Saodat ilmu hunardadir

deydi kasbidan baxt, umridan baraka topgan marg'ilonlik Abduvohid JO'RABOYEV

Yaxshiyamki, baxtimizga kitob o'qimasa, gazeta varaqlamasa tura olmaydigan fazilatli kishilar bor. Garchi o'zi axborot texnologiyalari sohasi mutaxassisi, texnika fanlari nomzodi bo'lsa-da, Said aka Siddiqov xotira quvvati kuchli, ziyoli insonlar toifasidan.

U davralarda o'qigan asarlarini, ko'rgan-kechirgan ibratli voqealarini erinmay so'zlab,  ma'naviyat ulashib charchamaydigan samimiy nuroniydir.

Said aka “Hurriyat” gazetasining ham sodiq muxlislaridan biri. Gazetani o'qib, fikr bildirib turadi. U oltmish yillik qadrdon do'sti Abduvohid Jo'raboyevning mamlakatimiz aloqa va axborot texnologiyalari tizimi taraqqiyotidagi xizmatlari, uning insoniylik fazilatlari haqida yozish taklifi bilan tahririyatga keldi.

Said aka Siddiqovning e'tiroficha, kasbdosh do'sti Abduvohid ­Jo'raboyev Marg'ilon shahri, Farg'ona viloyati, respublika aloqa tarmoqlarida fidoyilik ko'rsatib, baxt-saodat, qadr-qimmat topgan, iqboli kulgan insonlardan biri ekan.

Farg'onaga ijodiy safarga borganimda, Abduvohid aka haqida yozmoq niyatida uning bolalikdan  do'sti Mahkam aka Qozoqov bilan uchrashdim.

– Abduvohid bilan Marg'ilondagi 7-sonli maktabda bir sinfda o'qiganmiz, – deb so'z boshladi Mahkam aka. – Matematika, fizika fanidan a'lochilikda unga hech birimiz teng kela olmasdik. Dadasi Hoshimjon tog'a rahmatli Marg'ilonda taniqli kosiblardan bo'lgan. Ko'nchilik qilib teri oshlardi. Etik,  kovush,  mahsi tikardi. “Do'stlik otadan meros qoladi” degan yaxshi gap bor. Jo'raboy tog'a bilan dadam yaqin do'st edi. Maktabdan kelib, otalarimiz yoniga borib kosibchilik qilardik. Mol, qo'y, echki, hatto ilon terilarini ham oshlashni o'rganganmiz.

Mahkam akaning ta'biricha, do'sti ehsoni kuchli, saxovatli inson.

– Inson bo'lsa, Abduvohiddek umr ko'rsa, u kishidek  qarilik gashtini sursa, – dedi Mahkam aka. – Qarindosh-urug'larga silai rahmli,  qo'ni-qo'shnilarga, do'stu yorlarga oqibatli. Marg'ilon ahli uni juda hurmat qiladi. Kamtarga kamol, deydilar. U kishi kamtarligi bilan kamol topgan.  Har oyda nuroniy oqsoqollar uchrashib turamiz. Abduvohid hoji Toshkentdan kelib, davramizga fayz kiritadi. Doimo bolalarga bilim berish, kitob o'qitish kerakligi haqida gapiradi. Bilimli odamning rizqini Alloh barakali qiladi, deydi.

Abduvohid Jo'raboyevning shogirdlaridan biri Murodil Mahmudov bilan Toshloq tumani hokimiyati binosida uchrashdik.

– Abduvohid aka otamdek ulug' bo'lib qolgan ustozim, – deya  xotiralarini so'zlay boshladi u. – Har kuni ishga kelgach, avval sog'lig'imizni, oilamizdagi ahvolni so'rardi, keyin ishga o'tardi. Yoshlarga ish o'rgatishga uningdek talabchan va mehribon insonni uchratmadim. Avvalo, bizlarga bajarsa bo'ladigan vazifalarni berardi. Topshiriqlarining ijrosini tekshirib ko'rmasdan xotirjam bo'lolmasdi.

Shogirdining dil so'zlarini tinglab, Abduvohid aka aloqachilar baxti uchun yaralgan ekan, degan fikrga keldim. Marg'ilon shahar aloqa bo'limi, Farg'ona viloyati aloqa boshqarmasi boshlig'i, O'zbekiston Respublikasi aloqa vaziri vazifalarida ishlaganida soha taraqqiyotiga qo'shgan hissasi katta bo'lgan. Xodimlarni ijtimoiy himoya qilish borasidagi fazilati bilan hurmat qozongan.

Toshkentdagi aloqa instituti talabalari yotoqxonalariga kitob javonlari,  stol-stullar,  tumbochkalar olib borib berardi. Viloyatimizdan borib institutda o'qiyotgan talabalar bilan to'kin dasturxon atrofida uchrashuvlar o'tkazish, a'lochilarga pul mukofotlari berish ham Abduvohid Jo'raboyev tashabbusi bo'lgan.

– Oddiy kolxozchi oilasida tug'ilganman, – dedi Murodil aka. – Ustozning nazariga tushib, malakali mutaxassis bo'ldim. Farzandlarimni o'qitishda, ularni uyli-joyli qilishda ham ustoz oilamizga beminnat muruvvat ko'rsatgan.

Ustozi Fayoz Fayziyevga hurmat-ehtirom ko'rsatishda ham Abduvohid akaga havas qilsak arzir ekan. Fayoz Fayziyevni kuchli mutaxassis sifatida keksa aloqachilar yaxshi eslaydi.  Ustozining ikki o'g'li ham olamdan o'tgach, qizlari esa uzoq yurtlarga turmushga chiqib ketgach, turmush o'rtog'i Tamara opa yolg'iz qoladi. Tamara opaning issiq-sovug'idan, oziq-ovqatidan xabar olib turgan.

Abduvohid aka bilan suhbatlar davomida eshitganlarimdan shunday xulosaga keldimki, u biror so'zni behuda ishlatmaydigan, ko'rgan-kechirgan ibratli voqealardan qisqa gapirib hayratingizni oshiradigan iqtidorli inson ekan.

Undan  o'z kasbiga qanday mehr qo'ygani haqida so'radim.

– Asli etikdo'z kosiblar avlodidanman, – dedi u. – Rahmatli ­Jo'raboy dadam Marg'ilonda nomi chiqqan etikdo'z bo'lgan. U kishi oqibatli, xushmuomala, sertakalluf inson edi. Bolaligimdan doim yonlarida yurib, insoniylikni, kosiblik kasbini o'rgandim. Maktabni bitirgach, institutga o'qishga kirdim. Avvaliga o'qishimga unchalik ro'yxush bermadilar. Chunki kosiblik sirlarini o'rganib borayotgandim. Dadam ustozidan (mahalliy aholi ustozni usta deb aytadi) oq fotiha olib berish uchun Abdurayim tog'a (uni biz “xo'jayin tog'a” derdik) huzuriga boshlab bordi.  Ustazoda shaharda hamma tanib, hurmat-ehtirom qiladigan, o'z kasbining piri komili edi. Toshkent elektrotexnika institutiga o'qishga kirganimni, duo olish uchun kelganimni  aytdim.

“O'qib ungin, iloho, ministr bo'lgin”, deb  duo qildilar.

…O'qishni bitirib, elektr aloqa muhandisi diplomini olib, Marg'ilon shahar aloqa bo'limida ish boshladim. U davrlarda xonadonga telefon o'rnatish jiddiy muammo edi. 180 mingga yaqin aholi yashaydigan Marg'ilon shahri telefon tarmog'ida bor-yo'g'i uch mingta sig'im bor edi. Telefon raqami olish uchun har kuni yuzlab mijozlar idoramizga kelib, janjal ko'tarishardi. Oylik maoshim kosibnikidan ikki-uch baravar kam bo'lsa,  boshimni og'ritib nima qilaman, tinchgina kosibchiligimni qilaveray, deb dadamga dardimni aytdim. Dadam rahmatli sabr-qanoatli bo'lib ishimni davom ettirishimni qat'iy tayinladi. Vazifamga yangidan shijoat bilan kirishib ketdim. Qisqa muddatda shahar telefon tarmog'ini 12 ming sig'imga yetkazib, aholi talabini qondirishga erishdik. Ishchi-xizmatchilar kuchi bilan ikki qavatli aloqa binolarini qurdik.

– Mustaqillikning dastlabki yillari mamlakatimiz aloqa tizimiga optik tolali kabellar olib kirilishida sizning alohida xizmatingiz bo'lgani haqida hamkasblaringizdan iliq gaplar eshitgandik. Shu haqda gapirib bersangiz, – deb Abduvohid akaga yuzlandim.

– 1992 yili Janubiy Koreyaning “DEU” kompaniyasi bilan Farg'ona,  Marg'ilon va Qo'qon shaharlaridagi eskirgan telefon stansiyalarini yangi raqamli stansiyalarga almashtirish bo'yicha bir necha bor muzokaralar olib borib, shartnoma imzoladik. Bir yildayoq o'zimizning mutaxassislarimiz tomonidan 50 ming sig'imdagi stansiya jihozlarini raqamli jihozlarga almashtirib, 14 ta telefon stansiyasini bir-biriga optik tolali kabellar bilan bog'lashga erishdik. Respublikada birinchi marta amalga oshirilgan bu yangilikni ro'yobga chiqarish uchun katta hajmdagi ish bajarildi. Farg'ona va Marg'ilon shaharlari telefon tarmoqlari birlashtirildi…

Hayot ajoyib kinoga o'xshaydi. Gohida yetti uxlab tushingga kirmaydigan voqealar sodir bo'ladi. Kuni kelib, respublika aloqa vaziri o'rinbosari bo'lib ishlayotgandim. Birinchi Prezidentimiz huzuriga chaqirtirib qoldi. “Yigirmadan ortiq odam bilan gaplashdim. Birortasi seni yomon demadi. Nima farishtamisan?” deb kutilmaganda so'rab qoldilar. “Yaxshi deganlarga ming rahmat, ammo ayblarim ham bor”, dedim. “Qulog'ingga quyib ol, hammaga yaxshi ko'rinaman desang, vazir bo'lolmaysan”, deya zimmamga yangi-yangi vazifalar qo'ydi. Vazir etib tayinlanishimni aytdi.

O'shanda davlat rahbari huzuridan chiqqach, dadamning ustozi “ministr bo'lgin” deb bergan duo yodimga tushdi. Allohga yaqin kishilarning duosi ijobat bo'lishini o'z hayotimda ko'rdim. Shunday martabaga yetkazgani uchun Allohga shukur aytib ish boshladim.

Abduvohid Jo'raboyevning 1995 yildan 2009 yil 2 martgacha respublika aloqa vaziri o'rinbosari, vazir va boshqa turli lavozimlarda ishlagan vaqtlardagi samarali faoliyati haqida o'ndan ortiq kishilar bilan suhbatlashdim. Kitob ham yozsa yarashadigan tabarruk  insonning xayrli ishlari haqida ma'lumotlar yig'dim.

Ellik uch yillik turmushdagi quvonchli, qayg'uli kunlarni birga tortgan ahli ayoli Azizaxon ona bilan qo'sha qariyotgan Abduvohid akaning rizqi mo'l, baxti butun ekan. Albatta, elu yurtga xizmati singgan, barchasiga mehnati bilan erishgan, tajribasini hech kimdan ayamagan bunday insonlar haqida birgina maqolada hamma gapni aytishning imkoni yo'q. Nasib etsa, bugun keksalik gashtini surayotgan zamondoshimiz haqida u kishining hayot sinovlaridagi matonati haqida yana batafsilroq nimadir qoralayman, degan fikrdaman.

Oppoq soch-soqoli fayz berib turgan, odamiylik fazilatlari bilan ziynatlangan mo'ysafidga havas qilib qarayman.

Anglaganim shu bo'ldiki, iymoni butun, e'tiqodi mustahkam, yaxshilik qilib rohatlanadigan insonlarni Yaratgan Egam do'sti siddiqlar, sadoqatli shogirdlar, vafodor ahli ayol, qobil farzandlar bilan siylar ekan. Ana shuning o'zi haqiqiy baxt degani bo'lsa kerak.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV, 

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 8 =