O'z navbatida ulkan tarjimon adibimiz Ibrohim G'afurov ushbu nashriyot bilan yaqindan hamkorlik o'rnatganidan mamnun, albatta. Ustozning salkam bir asrlik ijodiy faoliyati maxsullarini qamrab olgan 8 jildlik asarlar to'plami ham Erkin Abdurahmonning tashabbusi va g'oyasi asosida dunyo yuzini ko'rdi. Bu kabi misollarni istagancha keltirishimiz mumkin.

Fayzli insonning fayzi avvalo oilada tarbiya topadi, degan gap bor. Erkinjonning oilasi tom ma'noda fayz-baraka, go'zallik va nafosat manbai, maskani desak aslo mubolag'a bo'lmaydi. Xonadon sohibasi Nargizaxon ayni paytda “Yangi asr avlodi” nashriyotida direktor – qo'li-qo'liga tegmaydi. Bu oila a'zolari qaragan ko'zni quvnatadi, yashnatadi, go'zal hayot kechirish sari chorlaydi.

Umr pog'onalarini go'zallik va nafosat gullari bilan bezashni kim ham istamaydi deysiz! Faqat har qanday adoqsiz orzu, istak ortida tinimsiz mehnat, tinimsiz izlanish, ulkan ma'naviy-ma'rifiy maqsad-maslak sobit bo'lmog'i darkorligini unutmaslikka to'g'ri keladi. Tajribali noshir, ma'rifat fidoyisi Erkin Abdurahmonovning 60 yillik hayot va faoliyat yo'li mana shunday xolis xulosa chiqarishga izn beradi.

Xurshid DO'STMUHAMMAD,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × four =